Xizr alayhissalom payg‘ambarmi yoki valiy zotmi?
Xizr alayhissalom haqida gap ketar ekan dastlab u zotni ko‘rgan kishilarning zavq bilan qilgan rivoyatlari xayolga keladi. Shu bilan birga u zotning hayot ekanini qattiq inkor qiladigan va u zotni hayot deydiganlarni zalolatga ketganlikda ayblaydiganlarning iddaolari nargi rivoyatlardan olingan zavqlarning mazasini taxir qilib turadi. Shu ma’noda ushbu masala bo‘yicha ikki tarafning dalillari va ulardan olingan xulosalar bilan yaqindan tanishish ko‘plab tushunmovchiliklarga oydinlik kiritadi.
Xizr so‘zi lug‘atda “yam-yashil” ma’nosini anglatadi. Bu zotning Xizr deb atalishiga ikkita sabab keltirilgan:
Ushbu karomat sababli u zot Xizr deb atalgan. Ulamolar Xizr alayhissalomning ismi sharifi haqida quyidagilarni aytganlar: “Xizr aslida u zotning ulug‘ nomi bo‘lib, ismi Balyo, kunyasi Abul Abbos bo‘lgan”.
Xizr alayhissalom haqidagi ixtilofli qarashlarni ikki turga ajratish mumkin:
Xizr alayhissalomning payg‘ambar yoki faqat valiy zot ekani haqidagi ixtiloflarda u zotning payg‘ambarligini tasdiqlaydigan ulamolar ko‘pchilikni tashkil qiladilar. Ayrim ozchilik ulamolar esa Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lmagan deganlar.
Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lmagan deydiganlar quyidagicha dalil keltirganlar:
– “Qur’onda u zot nabiy yo rasul deb sifatlanmagan, balki banda deb sifatlangan:
فَوَجَدَا عَبْدًا مِنْ عِبَادِنَا آتَيْنَاهُ رَحْمَةً مِنْ عِنْدِنَا وَعَلَّمْنَاهُ مِنْ لَدُنَّا عِلْمًا
“Bas, bandalarimizdan bir bandani (Xizrni) topdilar. Biz unga O‘z dargohimizdan rahmat ato etgan va O‘z huzurimizdan ilm bergan edik”[1].
Shunga ko‘ra agar u zot payg‘ambar bo‘lganida albatta boshqa payg‘ambarlar singari nabiy yo rasulligiga dalolat qiladigan biror sifat bilan zikr qilingan bo‘lar edi”.
Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lgan deganlar esa bu dalilga quyidagicha javob berganlar: “Allohning bandasi degan vasf yuksak maqom bo‘lib, bunday maqom bilan Qur’onda payg‘ambarlar vasf qilingan. Masalan payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasalam tunda sayr qildirilgan kecha haqidagi oyatda ushbu yuksak maqom bilan vasf qilinganlar:
سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ
“(O‘z) bandasi (Muhammad)ni tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur”[2].
Shunga ko‘ra Xizr alayhissalom ham mazkur yuksak maqom bilan vasf qilingan payg‘ambar hisoblanadi”.
Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lmagan deydiganlar yana quyidagi dalilni keltirganlar:
– “Payg‘ambarlar qavmlariga ilohiy topshiriqlarni yetkazuvchi va ularga nasihat qiluvchi bo‘lganlar. Nuh alayhissalom aytganlaridek:
أُبَلِّغُكُمْ رِسَالَاتِ رَبِّي وَأَنْصَحُ لَكُمْ وَأَعْلَمُ مِنَ اللَّهِ مَا لَا تَعْلَمُونَ
“Sizlarga Robbimning topshiriqlarini yetkazurman va sizlarga nasihat qilurman”[3]
Ammo bu zotning biror qavmga ilohiy amrlarni yetkazuvchi yoki nasihat qiluvchi bo‘lmaganlari bilittifoqdir. Shunga ko‘ra u zot payg‘ambar emas balki valiy zot bo‘lgan”.
Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lgan degan ulamolar bu dalilga quyidagicha javob berganlar: “Payg‘ambarlar Qur’onda rasul (elchi) va nabiy (xabardor qilingan) sifatlari bilan zikr qilingan. Bu ikki sifat o‘rtasida farq bo‘lib, sizlar dalil qilib keltirgan oyat rasul payg‘ambarlarning sifatidir. Xizr alayhissalom esa rasul emas balki nabiy payg‘ambar bo‘lganlar. U zotning payg‘ambar bo‘lganini quyidagi dalillar qo‘llab-quvvatlaydi:
– Valiylarga payg‘ambarlar ergashmaydi. Balki payg‘ambarlarga valiylar ergashadi. Shu ma’noda Muso alayhissalom Xizr alayhissalomdan unga ergashishni so‘ragan. Bu esa Xizr alayhissalomning payg‘ambar bo‘lganiga dalolat qiladi:
قَالَ لَهُ مُوسَى هَلْ أَتَّبِعُكَ عَلَى أَنْ تُعَلِّمَنِ مِمَّا عُلِّمْتَ رُشْدًا
“Muso unga: “Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to‘g‘ri yo‘lni ta’lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?”, – dedi”[4].
