Bir odam qattiq betob bo‘lib, kasalxonaga tushibdi. Shifokorlarning berayotgan dorilari foyda berishini so‘rab ertayu kech Allohga yolvorib duo qilibdi. Shu kasal bir kuni kechasi tush ko‘ribdi. Tushida o‘zi va hamxonalari bir quduq ichidagi suvga cho‘kayotgan emishlar. Yordamga chaqirsalar ham, hech kim kelmas emish. Bir payt yuqoridan bir ingichka arqon tusha boshlabdi. Hamma unga qarab talpinibdi. Lekin arqon qimirlab hech kimning qo‘liga ilinmay, haligi odamning qo‘liga tushibdi. Ko‘rinishidan o‘rgimchak ipidek ingichka arqon odam ko‘taradigan darajada pishiq ekan. Haligi odam jon holatda arqonga osilib yuqoriga tirmasha boshlabdi, lekin arqonni uzilib ketishidan xavotirga tushibdi. Shu payt xuddi uning xayolidagiga javoban yuqoridan ovoz kelibdi: “Qo‘rqma, ip uzilmaydi”. “Sen kimsan?” so‘rabdi haligi odam. “Men sen bir paytlar suvdan chiqarib olgan o‘rgimchakman. O‘sha yaxshiliging uchun bugun senga yaxshilik qilmoqdaman”, debdi. Haligi odam bunday ishlarni har doim qilib yurgani uchun bu o‘rgimchakni qachon, qayerda qutqarganini eslay olmabdi. Shu payt arqon qattiq silkina boshlabdi. Odam pastga qarasa, qolganlar ham arqonga osilib yuqoriga tirmashib chiqishayotgan ekan. Buni ko‘rib: “Arqon ingichka bo‘lsa, hammamizni ko‘tara olmay, uzilib ketishi mumkin. Nega ular mening arqonimga osilishadi?! Axir o‘rgimchak uni men uchun tashladi-ku”, deb o‘ylabdi. Shu narsani o‘ylagan zahoti arqon yuqoridan “chirt” etib uzilib, hammalari pastga qulab tushibdi.
Haligi odam o‘z ovozidan uyg‘onib ketibdi. Yarim tun, sheriklari uxlab yotishibdi. Ko‘rgan tushini eslabdi va u haqda o‘ylay boshlabdi. Umri davomida jonivor va hashoratlarga yaxshilik qilib kelgan odam palatadoshlarini o‘ylamay, faqat o‘zi uchun Allohdan shifo so‘rayotganini eslab, o‘zidan uyalibdi. Shu tun tongga qadar ko‘z yummay, Allohga: “Ey karami keng Parvardigorim, barcha dard bergan bandalaringga, kasalxonadagi bemorlarga va mening dardimga shifo berib, shu yerdan sog‘-salomat chiqib ketishimizni nasib et”, deb yolvoribdi.
Ertalab shifokor odatdagidek kasallarni ko‘zdan kechirayotib, unga: “Sizning topshirgan analizlaringizning javobi yaxshi chiqdi. Uch-to‘rt kundan so‘ng uyga javob beramiz”, debdi.
Bu hikoyadan xulosa shuki, odam o‘zi uchun nimaiki yaxshiliklarni orzu qilsa, atrofdagilarga ham shu narsalarni nasib etishini xohlamog‘i lozim.
Akbarshoh Rasulov tayyorladi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati