Bir o‘rmonga o‘t ketib yong‘in bo‘libdi. Jonivorlarning bir qismi kuchlari yetgan narsa bilan suv tashib, o‘tni o‘chirmoqchi bo‘lishibdi. Ikkinchi qismi esa bundan hech narsa chiqmaydi deb, chetroqqa chiqib tomosha qilib turibdi. Bir chumoli o‘tni o‘chirish uchun hovuchida suv olib ketayotgan ekan. Buni ko‘rgan qarg‘a uning ustidan kulib debdi: “Mana shu suving bilan olovni o‘chiraman, deb o‘ylayapsanmi?” Chumoli unga javob beribdi: “Bilaman, bu suv bilan o‘tni o‘chirib bo‘lmaydi. Lekin men bu harakatim bilan kim tomonda turganimni bilaman”.
Ey farzand, bilginki, to‘qilgan matoda har bir ipning o‘z o‘rni bor. Matoning qaysi yeridan ip chirigan bo‘lsa, mato shu yerdan boshlab yirtiladi. Hayot zanjirida ham xuddi shunday: har bir odamning o‘z o‘rni va vazifasi bor. Muhimi – zanjirning uzilishiga sen sababchi bo‘lib qolmasligingdir.
Akbarshoh RASULOV tayyorladi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Tailandning Shahzoda Songkxla universitetida bo‘lib o‘tayotgan 15-Butunjahon halol mahsulotlar ko‘rgazmasi va “World HAPEX 2026” xalqaro anjumanida ishtirok etmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Tadbirda Tailand, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Malayziya, Pokiston, Bangladesh va Xitoyning davlat idoralari, biznes, ilmiy doiralar hamda sanoat vakillari qatnashmoqda.
Panel muhokamasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultonov mamlakatimiz 2019 yildan buyon Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) a’zosi ekanini qayd etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida islom dunyosi davlatlari bilan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlantirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Bosh konsulxona tomonidan mamlakatimizning turistik salohiyati, boy milliy madaniyati va an’analariga bag‘ishlangan milliy pavilon tashkil etildi. Unda Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Imom Buxoriy kabi buyuk allomalar merosi, shuningdek, Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi kitoblar va videomateriallar namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma 30 iyuldan 2 avgustga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati