بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Musulmonning hayoti farovon bo‘lishi uchun nafaqat o‘zi balki yon atrofidagi yoru do‘stlari ham mustahkam imonli va yuksak ilm egasi, bag‘rikeng bo‘lishi lozim. Mustaqil o‘lkamiz – O‘zbekistonda 130 ga yaqin millat vakillari turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar bo‘lib, alhamdu-lillah, tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ana shu ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Haqiqatan ham, yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda, bir vatanda, buyuk g‘oya va sof niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashligi – diniy bag‘rikenglikni yorqin namunasidir. Islomda bag‘rikenglik masalasi o‘zining ilk davridayoq namoyon bo‘ldi. Jahon dinlarining ichida faqat Islomda e’tiqod erkinligi ochiq-oydin e’lon qilingan. Bu borada Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:
لَكُمْ دِينُكُمْ وَلِيَ دِينِ
ya’ni: «Sizlarning diningiz o‘zlaringiz uchun, mening dinim o‘zim uchundir» (Kofirun,6). Shuningdek, dinimiz odamlarni zo‘rlab dinga kiritishni yoqlamaydi. Qur’oni karimda:
وَقُلِ الْحَقُّ مِنْ رَبِّكُمْ فَمَنْ شَاءَ فَلْيُؤْمِنْ وَمَنْ شَاءَ فَلْيَكْفُرْ …
ya’ni: «Ayting: «(Bu Qur’on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin».
Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda ham biron fuqaroni biron dinga majburlab kiritish taqiqlangan, har bir inson haq-huquqi, erkinligi va kafolatlangani xususida shunday deyilgan: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi». Diniy bag‘rikenglik tamoyili Konstitutsiyamizning barcha moddalarida o‘z aksini topgan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, haq-huquq va burchlari qonunimiz doirasida aniqlanib, belgilab qo‘yilgan. Diniy bag‘rikenglik turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat’i nazar ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkin bo‘lgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanligini e’tirof etmog‘i lozim. Bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish muqaddas dinimizning ta’limotlaridan biridir. Muruvvat, diniy bag‘rikenglik Islomning tamal toshi, e’tiqod va dinlar tarixidagi bir yangilik bo‘ldi. Islom ilk davrdanoq sobiq dinlarga hech qanday tazyiq o‘tkazmadi, turfa mazhab va mafkuralarga qarshi taassub etmadi. Birinchi kunlardanoq diniy bag‘rikenglikning olamshumul shiorlarini o‘rtaga tashladi: “Barcha samoviy dinlar bir manba, bir buloqdan suv ichadi, hamma payg‘ambarlar birodardirlar. Dinlardagi ixtiloflar qotillik va adovatlarga sabab bo‘lmasligi, yaxshilik, silai rahmdan to‘smasligi lozim”, degan tamoyilga amal qildi.
Muhtaram jamoat! O‘lkamizda qadimda Islom dinini bag‘rikenglik tamoiliga asos solgan ota-bobolarimiz faoliyatlari kabi hozirda ham masjidlar faoliyat ko‘rsatayotgani kabi nasroniylar cherkovi, yahudiylar ibodatxonalari va boshqa din vakillari butxonalari ish olib bormoqda. Albatta, bu dinimizning bag‘rikengligidan dalolat qiladi. Bularning zamirida esa barcha millatu elatlar tinchligi va osudaligi yotadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) g‘ayridinlarga bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmatlash, haqlariga rioya qilishning oliy namunasini ko‘rsatibgina qolmay, ummatni ham hamisha ana shu yo‘ldan boriga da’vat qilishdan charchamadilar. Rasulullohdan (s.a.v.): «Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir», deb marhamat qildilar.
Alloh bizni g‘ayridinlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmaganligi «Mumtahana» surasining 8-oyatida o‘z aksini topgan:
لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ أَن تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ
ya’ni: «Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas...».
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu borada Islom ummatigagina emas, butun insoniyatga haqiqiy ibrat-namuna edilar. Bag‘rikenglik, kechirimlilik bobida u zotga teng keladigani topilmaydi. Olamlar sarvari qasos va o‘ch olish imkoniyati bo‘laturib o‘zlariga zulm va yovuzliklar ko‘rsatganlarni kechira olgan zot edilar.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislaridan birida g‘ayridin bo‘lgan qo‘shniga ham insoniylik yuzasidan yaxshi va chiroyli muomalada bo‘lishga buyurganlar. Bu o‘rinda sahobai kirom va tobeinlar hammamizga o‘rnak va namuna ko‘rsatishgan. Umar ibn Xattob (r.a.) g‘ayridinlarga xayrixohligi, mehr-muruvvati va adolatparvarligi bilan Islom dunyosidan tashqarida ham ma’lum va mashhur edi. Hazrat Umar (r.a.)ning Quddus va Ludda nasroniylari bilan imzolagan xavfsizlik shartnomasiga muvofiq shahardagi cherkovlar buzib tashlanmasligi, musulmonlar nasroniylarning ibodatxonalarini egallab olmasligi va ularda ibodat qilmasligi kafolatlangan.
Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston hududi qadimdan diniy bag‘rikenglik borasida dunyoga namuna bo‘lib kelgan. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan Burhoniddin Marg‘iloniy, Abu Lays Samarqandiy, Alouddin Kosoniy kabi ulamolar tomonidan ta’lif etilgan asarlarda o‘zga din vakillariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lish masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 238 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2064 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.
Afsuski, bugungi kunda biz jahonning turli nuqtalarida, ayniqsa Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siyosiy omillar negizida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlarning qurbon bo‘layotgani, minglab kishilarning o‘z boshpanalaridan ayrilib, tug‘ilib o‘sgan yurtlarini tashlab ketishga majbur bo‘layotgani kabi ayanchli jarayonlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zi bir yoshlar din niqobi ostida bilib-bilmay mana shunday urush o‘choqlarida o‘zga din vakillarini turli qiynoqlar bilan azoblab, hatto ularni vahshiyonalik bilan o‘ldirmoqdalar. Zero, Payg‘ambarimiz alayhi salom o‘z hadislarida;
“Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni Meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi”. (Ahmad ibn Hanbal, «Musnad»).
Muhtaram jamoat! Buyuk ajdodlarimizning boy madaniyat va ma’rifat buloqlaridan bahramand bo‘lgan xalqimiz nafaqat millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik balki dinu-diyonat, iymonu-e’tiqod, odobu-axloq, mehru-muruvvat, oila, farzand tarbiyasi, ota-ona hurmati va izzati borasida ham o‘ziga xos keng fe’llik, sahovat va mo‘tadillik tamoyillariga amal qilib kelmoqda. Mamlakatimiz tarixan ko‘p millatli o‘lka bo‘lganligi tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etib, xalqimizning ma’naviyati va qadriyatini tiklash, o‘zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo‘lishiga hissalarini qo‘shmoqdalar.
Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha dindorlarni tinchlik, totuvlik o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo‘lib, Ona-Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin. Omin!
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati