Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Sabzining shifobaxsh xususiyatlari

17.11.2016   52363   7 min.
Sabzining  shifobaxsh  xususiyatlari

  SABZI (Daucus) — soyabonguldoshlar oilasiga mansub ikki, qisman bir yillik o‘tsimon o‘simliklar turkumi, sabzavot ekini. Sabzining 60 dan ortiq turi bor. Bir turi (Daucus carota) — madaniy sabzi. ekiladi. Bu tur G‘arb (O‘rta Yer dengizi havzasidan kelib chiqqan 4 tur-xil — karotinli, sariq, oq, binafsharang sabzilar) va Osiyo (Afg‘oniston va unga yaqin hududlardan kelib chiqqan 6 tur-xil — sariq, binafsharang, qizil, to‘q binafsharang, pushti, oq sabzilar)   kenja turiga bo‘linadi.

  Urug‘i mayda, 1000 donasi 1—1,5 g. Ildizmevasi sersuv, naviga qarab dumaloqroq, silindrsimon, rangi sariq, oq va ba’zan qizg‘ish, och kizil, uzunligi 8—17 sm, vazni 30—200 g va undan ortiq. Sabzisi (ildizmevasi)da 10—12 % qand, 9,2% uglevodlar, 1,1% azotli moddalar va S, V,, V2, RR vitaminlari, 9,0 (20—25 gacha) mg% karotin bor. Sabzi inson oziq-ovqat ratsionida muhim o‘rinda turadi. Yangiligida iste’mol qilinadi, konservalar  tayyorlanadi, tibbiyotda esa sabzidan turli dori-darmonlar tayyorlanadi. Shimoliy rayonlarda va Yevropa mamlakatlarida, asosan, qizil, Markaziy Osiyo mamlakatlarida sariq sabzi ekiladi. O‘zbekistonda xalq seleksiyasida sabzining juda ko‘p navlari yaratilgan. Hozirgi davrda sabzining Mushak 195 (ertapishar) va Nurli (o‘rtapishar), Mirzoy qizil 228, Mirzoy sariq 304 (o‘rta ertagi), Nant 4, Shantane 2461 (o‘rtagi) va Ziynatli, Kaskade G‘, Puma G‘, va boshqa navlari va duragaylari ekiladi.

    (“O‘zME”dan)

   Uning shifobaxsh xususiyatlari qadimdan ma’lum. O‘rta asrlarda undan yurak, qon-tomir, jigar  kasalliklarini, shuningdek sariq va yo‘talni davolashda keng foydalanilgan.

   Bugungi kunda sabzi kamqonlik, me’da-ichak yo‘llari, yog‘ bosgan organizm, buyrak kasalliklari va boshqa qator illatlarni davolashda muolajaviy ovqatlanish tarkibida  asosiy o‘rinlardan birini egallaydi.

   Sabzi karotin moddasiga juda boy bo‘lgan sabzavotdir.Organizmni bu modda  zapasi bilan 2 kunga yetarli ta’minlash uchun o‘rtacha kattalikdagi bitta sabzini iste’mol qilish yetarli bo‘ladi. Bundan tashqari bu sabzavot turi V, RR, K, Ye vitaminlari, kalsiy tuzi, kaliy, fosfor, natriy, temir, yod, magniy va boshqa foydali moddalarga boy. Sabzida oqsil moddasi kam, lekin uning tarkibida taxminan 7% uglevod (uning asosiy qismini organizmda yaxshi hazm bo‘luvchi glyukoza tashkil etadi) bor.

    Xom sabzini iste’mol qilish soch va tirnoqlarning sinuvchanligida, ko‘rish qobiliyati pasayganda juda foydali. U organizmning kasalliklardan himoyalanish kuchini ko‘paytiradi, yuqumli kasalliklardan muhofaza qiladi. Xuddi shuning uchun ham  undan organizm vitamin yetishmasligidan toliqadigan qish kunlari,  xalqimiz “ilik uzildi” deb ataydigan erta bahor kunlari iste’mol qilib turish  tavsiya etiladi.  

   Bu sabzavot og‘iz bo‘shlig‘i uchun faol antibakterial vositadir. Stomatit (milk yallig‘lanib, chaqa bo‘lishi)ni davolashda xalq tabobati sabzi sharbatiga bir oz asal qo‘shib chayishni tavsiya qiladi.

     Sabzi qabziyatda mislsiz shifobaxsh sabzavot bo‘lib, oshqozon-ichak yo‘llaridagi illatlarda ham foydalidir. Surgi sifatida qirg‘ichda qirilgan sabzini va shuningdek, uning sharbatini (150-200 ml kechqurun uyquga yotish oldidan) iste’mol qilish nihoyatda foydali. Bavosirda sabzi bargini damlab choy sifatida ichish yordam beradi. Uzoq vaqt  bitishi  qiyin bo‘lgan yaraga sabzi bo‘tqasi bog‘lanadi. Sabzi mineral modda almashinuvini me’yorga keltirishda foyda beradi, uning sharbati  katarakta va kon’yuktivit kasalliklarida  ko‘z holatini yaxshilaydi.

    Shuni ta’kidlash lozimki, qalqonsimon bez kasalliklarida sabzi tarkibidagi karotin   organizmda o‘zlashtirilmaydi. Shuningdek  ingichka ichakning o‘tkir shamollashi  jarayonida sabzi iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

           Qon bosimida sabzi sharbati

     Qon bosimi oshishida 1 dona sabzini mayda tishli qirg‘ichdan  chiqarib, 1 dona xren ildizini qo‘shish va ularning sharbatini chiqarish, 40 ml limon soki va 30 g asal qo‘shib, aralashtirish lozim. Kuniga 3 mahal, 15 ml dan ovqatlanishdan 30 minut oldin 6-8 hafta davomida iste’mol  qilinadi.

           Yo‘talda sabzi sharbati

  1. 200 ml sabzi sharbatini 200 ml sutga qo‘shiladi. Aralashmani iliq

    holatda kuniga 20 ml dan 5-6 marta ichiladi.

  1. Mayda tishli qirg‘ichdan 400 g sabzini o‘tkazib, sharbati olinadi, uni 500 ml qaynatilgan sut, 200 g toza tabiiy asal bilan aralashtiriladi.

Aralashmani kuniga ovqatlanishdan oldin  6-7 mahal 70 ml dan   ichiladi.

Jigar kasalliklarida sabzi sharbati

150 g sabzini  va 100 g xren ildizini qirg‘ichdan  o‘tkazib, 20 ml spirt, 20 g asal qo‘shib aralashtiriladi. Aralashma 1-2 oy davomida kuniga 3 mahal 20 ml dan ichiladi. 

Sabzi sharbati  gerpes (terining muayyan qismi shamollashi) kasalligida

Mayda tishli qirg‘ichda 100 g sabzi va 150 g olma chiqarib, turupini siqib, sharbati olinadi. Kuniga 4-6 mahal 50 ml dan ichiladi.

Sabzi sharbati va urug‘i siydik qopida tosh paydo bo‘lganda

  1. Ikki oy davomida yangi olingan sabzi sharbatidan 20 ml dan kuniga 4 mahal ichiladi.
  2. Yigirma besh g sabzi urug‘iga 600 ml qaynagan suv quyiladi. Aralashma qizdirib, o‘chirilgan duxovkaga bir necha soat yopib qo‘yiladi. Tayyor bo‘lgan aralashma dokadan o‘tkazilib, kuniga uch mahal 150 ml dan ichiladi.

Gripda sabzi sharbati va chesnok

Mayda tishli qipg‘ichdan  1 ta sabzi va chesnokdan 4 ta tishchasi o‘tkaziladi va ularni siqib, sharbati olinadi. Burunning har bir katagiga kuniga 3 mahal 2-3 tomchidan tomiziladi.

Sabzi sharbati  dermatitda

100 g sabzi qirg‘ichdan o‘tkazilib, uning turupi salfetkaga bir tekis qalinlikda solinadi, terining kasallangan qismiga 20-30 daqiqa qo‘yiladi.

Sabzi damlamasi organizmni tozalashda

Sabzini quritilganidan  20 g iga 250 ml qaynagan suv quyiladi va  10 daqiqaga idish qopqog‘i yopib qo‘yiladi. Damlama bir necha qismga bo‘lib, kun davomida ichiladi.

 

                                            

                                         Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi.

                                                            17 noyabr 2016 yil

Tabobat
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

11.08.2026   51998   2 min.
Banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘z faoliyatini islomiy bank faoliyatiga o‘zgartirishi mumkin

Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:

  • mikromoliya tashkilotini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankiga o‘zgartirish;
  • faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya bankini mikromoliya tashkilotiga o‘zgartirish;
  • bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirish.

Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.

Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.

Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari