Hofiz Al-Mizziy o‘zining «Tahzib alkamal» kitobida, Ibn Javziy «Sifatu as sofva»da, Ibn Shohin «Isharot fi ilmil’ibarot» asarida Xalaf ibn Hishomdan rivoyat qiladi: «Sulaym menga shunday deb aytib berdi: «Men Hamza ibn Habib az-Zayyotning oldiga kirib, uni chakkasini yerga berib, yig‘lab yotgan holda ko‘rdim va: «Sendan Allohning panohiga qochaman!», dedim. Shunda u: «Ey, nega panoh so‘rayapsan?! Bu kecha men tush ko‘rdim: go‘yo qiyomat qoim bo‘libdi, Qur’on qorilari chaqirilayotgan ekan. Men ham hozir bo‘lganlar ichida edim. Bir so‘zlovchining shirin so‘zlar bilan: «Menga faqat Qur’onga amal qilganlargina kiradi», deyayotganini eshitib, orqaga tisarildim. Shunda hotifdan bir ovoz mening ismimni aytib: «Hamza ibn Habib az-Zayyot qani?», dedi. Men: «Labbay, ey Allohning jarchisi, labbay», dedim. Shu payt bir farishta menga: «Labbay, Allohim, labbay», degin!», dedi. Men uning aytganini aytdim. Keyin meni bir uyga kirgizdi, men u yerda qorilarning shovqinini eshitdim. Bu joyning haybatidan qaltirab turib qoldim. Shunda bir so‘zlovchining: «Senga zarari yo‘q. O‘qi va ko‘taril», deganini eshitdim. Yuzimni burib qarasam, oq durdan bo‘lgan bir minbarning oldida turibman. Uning ikki tabaqasi sariq yoqutdan, zinalari yashil zabarjaddan ekan. Menga: «O‘qi va ko‘taril», dedi. Men uning ustiga chiqdim. Keyin menga: «An’om» surasini o‘qi!», deyildi. Men o‘qishga kirishdim, biroq kimga o‘qib berayotganimni bilmasdim. Nihoyat oltmishinchi oyatgacha yetib keldim. «U bandalari ustidan mutlaq g‘olibdir» oyatiga kelganimda, menga: «Ey Hamza! Bandalarim ustida mutlaq g‘olib emasmanmi?» dedi. «Ha, shundaysan», dedim. U Zot: «To‘g‘ri aytding. O‘qiyver», dedi. Men o‘qib, surani tamomladim. Yana: «O‘qi!» dedi. Men «A’rof»ni o‘qib, nihoyat uning oxiriga kelib, sajdaga egildim. Shunda U Zot: «Senga o‘tmishdagilari yetarli, sajda qilma, ey Hamza. Bu qiroatni senga kim o‘qitdi?», dedi. «Sulaymon», dedim. «To‘g‘ri aytding. Sulaymonga kim o‘qitgan?», dedi. «Yahyo», dedim. «Yahyo to‘g‘ri aytibdi. Yahyo kimga o‘qib bergan?», dedi. «Abu Abdurrahmon Sulamiyga», dedim. «Abu Abdurrahmon to‘g‘ri aytibdi. Abu Abdurrahmonga kim o‘qitibdi?», dedi. «Nabiyingning amakisining o‘g‘li Aliy ibn Abu Tolib», dedim. «Aliy to‘g‘ri aytibdi. Aliyga kim o‘qitibdi?», dedi. «Nabiying sollallohu alayhi vasallam», dedim. «Nabiyimga kim o‘qitibdi?» dedi. «Jibriyl», dedim. «Jibriylga kim o‘qitibdi?», dedi. Men jim qoldim. Shunda menga U Zot: «Ey Hamza, «Sen» deb ayt», dedi. Men esa «Sen» deb aytishga jur’at qila olmasdim. U Zot: «Sen» deb ayt», dedi. Men: «Sen», dedim. «Rost aytding, ey Hamza! Qur’onning haqqi shuki, Men Qur’on ahlini albatta ikrom qilajakman. Ayniqsa, agar Qur’onga amal qilgan bo‘lsalar. Ey Hamza, Qur’on Mening kalomim. Men hech kimni Qur’on ahlini sevganimdek sevmaganman. Yaqin kel, ey Hamza», dedi. Men yaqin keldim. U Zot qo‘lini g‘oliyaga (xushbo‘ylikka) soldida, uni menga surtdi va: «Buni faqat senga qilayotganim yo‘q. Sendan oldingi va keyingi senkabi kishilarga shunday qilganman. Kim sen Qur’on o‘qitganing kabi Qur’on o‘qitsa, faqatgina Mening huzurimga keladi. Huzurimda senga berkitganlarim bundan ham ko‘p, ey Hamza. Do‘stlaringga Mening Qur’on ahliga muhabbatim qanchalar ekanini va ularga qanday muomalada bo‘lishimni bildir. Ular Mening tanlangan, eng yaxshi bandalarimdir. Ey Hamza! Izzatim va ulug‘ligimga qasamki, Qur’on tilovat qilgan tilni, uni yod olgan qalbni, uni tinglagan quloqni va unga qaragan ko‘zni do‘zaxda azoblamayman», dedi. Men: «O‘zing poksan! O‘zing poksan! Ey Robbim!», dedim. U Zot: «Ey Hamza! Mus'hafga qarab o‘quvchilar qani?», dedi. Men: «Hofizlarimi?» dedim. «Yo‘q! Lekin uni Men ular uchun muhofaza qilaman. Ular Mening huzurimga kelishganda Men ularni har bir oyat uchun bir daraja ko‘taraman», dedi. Hamza Sulaymga: «Sen endi meni yig‘lab, chakkamni tuproqqa belaganim uchun malomat qilasanmi?», dedi».
Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:
Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.
Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.
Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar.
Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!
Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.
Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.
“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.
Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz, qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.
Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.
Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi” (Tarj.).