E’tibor berilsa, Muso alayhissalom payg‘ambar bo‘la turib Xizr alayhissalomdan ta’lim olgan. Ta’lim oluvchi esa muallimga ergashuvchi bo‘lishi hech kimga sir emas. Shunga ko‘ra Muso alayhissalomdek payg‘ambar payg‘amabar bo‘lmagan kishiga ergashmagan. Balki o‘zlari singari payg‘ambardan ta’lim olgan;
– Xizr alayhissalom Muso alayhissalom bilan birga yurgan paytda qilgan ishlarini o‘zicha qilmaganini aytgan:
وَمَا فَعَلْتُهُ عَنْ أَمْرِي
“Men bu (ishlarni) o‘zimcha qilganim yo‘q”[5].
Ya’ni ushbu oyatning zohiri u zotning Muso alayhissalom bilan bo‘lgan mazkur ishlarni vahiy orqali bajarganiga dalolat qiladi. U zotga bildirilgan ish ilhom bilan bo‘lgan deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki payg‘ambarlardan boshqalarga berilgan ilhom amal qilish lozim bo‘lib qoladigan hujjat bo‘lmaydi. U zot esa bildirilgan narsaga amal qilgan.
Imom Moturidiy bobomiz Xizr alayhissalomning payg‘ambar hisoblanishiga quyidagi oyatning tafsirida ishora qilgan:
قَالَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْرًا
“U (Xizr) aytdi: “Aniqki, sen men bilan birga sabr qila olmaysan”[6].
“(Muso alayhissalomdek payg‘ambarga Xizr alayhissalom) bunday gapni faqatgina vahiy ilmi bilangana aytishi mumkin”.
Ushbu dalillarning xulosasiga ko‘ra Xizr alayhissalomni nabiy payg‘ambar bo‘lgan deyish mo‘tabar hisoblanadi.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Xizr alayhissalom hozir hayotmi yoki vafot etganmi?
Xizr alayhissalomning hozir hayot ekani yoki vafot etgani haqida ixtilof qilingan. Ya’ni ba’zi ulamolar u zotning hozir hayot ekanini inkor qilishgan bo‘lsa, ba’zilari u zotni hozir hayot deganlar. Shu ma’noda ushbu masala bo‘yicha ikki tarafning dalillari va ulardan olingan xulosalar bilan yaqindan tanishish ko‘plab tushunmovchiliklarga oydinlik kiritadi.
Xizr alayhissalomning hayot ekanini inkor qiladiganlar quyidagicha dalil keltirganlar:
– Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
وَمَا جَعَلْنَا لِبَشَرٍ مِنْ قَبْلِكَ الْخُلْدَ
“(Ey Muhammad!) Biz sizdan avval biror odamzodga mangu hayot bergan emasmiz”[7].
Ushbu oyat taqozosiga ko‘ra Xizr alayhissalom ham boshqa odamzodlar singari vafot etgan. Chunki Alloh taolo biror odamzodga mangu hayot bergan emas.
Xizr alayhissalomni hayot deydiganlar bu dalilga quyidagicha javob berganlar:
– Bu oyat Xizr alayhissalomning vafot etganiga dalolat qilmaydi. Chunki oyatda mangu hayot inkor qilingan. Shunga ko‘ra Xizr alayhissalom hozir hayot bo‘lsalarda qiyomatga yaqin vafot etadilar, mangu yashamaydilar, deb tushunish mumkin. Masalan Iso alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan oldin dunyoga kelgan bo‘lsalarda hozir u zot tirik. Ammo u zot ham kelajakda yer yuziga tushganlaridan so‘ng vafot etadilar. Shuning uchun bu oyat Xizr alayhissalomning vafot etganiga qat’iy dalil hisoblanmaydi;
Xizr alayhissalomning hayot ekanini inkor qiladiganlar quyidagi hadisi sharifni ham dalil qilib keltirganlar:
عَنِ الزُّهْرِىِّ أَخْبَرَنِى سَالِمُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ وَأَبُو بَكْرِ بْنُ سُلَيْمَانَ أَنَّ عَبْدَ اللَّهِ بْنَ عُمَرَ قَالَ صَلَّى بِنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهَ وَسَلَّمَ ذَاتَ لَيْلَةٍ صَلاَةَ الْعِشَاءِ فِى آخِرِ حَيَاتِهِ فَلَمَّا سَلَّمَ قَامَ فَقَالَ « أَرَأَيْتَكُمْ لَيْلَتَكُمْ هَذِهِ فَإِنَّ عَلَى رَأْسِ مِائَةِ سَنَةٍ مِنْهَا لاَ يَبْقَى مِمَّنْ هُوَ عَلَى ظَهْرِ الأَرْضِ أَحَدٌ. رَوَاهُ مُسْلِمُ
Zuhriydan rivoyat qilinadi: “Menga Solim ibn Abdulloh va Abu Bakr ibn Sulaymonlar (shunday) xabar berdilar: “Abdulloh ibn Umar shunday dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarining oxirgi vaqtlarida bir kechasi bizga xufton namozini o‘qib berdilar. Salom bergach turdilarda: “Ushbu kechalaringizni bilasizlarmi? Albatta bundan yuz yil o‘tgandan so‘ng (hozir) yer yuzida bo‘lganlardan birortasi ham qolmaydi”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Shunga ko‘ra Xizr alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida hayot bo‘lgan bo‘lsalar, yuz yil o‘tgan vaqtda albatta vafot etgan bo‘lishlari lozim bo‘lib qoladi”.
Xizr alayhissalomni hozir hayot deydiganlar bu dalil haqida quyidagilarni aytganlar:
– “Bu xabar umumiy bo‘lib, undan xoslar istisno qilingan bo‘lishi mumkin. Masalan iblis bu xabardan istisno qilingani ma’lum. Shu singari Xizr alayhissalom ham bu xabardan istisno qilingan bo‘lishi mumkin;
– Bu hadisning Imom Ahmad qilgan rivoyatida مِنْكُمْ (sizlardan) lafzi kelgan. Bundan esa faqat o‘sha paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga masjidda turganlar nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin. Xizr alayhissalom esa ular bilan birga bo‘lmagan.
– Hadisi sharifda “yer yuzida bo‘lganlardan” deyilgan, Xizr alayhissalom o‘sha paytda yer yuzida bo‘lmay, dengizlarda yurgan bo‘lishi mumkin;
Shuning uchun bu hadis ham Xizr alayhissalomning vafot etganiga qat’iy dalil hisoblanmaydi”.
Xizr alayhissalomning hayot ekanini inkor qiladiganlar quyidagi mulohazalarini ham aytganlar:
Agar Xizr alayhissalom hayot bo‘lganlarida albatta Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yonlariga kelgan bo‘lardi. Kelganlari haqida esa birorta ham mo‘tabar rivoyat yo‘q.
Xizr alayhissalomni hayot deydiganlar bu dalilga quyidagicha javob berganlar:
Xizr alayhissalomni hozir hayot emas deydiganlar bu dalilga yuqorida aytilganidek: “Ushbu rivoyat qabul qilingan taqdirda ham Xizr alayhissalomni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyin yuz yildan ko‘proq vaqt yashab qolganiga dalil bo‘la olmaydi. Chunki Umar ibn Abdulaziz u zotni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xabar bergan yuz yil o‘tishidan oldin ko‘rgan”, – deganlar.
Ba’zi ulamolar mazkur qarashlarning o‘rtasini quyidagicha muvofiqlashtirganlar: “Xizr alayhissalom vafot etgan bo‘lishi va Alloh taolo u zotning ruhini ba’zi solih kishilarga turli qiyofalarda ko‘rinadigan qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki u zotning ba’zida yosh, ba’zida keksa bo‘lib ko‘rinishlari, hech narsa yeb-ichmasliklari hamda u zotni biror makonga kirishdan to‘siqlar to‘sa olmasligi shunga dalolat qiladi”.
Shunga ko‘ra Xizr alayhissalomning ba’zi solih insonlarga ko‘rinishi mumkinligi mo‘tabar qavl hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki Xizr alayhissalomning hozir hayot yoki vafot etgani haqidagi masala bilib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydigan, bilmaslik ayb bo‘lmaydigan e’tiqodiy masala hisoblanadi. Chunki mazkur masala haqidagi dalillar qat’iy e’tiqodni ifodalay olmaydi. Shuning uchun bunday masalalarda tortishishdan saqlanish lozim bo‘ladi.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim
[1] Kahf surasi, 65-oyat.
[2] Isro surasi, 1-oyat.
[3] A’rof surasi, 62-oyat.
[4] Kahf surasi, 66-oyat.
[5] Kahf surasi, 82-oyat.
[6] Kahf surasi, 67-oyat.
[7] Anbiyo surasi, 34-oyat.
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.