Onam aytardi: “Nondan ulug‘, hayotdan aziz narsa yo‘q. Ularni qadrla!”
***
Yana onam menga tayinlardi: “O‘yinga berilib, chopaverib terlab-pishib ketgan vaqtingda bir ozgina dam ol. Hech bo‘lmasa osmonga otgan bo‘rking qaytib tushguncha nafasingni rostla”.
***
Onam aytardi: “Kichkina og‘iz ham katta gaplarni so‘zlashi mumkin”.
***
“Tovuqlarning, o‘rdaklarning, kalamushlarning millati yo‘qdir, lekin odamlarning millati bor”, der edi onam.
***
“Ayollar ko‘p, Ona yagona!” kitobidan
Akbarshoh RASULOV tayyorladi.
#maqola #futbol
Qadrli tomoshabin do‘stlar! Bir-biringizga muloyim bo‘ling. Bu koptok degan narsa o‘tadi ketadi. Uni deb o‘zimizni pastkash qilishimizga arzimaydi. Uni deb atrofdagilarning dilini og‘ritish kerak emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytganlar: “O‘zaro hasad qilmang, o‘zaro adovat qilmang, bir-biringizdan yuz o‘girib ketmang. Allohning aka-uka bandalari bo‘ling”.
Baliq daryodan chiqishi bilan o‘lganidek, futbol ham maydondan chiqishi bilan tugashi kerak. Futboldagi raqobat o‘sha yerda qolsin. Musobaqa bo‘lsin, lekin yomon ko‘rish bo‘lmasin. Jo‘shib keting, ammo adovat qilmang. Futbolchilarni ruhlantirib turing, biroq haqorat qilmang. Kuzating, lekin taassub qilmang. Tadbirlarga qatnashing, ammo qo‘pol bo‘lmang. Tahlil qiling, lekin so‘kmang. Mag‘lubiyat bo‘lsa azoblanmang.
Tomoshabin janoblari! Umringizni ko‘r muxlislik, o‘yinchilarning hayotiy ma’lumotlari, chempionatlarni qayta-qayta ko‘rish, xavfli vaziyatlarni tahlil qilaverish bilan o‘tkazib yubormang.
U bugun va kelajagingizdir. Umringiz oxiratingizni hal qiladigan sarmoyangizdir.
Jamoangiz birinchilikdan golsiz chiqsa ichingizni yeb bitirasizu, ammo butun boshli hayotingiz maqsadsiz, golsiz o‘tayotganini eslab ham qo‘ymaysiz.
Muhim narsalarni tartiblab oling. Ishqibozlik asosiy g‘amingiz bo‘lmasin. Bu ketishda sevimli guruhingiz sizni muvaffaqiyatdan to‘sib qo‘yishi muqarrar. Jamoangiz sizni cho‘kishdan qutqarib qola olmaydi. Uyg‘oning.
Namozlarni ham tark etib, maydonga (ekranga) ertachi kelib olmang. Futbol ko‘raman deb namozlarni qazo qilmang. Zimmangizdagi majburiyatlaringizga o‘yin deb loqayd qaramang. Hakamlar chiqargan qarorlarga aralashermang. Birovning sharafi, sha’nini yerga urmang. Futbolni deb savoblaringizni kulga aylantirmang. Futbol ortidan aloqalarni uzib, birov bilan adovatga bormang. Oilangiz oldidagi vazifalarni tashlab qo‘ymang. Futbolni deb bolalaringizga zarda qilmang, ularga baqirmang. Avvalo, o‘zingizni isloh qiling.
Ësir ibn Badrning “Siz izlagan yechim” kitobidan
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi