Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga go‘zallikning barchasi ato qilingani hadislarda zikr qilingan. Faqat bu go‘zallik ikkita asosiy narsaga binoan bo‘lgan.
1. Jaloliy (buyuk) haybat.
2. Porlab turgan nur.
Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan kishilar chiroylariga maftun bo‘lib qolmasdi, Yusuf alayhissalomdagi go‘zallik buning aksi bo‘lib, u zotga chiroyning yarmi berilgan edi. Shu bois, u kishini ayollar ko‘rganida, chiroylariga maftun bo‘lib, qo‘llarini kesganlar va: “Vo ajabo! Bu inson emas, farishtaning o‘zi-ku”, deyishgan edi. Shoir aytadi:
Gar ko‘rsa edi Yusufni, Zulayhoning dugonalari
Qo‘llaridan ko‘ra yuraklarini kesishga ham rozi bo‘lar edi.
Jaloliy haybat
Rasulullohning ulug‘vorliklari, haybatlari haqida Hind ibni Abu Hola ul zotni sifatlab, shunday degan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rkam, yuksak hurmatga ega kishi edilar”[1].
Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Kim Rasulullohga behosdan yo‘liqqanida, u kishini Rasulullohning salobati bosar edi”.[2]
Yana boshqa bir kishi aytadi: “Payg‘ambar alayhissalom majlislarida insonlarning eng viqorlisi edilar[3].
Bir kuni Rasulullohning huzurlariga bir kishi kirib keldi va Rasulullohning haybatlaridan o‘zini yo‘qotayozdi. Rasululloh bu holatni ko‘rib unga: “Tinchlan”, dedilar”[4].
Amr ibn Os roziyallohu anhu Hazrati Mustafo sollallohu alayhi vasallam haqida shunday deydi: “Payg‘ambar alayhissalomning salobatlaridan ikki ko‘zim ila u zotni to‘yib ko‘rolmaganman. Shuning uchun ham biror kishi mendan ul zotni sifatlab berishimni so‘rasa, tavsif qilib berolmas edim. Chunki, ul zotni ikki ko‘zim ila to‘liq ko‘rolmagan edim”[5].
Ibn Abu Hola Rasulullohni sifatlab shunday degan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar gapirsalar, majlisda o‘tirganlarning barchasi xuddi boshlarida qush qo‘ngandek jim o‘tirardilar”[6].
Haqiqatdan ham sahobalar (roziyallohu anhum) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuksak haybat va viqorlari tufayli u zotga chuqur nazar tashlay olmasdilar. Shuning e’tiboridan Payg‘ambarimizni faqatgina sahobalarning yoshlari yoki payg‘ambarlik kelishidan oldin u zotning qaramog‘larida tarbiya ko‘rgan Hind ibn Abu Hola, Aliy roziyallohu anhu kabi sahobalar sifatlab berganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haybatlarining buyukligi va viqorlarining komilligidan, kim ul zotning huzurlarida o‘tirsa, uni salobatlari bosar edi. Ba’zan bu Muhammadiy haybatdan birga o‘tirgan kishini qattiq titroq bosar edi. Shuning uchun ham Rasululloh ularning qo‘rquvlari bosilsin, deb ularga yumshoq muomala qilib ularga nisbatan muloyim bo‘lardilar.
Qoyla binti Muxrimadan rivoyat qilinadi, u: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni cho‘kkalab o‘tirganlarini ko‘rganimda, qo‘rquvdan cho‘chib tushdim. Shunda bir kishi: “Yo Rasululloh, bechora ayol qo‘rqib ketdi”, dedi. Rasululloh orqalarida turgan holimda, menga qaramasdan: “Ey miskina! Xotirjam bo‘l”, dedilar. Rasululloh shu gaplarini aytganlaridan so‘ng, Alloh taolo ichimdagi qo‘rquvni ketkazdi”, dedi.
Abu Mas’ud al-Badriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadi: “Kunlarning birida men xizmatchimni urayotganim edim, bir payt ortimdan: “Bilib qo‘y, ey, Abu Mas’ud!”, degan tovushni eshitdim. Shunda g‘azabimdan ortimga o‘girilib ham qo‘ymasdan, davom etaverdim, keyin meni bir narsa o‘rab olgandek bo‘ldi. Shunday ortimga o‘girilsam, ro‘paramda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turgan ekanlar. U zotni ko‘rganimda, haybatlaridan qo‘limdan qamchim tushib ketdi. Menga qarab: “Allohga qasamki, Alloh taolo bu ishni qilishga sendan ko‘ra haqliroqdir”, dedilar. Shunda men: “Yo Rasululloh, bundan keyin hech qachon biron bir xizmatchimni urmayman”, dedim”.
Porlab turuvchi nurlari
Nabaviy go‘zallik to‘la namoyon bo‘ladigan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nurlariga kelsak, yuqorida sharafli yuzlarini sifatlaganimizda, yuzlaridan nur sochib turganiga dalolat qiladigan bir qancha sifatlarni zikr qilgan edik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi nur asliy hisoblanadi. Bu nur borliqdagi butun nurlar ichida yaratilgan eng birinchi nurdir. Mashhur[7] hadisda shunday deyilgan: “Ey Jobir, Alloh taolo eng birinchi bo‘lib, payg‘ambaringning nurini yaratgan”.
Zarqoniy aytadilar: “Bayhaqiy ham mazkur hadisni ozgina boshqacharoq zikr qilgan”. Imom Termiziyning: “Alloh taolo eng birinchi yaratgan maxluqi qalamdir”, deb rivoyat qilgan hadisi mazkur hadisga zid emas. Chunki, bu ikkala hadisni quyidagicha tushunsak bo‘ladi:
Qalam birinchi bo‘lib yaratilgan, degani Muhammad sollallohu alayhi vasallam nurlaridan boshqa narsalarga nisbatan birinchi yaratilgan yoki ba’zilar aytganlaridek, barcha narsalardagi birinchilik o‘z jinsiga nisbatan bo‘lgan. Shuning e’tiboridan mazkur hadisning ma’nosi quyidagicha bo‘ladi: “Alloh taolo nurlar (jinsi)dan birinchi bo‘lib mening nurimni yaratdi”.
Bu Muhammadiy nurni Aliy ibn Husayn otalaridan, otalari bobolaridan rivoyat qilgan hadis tasdiqlaydi: “Payg‘ambar alayhissalom: “Men Robbim huzurida nur edim”, dedilar”. Ushbu hadisni hofiz Abulhasan Aliy ibn Muhammad ibn Qatton o‘zining “Ahkom” asarida zikr qilgan. Vaholanki, Ibn Qatton hadis munaqqidlaridan[8] hamda hadis bobida mohirligi mashhur bo‘lgan kishilardan edi. Shu bilan birga rivoyatga, hifzga va bu borada puxta bo‘lishga eng ko‘p e’tibor beradigan olimlardan edi.
Yana bu nuroniylikni Alloh taoloning quyidagi oyati karimasining mazmuni ham tasdiqlaydi:
“{ قد جاءكم من الله نور وكتاب مبين } [المائدة/15]،”
“Darhaqiqat, Allohdan sizlarga nur va ravshan kitob keldi”. Chunki ko‘plab olimlar: “Ushbu oyatdagi “nur”dan maqsad, Muhammad sollallohu alayhi vasallam”, deb aytganlar. Imom Tabariy, Ibn Abu Hotam hamda Qurtubiylarning tafsirlarida xuddi shunday tafsir qilingan.
Qatoda aytadi: “Ushbu oyatdagi nurdan Muhammad sollallohu alayhi vasallam nazarda tutilyapti”.
Payg‘ambar alayhissalom tug‘ilgan paytlarida, onalari nurni ko‘rganlari va bu nur Rasululloh bilan birga chiqib, Shom qasrlarini yoritgani haqida sobit bo‘lgan ko‘pgina rivoyatlar ham Payg‘ambarimiz haqiqatdan ham nuroniy bo‘lganlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yana ul zot sollallohu alayhi vasallamning nuroniy ekanlarini Tabaroniyning hadisida zikr qilingan jumlalar tasdiq etadi, hadisda shunday deyilgan: “Biz Payg‘ambar alayhissalom (gapirsalar) og‘izlaridan xuddi nur chiqayotganini ko‘rgan edik”, deyilgan. Bu hadisni Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadis quvvatlaydi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar gapirsalar, nur tishlarining orasidan porlayotgandek ko‘rinar edi”. Zarqoniy bu hadisni Imom Termiziy va Dorimiy rivoyat qilganini aytgan.
“Shamoil”da Imom Termiziy Ibn Abu Holadan rivoyat qilgan hadisda ul zotni sifatlab shunday deyilgan: “Rasulullohda o‘zlarini ulug‘vor qilib ko‘rsatadigan nurlari bor edi”.
Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Bir kuni o‘tirgan edim, Payg‘ambar alayhissalom esa oyoq kiyimlarini ta’mirlab o‘tirgan edilar. Shunda peshonalari terlay boshladi, terlardan esa nur paydo bo‘la boshladi. Buni ko‘rib hayratlanib qoldim. Rasululloh: “Senga nima qildi, hayratlanib qolding?” dedilar. Men: “Peshonangiz terlay boshladi keyin terlardan nur paydo bo‘ldi, agar Abu Kabir Huzaliy sizni (shu holatingizda) ko‘rganida edi, aytgan she’riga siz haqliroq ekaningizni bilar edi”, dedim”. Chunki, Huzaliy o‘z she’rida shunday degan edi:
U pok bo‘lgan edi, barcha ayolning changidan, buzuqligu kasalligidan
Gar boqsang uning yuziga, porlar edi u, yuzlarining chaqnashidan.
Ba’zi ilmsizlar (mazkur hadislar va ma’lumotlarni o‘qib) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nur bo‘lganlarining ma’nosini ul zot nur chiqaruvchi jism edilar, deb tushunadilar. Bu esa noto‘g‘ri tushunish, xato fikr. Ular bu xato o‘ylari bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘yoki, chiroq yoki elektr lampochkasiga chiqarib qo‘yadilar. Vaholanki, Rasululloh bunday jismli bo‘lishlari mumkin emas, u zot yuksak, buyuk, ulug‘ martabaga egadirlar. To‘g‘ri, biz ham nur chiqaruvchi jismlar qanday yoritadigan bo‘lsa, xuddi ana shunday nur gohida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda ham ko‘ringanini inkor qilmaymiz. Lekin bunday holat doimiy ravishda bo‘lmagan. Balki, qachon o‘sha narsaga ehtiyojlari tug‘ilsa, shunda paydo bo‘lar edi, xuddi boshqa g‘ayritabiiy mo‘jizalari kabi. Holbuki, bunday holatlar darajalari Rasulullohdan pastroq bo‘lganlarda ham kuzatilgan. Masalan, ulug‘ sahobiy Usayd ibn Huzayrda sodir bo‘lgan voqea kabi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Usayd ibn Huzayr bilan Abbod ibn Bishr qop-qorong‘u kechada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edilar. Gaplashib bo‘lganlaridan keyin chiqib ketdilar. Shunda birlarining tayoqlari charaqlab yo‘lni yorishtirdi. Ular tayoqning yorug‘ligida yurib borardilar. Bir-birlaridan ajralgan vaqtlarida, har birining tayog‘i nur chiqarib atrofni yorishtirdi. Ular ham uning yog‘dusida ketdilar”. Imom Buxoriy o‘z sahihlarida zikr qilgan.
Shuningdek, bunday holat “Zin-nur” (ya’ni, nur egasi) deb ataluvchi ulug‘ sahobiy, davslik Tufayl ibn Amrda[9] ham sodir bo‘lgan. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keladi va (o‘z yurtidagi) qavmini islom diniga da’vat qilmoqchi, bo‘lib: “Meni ularga yuboring va ular ishonishlari uchun menga bir belgi qilib bering”, deydi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim unda nur paydo qil”, deb duo qiladilar. O‘shanda ikki ko‘zi orasida nur porlaydi. Tufayl ibn Amr: “Ey Robbim, qavmim meni musla[10] bo‘libdi, deb o‘ylab qolishlaridan qo‘rqaman”, deganida, shu zahotiyoq ana shu nur qamchisiga ko‘chib, zulmatli kechada yo‘lni yorishtiradi.
Muhammad
(sollallohu alayhi vasallam)
komil inson
kitobidan tarjima
Baratov G‘iyosiddin
[1] Imom Termiziy rivoyati.
[2] Imom Termiziy rivoyati (Shamoilda)
[3] Abu Dovud rivoyati. (Nasimur-riyoz, ya’ni “Bog‘ shamoli” kitobi, 2\117)
[4] Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan mu’allaq holda rivoyat qilgan bo‘lsa, Ibn Moja uni muttasil holatda rivoyat qilgan. (Nasimur-riyoz, ya’ni “Bog‘ shamoli” kitobi 2\104).
[5] Imom Muslim rivoyati. (Sahihlarida 3/127, Navaviy sharhi).
[6] Imom Termiziy (Shamoilda), hamda Ibn Sa’d va Tabaroniy rivoyatlari.
[7] Odamlarning tillarida mashhur bo‘lganligi e’tiboridan.
[8] Chuqur o‘rganadigan, nozik qirralarigacha e’tibor beradigan, kerakli o‘rinlarda tanqid qiladigan kishi.
[9] Ibn Torif ibr Os ibn Sa’laba ibn Salim ibn Fahm ibn G‘onam ibn Davs.
[10] Insonni tahqirlab a’zolarini kesib, mayib-majruh qilishga musla deyiladi.
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.