Insonlarning sog‘lom, tana a’zolari but yaratilgani ham Parvardigorning ularga ato etgan ne’matlaridandir. Insonlar barcha narsada bo‘lgani kabi kasallikdan tezroq tuzalishda, dardlariga shifo izlashda hamisha Alloh taologa muhtojdirlar. Alloh taolo bunday marhamat etadi: “Ey insonlar! Sizlar Allohga muhtojdirsiz. Alloh esa, albatta, G‘aniy (behojat) va Hamid (hamdga loyiq Zot)dir”.
Har bir insonga salomatlikdan ko‘ra muhim, sog‘liqdan ko‘ra ko‘proq e’tibor beriladigan narsaning o‘zi yo‘q. Shuning uchun kishilar xastaliklardan saqlanish, salomatliklarini asrash va mustahkamlash uchun kuch-g‘ayrat, mablag‘ va vaqtni ayashmaydi. Bunda turli muolaja usullari, sport va badantarbiya mashqlaridan ham, Alloh yaratib qo‘ygan turli shifobaxsh ne’matlarni iste’mol qilishdan ham, tez-tez shifokor va tabiblar qabulida bo‘lib, ulardan maslahat va tavsiya olib turishdan ham erinishmaydi.
Bular bejizga emas. Hayot shirin, salomat umrguzaronlik qilish undan ham shirin. Baxtli-saodatli turmush kechirish uchun esa insonga avvalo sog‘lik kerak. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimizning amakilari Abbos (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan duo o‘rgatishni so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz: “Allohdan afv va ofiyat tilagin. Zero, U hech kimga qat’iy imon-ishonchdan keyin ofiyatdan ko‘ra afzalroq ne’mat ato etmagan”, degan ekanlar. Ofiyat bu – tanimiz sog‘ligi, rizqimiz mo‘lligi va turli xavf-xatarlardan omonlikdir.
Lekin salomatlik, boylik va ofiyatning qadri ko‘pincha ular o‘rtadan ko‘tarilgandan so‘ng bilinadi. O‘z vaqtida sihat-salomatligimizning qadriga yetib xayrli amallar qila olmaymiz, ibodatlarimizni mukammal qila olmaymiz. Boylik kelgan vaqtda uning shukrini ado qilish o‘rniga, kibr va manmanlik otiga minamiz. Nabiy (alayhissalom) aytganlaridek: “Ikki buyuk ne’mat borki, ko‘p odamlar ular borasida aldanib, chuv tushib qoladilar. Ular: sihat-salomatlik va bo‘sh vaqtdir”. Shuningdek, ko‘plab hadislarda har bir inson o‘z tana a’zolari salomatligi yo‘lida qayg‘urishi lozimligi alohida ta’kidlangan.
Zero, tananing sog‘lom bo‘lishi va uni turli kasalliklardan saqlash har bir insonning burchi hisoblanadi. Hozirgi kunda qanchalik dori-darmonlar ko‘paymasin, tibbiy muassasa sifati, shifokorlar saviyasi, tibbiy texnika yaxshilanmasin, agar insonning o‘zi o‘z salomatligi haqida qayg‘urmasa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.
Inson uchun bebaho boylik – bu sog‘lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Shuning uchun ham inson o‘z sog‘ligini ehtiyot qilishi vojib amallardan hisoblanadi.
Dono xalqimiz “Sog‘lik – tuman boylik” deb bejiz aytmagan. Aql-idrok sohibi bo‘lgan inson o‘z hayotini qadrlashi lozim bo‘ladi.
Kishilar muntazam tansihatlik, doimiy sog‘lik haqida qanchalik qayg‘urishmasin, bu yo‘lda nechog‘li fidokorlik ko‘rsatishmasin, har vaqt, har qachon batamom salomat bo‘lishning aslo iloji yo‘q. Birorta odam o‘zini har jihatdan “soppa-sog‘man” deb hisoblay olmaydi, “mening hech qanday kasalim yo‘q”, deya baralla ayta olmaydi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, kasalliklarning kelib chiqish sababi ko‘p bo‘lsa-da, uning asli faqat bir mohiyatga borib taqaladi. Alloh taolo bandalarini vaqti-vaqti bilan, ba’zilarni esa bir umrga turli xastaliklar, a’zolarning mayib-majruhligi yoki yetishmovchiligi bilan imtihon qilib turadi. Ayniqsa O‘zi suygan bandalariga dard va xastalikni, og‘riq va bemorlikni ko‘proq beradi. Rasululloh (alayhissalom) marhamat qilib aytadilar: “Alloh kimgaki yaxshilikni istasa, unga musibat beradi”. Yana bir rivoyatda: “Mo‘minga nimaiki kasallik, mashaqqat, tashvish, qayg‘u va ozor yetsa, hatto unga tikan kirsa ham, albatta, Alloh shu sababli uning gunohlarini o‘chiradi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Ushbu rivoyatlardan bizlarga yetadigan kasalliklar mutlaq zarar emas, balki foydamizga bo‘lishi ochiq-oydindir. Chunki kasallik tufayli musulmon kishi o‘zining ojizu notavon bir banda ekanligi, har lahzada Allohning inoyatiga muhtoj ekani yodiga tushadi. Allohga iltijo qilib, shifo va yengillik so‘raydi. Sabr qiladi. Natijada ko‘p yaxshiliklarga erishadi. Shunday ekan biror kasallikka chalingan kishilar ranjimasdan, jazavaga tushmasdan buni Allohning sinovi va ne’mati deb bilishlari maqsadga muvofiqdir.
Furqat JUMAYEV,
Qarshi shahar “Qum qishloq” jome
masjidi imom-xatibi
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.