Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

25.11.2016 y. Sog‘ligimiz boyligimiz

21.11.2016   9146   10 min.
25.11.2016 y. Sog‘ligimiz boyligimiz

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat!  Muqaddas dinimizning ilohiy ta’limotida inson uchun zarur bo‘lgan sog‘liqning ulug‘  ne’mat ekanligi, uning qadriga yetish zarurligi alohida ta’kidlangan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir muborak hadislarida:

("إِغْتَنِمْ خمَسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ وَغِنَاكَ قَبْلَ فَقْرِكَ وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ" (رواه البيهقي والحاكم

ya’ni: “Besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling: keksalikdan avval yoshlikni, betoblikdan avval salomatlikni, faqirlikdan avval boylikni, bir ishga mashg‘ul bo‘lib qolishdan avval bo‘sh vaqtni va o‘lim kelmasdan avval hayotlik vaqtni g‘animat biling” – deganlar. (Imom Bayhaqiy,  Imom Hokim rivoyat qilgan).

Odamlar nazdida to‘laqonli, saodatli hayot kechirish uchun tananing sog‘lom bo‘lishi, birorta a’zoning xastalikka chalinmasligi, kishi o‘zini sog‘lom, bardam va xushkayfiyat his etishi kerak. Aks holda hayot mazmuni yo‘qoladi, turmushdan fayz ketadi, dunyoning hech qanday lazzati va jozibasi tatimaydi.  Hayot shirin, salomat umrguzaronlik qilish undan ham shirin. Baxtli-saodatli turmush kechirish uchun esa insonga avvalo sog‘liq kerak. «Eng shirin lazzat salomatlikdir», degan Luqmoni Hakim. Biror joyingiz og‘rib tursa, biror kasallik bezovta qilib turgan bo‘lsa, sizga hech narsa tatimaydi. Shu bois ham butun dunyoda odamlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish yo‘lida katta sa’y-harakatlar qilinadi va ko‘p mablag‘lar sarflanadi.

 Demak, odamlar nazdida to‘laqonli, saodatli hayot kechirish, Alloh taoloning amr-farmonlarini bajarish, ibodatida qoim bo‘lish uchun eng avvalo tananing sog‘lom bo‘lishi, birorta a’zoning xastalikka chalinmasligi, kishi o‘zini sog‘lom, bardam va xushkayfiyat his etishi kerak.

Insonni yaratgan Alloh taolo boshqa sinovlar qatori turli xastaliklarni ham yaratgan. Ayni paytda ularni muolaja qilish yo‘llarini, xastaliklarning davosini ham insonlarga bildirib qo‘ygan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

(وَالَّذِي هُوَ يُطْعِمُنِي وَيَسْقِينِ وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ (سورة الشّعراء/79-80

ya’ni: «Uning O‘zigina meni yedirur va ichirur. Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur». (Shuaro surasi, 79-80-oyatlar).

Yana bir oyati karimada esa Alloh taolo O‘zi yaratgan mittigina maxluqi asalarilarga odamlar uchun shifobaxsh bo‘lgan asal to‘plash vazifasini yuklab qo‘yganini zikr qiladi:

(... يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ (سورة النّحل/69

ya’ni: “Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir”. (Nahl surasi, 69-oyat).

“Al-Jome’ li-ahkomil Qur’on” tafsir kitobining sohibi mazkur oyati karima  mazmuni betob kishi albatta dardi muolajasini olish  va o‘z vaqtida davolanishga dalolat qiladi, deb qat’iy takidlaydi.(5 juz, 90 bet )

Aziz namozxonlar! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan ham insonlarning salomatligini asrash, turli xastaliklar muolajasi haqida ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Hatto hadis kitoblarimizda “Tibbun-Nabaviy” (Payg‘ambar tabobati) degan alohida boblar ham bor. Quyida ana shunday hadisi shariflardan ayrimlarini keltiramiz:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

("مَا أَنْزَلَ اللهُ دَاءً إلاَّ أَنْزَلَ لَهُ شِفَاءً" (رواه البخاري

ya’ni: «Alloh qaysi bir dardni tushirgan bo‘lsa, albatta, uning shifosini ham tushirgandir», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Sa’d roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

"اذا سِمِعْتُمْ بِالطَّاعُونِ بِأَرْضٍ فَلاَ تَدْخُلُوها، وَاِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ وَأَنْتُمْ بِهَا فلا تَخْرُجُوا مِنْها"

(رواه البخاري).

ya’ni: «Agar biror yerda o‘lat borligini eshitsangiz, u yerga kirmanglar. Bordiyu u sizlar turgan yerda tarqasa, u yerdan chiqmanglar», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

  Muhtaram jamoat! Barcha mavjudodlar ichida azizu mukarram va aql-idrok sohibi qilib yaratilgan inson zoti o‘zining botiniy va zohiriy tan a’zolarini Alloh taolo belgilab va ko‘rsatib qo‘ygan o‘rinlarda foydalanishi va ishlatishi lozim bo‘ladi. Zero, inson ularning har biri to‘g‘risida mas’uldir. Bu haqda Alloh taolo ogohlantirib aytadi:

وَلَا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولًا

(سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/36)

ya’ni: (Ey, inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur).

Shu bilan bir qatorda inson o‘ziga omonat qilib berilgan barcha tana a’zolari va aqlini turli yomon illatlardan, zararlardan avaylab saqlamog‘i lozim. Xususan, tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan hozirgi asrimizda olamshumul tarzda keng tarqalayotgan yuqumli OITS kasalligidan ehtiyot bo‘lish kerak bo‘ladi. Zero, inson o‘z sog‘lig‘ini asrashga mas’ul ekanligi haqida Alloh taolo oyati karimada: “O‘zlaringizni asranglar”, - deb aytadi. Bu muborak oyati karimada Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarga sog‘liqlarni asrashga buyurmoqda. 

Ma’lumki, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti va Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan bu kasallikni davolash va tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Keyingi yillarda bu yuqumli kasallik bo‘yicha 150ta davlatlarda “Milliy hay’atlar” tuzildi va ular katta miqdorda mablag‘ bilan ta’minlandi, “Global jamg‘arma” ta’sis etildi. Bu kasallikning oldini olish va uni odamlar o‘rtasida keng tarqalmasligi uchun zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlardir.

Shuningdek, har yili 1 dekabr OITS ya’ni, ortirilgan immun-tanqislik sindromiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.

Bu yuqumli kasallik ijtimoiy kasallikdir. Shuning uchun u keng ma’noda nafaqat iqtisodiy, siyosiy zarar keltiradi, shuningdek, oilaviy, ruhiy, ma’naviy, axloqiy jihatdan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, kasallikning oldini olish, davolash, tarqalishini cheklash ishlarida aql-zakovat bilan ish tutish katta ahamiyatga ega. Shu sababli ruhiy to‘siqlarni bartaraf etish kerak bo‘ladi. Buning uchun har qanday sharoitda ham axloq, odob va o‘zaro hurmat ruhida yashash, har bir inson o‘z haq-huquqini yaxshi bilgan holda o‘zini va o‘zgani himoya qila bilishi, ma’naviy va madaniy javobgarlikni o‘z burchi deb bilishi kerak bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Jamiyatimizda oz bo‘lsada uchrab turgan   giyohvandlik kabi illatlar hozirgi kunda butun jahonda o‘ta murakkab muammolardan bo‘lib qolmoqda. Insoniyat va jamiyat uchun baloyu-ofat bo‘lgan mazkur illatlarni tag-tugi va ildizi bilan yo‘q qilish uchun ilmiy asoslangan, samarali usullardan foydalanishimiz kerak.

Dono xalqimiz: “Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshiroq!”, - deydi. Ehtimol, orangizda aksariyatingiz “Biz bunday zararli illatlardan yiroqmiz” deb o‘ylashlari mumkin. Ammo musulmon kishining zimmasida shundayin ulug‘ vazifa borki, u o‘zi mo‘min va taqvoli bo‘lish bilan birga jamiyatdagi boshqa insonlarni ham shunday bo‘lishga chorlashi lozim. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisda aytilganidek, 

("لاَ يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتىَّ يُحِبُّ لِأَخِيهِ مَا يُحِبُّ لِنَفْسِهِ" (رواه البخارى وﻣﺴﻠﻢ

ya’ni: “Sizlardan hech biringiz o‘zi sevgan narsani birodariga ham bo‘lishini istamaguncha haqiqiy mo‘min bo‘lmaydi” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Ushbu hadisdan shu narsani tushunishimiz kerakki, ya’ni o‘ziga ravo ko‘rgan farovon hayot, sog‘liq va salomatlikni boshqalarga ham ravo ko‘rish, ularni halokatga yetaklovchi illatlardan qaytarish haqiqiy mo‘minlik alomatlaridandir. Shuning uchun mahalla-ko‘y, tashkilot va o‘quv yurtlarida bo‘lganimizda yoshlarga, giyohvandlik va tamaki chekishning zararlari va ofatlari haqida erinmay tushuntiraylik, ularni bu gunoh va qaltis yo‘ldan qaytarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilaylik!

Mamlakatimizda inson salomatligi muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash borasida olib borilayotgan chuqur islohotlar, to‘plangan boy tajribalarni hech kim inkor qila olmaydi.

Inson salomatligi eng ulug‘ ne’mat ekanligi barchaga ma’lum bo‘lgan holda, uning qadriga yetish uni asrab-avaylash har doim ham muhim masalalardan bo‘lib kelgan. Sog‘lom odam olamni ham tiniq mushohada qiladi va aniq fikrlaydi. Ajdodlarimiz sog‘ tanda sog‘ aql deb bejiz aytishmagan. Zero, dunyoning obodligi, yurtning tinchligi hamda xalqning farovonligiga erishishda sihat-salomatlik asosiy o‘rin tutadi.

Davlat tomonidan onalar va bolalar salomatligini avaylab-asrash bo‘yicha qilinayotgan ishlarni barchamiz bilamiz. Bu yil “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilingani va bu borada katta hajmdagi dasturlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga biz o‘zimiz oilamiz, farzandlarimiz sog‘lig‘i bilan qanchalik qayg‘urmoqdamiz? Musulmon erkaklarning asosiy burchlaridan biri o‘zining qaramog‘idagilarning Alloh uni mas’ul qilib qo‘yganlarining sog‘lig‘ini ehtiyot qilishdir. Uy-joyni, avtomashinini ta’mir qilishga katta xarajat qilayotganimizda ota-onalarimiz, farzandlarimiz va oilalarimiz sog‘lig‘i uchun nima qildim? degan savolni qo‘ya bilaylik.

Alloh taolo barchalarimizni, xususan yosh avlod bo‘lgan aziz farzandlarimizni  har tomonlama sog‘lom bo‘lishi uchun olib borayotgan xolis harakatlarimizda, targ‘ibot va tashviqot ishlarimizda muvaffaqiyatlar ato etishini so‘rab duolar qilamiz! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   10450   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari