Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Xizr alayhissalom

13.10.2016   18820   13 min.
Xizr alayhissalom

Xizr alayhissalom payg‘ambarmi yoki valiy zotmi?

Xizr alayhissalom haqida gap ketar ekan dastlab u zotni ko‘rgan kishilarning zavq bilan qilgan rivoyatlari xayolga keladi. Shu bilan birga u zotning hayot ekanini qattiq inkor qiladigan va u zotni hayot deydiganlarni zalolatga ketganlikda ayblaydiganlarning iddaolari nargi rivoyatlardan olingan zavqlarning mazasini taxir qilib turadi. Shu ma’noda ushbu masala bo‘yicha ikki tarafning dalillari va ulardan olingan xulosalar bilan yaqindan tanishish ko‘plab tushunmovchiliklarga oydinlik kiritadi. 

Xizr so‘zi lug‘atda “yam-yashil” ma’nosini anglatadi. Bu zotning Xizr deb atalishiga ikkita sabab keltirilgan:

  1. Bu zot qurib sarg‘ayib qolgan o‘t-o‘lanlarning ustiga o‘tirganida, o‘tirgan joydagi o‘t-o‘lanlar chayqalib yam-yashil bo‘lib qolgan;
  2. Bu zot qayerda namoz o‘qisa, yon atroflari yam-yashil bo‘lib qolgan.

Ushbu karomat sababli  u zot Xizr deb atalgan. Ulamolar Xizr alayhissalomning ismi sharifi haqida quyidagilarni aytganlar: “Xizr aslida u zotning ulug‘ nomi bo‘lib, ismi Balyo, kunyasi Abul Abbos bo‘lgan”. 

Xizr alayhissalom haqidagi ixtilofli qarashlarni ikki turga ajratish mumkin:

  1. Xizr alayhissalom payg‘ambarmi yoki valiy zotmi?
  2. Xizr alayhissalom hozir tirikmi yoki vafot etganmi?

Xizr alayhissalomning payg‘ambar yoki faqat valiy zot ekani haqidagi ixtiloflarda u zotning payg‘ambarligini tasdiqlaydigan ulamolar ko‘pchilikni tashkil qiladilar. Ayrim ozchilik ulamolar esa Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lmagan deganlar.

Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lmagan deydiganlar quyidagicha dalil keltirganlar:

 – “Qur’onda u zot nabiy yo rasul deb sifatlanmagan, balki banda deb sifatlangan:

  فَوَجَدَا عَبْدًا مِنْ عِبَادِنَا آتَيْنَاهُ رَحْمَةً مِنْ عِنْدِنَا وَعَلَّمْنَاهُ مِنْ لَدُنَّا عِلْمًا

“Bas, bandalarimizdan bir bandani (Xizrni) topdilar. Biz unga O‘z dargohimizdan rahmat ato etgan va O‘z huzurimizdan ilm bergan edik”[1].

Shunga ko‘ra agar u zot payg‘ambar bo‘lganida albatta boshqa payg‘ambarlar singari nabiy yo rasulligiga dalolat qiladigan biror sifat bilan zikr qilingan bo‘lar edi”.

Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lgan deganlar esa bu dalilga quyidagicha javob berganlar: “Allohning bandasi degan vasf yuksak maqom bo‘lib, bunday maqom bilan Qur’onda payg‘ambarlar vasf qilingan. Masalan payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasalam tunda sayr qildirilgan kecha haqidagi oyatda ushbu yuksak maqom bilan vasf qilinganlar:

 سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ

(O‘z) bandasi (Muhammad)ni tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur”[2].

Shunga ko‘ra Xizr alayhissalom ham mazkur yuksak maqom bilan vasf qilingan payg‘ambar hisoblanadi”.  

Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lmagan deydiganlar yana quyidagi dalilni keltirganlar:

– “Payg‘ambarlar qavmlariga ilohiy topshiriqlarni yetkazuvchi va ularga nasihat qiluvchi bo‘lganlar. Nuh alayhissalom aytganlaridek: 

أُبَلِّغُكُمْ رِسَالَاتِ رَبِّي وَأَنْصَحُ لَكُمْ وَأَعْلَمُ مِنَ اللَّهِ مَا لَا تَعْلَمُونَ

“Sizlarga Robbimning topshiriqlarini yetkazurman va sizlarga nasihat qilurman”[3]

Ammo bu zotning biror qavmga ilohiy amrlarni yetkazuvchi yoki nasihat qiluvchi bo‘lmaganlari bilittifoqdir. Shunga ko‘ra u zot payg‘ambar emas balki valiy zot bo‘lgan”.

Xizr alayhissalomni payg‘ambar bo‘lgan degan ulamolar bu dalilga quyidagicha javob berganlar: “Payg‘ambarlar Qur’onda rasul (elchi) va nabiy (xabardor qilingan) sifatlari bilan zikr qilingan. Bu ikki sifat o‘rtasida farq bo‘lib, sizlar dalil qilib keltirgan oyat rasul payg‘ambarlarning sifatidir. Xizr alayhissalom esa rasul emas balki nabiy payg‘ambar bo‘lganlar. U zotning payg‘ambar bo‘lganini quyidagi dalillar qo‘llab-quvvatlaydi:

– Valiylarga payg‘ambarlar ergashmaydi. Balki payg‘ambarlarga valiylar ergashadi. Shu ma’noda Muso alayhissalom Xizr alayhissalomdan unga ergashishni so‘ragan. Bu esa Xizr alayhissalomning payg‘ambar bo‘lganiga dalolat qiladi: 

قَالَ لَهُ مُوسَى هَلْ أَتَّبِعُكَ عَلَى أَنْ تُعَلِّمَنِ مِمَّا عُلِّمْتَ رُشْدًا

“Muso unga: “Senga bildirilgan bilimdan, menga ham to‘g‘ri yo‘lni ta’lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?”, – dedi”[4]

E’tibor berilsa, Muso alayhissalom payg‘ambar bo‘la turib Xizr alayhissalomdan ta’lim olgan. Ta’lim oluvchi esa muallimga ergashuvchi bo‘lishi hech kimga sir emas. Shunga ko‘ra Muso alayhissalomdek payg‘ambar payg‘amabar bo‘lmagan kishiga ergashmagan. Balki o‘zlari singari payg‘ambardan ta’lim olgan;

– Xizr alayhissalom Muso alayhissalom bilan birga yurgan paytda qilgan ishlarini o‘zicha qilmaganini aytgan: 

وَمَا فَعَلْتُهُ عَنْ أَمْرِي

“Men bu (ishlarni) o‘zimcha qilganim yo‘q”[5].

Ya’ni ushbu oyatning zohiri u zotning Muso alayhissalom bilan bo‘lgan mazkur ishlarni vahiy orqali bajarganiga dalolat qiladi. U zotga bildirilgan ish ilhom bilan bo‘lgan deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki payg‘ambarlardan boshqalarga berilgan ilhom amal qilish lozim bo‘lib qoladigan hujjat bo‘lmaydi. U zot esa bildirilgan narsaga amal qilgan.

Imom Moturidiy bobomiz Xizr alayhissalomning payg‘ambar hisoblanishiga quyidagi oyatning tafsirida ishora qilgan:

قَالَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْرًا

“U (Xizr) aytdi: “Aniqki, sen men bilan birga sabr qila olmaysan”[6].

“(Muso alayhissalomdek payg‘ambarga Xizr alayhissalom) bunday gapni faqatgina vahiy ilmi bilangana aytishi mumkin”.

Ushbu dalillarning xulosasiga ko‘ra Xizr alayhissalomni nabiy payg‘ambar bo‘lgan deyish mo‘tabar hisoblanadi. 

    Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!  

Xizr alayhissalom hozir hayotmi yoki vafot etganmi?

Xizr alayhissalomning hozir hayot ekani yoki vafot etgani haqida ixtilof qilingan. Ya’ni ba’zi ulamolar u zotning hozir hayot ekanini inkor qilishgan bo‘lsa, ba’zilari u zotni hozir hayot deganlar. Shu ma’noda ushbu masala bo‘yicha ikki tarafning dalillari va ulardan olingan xulosalar bilan yaqindan tanishish ko‘plab tushunmovchiliklarga oydinlik kiritadi. 

  Xizr alayhissalomning hayot ekanini inkor qiladiganlar quyidagicha dalil keltirganlar:

– Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

وَمَا جَعَلْنَا لِبَشَرٍ مِنْ قَبْلِكَ الْخُلْدَ

(Ey Muhammad!) Biz sizdan avval biror odamzodga mangu hayot bergan emasmiz”[7]

Ushbu oyat taqozosiga ko‘ra Xizr alayhissalom ham boshqa odamzodlar singari vafot etgan. Chunki Alloh taolo biror odamzodga mangu hayot bergan emas.

Xizr alayhissalomni hayot deydiganlar bu dalilga quyidagicha javob berganlar:

– Bu oyat Xizr alayhissalomning vafot etganiga dalolat qilmaydi. Chunki oyatda mangu hayot inkor qilingan. Shunga ko‘ra Xizr alayhissalom hozir hayot bo‘lsalarda qiyomatga yaqin vafot etadilar, mangu yashamaydilar, deb tushunish mumkin. Masalan Iso alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan oldin dunyoga kelgan bo‘lsalarda hozir u zot tirik. Ammo u zot ham kelajakda yer yuziga tushganlaridan so‘ng vafot etadilar. Shuning uchun bu oyat Xizr alayhissalomning vafot etganiga qat’iy dalil hisoblanmaydi;

Xizr alayhissalomning hayot ekanini inkor qiladiganlar quyidagi hadisi sharifni ham dalil qilib keltirganlar:

عَنِ الزُّهْرِىِّ أَخْبَرَنِى سَالِمُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ وَأَبُو بَكْرِ بْنُ سُلَيْمَانَ أَنَّ عَبْدَ اللَّهِ بْنَ عُمَرَ قَالَ صَلَّى بِنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهَ وَسَلَّمَ ذَاتَ لَيْلَةٍ صَلاَةَ الْعِشَاءِ فِى آخِرِ حَيَاتِهِ فَلَمَّا سَلَّمَ قَامَ فَقَالَ « أَرَأَيْتَكُمْ لَيْلَتَكُمْ هَذِهِ فَإِنَّ عَلَى رَأْسِ مِائَةِ سَنَةٍ مِنْهَا لاَ يَبْقَى مِمَّنْ هُوَ عَلَى ظَهْرِ الأَرْضِ أَحَدٌ.  رَوَاهُ مُسْلِمُ

Zuhriydan rivoyat qilinadi: “Menga Solim ibn Abdulloh va Abu Bakr ibn Sulaymonlar (shunday) xabar berdilar: “Abdulloh ibn Umar shunday dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarining oxirgi vaqtlarida bir kechasi bizga xufton namozini o‘qib berdilar. Salom bergach turdilarda: “Ushbu kechalaringizni bilasizlarmi? Albatta bundan yuz yil o‘tgandan so‘ng (hozir) yer yuzida bo‘lganlardan birortasi ham qolmaydi”, – dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.    

Shunga ko‘ra Xizr alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida hayot bo‘lgan bo‘lsalar, yuz yil o‘tgan vaqtda albatta vafot etgan bo‘lishlari lozim bo‘lib qoladi”.

Xizr alayhissalomni hozir hayot deydiganlar bu dalil haqida quyidagilarni aytganlar:

– “Bu xabar umumiy bo‘lib, undan xoslar istisno qilingan bo‘lishi mumkin. Masalan iblis bu xabardan istisno qilingani ma’lum. Shu singari Xizr alayhissalom ham bu xabardan istisno qilingan bo‘lishi mumkin;

– Bu hadisning Imom Ahmad qilgan rivoyatida مِنْكُمْ (sizlardan) lafzi kelgan. Bundan esa faqat o‘sha paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga masjidda turganlar nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin. Xizr alayhissalom esa ular bilan birga bo‘lmagan.

– Hadisi sharifda  “yer yuzida bo‘lganlardan” deyilgan, Xizr alayhissalom o‘sha paytda yer yuzida bo‘lmay, dengizlarda yurgan bo‘lishi mumkin;

Shuning uchun bu hadis ham Xizr alayhissalomning vafot etganiga qat’iy dalil hisoblanmaydi”.

Xizr alayhissalomning hayot ekanini inkor qiladiganlar quyidagi mulohazalarini ham aytganlar:

Agar Xizr alayhissalom hayot bo‘lganlarida albatta Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yonlariga kelgan bo‘lardi. Kelganlari haqida esa birorta ham mo‘tabar rivoyat yo‘q.

Xizr alayhissalomni hayot deydiganlar bu dalilga quyidagicha javob berganlar:

  • Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan bir zamonda yashagan Uvays Qaroniydek ulug‘ zotning va Najjoshiydek musulmon bo‘lgan podshohning Payg‘ambarimiz bilan ko‘risha olmaganlari inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Shunga ko‘ra Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan bir davrda yashab turib ham u zot bilan ko‘rishmay qolish mumkin bo‘lgan holat hisoblanadi. Xizr alayhissalomning hayot ekaniga keladigan bo‘lsak, ko‘plab mo‘tabar insonlarning u zotni ko‘rganlari va gaplashganlari u zotning hayot ekaniga dalolat qiladi. Masalan, Ibn Hajar Asqaloniy Raboh ibn Ubayda rahmatullohi alayhdan quyidagi rivoyatni naql qilgan: “Umar ibn Abdulazizning qo‘liga suyanib u bilan birga kelayotgan kishini ko‘rdim. O‘zimcha: “Bu odam (birovga suyanib oladigan) shafqatsiz kishi ekan”, – dedim. Umar ibn Abdulaziz namoz o‘qib bo‘lgach undan: “Ey Abu Hafs, boya sizning qo‘lingizga suyanib kelgan kishi kim edi?”, – dedim. U: “Sen u kishini ko‘rdingmi?”, – dedi. Men: “Ha”, – dedim. U: “Sen solih kishi ekansan, u birodarim Xizr edi. U menga kelajakda rahbar bo‘lishim va adolat qilishim haqida xushxabar berdi”, – dedi.

Xizr alayhissalomni hozir hayot emas deydiganlar bu dalilga yuqorida aytilganidek: “Ushbu rivoyat qabul qilingan taqdirda ham Xizr alayhissalomni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyin yuz yildan ko‘proq vaqt yashab qolganiga dalil bo‘la olmaydi. Chunki Umar ibn Abdulaziz u zotni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xabar bergan yuz yil o‘tishidan oldin ko‘rgan”, – deganlar.

Ba’zi ulamolar mazkur qarashlarning o‘rtasini quyidagicha muvofiqlashtirganlar: “Xizr alayhissalom vafot etgan bo‘lishi va Alloh taolo u zotning ruhini ba’zi solih kishilarga turli qiyofalarda ko‘rinadigan qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki u zotning ba’zida yosh, ba’zida keksa bo‘lib ko‘rinishlari, hech narsa yeb-ichmasliklari hamda u zotni biror makonga kirishdan to‘siqlar to‘sa olmasligi shunga dalolat qiladi”.  

Shunga ko‘ra Xizr alayhissalomning ba’zi solih insonlarga ko‘rinishi mumkinligi mo‘tabar qavl hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki Xizr alayhissalomning hozir hayot yoki vafot etgani haqidagi masala bilib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydigan, bilmaslik ayb bo‘lmaydigan e’tiqodiy masala hisoblanadi. Chunki mazkur masala haqidagi dalillar qat’iy e’tiqodni ifodalay olmaydi. Shuning uchun bunday masalalarda tortishishdan saqlanish lozim bo‘ladi.

    Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!   

Abdulqodir Abdur Rahim

 

[1] Kahf surasi, 65-oyat.

[2] Isro surasi, 1-oyat.

[3] A’rof surasi, 62-oyat.

[4] Kahf surasi, 66-oyat.

[5] Kahf surasi, 82-oyat.

[6] Kahf surasi, 67-oyat.

[7] Anbiyo surasi, 34-oyat.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

09.06.2025   18182   2 min.
Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallagan, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas Qurbon hayiti – Iyd al-Adho munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan tabrik maktublari kelib tushmoqda.

 

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga chuqur hurmat bildirgan holda, yurtimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga qat’iy intilishlarini ta’kidlamoqdalar. 

 

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;

Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad bin Halif Ol Soniy;

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda. 

President.uz