Sayt test holatida ishlamoqda!
14 May, 2025   |   16 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:37
Xufton
21:05
Bismillah
14 May, 2025, 16 Zulqa`da, 1446

Payg‘ambarimiz alayhissalom qurilish ishlariga va bozor ishlariga qanday e’tibor qilganlar?

25.10.2016   9036   12 min.
Payg‘ambarimiz alayhissalom qurilish ishlariga va bozor ishlariga qanday e’tibor qilganlar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uy-joylar qurilishini tartibga keltirish va loyihalashtirish ishlarida ham Alloh taoloning haqi, yo‘lovchilar, qo‘shnilar va masjidning haqiga rioya etgan holda ish tutganlar va bunday ishlarni tartibga keltirishda ham yetarli ilmga ega bo‘lganlar. Shuningdek, u zot biron ajratilgan joyning qurilish qilishga yaroqli yoki yaroqli emasligi masalasiga ham yetarli darajada ahamiyat berganlar. Misol uchun, Madinadagi hovlilar, hammomu bozorlar va boshqa qurilish joylarini olaylik, ularning aksari nabaviy loyiha asosida barpo etilgan. Ba’zan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishlarni amalga oshirishda o‘zlari bevosita qatnashardilar.

Ibn Sa’d “Tabaqot” nomli kitobida shunday rivoyat qiladi: “Payg‘ambar alayhissalom Madinada uy-joylar va hovlilarni taqsimlab berayotganlarida Usmon ibn Affon roziyallohu anhuga uyining loyihasini chizib berganlar”.

U zot bir kuni ochiq joyga chiqib: “Mana bu joy hammom uchun qanday ham yaxshidir”, deb ko‘rsatdilar. Shundan keyin o‘sha joyda hammom barpo etildi. Mana shuning o‘zi ham Payg‘ambarimizning muhandislik, qurilish hamda o‘sha joyning shamol yo‘nalishi haqida kerakli ilmga ega bo‘lganlarini bildiradi.

Abu Dovudning “Sunan” kitobida rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kishini lashkargohga yuborib: “Kim makonini toraytirsa yoki yo‘lni to‘ssa, u uchun jihod yo‘qdir”, deb ko‘pchilikka eshittirishni tayinladilar. Bunday deyishga sabab shuki, o‘sha vaqtda ba’zi sahobalar makonlarni toraytirib, yo‘llarni to‘sayotgan edilar. Shuning o‘zidan ham ul zotning hatto safarda ham chodirlarni o‘rnatishda tartib-intizomga rioya etishga e’tibor berishlarini bilib olamiz.

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imorat qurish va inshootlarni ko‘tarishda muayyan qoidaga asoslanishga buyurganlar. Shuning uchun ul zotdan qo‘shnining haqi to‘g‘risida so‘ralganda: “Imoratingni uning imoratidan yuqori ko‘tarib yubormaginki, shamol yo‘lini to‘sib qo‘yasan, qozoning (da pishiriladigan va qovuriladigan ovqatlarning) hidi bilan ham ozor berma. Mabodo ozor beradigan bo‘lsang, unga ham ovqatdan chiqar”. Boshqa bir rivoyatda “... qo‘shniga keladigan shamolni faqat o‘zi ruxsat bersa, to‘sib qo‘ysa bo‘ladi”, deb aytganlar. Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bozor joyini tanlash masalasida ham o‘ziga xos ko‘rsatma berib, ko‘rish uchun o‘zlari ham borardilar. Bozor joyini ko‘rgan zahoti uni ma’qullab, yayov yurib borib: “Bu bozorlaringiz naqadar yaxshi ekan, undan biror narsa kamaytirilmasin”, deganlar. Bundan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eski bozor haqida: “Bu joy sizlar uchun bozorga yaramaydi”, deb aytgandilar. So‘ngra boshqa bir bozor joyiga borib, ba’zi tavsiyalar berdilar va shu joyda bozor qurishga undadilar.

Bozor ishlariga e’tiborlari shu darajada ediki, ul zot bozorchilarning holatlarini kuzatar, bozorda nimalar bo‘layotganini so‘rab-surishtirar hamda o‘zlari ham savdo-sotiq ishlarida halol bo‘lishni maqtardilar. Uzoqdan kelayotgan otliq va yo‘lovchilardan hali bozorga kirmaslaridan oziq-ovqat mahsulotlari sotib olayotgan bozor ahlini ko‘rsalar, bu ishlari to‘g‘ri emasligini tushuntiradigan kishini yuborardilar. Gohida esa, shu tariqa savdo qiluvchilarni bu ishdan bevosita o‘zlari qaytarardilar. Imom Buxoriyning “Sahih”ida Ibn Umardan shunday rivoyat qilinadi: “Ular (bozorchilar) Rasuli Akram zamonlarida oziq-ovqat mahsulotlarini otliqlardan sotib olardilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savdogarlarni otliqlar toki bozorda sotadigan joyiga yetib borgunlaricha, ular bilan savdo-sotiq qilishlaridan qaytarish uchun bir sahobiyni yubordilar”.

Ba’zan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bozorda bo‘layotgan ishlarni aynan o‘zlari kuzatganlari haqida hadisda shunday deyiladi: Ul zot bir bug‘doy sotuvchining oldidan o‘tib, qo‘llarini qop ichiga tiqsalar, unga ho‘llik tegadi. Shunda: “Ey, bug‘doy egasi, bu nimasi?” deb so‘raydilar. Shunda u kishi: “Yo Rasululloh unga yomg‘ir tekkan edi”, deydi. Rasululloh: “Sen o‘sha joyini odamlar ko‘rishi uchun teppasiga chiqarib qo‘ymaysanmi?” deb tanbeh berdilar va izidan: “Kim aldasa, bizlardan emas”, dedilar. Imom Termiziy bu hadisni hasan, sahih degan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fathdan so‘ng Sa’id ibn Sa’id ibn Osni Makka bozoriga, Umar roziyallohu anhuni esa Madina bozoriga mas’ul qilib tayinlashlari ham bejiz emas. Bu esa u zotning bozor ishlariga e’tibor berib, tarozibonni halol o‘lchab-tortishi, adolatli va muruvvatli bo‘lishiga jiddiy qaraganlarini anglatadi. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Bozor ahlining o‘lchab-tortib beradigan taroziboni bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Og‘irligini o‘lcha va pallasini og‘ir qil”, deb tayinlaganlar” (Imom Ahmad rivoyati). “Pallasini og‘ir qil” degan so‘zlari xurmoni o‘lchaganda, xurmo pallasini og‘irroq qil, deganidir.

Shuningdek, u zot bozorlarni mol bilan to‘ldirish, taqchillik bo‘lmasligi va qut-baraka bo‘lishiga ahamiyat berardilar. Albatta, bunday e’tibor bozorlarda molni oson qo‘lga kiritishga sabab bo‘lardi va narxning sun’iy oshib ketishining oldini olardi. Shuning uchun ham Rasululloh: “Jalb qiluvchi rizqlanuvchidir. Ihtikor qiluvchi[1] la’natlangandir”, deganlar (Ibn Moja rivoyati). U zot oldi-sotdi, tijorat va biror kasb-kor boshini tutmoqchi bo‘lgan kishini bozorlarga chiqishga undar va savdoga yolg‘on va aldamchilik aralashishidan qaytarganlar. Ayrim kasb egalarida shunday firibgarlar paydo bo‘lib qolsa: “Insonlarning yolg‘onchisi bo‘yoqchilar va zargarlardir”, deb ogohlantirganlar (Ibn Moja rivoyat qilib: “Fath nomli kitobda: “Bu hadis isnodi muztaribdir”, deb aytgan. Imom Ahmad va boshqalar ham rivoyat qilgan). (Izoh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayni shu kasb egalarini ta’kidlab aytishlari – o‘sha davrda bo‘yoqchilar va zargarlarda yolg‘on gapirishlari va aldashlari ko‘p bora kuzatilganidan bo‘lsa kerak. Vallohu a’lam).

Darhaqiqat, o‘z huzurlariga faqirlik va muhtojlikdan shikoyat qilib kelgan kishini Payg‘ambarimiz o‘tin terishiga qiziqtirib, unga: “Mana shu vodiyga borgin-da, o‘tinni ham, tikonni ham qoldirmay tergin. O‘n kundan keyin huzurimga kelasan”, deb jo‘natganlar.

Sa’d ibn O’iz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga: “Nochor holga tushib qoldik”, deb shikoyat qilib keldi. Shunda unga tijorat qilishni buyurdilar. Sa’d ibn O’iz bozorga chiqib ozgina akatsiya (tikanakli o‘simlik. Burchoqdoshlar oilasiga mansub xushbo‘y gulli daraxt yoki buta) po‘stlog‘ini sotib oldi. Keyin uni sotib foyda ko‘rdi. Bu holatni Rasulullohga aytib berganida, bu ishini tark etmaslikni buyuradilar. Shunday qilib sahobiy bu tijoratini keyin ham tashlamadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yosh yigitlarni savdo-sotiq qilayotganlarini ko‘rib qolsalar, Alloh taolodan baraka tilab, haqlariga duo qilardilar va rag‘batlantirardilar.

Bir kuni yosh bo‘la turib, tijorat qilayotgan Abdulloh ibn Ja’farning oldidan o‘tganlarida: “Ey Allohim, uning savdosiga baraka ber!” deb haqiga duo qildilar. Omiriy keltirgan rivoyatda Abdulloh ibn Ja’far: “Biz yosh yigit edik, bozorda ishlardik”, degan. Yana bozorga qay darajada ahamiyat berganlariga misol shuki, ul zot oldi-sotdi bilan shug‘ullanadiganlarni tujjorlar (tijoratchilar), deb ataganlar. Holbuki, ilgari ularni samosirlar (dallolchilar) deb atashgan. Ibn Moja Qoss ibn Abu Izoradan rivoyat qiladi: “Bizlarni Rasululloh zamonlarida samosirlar deyishardi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizdan o‘tayotib bizlarni o‘zimizga yoqadigan yaxshiroq nom ila: “Ey, tujjorlar jamoasi!” deb atadilar.

O‘sha paytda arablarning urfida tijoratchi deb atash simsor deb nomlashdan sharafliroq sanalardi. Sharafli jihati shundaki, samosirlar deb soliq yig‘uvchilarni aytilgan va shu bilan birga bu nom Payg‘ambarimiz zamonlarida salbiy jihati bor kishilarga nisbatan ham qo‘llangan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tikuvchilikni ham bilishlari kasb-kor sohasida yetarli bilimga ega ekanlarini tasdiqlaydi. Oisha roziyallohu anho aytadi: “Rasululloh uy ishlariga qarashib, tikish bilan ham mashg‘ul bo‘lardilar”.

Ul zotning ko‘p ishlardan xabardorligi burni kesilgan kishiga tillodan burun yasab olishga buyurganlarida ham namoyon bo‘ladi. Bu haqda Abu Dovud “Sunan”ida rivoyat qiladi: “Kilob nomli jangda Arfaja ibn Sa’dning burni kesilib ketadi. Keyin u kishi kumushdan burun yasab oladi. Vaqt o‘tib burnidan badbo‘y hid kela boshlaydi. Buni bilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tillodan burun yasab olishini buyuradilar”. Imom Termiziy “Sunan”ida aytadi: “Ko‘p ahli ilmlardan rivoyat qilinganki, sahobalar tishlarini tillo mustahkamlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bu narsaga: “Tillo badbo‘y hid chiqarmaydi”, deb ishora qilganlar.      

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadagi daraxt va o‘t-o‘lanlarni kesishni harom deb e’lon qilganlarida, Abbos roziyallohu anhu: “Zargarlarimiz ishlatadigan, tomlarimiz shiftini yopadigan izxir bunga kirmaydimi?” deb so‘raganida, Rasululloh: “Izxir bunga kirmaydi”, deb ruxsat berdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron kishining o‘z hunariga zavq bilan kirishib, uni go‘zal va puxta bajarayotganini ko‘rib qolsalar, o‘sha ishni bu hunar egasiga topshirardilar hamda o‘sha hunarida barchaga tanilguniga qadar quvvatlab turardilar. Kunlarning birida Rasululloh Qays ibn Tolq al-Hanafiyni sahobalar bilan masjid qurilishida qatnashib, obdon va sidqidildan loy qorayotganini ko‘rib qoladilar. Keyin loy qorish ishini Qaysga topshiradilar-da: “Loyni uning yaqiniga qo‘yinglar, chunki u bu ishni boshqalardan yaxshiroq biladi”, deganlar. Qays ibn Tolqning o‘zi bu voqeani shunday xotirlaydi: “Men Madina shahriga – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelganimda masjid qurilishida sahobalar bilan ishlayotganlarini ko‘rdim. Men loy qorishni yaxshi bilardim. Darhol belkurakni qo‘limga olib, loy tayyorlay boshladim. Rasululloh shunda menga qarab: “Bu hanafiy loy qorishga usta ekan”, deb maqtadilar. Boshqa bir rivoyatda shunday deyilgan: “U sizlarning ichingizda loy qorishda puxtarog‘ingizdir”.

Ibn Rushdning “al-Bayon vat tahsil” nomli kitobida Imom Molikdan rivoyat qilinadi, Imom Molik esa, Kattoniydan naql qilib aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qabrning oldidan o‘tib, g‘ishti qiyshiq turganini ko‘rib, uni tuzatib qo‘yishga buyurdilar va: “Albatta Alloh taolo ishini go‘zal va puxta bajargan bandasini yaxshi ko‘radi”, dedilar”.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atroflarida bo‘layotgan holatlarga befarq bo‘lmaganlar. U xoh kichik ish bo‘lsin, xoh katta ish bo‘lsin, barcha ishlarga ahamiyat qaratganlar. Albatta Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda biz – ummat uchun barcha ishda iqtido qilishimiz kerak bo‘lgan go‘zal namunalar bor. Xususan uy qurish, loyihalashtirish, ko‘chalarni obod etish, bozor ishlariga e’tibor berish, bozorda kechadigan jarayonlardan xabardor bo‘lish, xalq manfaatini ko‘zlash va har bir kishiga o‘ziga xos ko‘rsatmalar berish va hokazo...

Yuqoridagi ma’lumotlardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha sohaning ilmini bilganlari va barcha ishda mohir bo‘lganlarini bilib olamiz.    

Arabchadan Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

 BARATOV G‘iyosiddin tarjimasi

 

[1] Zarur mahsulotlarni qimmat bo‘lishini kutib, sotmay ushlab turish.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   849   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.