Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Ziraning foydalari

31.10.2016   53764   8 min.
Ziraning foydalari

ZIRA (Bunium persicum) — ziradoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik xushbo‘y ziravor o‘simlik. Bo‘yi 40—60 sm. Poyasining yarmidan yuqorisi shoxlangan. Ildizi tugunakli. Tupbarglari uzun bandli, poyadagilari bandsiz. Bargi ipsimon bo‘laklarga bo‘lingan. Gullari oq, mayda, har bir soyabonchada 20—30 tadan. Iyunda gullaydi, urug‘i iyulda pishadi. Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo adirlarida, tog‘ yon bag‘irlarida ko‘p o‘sadi. Urug‘i mayda, cho‘ziq, qoramtir-jigarrang, sirti taram-taram, juda xushbo‘y. Tarkibida 2,75-3,0% efir moyi bor. O‘rta Osiyo xalqlari go‘sht tuzlashda, qazi va boshqa ovqatlar tayyorlashda qadimdan keng foydalanib keladi. Xalq tabobatida me’da kasalliklarini davolashda va siydik haydovchi dori sifatida ishlatiladi. («O‘zME»dan).

Xalq tabobatida ziraning foydalari haqida buyuk bobokalonimiz Ibn Sino shunday degan: “...Unda qizdiruvchi kuch bo‘lib, yellarni haydaydi va tarqatadi. Suv bilan aralashtirilganini ichilsa, nafas olish qiyinlashganda yordam beradi. Jolinusning aytishicha, “tikka nafas olishga”, hamda sovuqdan bo‘lgan xafaqonga foyda qiladi." (Ibn Sino, Tib qonunlari, 2-jild, 1956 y. 325-326 betlar)

    Shuningdek, ziraning oshqozon gastriti, sariq kasal, ishtahani ochishda, uyqusizlikda, kishilar quvvatini oshirishda juda ham katta foydasi bor.

    Zira — ishtahani yaxshilash uchun hamda oshqozondagi sanchiq, o‘t pufagi va jigardagi og‘riqlar, shuningdek, yo‘talga qarshi foydali tabiiy vositadir.

    Tarkibidagi shifobaxsh ta’sir etadigan moddalar: zira tarkibi  3—7 % efir moyidan, 12—22 yog‘li moydan, shuningdek,  kversetin va kempferol deb nomlanuvchi flavonoidlar, kumarinlar, umbelliferon, skopoletin va boshqa moddalardan iborat. Bundan tashqari unda oqsil 10—23 % va xushbo‘y moddalar ham borligi aniqlangan.

Ziraning foydali xususiyatlari va ishlatilishi

Zira — mavjud bo‘lgan barcha davolash vositalaridan eng yaxshi  karminativ (meteorizmga – qorin dam bo‘lishiga qarshi) foyda beruvchi tabiiy o‘simlik moddasidir. Shu sababdan ham u tabobatda ta’sirchan tabiiy davolash vositasi sifatida mustahkam o‘rin olgan. Zirani ko‘plab dori-darmonlar tarkibida uchratish mumkin, lekin uni ko‘pincha hech qanday boshqa narsa qo‘shmasdan choy sifatida damlab ichish tavsiya etiladi. 

    Hozirgi zamon shifokorlari ham  zira haqida  ijobiy baho berib, haddan tashqari to‘lalikda, meteorizm (qorin dam bo‘lishi)da, oshqozon-ichak yo‘llaridagi yengil xastaliklarda, yurak kasalliklarida va emizikli bolalarda ovqat hazm qilish jarayoni buzilganida zirani muayyan tarzda iste’mol qilish nihoyatda foydali ekanini ta’kidlashadi.

Zirali retseptlar, zirali shifobaxsh damlanma  

  • Zirali choy damlash retsepti: to‘la 1 choy qoshiq yanchilgan zira ustidan 1/4 l litr qaynab turgan suv quyiladi va 10 minutdan so‘ng dokadan o‘tkazib olinadi. Ziradan damlangan bunday choyni iliq holatda oz-oz xo‘plab ichish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu choy oshqozon hazm yo‘llarining dam bo‘lishi va ichaklar siqilib qolishini bartaraf etadi.   
  • Shifobaxsh damlama retsepti: 1-5 g yanchilgan zira ustidan 100 ml qaynab turgan suv quyiladi, 10-15 minut tindiriladi. Tayyorlangan damlamani 2-3 ga bo‘lib ovqatlanishdan oldin ichiladi.

Xalq tabobatida zira

    Xalq tabobatida oshqozon xastaliklarini davolashda hamda ishtahani ochishda, sanchiqlarni bartaraf etishda, o‘t pufagi va jigar kasalliklarida, shuningdek, yo‘talni davolashda foydali tabiiy vosita sifatida zira juda ham qadrlanadi. Yuqorida qayd etilganidek, undan choy damlab ichiladi, zirani o‘zini chaynaladi yoki pichoqni uchiga ilingancha yanchilgan zirani iste’mol qilinadi.   

Turli xastaliklardan forig‘ bo‘lish uchun  zira iste’mol qilish

     Uy sharoitida turli xastaliklardan forig‘ bo‘lish uchun  zira iste’mol qilish (bunday muolajani boshlashdan oldin  davolovchi shifokor bilan maslahatlashib olishni unutmang)

  1. Allergiya. 50 g zirani kofemolkada yanchiladi, ustidan 0,5 l oqlanmagan qaynoq o‘simlik yog‘i quyiladi,  10 minut qasqonda qaynatmasdan bug‘lanadi. Shisha idishga solib, 1 hafta davomida issiq joyda – oftobda yoki batareyada tindiriladi. Bunday yog‘ organizmda teri immunitetini tiklaydi.  Katta yoshlilarga burun kataklariga 20 tomchidan, bolalarga 5 tomchidan tomiziladi. 1 kurs davolanish – 3-6 oy. Davolanish oxirida tomiziladigan yog‘ni 1 tomchidan kamaytirib boriladi.  Yog‘ni  — maska, kompres, massaj uchun surtib ishlatish ham mumkin.
  2. Oshqozondagi og‘riqda. Zirani xuddi choy damlagandek damlab choy o‘rniga ichiladi.
  3. Bezlardagi yetishmovchilikka oid gastritda. 15 g zira ustidan 200 ml qaynab turgan suv quyib, 30-40 minut tindiriladi, dokadan o‘tkaziladi. Ovqatlanishdan oldin 1 osh qoshig‘idan kuniga 3-4 mahal ichiladi.
  4. Oshqozonosti bezi kasalliklarida. 1 osh qoshiq zira ustidan qaynab turgan 1 stakan suv quyiladi, 2 soat davomida tindiriladi, dokadan o‘tkaziladi. Kuniga 3 mahal ovqatlanishdan oldin 70 g dan ichiladi.
  5. Qabziyatda. 2 osh qoshig‘i miqdoridagi zira ustidan 1 stakan qaynab turgan suv quyiladi, qasqonga o‘xshash idishda 15 minut qaynayotgan suvda bug‘lanadi, 45 minut tindiriladi. Damlama ovqatdan so‘ng yarim stakandan kuniga 2 mahal ichiladi.
  6. Yo‘talda. 1 osh qoshig‘ida yanchilgan zira ustidan 1 stakan qaynab turgan suvni quyiladi, ustini yopiladi, o‘raladi va sovugunicha tindiriladi. So‘ng dokadan o‘tkaziladi. Sutkasigacha 6 martagacha 2-3 osh qoshig‘idan ichiladi. Yosh bolalarga asal yoki shakar qo‘shib, 1 choy qoshig‘idan sutkasiga 3-4 mahal ichiriladi.
  7. Meteorizm. Choy qoshig‘idan ham kichik desert qoshig‘ida kuniga 1-2 marta zirani quruq o‘zidan iste’mol qilinadi.
  8. Meteorizm. 1 osh qoshiq zira ustidan 1 stakan qaynoq suv quyiladi, o‘rab qo‘yiladi, 1 soat davomida tindiriladi. Kuniga 3 mahal ovqatlanishdan oldin 2 osh qoshig‘idan ichiladi.
  9. Shamollashda. 3 choy qoshig‘idagi zira ustidan 1 stakan suv quyib 15 minut davomida qaynatiladi, 40 minut tindiriladi, dokadan o‘tkaziladi. Tayyorlangan damlamani kun davomida oz-ozdan ichiladi.
  10. Emizikli onalarda kamayib ketgan ko‘krak sutini ko‘paytirish uchun. 1 osh qoshiq maydalangan zira ustidan 0,5 litr qaynoq suv quyiladi, usti yopiq idishda 5 minut qaynatiladi, so‘ng dokadan o‘tkaziladi. Qaynatma kun davomida ovqatlanishdan  15 minut oldin 3 ga bo‘lib ichiladi.
  11. Surunkali gastritda oshqozon shirasi yuqori miqdorda bo‘lganida. 15 g zira ustidan 200 ml qaynoq suv quyiladi, 30-40 minut idish qopqog‘ini yopib dam beriladi, dokadan o‘tkazib olinadi. Damlamani 1 osh qoshig‘idan kuniga 3-4 mahal ovqatlanishdan oldin ichiladi.
  12. Erkaklarda prostata bezi adenomasi. Bu kasalligi bo‘lgan kishilar zirali choy damlab muntazam ichishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi — 1 osh qoshig‘idagi zira ustiga  1,5 stakan qaynoq suv quyib, 5-7 minut qaynatiladi, 10 minut idishning og‘zini yopib, o‘rab, tindiriladi, dokadan o‘tkazib, kun davomida ichiladi.

Emizikli va yosh bolalarda ko‘pincha qorin dam bo‘lib bezovta qiladi, zira tinchlantiruvchi va yel haydovchi vosita bo‘lgani sababli, bunday holatda bolalarga shifokor belgilagan tartibda beriladi. Xalq tabobati mutaxassislari e’tirof etishicha, o‘smir qizlarda og‘riqli hayz jarayonida zirali choydan foydaliroq boshqa vosita yo‘q.  Tish va bosh og‘rig‘ida plitada ehtiyotkorona biroz qizdirilgan xaltachadagi zirani og‘riyotgan joyga bosib og‘riqni qoldirish xalqimiz orasida keng tarqalgan tabiiy vositadir.

Zararli ta’siri. Zira zararsiz mahsulotdir. Lekin boshqa har qanday efir moyi bor shifobaxsh vosita kabi uni suiste’mol qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak.

Zirani iste’mol qilib bo‘lmaydigan holatlar. Oshqozon yarasi, yurak ishemik kasalligi, tromboflebit, gastrit, infarkt, tromboz, qandli diabetda zirani alohida o‘zini iste’mol qilish mumkin emas.

 
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi                                        

 

Tabobat
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   19077   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari