Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

11.11.2016 y. Islom - bag‘rikenglikka chorlaydi

04.11.2016   6913   8 min.
11.11.2016 y. Islom -  bag‘rikenglikka chorlaydi

     بسم الله الرحمن الرحيم

 Muhtaram jamoat! Musulmonning hayoti farovon bo‘lishi uchun nafaqat o‘zi balki yon atrofidagi yoru do‘stlari ham mustahkam imonli va yuksak ilm egasi,  bag‘rikeng  bo‘lishi lozim. Mustaqil o‘lkamiz – O‘zbekistonda 130 ga yaqin millat vakillari turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar bo‘lib, alhamdu-lillah, tinch-omon, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Ana shu ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga diyorimizda alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Haqiqatan ham, yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda, bir vatanda, buyuk g‘oya va sof niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashligi – diniy bag‘rikenglikni yorqin namunasidir. Islomda bag‘rikenglik masalasi o‘zining ilk davridayoq namoyon bo‘ldi. Jahon dinlarining ichida faqat Islomda e’tiqod erkinligi ochiq-oydin e’lon qilingan. Bu borada Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:

لَكُمْ دِينُكُمْ وَلِيَ دِينِ

ya’ni: «Sizlarning diningiz o‘zlaringiz uchun, mening dinim o‘zim uchundir» (Kofirun,6). Shuningdek, dinimiz odamlarni zo‘rlab dinga kiritishni yoqlamaydi. Qur’oni karimda:

وَقُلِ الْحَقُّ مِنْ رَبِّكُمْ فَمَنْ شَاءَ فَلْيُؤْمِنْ وَمَنْ شَاءَ فَلْيَكْفُرْ

ya’ni: «Ayting: «(Bu Qur’on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin».

Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda ham biron fuqaroni biron dinga majburlab kiritish taqiqlangan, har bir inson haq-huquqi, erkinligi va kafolatlangani xususida shunday deyilgan: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi». Diniy bag‘rikenglik tamoyili Konstitutsiyamizning barcha moddalarida o‘z aksini topgan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, haq-huquq va burchlari qonunimiz doirasida aniqlanib, belgilab qo‘yilgan. Diniy bag‘rikenglik turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat’i nazar ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkin bo‘lgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanligini e’tirof etmog‘i lozim. Bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish muqaddas dinimizning ta’limotlaridan biridir. Muruvvat, diniy bag‘rikenglik Islomning tamal toshi, e’tiqod va dinlar tarixidagi bir yangilik bo‘ldi. Islom ilk davrdanoq sobiq dinlarga hech qanday tazyiq o‘tkazmadi, turfa mazhab va mafkuralarga qarshi taassub etmadi. Birinchi kunlardanoq diniy bag‘rikenglikning olamshumul shiorlarini o‘rtaga tashladi: “Barcha samoviy dinlar bir manba, bir buloqdan suv ichadi, hamma payg‘ambarlar birodardirlar. Dinlardagi ixtiloflar qotillik va adovatlarga sabab bo‘lmasligi, yaxshilik, silai rahmdan to‘smasligi lozim”, degan tamoyilga amal qildi.

Muhtaram jamoat! O‘lkamizda qadimda Islom dinini bag‘rikenglik tamoiliga asos solgan ota-bobolarimiz faoliyatlari kabi hozirda ham masjidlar faoliyat ko‘rsatayotgani kabi nasroniylar cherkovi, yahudiylar ibodatxonalari va boshqa din vakillari butxonalari ish olib bormoqda. Albatta, bu dinimizning bag‘rikengligidan dalolat qiladi. Bularning zamirida esa barcha millatu elatlar tinchligi va osudaligi yotadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) g‘ayridinlarga bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmatlash, haqlariga rioya qilishning oliy namunasini ko‘rsatibgina qolmay, ummatni ham hamisha ana shu yo‘ldan boriga da’vat qilishdan charchamadilar. Rasulullohdan (s.a.v.): «Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir», deb marhamat qildilar.

Alloh bizni g‘ayridinlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmaganligi «Mumtahana» surasining 8-oyatida o‘z aksini topgan:

لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ أَن تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ

ya’ni: «Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas...».

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu borada Islom ummatigagina emas, butun insoniyatga haqiqiy ibrat-namuna edilar.  Bag‘rikenglik, kechirimlilik bobida u zotga teng keladigani topilmaydi. Olamlar sarvari qasos va o‘ch olish imkoniyati bo‘laturib o‘zlariga zulm va yovuzliklar ko‘rsatganlarni kechira olgan zot edilar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislaridan birida g‘ayridin bo‘lgan qo‘shniga ham insoniylik yuzasidan yaxshi va chiroyli muomalada bo‘lishga buyurganlar. Bu o‘rinda sahobai kirom va tobeinlar hammamizga o‘rnak va namuna ko‘rsatishgan. Umar ibn Xattob (r.a.) g‘ayridinlarga xayrixohligi, mehr-muruvvati va adolatparvarligi bilan Islom dunyosidan tashqarida ham ma’lum va mashhur edi. Hazrat Umar (r.a.)ning Quddus va Ludda nasroniylari bilan imzolagan xavfsizlik shartnomasiga muvofiq shahardagi cherkovlar buzib tashlanmasligi, musulmonlar nasroniylarning ibodatxonalarini egallab olmasligi va ularda ibodat qilmasligi kafolatlangan.

Tarixdan ma’lumki, O‘zbekiston hududi qadimdan diniy bag‘rikenglik borasida dunyoga namuna bo‘lib kelgan. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan Burhoniddin Marg‘iloniy, Abu Lays Samarqandiy, Alouddin Kosoniy kabi ulamolar tomonidan ta’lif etilgan asarlarda o‘zga din vakillariga nisbatan  bag‘rikeng bo‘lish masalasiga alohida  ahamiyat qaratilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 238 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2064 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.

Afsuski, bugungi kunda biz jahonning turli nuqtalarida, ayniqsa Yaqin Sharq mamlakatlarida diniy, milliy va boshqa ijtimoiy-siyosiy omillar negizida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yuzlab odamlarning qurbon bo‘layotgani, minglab kishilarning o‘z boshpanalaridan ayrilib, tug‘ilib o‘sgan yurtlarini tashlab ketishga majbur bo‘layotgani kabi ayanchli jarayonlarning guvohi bo‘lmoqdamiz. Ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zi bir yoshlar din niqobi ostida bilib-bilmay mana shunday urush o‘choqlarida o‘zga din vakillarini turli qiynoqlar bilan azoblab, hatto ularni vahshiyonalik bilan o‘ldirmoqdalar. Zero, Payg‘ambarimiz alayhi salom o‘z hadislarida;

“Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni Meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi”. (Ahmad ibn Hanbal, «Musnad»).

Muhtaram jamoat! Buyuk  ajdodlarimizning boy madaniyat va ma’rifat buloqlaridan bahramand bo‘lgan xalqimiz nafaqat millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik balki dinu-diyonat, iymonu-e’tiqod, odobu-axloq, mehru-muruvvat, oila, farzand tarbiyasi, ota-ona hurmati va izzati borasida ham o‘ziga xos keng fe’llik, sahovat va mo‘tadillik tamoyillariga amal qilib kelmoqda. Mamlakatimiz tarixan ko‘p millatli o‘lka bo‘lganligi tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yurtimizdagi boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etib, xalqimizning ma’naviyati va qadriyatini tiklash, o‘zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo‘lishiga hissalarini qo‘shmoqdalar.

Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha dindorlarni tinchlik, totuvlik o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo‘lib, Ona-Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   13105   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari