بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Yetim so‘zi arabcha bo‘lib “yolg‘iz, yakka” ma’nosini anglatadi. Shariatda otasini yo‘qotgan balog‘at yoshiga yetmagan shaxslarga nisbatan aytiladi. Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vassalam marhamat qiladiki:
(" لا يُتْمَ بَعْدَ احتِلامٍ" (رواه الطبرانى
ya’ni: “Ehtilom bo‘lgandan keyin (bolag‘at yoshiga yetgan) yetim bo‘lmaydi” deganlar.
Jamiyatda mehr-muruvvatga tashna, moddiy-ma’naviy ko‘mak va himoyaga muhtoj bo‘lganlar, ota-onasidan erta ayrilgan yetimlar ham mavjud ekani ma’lum. Dinimiz ta’limotida insoniyatni o‘zaro bir-birlariga yaxshilik qilishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga buyurilar ekan, unda xususan yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish ularni har tomonlama komil inson bo‘lib yetishishlariga ahamiyat berilgan jamiyatda birdamlik, mehr-oqibat, baraka hamda xotirjamlik hukm suradi. Alloh taolo Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida xayru ehsonni kimlarga va qanday qilinishini aytib, ular orasida yetimlarni alohida zikr qilib o‘tgan:
(يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ (سورة البقرة/215
ya’ni: “Sizdan (ey Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir”.
Ma’lumki, farzandni moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash asosan otaning vazifasidir. Biroq taqdir taqozosi bilan otasi vafot etgan bo‘lsa, go‘dakning barcha ta’minotlari bilan shug‘ullanishni shariatimiz jamiyat zimmasiga yuklaydi. Yetimlarni kafolatga olish va ularga g‘amxo‘rlik qilish eng sharafli fazilat ekani haqida islom ta’limoti bizlarga ta’lim beradi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallolohu alayhi vassalamga Alloh taolo yetimlikda qanday parvarish etilgani to‘g‘risida eslatib shunday deydi:
(أَلَمْ يَجِدْكَ يَتِيمًا فَآَوَى وَوَجَدَكَ ضَالًّا فَهَدَى وَوَجَدَكَ عَائِلًا فَأَغْنَى فَأَمَّا الْيَتِيمَ فَلَا تَقْهَرْ وَأَمَّا السَّائِلَ فَلَا تَنْهَرْ وَأَمَّا بِنِعْمَةِ رَبِّكَ فَحَدِّثْ (سورة الضحى/6-11
ya’ni: “(Ey, Muhammad! Rabbingiz) Sizni yetim holda topib, boshpana bermadimi?! Yana Sizni gumroh (g‘ofil) holda topib, (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilib qo‘ymadimi?! Sizni kambag‘al holda topib, boy qilib qo‘ymadimi?! Bas, endi Siz (ham) yetimga qahr qilmang! Soil (gado)ni esa (malol olib) jerkimang! Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!”.
Yetimni kafolatga olishning fazilati, unga beriladigan savoblarning ulug‘ligi haqida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)dan ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan u zot:
(" أَنَا وَ كَافِلُ الْيَتِيمِ فيِ الْجَنَّةِ هَكَذَا وَ أَشَارَ بِالسَّبَّابَةِ وَ الْوُسَطَى وَ فَرَّجَ بَيْنَهُمَا " (رواه البخاري
ya’ni: “Men va yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz” – deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar.”
Boshqa bir hadisda esa: “Uylarning eng yaxshisi yetim bola parvarish qilinadigan uydir”, - deganlar.
Yetimni o‘z qaramog‘iga olishga haqliroq kishi avvalo, uning eng yaqin qarindoshlaridir. Chunki, boshqalarga qaraganda qarindoshlari, yaqin kishilar yetimga nisbatan mushfiq va mehribonroq bo‘ladi.
Alloh taolo yetimlar haqqini yemaslikni va ular balog‘at yoshiga yetkandan keyin, ularni haqlarini o‘zlariga qaytarib berishga buyurib shunday marhamat qiladi:
وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آَنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ وَلَا تَأْكُلُوهَا إِسْرَافًا وَبِدَارًا أَنْ يَكْبَرُوا وَمَنْ كَانَ غَنِيًّا فَلْيَسْتَعْفِفْ وَمَنْ كَانَ فَقِيرًا فَلْيَأْكُلْ بِالْمَعْرُوفِ فَإِذَا دَفَعْتُمْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ فَأَشْهِدُوا عَلَيْهِمْ وَكَفَى بِاللَّهِ حَسِيبًا (سورة النّساء/06)
ya’ni, “Yetimlarni, to balog‘at yoshiga yetgunlariga qadar nazorat qilib (voyaga yetish vaqtini kuzatib) turingiz: voyaga yetganlarini sezsangiz, (qo‘lingizdagi omonat) mol-mulklarini o‘zlariga topshiringiz! Ularni isrof qilib va (ulg‘ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan yeb yubormangiz! Kim boy bo‘lsa, (yetimning mulkidan yeyishdan) saqlansin. Agar kambag‘al bo‘lsa, yaxshilikcha (me’yorida olib) yesin. Mol-mulklarini o‘zlariga qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringiz. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchi zotdir ” . (Niso surasi, 6-oyat).
Fatavoiy Olamgiriya kitobida: “Yetim 18 yoki 19 yoshdan o‘tkandan keyin unga otasidan qolgan merosni hammasini berilishi shart” deyilgan.
Afsuski, hozirgi kunda qarindosh-urug‘chilik haqqini unutib yetimlarni qarovsiz qoldirib, ularni yetimxonalarga olib borib tashlayotgan insonlar ham oz bo‘lsada uchrab turibdi. Nafaqat yetimlarni, hatto yorug‘ dunyoga keltirib voyaga yetkazgan keksa ota yoki onasini qariyalar uyiga olib borib qo‘yayotgan farzandlar ham oramizda yo‘q emas. O‘z tinchlarini o‘ylab bunday g‘ayriinsoniy ishlarga qo‘l urayotgan farzandlar unutmasinlarki, keksaygan vaqtlarida o‘zlariga ham farzandlaridan shunday javob qaytishi muqarrardir.
Keyingi paytlarda “tirik yetimlar” degan iboraning ko‘p eshitilishiga ham asoslar bor. “Tirik yetim” deganda otasi tirik bo‘laturib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir o‘zining rohatini ko‘zlab, oilasini va sag‘ir-sag‘ira farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo‘ladimi?!
Dinimiz ta’limotida oila va farzandlarining nafaqalari va tarbiyalariga umrini baxshida qilgan kishilarga juda yuqori daraja va martabalar, ajru savoblar berilajagi to‘g‘risida bashoratlar bor. Oyat va hadislarda faqat yetim-yesirlarga emas, balki barcha moddiy-ma’naviy yordamga muhtoj kimsalarga muruvvat ko‘rsatish, baqadri imkon yordam qo‘lini cho‘zishga da’vat etiladi. Hadisi qudsiyda: “Qaysi bir inson birovning og‘irini yengil qilsa, hojatini ravo qilsa, Men o‘sha insonning og‘irini oxiratda yengil qilaman, hojatini ravo qilaman”, - deb Parvardigori olam va’da qilgani bayon etilgan. Demak, dinimizda mehribonlik, saxiylik va hojatbarorlik kabi xislatlar keng targ‘ib qilingan.
Bejizga Qur’oni karimning bir necha oyatlarida, ko‘plab hadisi shariflarda ularning haqqiga rioya qilish, otasiz qolgan bolalarga rahm-shafqat ko‘rsatish qayta-qayta ta’kidlanmagan. Ularning ta’lim tarbiyasi, insoniy fazilatlari barkamol bo‘lishi yo‘lida lozim bo‘lgan barcha ishlar amalga oshirilmoqda.Ular balog‘atga yetib jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlarida biz ham xolisona ko‘mak berishimiz zarur. Shu bois barchalarimiz atrofimizdagi yetimlarga musulmonlarga xos mehribonlik, rahm-shafqat ko‘rsataylik, yurtimizdagi mehribonlik uylarining holidan va yetim bolalar ahvolidan hamisha xabardor bo‘laylik, ularga qo‘limizdan kelganicha yordam va shafqat ko‘rsataylik. Ma’lumki, mamlakatimizda ezgulikka muhtoj tashna qalblarga,yetim-yesirlar va nogironlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish hukumatimiz tomonidan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yetimlar uchun mehribonlik uylari faoliyat ko‘rsatib turibdi. Saxovatpesha insonlar ana shunday joylarga xayr-ehson qilib, ularning ko‘ngillarini ko‘tarib, xabar olib turishlari ham ayni savob ishlardandir.
Bizning ajdodlarimiz doimo yetimlarning boshini silagan, ota-onaning haqqini ado etgan, ularning hurmatini joyiga qo‘ygan xalq bo‘lgan. Shunday ekan biz ham o‘zaro mehr-oqibatni unutmaylik.
Bugungi kunda bu borada davlatimiz tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yetimlarga joylardagi mahalla fuqarolari yig‘inlari tomonidan har tomonlama yordam berib kelinmoqda.
Biz o‘zimiz yashayotgan mahallalarda yashayotgan yetimlarni yaxshi bilamiz. Biz ularga qo‘limizdan kelganicha xayr saxovat qilaylik. Shuningdek, “Muruvvat” uylariga moddiy yordamlarimizni ko‘rsatib Alloh taolo tomonidan beriladigan ajru-savoblarga ega bo‘laylik.
Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga va yetimlarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin! Omin.
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi