Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Hamza ibn Habib az-Zayyotning tushlari

10.11.2016   10468   15 min.
Hamza ibn Habib az-Zayyotning tushlari

Hofiz Al-Mizziy o‘zining «Tahzib alkamal» kitobida, Ibn Javziy «Sifatu as sofva»da, Ibn Shohin «Isharot fi ilmil’ibarot» asarida Xalaf ibn Hishomdan rivoyat qiladi: «Sulaym menga shunday deb aytib berdi: «Men Hamza ibn Habib az-Zayyotning oldiga kirib, uni chakkasini yerga berib, yig‘lab yotgan holda ko‘rdim va: «Sendan Allohning panohiga qochaman!», dedim. Shunda u: «Ey, nega panoh so‘rayapsan?! Bu kecha men tush ko‘rdim: go‘yo qiyomat qoim bo‘libdi, Qur’on qorilari chaqirilayotgan ekan. Men ham hozir bo‘lganlar ichida edim. Bir so‘zlovchining shirin so‘zlar bilan: «Menga faqat Qur’onga amal qilganlargina kiradi», deyayotganini eshitib, orqaga tisarildim. Shunda hotifdan bir ovoz mening ismimni aytib: «Hamza ibn Habib az-Zayyot qani?», dedi. Men: «Labbay, ey Allohning jarchisi, labbay», dedim. Shu payt bir farishta menga: «Labbay, Allohim, labbay», degin!», dedi. Men uning aytganini aytdim. Keyin meni bir uyga kirgizdi, men u yerda qorilarning shovqinini eshitdim. Bu joyning haybatidan qaltirab turib qoldim. Shunda bir so‘zlovchining: «Senga zarari yo‘q. O‘qi va ko‘taril», deganini eshitdim. Yuzimni burib qarasam, oq durdan bo‘lgan bir minbarning oldida turibman. Uning ikki tabaqasi sariq yoqutdan, zinalari yashil zabarjaddan ekan. Menga: «O‘qi va ko‘taril», dedi. Men uning ustiga chiqdim. Keyin menga: «An’om» surasini o‘qi!», deyildi. Men o‘qishga kirishdim, biroq kimga o‘qib berayotganimni bilmasdim. Nihoyat oltmishinchi oyatgacha yetib keldim. «U bandalari ustidan mutlaq g‘olibdir» oyatiga kelganimda, menga: «Ey Hamza! Bandalarim ustida mutlaq g‘olib emasmanmi?» dedi. «Ha, shundaysan», dedim. U Zot: «To‘g‘ri aytding. O‘qiyver», dedi. Men o‘qib, surani tamomladim. Yana: «O‘qi!» dedi. Men «A’rof»ni o‘qib, nihoyat uning oxiriga kelib, sajdaga egildim. Shunda U Zot: «Senga o‘tmishdagilari yetarli, sajda qilma, ey Hamza. Bu qiroatni senga kim o‘qitdi?», dedi. «Sulaymon», dedim. «To‘g‘ri aytding. Sulaymonga kim o‘qitgan?», dedi. «Yahyo», dedim. «Yahyo to‘g‘ri aytibdi. Yahyo kimga o‘qib bergan?», dedi. «Abu Abdurrahmon Sulamiyga», dedim. «Abu Abdurrahmon to‘g‘ri aytibdi. Abu Abdurrahmonga kim o‘qitibdi?», dedi. «Nabiyingning amakisining o‘g‘li Aliy ibn Abu Tolib», dedim. «Aliy to‘g‘ri aytibdi. Aliyga kim o‘qitibdi?», dedi. «Nabiying sollallohu alayhi vasallam», dedim. «Nabiyimga kim o‘qitibdi?» dedi. «Jibriyl», dedim. «Jibriylga kim o‘qitibdi?», dedi. Men jim qoldim. Shunda menga U Zot: «Ey Hamza, «Sen» deb ayt», dedi. Men esa «Sen» deb aytishga jur’at qila olmasdim. U Zot: «Sen» deb ayt», dedi. Men: «Sen», dedim. «Rost aytding, ey Hamza! Qur’onning haqqi shuki, Men Qur’on ahlini albatta ikrom qilajakman. Ayniqsa, agar Qur’onga amal qilgan bo‘lsalar. Ey Hamza, Qur’on Mening kalomim. Men hech kimni Qur’on ahlini sevganimdek sevmaganman. Yaqin kel, ey Hamza», dedi. Men yaqin keldim. U Zot qo‘lini g‘oliyaga (xushbo‘ylikka) soldida,  uni menga surtdi va: «Buni faqat senga qilayotganim yo‘q. Sendan oldingi va keyingi senkabi kishilarga shunday qilganman. Kim sen Qur’on o‘qitganing kabi Qur’on o‘qitsa, faqatgina Mening huzurimga keladi. Huzurimda senga berkitganlarim bundan ham ko‘p, ey Hamza. Do‘stlaringga Mening Qur’on ahliga muhabbatim qanchalar ekanini va ularga qanday muomalada bo‘lishimni bildir. Ular Mening tanlangan, eng yaxshi bandalarimdir. Ey Hamza! Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, Qur’on tilovat qilgan tilni, uni yod olgan qalbni, uni tinglagan quloqni va unga qaragan ko‘zni do‘zaxda azoblamayman», dedi. Men: «O‘zing poksan! O‘zing poksan! Ey Robbim!», dedim. U Zot: «Ey Hamza! Mus'hafga qarab o‘quvchilar qani?», dedi. Men: «Hofizlarimi?» dedim. «Yo‘q! Lekin uni Men ular uchun muhofaza qilaman. Ular Mening huzurimga kelishganda Men ularni har bir oyat uchun bir daraja ko‘taraman», dedi. Hamza Sulaymga: «Sen endi meni yig‘lab, chakkamni tuproqqa belaganim uchun malomat qilasanmi?», dedi».

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xudkushlik qahramonlik emas

01.07.2025   9913   2 min.
Xudkushlik qahramonlik emas

Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo  xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”

Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.

O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.

Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi

Abdufattoh Musaxanov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA