Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2025   |   5 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:03
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2025, 5 Rajab, 1447

As'habus-suffa kimlar bo‘lgan?

04.11.2016   8684   4 min.
As'habus-suffa kimlar bo‘lgan?

As'habus-suffa lug‘atda: Tepasi soyabonli qilingan joy egalari ma’nosini anglatadi. Istilohda esa as'hobus-suffa deganda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning masjidlari yonidagi tepasi soyabonli qilingan joyda tunab qoladigan biror boshpanasi ham, mol-mulki ham bo‘lmagan faqir sahobalar tushunilgan.  

“As'habus-suffa” ba’zi rivoyatlarda “Ahli suffa” deb ham atalgan.

“As'habus-suffa” va ularning yashash tarzlari haqida juda ko‘plab rivoyatlar kelgan:

Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”da Abu Hurayra roziyallohu anhuning quyidagi qavlini rivoyat qilgan: "As'habus-suffa"dan yetmish kishini ko‘rganman. Ularning egnilarida faqatgina rido (badanning faqat tepa qismini to‘sadigan kiyim) yoki izor (badanning pastki qismini to‘sadigan kiyim) yo bo‘yinlariga o‘rab olishgan biror kiyim bo‘lardi. Ba’zilariniki boldirlarining yarimiga yetsa, ba’zilariniki to‘piqlarigacha yetardi. Avrati ko‘rinib ketishidan xavfsirab kiyimini qo‘li bilan changallab turardi”.

– Badriddin Ayniy “Umdatul Qoriy sharhu Sahihil Buxoriy” asarida shunday yozgan: “Ba’zilar “As'habus-suffa” deb nomlanish sababi haqida shunday deyishgan: Boshpanalari yo‘q g‘arib kishilar masjid eshigi yonida saf bo‘lib turishar edi. Shu sababli ular “As'habus-suffa” (saflanib turuvchilar) deb nomlangan”.

  • Imom Navaviy “Sharhu sahihi Muslim” asarida quyidagilarni yozgan: “As'habus-suffa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridan boshpana topgan faqir kishilar bo‘lib, ular masjid yonidagi tepasi soyabonli qilingan joyda tunab qolishar edi”.
  • Imom Termiziy “Sunanu Termiziy”da Abu Hurayra roziyallohu anhuning: “Ahli suffa Islom ahlining mehmonlari edilar” degan qavlini rivoyat qilgan.
  • Imom Bayhaqiy Usmon ibn Yamon roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilgan: “Madinada muhojirlar ko‘payib ketdi. Ularning turishlari uchun biror hovli joy ham, boshpana ham yo‘q edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni masjidga joylashtirdilar va “As'habus-suffa” deb atadilar. U zot ular bilan birga o‘tirar va ularga do‘stona munosabatda bo‘lar edilar”.
  • Muhammad Abdurrahmon Muborakfuriy "Tuhfatul Ahvaziy bi sharhi jomeit-Termiziy" asarida quyidagilarni yozgan: “As'habus-suffa yetmish nafar atrofidagi uy-joyi ham, mol-mulki ham, bola-chaqasi ham bo‘lmagan faqir zohid sahobalar bo‘lgan. Ularning soni goh kamayib goh ortib turgan. Ular asosan o‘zlariga sadaqa qilingan narsalar bilan kun kechirishgan”.
  • Munoviy "Fayzul Qodiyr sharhu Jomeis-sog‘ir"da quyidagilarni yozgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarga namoz o‘qib berganlarida ochlikdan namozda tik tura olmay qoladigan kishilar ham bo‘lardi. Ular "As'habus-suffa" edilar. Hattoki arablar: “Anavilar majnunlardir”, deyishardi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng ularga yuzlanib shunday degan edilar: Agar Alloh huzurida sizlarga qanday yaxshi narsalar borligini bilganlaringizda, albatta yanada faqir va ehtiyojmand bo‘lishni yaxshi ko‘rgan bo‘lar edilaringiz”.

Ha, sahobai kiromlarning hayotlari bilan yaqindan tanishgan sayin ularning ulug‘ maqomlari haqida aytilgan so‘zlarning haqiqati yanada yaqqol namoyon bo‘lib boraveradi. Hadisi sharifda sahobalarning mamaqomlari shunday bayon qilingan:

عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ « لاَ تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلاَ نَصِيفَهُ » رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sahobalarimni tahqirlamanglar, jonim uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, agar sizlardan biringiz Uhud (tog‘i) mislicha oltin sarflasa ham, ulardan birortasining “mud” (544 gramga teng o‘lchov birligi)iga ham, uning (mudning) yarmiga ham erisha olmaydi”.  Termiziy rivoyat qilgan.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga  hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.

Abdulqodir Abdur Rahim

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shari’at nomidan gapirishga shoshilmang!

24.12.2025   2604   7 min.
Shari’at nomidan gapirishga shoshilmang!

Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.

 

Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.

21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.

Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).

Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

MAQOLA