Ansoriy sahobalar orasida gapga usta va hozirjavob sahobiy bor edi. Tarix kitoblarida u kishini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xatiblari deyilgan.
U sahobiyning ismi Sobit ibn Qays ibn Shammos roziyallohu anhudir. Bu kishi Uhud, Bay’atur-rizvon va boshqa g‘azotlarda ishtirok etgan. Tirikligida jannatga kirishi bashorat berilgan ulug‘ sahobalardan edilar.
Bani Tamim elchilari kelganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga maruza qilib berishini buyurganlar.
U o‘sha kunni quyidagi so‘zlarni aytib maruza qilgan:
الحمد لله، الذي خلق السماوات والأرض، قضى فيهن أمره، ووسع علمه، ولم يك شيء قط إلا من فضله. ثم كان من قدرته أن جعلنا أئمة، واصطفى من خير خلقه رسولا، أكرمهم نسبا، وأصدقهم حديث وأفضلهم حسبا فأنزل عليه كتابه، وائتمنه على خلقه، فكان خيرة الله من العالمين. ثم كنا - نحن الأنصار - أول الخلق إجابة. فنحن أنصار الله، ووزراء رسوله
Ma’nosi: «Yeru-osmonni yaratgan va ularni orasida O‘z amrini joriy qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Uning ilmi keng (ya’ni cheki yo‘qdir). Barcha narsa Uning fazli bilangina bo‘ladi. Alloh qudrati ila bizni(musulmonlarni) yo‘lboshchi qildi. Bizlarga bandalari orasidan eng yaxshisini tanlab uni payg‘ambar qildi. U payg‘ambarning nasabi ulug‘, o‘zi rostguy va zoti pokdir. Alloh o‘z payg‘ambariga kitobni(Qur’onni) nozil qildi. Va unga (og‘ir mas’uliyatni) ishonib topshirdi. U zot sollallohu alayhi vasallam butun olamda Allohning eng yaxshi bandasidirlar. Biz ansorlar esa u kishining olib kelgan dinini birinchi tasdiqlagan insonlardanmiz. Biz Allohning ansor(ko‘makchi)lari va Rasulining vazirlarimiz».
So‘zi o‘tkir va ta’sirchan bo‘lgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni o‘zlariga xatib qilib olganlar.
Hujurot surasining quyidagi: «Ey, imon keltirganlar! Amallaringiz o‘zingiz sezmagan holingizda zoye bo‘lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg‘ambarning ovozidan yuqori ko‘tarmangiz va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag‘al so‘z) qilgandek baland ovoz qilmangiz!», degan oyati nozil bo‘lganda, Sobit ibn Qays roziyallohu anhu uylarini eshigini yopib, uylarida yig‘lab o‘tirdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘rinmay yurgach, u zot sollallohu alayhi vasallam uni uyiga odam yuborib oldilariga kelishini so‘radilar. Oldilariga kelgach, ko‘rinmay yurganining sababini so‘radilar. Sobit ibn Qays roziyallohu anhu: «Yo Rasululloh! Meni ovozim baland. Men har doim gapirganimda ovozim sizning ovozingizdan baland chiqardi, endi mening amallarim habata bo‘lib, do‘zax ahlidan bo‘lib qoldim», dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga quyidagi so‘zlarni aytdilar:
«إنك لستَ منهم، بل تعيش حميدا وتقتل شهيدا ويدخلك الله الجنة»
«Sen ulardan emassan. Sen bu dunyoda maqtalga holatda yashab, shahid holda o‘lasan va Alloh seni jannatga kiritadi».
Bu xushxabarni eshitgan Sobit ibn Qays roziyallohu anhu xursand bo‘lib ketdilar va «Bundan keyin hech qachon ovozimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ovozlaridan baland qilmayman», dedilar. Shundan keyin Hujurot surasining quyidagi oyati nozil bo‘ldi: «Allohning payg‘ambari huzurida ovozlarini past qilgan kishilar – aynan o‘shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan zotlardir. Ular uchun mag‘firat va ulkan mukofot bordir».
U kishining so‘zi tasirchanligiga asosiy sabablardan biri taqvodorligi edi. Bundan tashqari bu buyuk sahoba shariatimizda xulu’ taloqi joriy qilinishiga sababchi bo‘lganlar. Chunki u kishining Jamila degan ayollari u kishidan taloqini so‘raganda, shariatimizdagi xuluh taloqi joriy qilindi.
Bu buyuk sahoba Musaylama kazzob bilan bo‘lgan jangda shahid bo‘ldilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Shahid bo‘lasan», degan bashoratlari ro‘yobga chiqdi. Alloh bu buyuk sahobadan rozi bo‘lsin.
Nurmuhammedova Vasila
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati