frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

28.10.2016 y. Aqidada adashmaylik

24.10.2016   7814   9 min.
28.10.2016 y. Aqidada adashmaylik

(dinda g‘uluvga ketishning salbiy oqibatlari)

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! “G‘uluv” arabcha so‘z bo‘lib, “chegarani buzmoq, haddan oshmoq” degan ma’nolarni bildiradi. Shariatda esa, din ishlarida e’tibor qilingan miqdordan haddan tashqari oshirib yuborishdir.

Dindagi g‘uluvga ketishning eng yomon turi – yetarli ilmi bo‘lmasa ham Qur’onni o‘zicha talqin qilishdir. Bundan tashqari, Sunnatga o‘zicha amal qilish va to‘rt mazhabdan birortasiga qat’iy ergashmaslikdir. O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, dindagi g‘uluv ko‘p hollarda dinni yaxshi tushinib yetmaslikdan bo‘ladi.

Alloh taolo ogohlantirib bunday deydi:

لَا تَغْلُوا فِي دِينِكُمْ غَيْرَ الْحَقِّ وَلَا تَتَّبِعُوا أَهْوَاءَ قَوْمٍ قَدْ ضَلُّوا مِنْ قَبْلُ وَأَضَلُّوا كَثِيرًا وَضَلُّوا عَنْ سَوَاءِ السَّبِيلِ

ya’ni: “Diningizda haddan oshmangiz” va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida, 77).

Dinda chuqur ketmaslik va qattiqlik qilmaslik haqida Rasululloh alayhissalom shunday dedilar:

قال رسول الله  r: "هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ، هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ  

ya’ni: "Alloh taolo shariatida haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar" deb uch marta aytdilar.

Qadrli namozxonlar! Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q. Zero, ulardagi “takfir” (o‘zlariga ergashmagan yoki diniy ahkomlarni to‘liq bajarmaganlarni kofirga chiqarish), “jihod” va “hijrat” kabi masalalarda g‘uluvga ketib musulmonlarning pokiza nomiga dog‘ tushirmoqdalar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vidolashuv hajida bunday nasihat qilganlar:

قال رسول الله  r: " إياَّكم وَالغُلوَّ في الدينِ، َ فإنها أَهْلَكَ مَنْ كان قَبلَكم الغلوُّ في الدين

ya’ni: “Dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar. Chunki sizdan oldingilar dinda g‘uluvga ketishi sababli halokatga uchradi” (Imom Nasaiy rivoyati).

Muhtaram namozxonlar! Tarixdan ma’lum, g‘uluv katta fojialarga sabab bo‘lgan. Hozirda g‘uluvga ketganlar ham musulmonlarni kufrda ayblagan xavorijlar toifasiga o‘xshab ketmoqda. Musulmonlarni mazkur takfir bilan ayblash musulmon jamiyatlarida yaqinda paydo bo‘lgan holat emas. Bunday ayanchli amaliyot Hazrat Ali (r.a.) davrlarining so‘ngida yuzaga kelgan xorijiylar faoliyatida avjiga chiqqan edi. Bu toifa vakillari insonlar o‘rtasida fitna kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi turli savollar bilan musulmonlarga murojaat etar, o‘zlari uchun maqbul javobni bermaganlarni «kofir» deya e’lon qilishardi.

Shuningdek, ular gunoh sodir etgan yoki diniy amallarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan musulmonni kufrda ayblab, uning qonini halol, ya’ni o‘ldirishni muboh sanashgan edi. Xavorij yoki xorijiy nomi ayni shu buzg‘unchi oqimga nisbatan aytilsa-da, ko‘plab din ulamolari bugungi kundagi ilmi oz bo‘lsa-da o‘zini dono sanab, o‘zidan boshqa musulmonning imoniga shubha bilan qaraydigan ayrim toifalarni ham «zamonamiz xorijiylari», deb atamoqdalar.

O‘zidan boshqalarni kofirlikda ayblash islom dini ta’limotiga zid ekani haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda keltirilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar: «Agar bir kishi o‘z birodariga: «Ey kofir» desa, ikkisidan biri o‘shanday (ya’ni kofir) bo‘ladi».

Go‘yoki barcha musulmonlar hozir qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga “hijrat” qilishlari va qo‘lida qurol bilan “jihod” qilishlari farz emish. Bunday soxta da’volarning puch ekanini tasdiqlash va aholini xususan, yoshlarni ulardan asrash maqsadida ushbu tushunchalarga izoh berib o‘tsak.

Yurtini, ota-onani tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta’limotiga zid ish hisoblanadi. Vatanni himoya qilish naqadar ulug‘ savob, har bir musulmonning zimmasidagi farzi hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kelish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.

“Hijrat” so‘zi lug‘atda biror narsadan ajrash, shariatda esa, Muhammad payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasalam)ning Makkani tark etib, Madinaga ko‘chib o‘tishlaridir. Ammo buzg‘unchi oqimlar yetakchilari tinch davlatda yashab kelayotgan yoshlarni xorijdagi jangarilarning lagerlariga jo‘natib, “hijrat qilmagan dindan chiqadi, hijrat uchun musulmonga ota-onaning ruxsati shart emas”, kabi soxta  iddaolar bilan aldamoqda.

Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:

(جاء رجل الى النبي  وقال: "أبايِعُكَ على الهجرةِ وتركتُ اَبَوَيَّ يَبْكِيانِ، فقال إرجِع إليهما فَأَضْحِكْهما كما أَبْكَيْتَهما" (رواه أبو داود

ya’ni: Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh, men ota-onamni yig‘lagan holida tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, deydi. U zot esa: “Ota-onangning oldiga qaytib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday xursand qilgin”, deb javob beradilar (Abu Dovud rivoyati).

 Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh sallallohu alayhi vasalam aytganlar: “Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo  man etgan narsalardan qaytgan kishi Xudo yo‘lida hijrat qilgan kishidir”, deyiladi. Shuningdek, Abu Usmon Mujoshi’ ibn Ma’sud rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Rasululloh sallallohu alayhi vasalam: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q...”, dedilar.

Vaholanki, o‘z yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurish, manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish ayni islom ta’limotiga zid ishdir. Insonlarni tinch va osoyishta diyordan din nomidan qotilliklar oshkora qilinayotgan fitna makonlariga chorlashdek qabih ishlar hech qachon “hijrat” bo‘la olmaydi.

Qadrli namozxonlar! Buzg‘unchi kuchlar bugungi kunda “Odnoklassniki”, “Facebook”, “Vkontakte”, “Moy mir”, “Twitter” kabi­lardan foydalanishadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar internetga kiruvchilarning o‘zaro muloqot qilish va ma’lumot almashishlari uchun juda qulay vositadir.

Bu kuchlar taassubga berilgan shaxslarni dunyoning notinchlik hukm surayotgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilishyapti. Xususan, ular ilm va ma’rifatdan yiroq johil yoshlarni Islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, xullas, Islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar. Vaholanki, ona yurtini tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta’limotiga zid ekani barchaga ma’lum.

Afsuski, bugungi kunda din niqobi ostida begunoh odamlarning qonini to‘kishlar, obod shahar-qishloqlarni vayron qilishlar davom etayapti. Eng achinarlisi, aksariyat holatlarda bu urushlarga diniy tus berilyapti. Jangarilar o‘zlariga ergashmagan barcha musulmonlarni qatl qilib, ayollar va bolalarni esa qul sifatida sotish kabi qabig‘ ishlarga qul urayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz.

Hurmatli namozxonlar! Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, shunday deydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ   

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208).

Shuning uchun dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lish, ona-Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor. Ayniqsa, bu ta’limotni yoshlarimiz, farzandu nabiralarimizning qalbiga mustahkam joylash barchamizning ham qonuniy, ham shar’iy vazifamizdir.

Shunday ekan bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetaylik. Xalqimizning iborasi bilan aytganda, Alloh bergan nasibamizni terib yuribmizmi, shu onlarning qadriga yetaylik, tinmay buning shukrini qilaylik. Yaratgandan bir-birimizga imon mustahkamligi, tinchlik-omonlik, osoyishta hayot va xotirjamlik tilaylik!

Alloh taolo barchalarimizni turli fitna, g‘alimislik va ixtiloflardan uzoq qilib, O‘zining rushdu hidoyatidan aslo ayirmasin. Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   31062   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV