بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Allohning hukmi bilan insonlar moddiy imkoniyatlariga ko‘ra turli toifalarga bo‘lindi. Albatta Alloh barchani boy qilishga qodir bo‘la turib ularni boy va kambag‘al qilib qo‘yishida juda ko‘p hikmatlar bor. Alloh ba’zilarga rizqni keng va ba’zilarga esa tor qilib berganidagi asosiy hikmatlardan birini bayon qilib shunday deydi:
وَلَوْ بَسَطَ اللَّهُ الرِّزْقَ لِعِبَادِهِ لَبَغَوْا فِي الْأَرْضِ وَلَكِنْ يُنَزِّلُ بِقَدَرٍ مَا يَشَاءُ إِنَّهُ بِعِبَادِهِ خَبِيرٌ بَصِيرٌ
ya’ni: «Agar Alloh bandalarining rizqlarini keng-mo‘l qilib yuborsa, albatta, ular yer yuzida tajovuzkorlikka o‘tib ketgan bo‘lur edilar. Lekin U o‘zi xohlaganicha o‘lchov bilan (rizq) tushirur. Albatta, U bandalaridan xabardor va (hamma narsani) ko‘rib turuvchidir». (Sho‘ro surasi 27 oyat).
Sadaqa va ehsonning barcha ko‘rinishlari, xoh u nafl bo‘lsin xoh farz bo‘lsin, barchasi gunohlarning o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «...Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa gunohlarni o‘chiradi», dedilar». (Termiziy rivoyati)
Alloh yo‘lida qilinadigan sadaqa va ehsonlarning fazilati to‘g‘risida Qur’onda shunday deyilgan:
إِنْ تُبْدُوا الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِنْ تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاءَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَيُكَفِّرُ عَنْكُمْ مِنْ سَيِّئَاتِكُمْ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
ya’ni: «Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir». (Baqara surasi, 271 oyat)
Demak sadaqani xoh oshkora xoh yashirinchi bersin, niyati xolis bo‘lsa, sadaqaga va’da qilingan mukofotga ya’ni gunohlarining kechirilishiga erishadi. Ulamolar sadaqani insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan. Chunki xayri ehson qiluvchi kishi o‘ziga begona bo‘lgan va hech ham manfa’at kelmaydigan odamga imkonidan kelib chiqib bir narsani beradi. Abu Molik Ash’ariy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sadaqa hujjat va dalildir (ya’ni imoni borligiga)», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Demak xayri ehson qilish orqali imonimiz borligini tasdiqlovchi hujjatni qo‘lga kiritgan bo‘lar ekanmiz. Abu Kabsha al-Anmoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsaga qasam ichaman: «Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar», dedilar.
Adi ibn Hotam (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan yana bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qaysingiz yarimta xurmoni sadaqa qilib bo‘lsa ham, yuzini do‘zax olovidan asrashga qodir bo‘lsa, shu ishni qilsin», dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).
Ehson qilish eng oldin sizni tug‘ib katta qilgan, yedirib-ichirgan, kiyintirgan, chiroyli ta’lim, xulqu odob o‘rgatgan, kamolga yetkazib uyli-joyli qilgan ota-onadan boshlanadi. Imom Nasafiy va Xozin tafsirlarida zikr qilinishicha, farzand uchun ota-onaning maqomi shunchalar ulug‘ki, u ota-onani nomi bilan chaqirmay, balki «otajon, onajon» kabi shirin so‘zlar murojaat qilishi, ularni ranjitadigan gaplarni gapirmasligi, ular oldida o‘zini qul yoki cho‘rilardek tutishi lozim. Shundan keyin qarindosh-urug‘lar, o‘zgalar mehr-muruvvatiga muhtoj bo‘lib qolgan yetimlar, kambag‘al-faqirlar, safarda aziyat chekayotgan musofirlarga ehson qilinadi. Ehson-sadaqa qilinishi lozim bo‘lgan toifalar haqida Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan: «Miskinga qilingan sadaqaga bitta savob, qarindoshga qilingan sadaqaga ikkita savob: biri sadaqa, ikkinchisi silai rahm uchundir»; «Rasuli akram (alayhissalom):
(" أَنَا وَكَافلُ اليَتِيمِ في الجَنَّةِ هَكَذا وَأَشارَ بالسَّبَّابَةِ وَالوُسْطَى ، وَفَرَّجَ بَيْنَهُمَا " (رواه البخاري
ya’ni: «Yetimni qaramog‘iga olgan kishi bilan men jannatda mana bunday yonma-yon turamiz», dedilar hamda ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini juftlab ko‘rsatdilar». Boshqa hadisda esa,
(" السَّاعِي عَلَى الأَرْمَلَةِ وَالمِسْكِينِ ، كَالمُجَاهِدِ في سَبيلِ اللهِ وَأحسَبُهُ قَالَ : وَكالقَائِمِ الَّذِي لاَ يَفْتُرُ وَكَالصَّائِمِ الَّذِي لاَ يُفْطِرُ " (متفق عَلَيْهِ
ya’ni: «Beva va miskinga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi Alloh yo‘lida jang qilgan, tuni bilan namoz o‘qigan va kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan kishi kabidir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Bulardan esa, har bir musulmon atrofidagi kishilarga mehribon, himmatli, saxovatpesha, sadoqatli bo‘lishi lozim, degan fikr kelib chiqadi.
Ehsonning yana bir ma’nosi muhtoj kishilarga va Alloh belgilagan o‘rinlarga sadaqa qilishdir. «Ehson» bandaning halol yo‘l bilan topgan barcha mol-mulkidan Alloh yo‘lida, U belgilagan maqsadlarda sarflashi, kambag‘al-faqirlarga va muhtojlarga sadaqa qilishi ma’nolarini anglatadi. U, shuningdek, Alloh roziligini topish yo‘lida qilingan barcha yaxshiliklar ma’nosini ham bildiradi. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَنْفِقُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّا أَخْرَجْنَا لَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَلَا تَيَمَّمُوا الْخَبِيثَ مِنْهُ تُنْفِقُونَ وَلَسْتُمْ بِآَخِذِيهِ إِلَّا أَنْ تُغْمِضُوا فِيهِ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ غَنِيٌّ حَمِيدٌ
ya’ni: «Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh g‘aniy va maqtovga loyiq zotdir» (Baqara surasi, 267-oyat).
Ba’zi kishilar zakot yoki sadaqa beradigan bo‘lsalar, sifatli va yaxshi mollaridan emas, balki nuqsonli va past navli narsalaridan beradilar. Vaholanki, o‘sha narsalar o‘zlariga berilsa, olmagan yoki noilojlikdan olgan bo‘lur edilar. Bu oyati karimaning nozil bo‘lishiga ba’zi musulmonlarning o‘sha davrda zakotga berish uchun eng past navli xurmolarni ajratganlari sabab bo‘lgan, deyiladi kitoblarda.
Alloh taolo ehsonni, ya’ni sadaqani eng avvalo qarindoshlarga, miskin va yo‘lovchilarga qilishni buyurgan. Qur’oni karimda bunday marhamat etiladi:
وَآَتِ ذَا الْقُرْبَى حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَلا تُبَذِّرْ تَبْذِيرًا
ya’ni, “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang!”
(Isro surasi, 26-oyat).
Islomda insoniylik qadriyatlari qadrlanadi. Bu qadriyatlar hamma xalqlarni umuminsoniy mulki hisoblanadi. Biz ularni bag‘rikenglik, haqqoniylik, mehribonlik kabi xislatlarga tenglashtirishimiz mumkin. Musulmon odam ota-onasiga, farzandlariga, qo‘ni-qo‘shnilariga g‘amxo‘rlik qiladi, ko‘makka muhtoj bo‘lganlarga yordam ko‘rsatadi. Dunyodagi barcha narsalar Alloh taolo tamonidan yaratilgan, shuning uchun musulmon odam tabiat va har qanday jonzot oldida o‘zini mas’uliyatini his qiladi.
Sof islom e’tiqodi musulmon qalbida yaxshi ishlarni amalga oshirishlikni paydo qiladi.
Alloh taolo Niso surasining 40-oyatida shunday marhamat qiladi:
إِنَّ اللَّهَ لَا يَظْلِمُ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ وَإِنْ تَكُ حَسَنَةً يُضَاعِفْهَا وَيُؤْتِ مِنْ لَدُنْهُ أَجْرًا عَظِيمًا
ya’ni: “Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay, Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur” (Niso surasi, 40-oyat).
Bugungi kunda bu borada davlatimiz tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kam ta’minlangan oilalarga, boquvchisini yo‘qotganlarga va yetimlarga joylardagi mahalla fuqarolari yig‘inlari tomonidan har tomonlama yordam berib kelinmoqda.
Biz o‘zimiz yashayotgan mahallalarda kam ta’minlangan oilalarni, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarni va yolg‘iz keksalarni yaxshi bilamiz. Biz ularga qo‘limizdan kelganicha xayr saxovat qilaylik. Shuningdek, “Mehribonlik“, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga moddiy yordamlarimizni ko‘rsatib Alloh taolo tomonidan beriladigan ajru-savoblarga ega bo‘laylik.
Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin! Omin.
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati