frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

04.11.2016 y. Yetimlarga g‘amxo‘r bo‘laylik

01.11.2016   7729   8 min.
04.11.2016 y. Yetimlarga g‘amxo‘r bo‘laylik

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Yetim so‘zi arabcha bo‘lib “yolg‘iz, yakka” ma’nosini anglatadi. Shariatda  otasini yo‘qotgan balog‘at yoshiga yetmagan shaxslarga nisbatan aytiladi. Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vassalam marhamat qiladiki:

(" لا يُتْمَ بَعْدَ احتِلامٍ" (رواه الطبرانى

ya’ni: “Ehtilom bo‘lgandan keyin (bolag‘at yoshiga yetgan) yetim bo‘lmaydi”  deganlar.

Jamiyatda mehr-muruvvatga tashna, moddiy-ma’naviy ko‘mak va himoyaga muhtoj bo‘lganlar, ota-onasidan erta ayrilgan yetimlar ham mavjud ekani ma’lum. Dinimiz ta’limotida insoniyatni o‘zaro bir-birlariga yaxshilik qilishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga buyurilar ekan, unda xususan yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish ularni har tomonlama komil inson bo‘lib yetishishlariga ahamiyat berilgan jamiyatda birdamlik, mehr-oqibat, baraka hamda xotirjamlik hukm suradi. Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida xayru ehsonni kimlarga va qanday qilinishini aytib, ular orasida yetimlarni alohida zikr qilib o‘tgan:

(يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ   (سورة البقرة/215

ya’ni: “Sizdan (ey Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir”.

 Ma’lumki, farzandni moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash asosan otaning vazifasidir. Biroq taqdir taqozosi bilan otasi vafot etgan bo‘lsa, go‘dakning barcha ta’minotlari bilan shug‘ullanishni shariatimiz jamiyat zimmasiga yuklaydi. Yetimlarni kafolatga olish va ularga g‘amxo‘rlik qilish eng sharafli fazilat ekani haqida islom ta’limoti bizlarga ta’lim beradi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallolohu alayhi vassalamga Alloh taolo yetimlikda qanday parvarish etilgani to‘g‘risida eslatib shunday deydi:

(أَلَمْ يَجِدْكَ يَتِيمًا فَآَوَى  وَوَجَدَكَ ضَالًّا فَهَدَى  وَوَجَدَكَ عَائِلًا فَأَغْنَى  فَأَمَّا الْيَتِيمَ فَلَا تَقْهَرْ  وَأَمَّا السَّائِلَ فَلَا تَنْهَرْ  وَأَمَّا بِنِعْمَةِ رَبِّكَ فَحَدِّثْ  (سورة الضحى/6-11

ya’ni: (Ey, Muhammad! Rabbingiz) Sizni yetim holda topib, boshpana bermadimi?! Yana Sizni gumroh (g‘ofil) holda topib, (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilib qo‘ymadimi?! Sizni kambag‘al holda topib, boy qilib qo‘ymadimi?! Bas, endi Siz (ham) yetimga qahr qilmang! Soil (gado)ni esa (malol olib) jerkimang! Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!”.

Yetimni kafolatga olishning fazilati, unga beriladigan savoblarning ulug‘ligi haqida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)dan ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan u zot:

(" أَنَا وَ كَافِلُ الْيَتِيمِ فيِ الْجَنَّةِ هَكَذَا وَ أَشَارَ بِالسَّبَّابَةِ وَ الْوُسَطَى وَ فَرَّجَ بَيْنَهُمَا " (رواه البخاري

ya’ni: “Men va yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz” – deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar.”

Boshqa bir hadisda esa: “Uylarning eng yaxshisi yetim bola parvarish qilinadigan uydir”, - deganlar.

Yetimni o‘z qaramog‘iga olishga haqliroq kishi avvalo, uning eng yaqin qarindoshlaridir. Chunki, boshqalarga qaraganda qarindoshlari, yaqin kishilar yetimga nisbatan mushfiq va mehribonroq bo‘ladi.

Alloh taolo yetimlar haqqini yemaslikni va ular balog‘at yoshiga yetkandan keyin, ularni haqlarini o‘zlariga qaytarib berishga buyurib shunday marhamat qiladi:

 وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آَنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ وَلَا تَأْكُلُوهَا إِسْرَافًا وَبِدَارًا أَنْ يَكْبَرُوا وَمَنْ كَانَ غَنِيًّا فَلْيَسْتَعْفِفْ وَمَنْ كَانَ فَقِيرًا فَلْيَأْكُلْ بِالْمَعْرُوفِ فَإِذَا دَفَعْتُمْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ فَأَشْهِدُوا عَلَيْهِمْ وَكَفَى بِاللَّهِ حَسِيبًا (سورة النّساء/06)

ya’ni, “Yetimlarni, to balog‘at yoshiga yetgunlariga qadar  nazorat qilib (voyaga yetish vaqtini kuzatib) turingiz: voyaga yetganlarini sezsangiz, (qo‘lingizdagi omonat) mol-mulklarini o‘zlariga topshiringiz! Ularni isrof qilib va (ulg‘ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan yeb yubormangiz! Kim boy bo‘lsa, (yetimning mulkidan yeyishdan) saqlansin. Agar kambag‘al bo‘lsa, yaxshilikcha (me’yorida olib) yesin. Mol-mulklarini o‘zlariga qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringiz. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchi zotdir  ” . (Niso surasi, 6-oyat).

       Fatavoiy Olamgiriya kitobida: “Yetim 18 yoki 19 yoshdan o‘tkandan keyin unga otasidan  qolgan merosni hammasini berilishi shart” deyilgan.

Afsuski, hozirgi kunda qarindosh-urug‘chilik haqqini unutib yetimlarni qarovsiz qoldirib, ularni yetimxonalarga olib borib tashlayotgan insonlar ham  oz bo‘lsada uchrab turibdi. Nafaqat yetimlarni, hatto yorug‘ dunyoga keltirib voyaga yetkazgan keksa ota yoki onasini qariyalar uyiga olib borib qo‘yayotgan farzandlar ham oramizda yo‘q emas. O‘z tinchlarini o‘ylab bunday g‘ayriinsoniy ishlarga qo‘l urayotgan farzandlar unutmasinlarki, keksaygan vaqtlarida o‘zlariga ham farzandlaridan shunday javob qaytishi muqarrardir.

Keyingi paytlarda “tirik yetimlar” degan iboraning ko‘p eshitilishiga ham asoslar bor. “Tirik yetim” deganda otasi tirik bo‘laturib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir o‘zining rohatini ko‘zlab, oilasini va sag‘ir-sag‘ira farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo‘ladimi?!

Dinimiz ta’limotida oila va farzandlarining nafaqalari va tarbiyalariga umrini baxshida qilgan kishilarga juda yuqori daraja va martabalar, ajru savoblar berilajagi to‘g‘risida bashoratlar bor. Oyat va hadislarda faqat yetim-yesirlarga emas, balki barcha moddiy-ma’naviy yordamga muhtoj kimsalarga muruvvat ko‘rsatish, baqadri imkon yordam qo‘lini cho‘zishga da’vat etiladi. Hadisi qudsiyda: “Qaysi bir inson birovning og‘irini yengil qilsa, hojatini ravo qilsa, Men o‘sha insonning og‘irini oxiratda yengil qilaman, hojatini ravo qilaman”, - deb Parvardigori olam va’da qilgani bayon etilgan. Demak, dinimizda mehribonlik, saxiylik va hojatbarorlik kabi xislatlar keng targ‘ib qilingan.

Bejizga Qur’oni karimning bir necha oyatlarida, ko‘plab hadisi shariflarda ularning haqqiga rioya qilish, otasiz qolgan bolalarga rahm-shafqat ko‘rsatish qayta-qayta ta’kidlanmagan. Ularning ta’lim tarbiyasi, insoniy fazilatlari barkamol bo‘lishi yo‘lida lozim bo‘lgan barcha ishlar amalga oshirilmoqda.Ular balog‘atga yetib jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida biz ham xolisona ko‘mak berishimiz zarur. Shu bois barchalarimiz atrofimizdagi yetimlarga musulmonlarga xos mehribonlik, rahm-shafqat ko‘rsataylik, yurtimizdagi mehribonlik uylarining holidan va yetim bolalar ahvolidan hamisha xabardor bo‘laylik, ularga qo‘limizdan kelganicha yordam va shafqat ko‘rsataylik. Ma’lumki, mamlakatimizda ezgulikka muhtoj tashna qalblarga,yetim-yesirlar va nogironlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish hukumatimiz tomonidan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yetimlar uchun mehribonlik uylari faoliyat ko‘rsatib turibdi. Saxovatpesha insonlar ana shunday joylarga xayr-ehson qilib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarib, xabar olib turishlari ham ayni savob ishlardandir.

 Bizning ajdodlarimiz doimo yetimlarning boshini silagan, ota-onaning haqqini ado etgan, ularning hurmatini joyiga qo‘ygan xalq bo‘lgan. Shunday ekan biz ham o‘zaro mehr-oqibatni unutmaylik.

Bugungi kunda bu borada davlatimiz tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yetimlarga joylardagi mahalla fuqarolari yig‘inlari tomonidan har tomonlama yordam berib kelinmoqda.

Biz o‘zimiz yashayotgan mahallalarda yashayotgan yetimlarni yaxshi bilamiz. Biz ularga qo‘limizdan kelganicha xayr saxovat qilaylik. Shuningdek, “Muruvvat” uylariga moddiy yordamlarimizni ko‘rsatib Alloh taolo tomonidan beriladigan ajru-savoblarga ega bo‘laylik.

Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga va yetimlarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin! Omin.  

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   32887   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari