Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Salomatlik – tuman boylik

11.11.2016   31631   4 min.
Salomatlik – tuman boylik

Insonlarning sog‘lom, tana a’zolari but yaratilgani ham Parvardigorning ularga ato etgan ne’matlaridandir. Insonlar barcha narsada bo‘lgani kabi kasallikdan tezroq tuzalishda, dardlariga shifo izlashda hamisha Alloh taologa muhtojdirlar. Alloh taolo bunday marhamat etadi: “Ey insonlar! Sizlar Allohga muhtojdirsiz. Alloh esa, albatta, G‘aniy (behojat) va Hamid (hamdga loyiq Zot)dir”.

Har bir insonga salomatlikdan ko‘ra muhim, sog‘liqdan ko‘ra ko‘proq e’tibor beriladigan narsaning o‘zi yo‘q. Shuning uchun kishilar xastaliklardan saqlanish, salomatliklarini asrash va mustahkamlash uchun kuch-g‘ayrat, mablag‘ va vaqtni ayashmaydi. Bunda turli muolaja usullari, sport va badantarbiya mashqlaridan ham, Alloh yaratib qo‘ygan turli shifobaxsh ne’matlarni iste’mol qilishdan ham, tez-tez shifokor va tabiblar qabulida bo‘lib, ulardan maslahat va tavsiya olib turishdan ham erinishmaydi.

Bular bejizga emas. Hayot shirin, salomat umrguzaronlik qilish undan ham shirin. Baxtli-saodatli turmush kechirish uchun esa insonga avvalo sog‘lik kerak. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimizning amakilari Abbos (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan duo o‘rgatishni so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz: “Allohdan afv va ofiyat tilagin. Zero, U hech kimga qat’iy imon-ishonchdan keyin ofiyatdan ko‘ra afzalroq ne’mat ato etmagan”, degan ekanlar. Ofiyat bu – tanimiz sog‘ligi, rizqimiz mo‘lligi va turli xavf-xatarlardan omonlikdir.

Lekin salomatlik, boylik va ofiyatning qadri ko‘pincha ular o‘rtadan ko‘tarilgandan so‘ng bilinadi. O‘z vaqtida sihat-salomatligimizning qadriga yetib xayrli amallar qila olmaymiz, ibodatlarimizni mukammal qila olmaymiz. Boylik kelgan vaqtda uning shukrini ado qilish o‘rniga, kibr va manmanlik otiga minamiz. Nabiy (alayhissalom) aytganlaridek: “Ikki buyuk ne’mat borki, ko‘p odamlar ular borasida aldanib, chuv tushib qoladilar. Ular: sihat-salomatlik va bo‘sh vaqtdir”. Shuningdek, ko‘plab hadislarda har bir inson o‘z tana a’zolari salomatligi yo‘lida qayg‘urishi lozimligi alohida ta’kidlangan.

Zero, tananing sog‘lom bo‘lishi va uni turli kasalliklardan saqlash har bir insonning burchi hisoblanadi. Hozirgi kunda qanchalik dori-darmonlar ko‘paymasin, tibbiy muassasa sifati, shifokorlar saviyasi, tibbiy texnika yaxshilanmasin, agar insonning o‘zi o‘z salomatligi haqida qayg‘urmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Inson uchun bebaho boylik – bu sog‘lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Shuning uchun ham inson o‘z sog‘ligini ehtiyot qilishi vojib amallardan hisoblanadi.

Dono xalqimiz “Sog‘lik – tuman boylik” deb bejiz aytmagan. Aql-idrok sohibi bo‘lgan inson o‘z hayotini qadrlashi lozim bo‘ladi.

Kishilar muntazam tansihatlik, doimiy sog‘lik haqida qanchalik qayg‘urishmasin, bu yo‘lda nechog‘li fidokorlik ko‘rsatishmasin, har vaqt, har qachon  batamom salomat bo‘lishning aslo iloji yo‘q. Birorta odam o‘zini har jihatdan “soppa-sog‘man” deb hisoblay olmaydi, “mening hech qanday kasalim yo‘q”, deya baralla ayta olmaydi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, kasalliklarning kelib chiqish sababi ko‘p bo‘lsa-da, uning asli faqat bir mohiyatga borib taqaladi. Alloh taolo bandalarini vaqti-vaqti bilan, ba’zilarni esa bir umrga turli xastaliklar, a’zolarning mayib-majruhligi yoki yetishmovchiligi bilan imtihon qilib turadi. Ayniqsa O‘zi suygan bandalariga dard va xastalikni, og‘riq va bemorlikni ko‘proq beradi. Rasululloh (alayhissalom) marhamat qilib aytadilar: “Alloh kimgaki yaxshilikni istasa, unga musibat beradi”. Yana bir rivoyatda: “Mo‘minga nimaiki kasallik, mashaqqat, tashvish, qayg‘u va ozor yetsa, hatto unga tikan kirsa ham, albatta, Alloh shu sababli uning gunohlarini o‘chiradi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu rivoyatlardan bizlarga yetadigan kasalliklar mutlaq zarar emas, balki foydamizga bo‘lishi ochiq-oydindir. Chunki kasallik tufayli musulmon kishi o‘zining ojizu notavon bir banda ekanligi, har lahzada Allohning inoyatiga muhtoj ekani yodiga tushadi. Allohga iltijo qilib, shifo va yengillik so‘raydi. Sabr qiladi. Natijada ko‘p yaxshiliklarga erishadi. Shunday ekan biror kasallikka chalingan kishilar ranjimasdan, jazavaga tushmasdan buni Allohning sinovi va ne’mati deb bilishlari maqsadga muvofiqdir.

 

 

 

 

            Furqat JUMAYEV,

                     Qarshi shahar “Qum qishloq” jome

masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   7719   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar