Bir o‘rmonga o‘t ketib yong‘in bo‘libdi. Jonivorlarning bir qismi kuchlari yetgan narsa bilan suv tashib, o‘tni o‘chirmoqchi bo‘lishibdi. Ikkinchi qismi esa bundan hech narsa chiqmaydi deb, chetroqqa chiqib tomosha qilib turibdi. Bir chumoli o‘tni o‘chirish uchun hovuchida suv olib ketayotgan ekan. Buni ko‘rgan qarg‘a uning ustidan kulib debdi: “Mana shu suving bilan olovni o‘chiraman, deb o‘ylayapsanmi?” Chumoli unga javob beribdi: “Bilaman, bu suv bilan o‘tni o‘chirib bo‘lmaydi. Lekin men bu harakatim bilan kim tomonda turganimni bilaman”.
Ey farzand, bilginki, to‘qilgan matoda har bir ipning o‘z o‘rni bor. Matoning qaysi yeridan ip chirigan bo‘lsa, mato shu yerdan boshlab yirtiladi. Hayot zanjirida ham xuddi shunday: har bir odamning o‘z o‘rni va vazifasi bor. Muhimi – zanjirning uzilishiga sen sababchi bo‘lib qolmasligingdir.
Akbarshoh RASULOV tayyorladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati