(dinda g‘uluvga ketishning salbiy oqibatlari)
بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! “G‘uluv” arabcha so‘z bo‘lib, “chegarani buzmoq, haddan oshmoq” degan ma’nolarni bildiradi. Shariatda esa, din ishlarida e’tibor qilingan miqdordan haddan tashqari oshirib yuborishdir.
Dindagi g‘uluvga ketishning eng yomon turi – yetarli ilmi bo‘lmasa ham Qur’onni o‘zicha talqin qilishdir. Bundan tashqari, Sunnatga o‘zicha amal qilish va to‘rt mazhabdan birortasiga qat’iy ergashmaslikdir. O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, dindagi g‘uluv ko‘p hollarda dinni yaxshi tushinib yetmaslikdan bo‘ladi.
Alloh taolo ogohlantirib bunday deydi:
لَا تَغْلُوا فِي دِينِكُمْ غَيْرَ الْحَقِّ وَلَا تَتَّبِعُوا أَهْوَاءَ قَوْمٍ قَدْ ضَلُّوا مِنْ قَبْلُ وَأَضَلُّوا كَثِيرًا وَضَلُّوا عَنْ سَوَاءِ السَّبِيلِ
ya’ni: “Diningizda haddan oshmangiz” va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida, 77).
Dinda chuqur ketmaslik va qattiqlik qilmaslik haqida Rasululloh alayhissalom shunday dedilar:
قال رسول الله r: "هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ، هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ هَلَكَ المُتَنَطِّعُونَ
ya’ni: "Alloh taolo shariatida haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar" deb uch marta aytdilar.
Qadrli namozxonlar! Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q. Zero, ulardagi “takfir” (o‘zlariga ergashmagan yoki diniy ahkomlarni to‘liq bajarmaganlarni kofirga chiqarish), “jihod” va “hijrat” kabi masalalarda g‘uluvga ketib musulmonlarning pokiza nomiga dog‘ tushirmoqdalar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vidolashuv hajida bunday nasihat qilganlar:
قال رسول الله r: " إياَّكم وَالغُلوَّ في الدينِ، َ فإنها أَهْلَكَ مَنْ كان قَبلَكم الغلوُّ في الدين
ya’ni: “Dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar. Chunki sizdan oldingilar dinda g‘uluvga ketishi sababli halokatga uchradi” (Imom Nasaiy rivoyati).
Muhtaram namozxonlar! Tarixdan ma’lum, g‘uluv katta fojialarga sabab bo‘lgan. Hozirda g‘uluvga ketganlar ham musulmonlarni kufrda ayblagan xavorijlar toifasiga o‘xshab ketmoqda. Musulmonlarni mazkur takfir bilan ayblash musulmon jamiyatlarida yaqinda paydo bo‘lgan holat emas. Bunday ayanchli amaliyot Hazrat Ali (r.a.) davrlarining so‘ngida yuzaga kelgan xorijiylar faoliyatida avjiga chiqqan edi. Bu toifa vakillari insonlar o‘rtasida fitna kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi turli savollar bilan musulmonlarga murojaat etar, o‘zlari uchun maqbul javobni bermaganlarni «kofir» deya e’lon qilishardi.
Shuningdek, ular gunoh sodir etgan yoki diniy amallarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan musulmonni kufrda ayblab, uning qonini halol, ya’ni o‘ldirishni muboh sanashgan edi. Xavorij yoki xorijiy nomi ayni shu buzg‘unchi oqimga nisbatan aytilsa-da, ko‘plab din ulamolari bugungi kundagi ilmi oz bo‘lsa-da o‘zini dono sanab, o‘zidan boshqa musulmonning imoniga shubha bilan qaraydigan ayrim toifalarni ham «zamonamiz xorijiylari», deb atamoqdalar.
O‘zidan boshqalarni kofirlikda ayblash islom dini ta’limotiga zid ekani haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda keltirilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deydilar: «Agar bir kishi o‘z birodariga: «Ey kofir» desa, ikkisidan biri o‘shanday (ya’ni kofir) bo‘ladi».
Go‘yoki barcha musulmonlar hozir qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga “hijrat” qilishlari va qo‘lida qurol bilan “jihod” qilishlari farz emish. Bunday soxta da’volarning puch ekanini tasdiqlash va aholini xususan, yoshlarni ulardan asrash maqsadida ushbu tushunchalarga izoh berib o‘tsak.
Yurtini, ota-onani tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta’limotiga zid ish hisoblanadi. Vatanni himoya qilish naqadar ulug‘ savob, har bir musulmonning zimmasidagi farzi hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kelish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.
“Hijrat” so‘zi lug‘atda biror narsadan ajrash, shariatda esa, Muhammad payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasalam)ning Makkani tark etib, Madinaga ko‘chib o‘tishlaridir. Ammo buzg‘unchi oqimlar yetakchilari tinch davlatda yashab kelayotgan yoshlarni xorijdagi jangarilarning lagerlariga jo‘natib, “hijrat qilmagan dindan chiqadi, hijrat uchun musulmonga ota-onaning ruxsati shart emas”, kabi soxta iddaolar bilan aldamoqda.
Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
(جاء رجل الى النبي وقال: "أبايِعُكَ على الهجرةِ وتركتُ اَبَوَيَّ يَبْكِيانِ، فقال إرجِع إليهما فَأَضْحِكْهما كما أَبْكَيْتَهما" (رواه أبو داود
ya’ni: Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh, men ota-onamni yig‘lagan holida tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, deydi. U zot esa: “Ota-onangning oldiga qaytib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday xursand qilgin”, deb javob beradilar (Abu Dovud rivoyati).
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh sallallohu alayhi vasalam aytganlar: “Qo‘li va tili bilan o‘zgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Xudo yo‘lida hijrat qilgan kishidir”, deyiladi. Shuningdek, Abu Usmon Mujoshi’ ibn Ma’sud rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Rasululloh sallallohu alayhi vasalam: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q...”, dedilar.
Vaholanki, o‘z yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurish, manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish ayni islom ta’limotiga zid ishdir. Insonlarni tinch va osoyishta diyordan din nomidan qotilliklar oshkora qilinayotgan fitna makonlariga chorlashdek qabih ishlar hech qachon “hijrat” bo‘la olmaydi.
Qadrli namozxonlar! Buzg‘unchi kuchlar bugungi kunda “Odnoklassniki”, “Facebook”, “Vkontakte”, “Moy mir”, “Twitter” kabilardan foydalanishadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar internetga kiruvchilarning o‘zaro muloqot qilish va ma’lumot almashishlari uchun juda qulay vositadir.
Bu kuchlar taassubga berilgan shaxslarni dunyoning notinchlik hukm surayotgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilishyapti. Xususan, ular ilm va ma’rifatdan yiroq johil yoshlarni Islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, xullas, Islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar. Vaholanki, ona yurtini tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish Islom ta’limotiga zid ekani barchaga ma’lum.
Afsuski, bugungi kunda din niqobi ostida begunoh odamlarning qonini to‘kishlar, obod shahar-qishloqlarni vayron qilishlar davom etayapti. Eng achinarlisi, aksariyat holatlarda bu urushlarga diniy tus berilyapti. Jangarilar o‘zlariga ergashmagan barcha musulmonlarni qatl qilib, ayollar va bolalarni esa qul sifatida sotish kabi qabig‘ ishlarga qul urayotgani guvohi bo‘lmoqdamiz.
Hurmatli namozxonlar! Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208).
Shuning uchun dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lish, ona-Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor. Ayniqsa, bu ta’limotni yoshlarimiz, farzandu nabiralarimizning qalbiga mustahkam joylash barchamizning ham qonuniy, ham shar’iy vazifamizdir.
Shunday ekan bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetaylik. Xalqimizning iborasi bilan aytganda, Alloh bergan nasibamizni terib yuribmizmi, shu onlarning qadriga yetaylik, tinmay buning shukrini qilaylik. Yaratgandan bir-birimizga imon mustahkamligi, tinchlik-omonlik, osoyishta hayot va xotirjamlik tilaylik!
Alloh taolo barchalarimizni turli fitna, g‘alimislik va ixtiloflardan uzoq qilib, O‘zining rushdu hidoyatidan aslo ayirmasin. Omin.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV