frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

14.10.2016 y. Savob amallarga shoshilaylik

07.10.2016   9076   11 min.
14.10.2016 y. Savob amallarga shoshilaylik

بسم الله الرحمن الرحيم

Hurmatli jamoat! Alloh taolo bandalarini saodatga erishtiradigan barcha yo‘llarni ko‘rsatib, bizlarni o‘sha ishlarni qilishga qiziqtirib qo‘ydi. Jumladan, Moida surasining 48 – oyatida shunday marhamat qiladi:

فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ إِلَى اللَّهِ مَرْجِعُكُمْ جَمِيعًا   

ya’ni, «Xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o‘zishga oshiqingiz! Hammangizning qaytadigan joyingiz Allohning huzuridir».

         Savob (arab. - yaxshilik, ezgulik) – e’tiqodimizga ko‘ra, Allohning marhamatiga loyiq ish va shunday ish uchun Allohning marhamatiga sazovor bo‘lish. Insonning xatti-harakati va faoliyati yaxshilik va yomonlikdan iborat bo‘lib, bu dinimizda savob va gunoh deb ataladi. Dinimiz ko‘rsatmalarini bajarish, inson manfaati yo‘lida faoliyat ko‘rsatish kabilar savob amallar hisoblanib, insonning nomai amoliga ikki farishta vositasi bilan yozib boriladi. Oxiratda insonlarning savob va gunohlari tarozida tortilib, natijalar Allohning hukmiga havola etiladi

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarni xayrli ishlarni qilishga qiziqtirar va bu borada o‘zlari ularga namuna edilar.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي سِرْوَعَةَ عُقْبَةَ بْنِ الْحَارِثِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: صَلَّيْتُ وَرَاءَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ بِالْمَدِينَةِ الْعَصْرَ، فَسَلَّمَ ثُمَّ قَامَ مُسْرِعًا فَتَخَطَّى رِقَابَ النَّاسِ إِلَى بَعْضِ حُجَرِ نِسَائِهِ، فَفَزِعَ النَّاسُ مِنْ سُرْعَتِهِ، فَخَرَجَ عَلَيْهِمْ، فَرَأَى أَنَّهُمْ قَدْ عَجِبُوا مِنْ سُرْعَتِهِ، قَالَ: «ذَكَرْتُ شَيْئًا مِنْ تِبْرٍ عِنْدَنَا، فَكَرِهْتُ أَنْ يَحْبِسَنِي، فَأَمَرْتُ بِقِسْمَتِهِ». (رواه الامام البخاري

ya’ni, Abu Sirva’a Uqba ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Madinada Nabiy sollallohu alayhi vasallam orqalarida asr namozini o‘qidim. U zot salom berdilar-da, odamlar yelkasini oralab, zavjalari xonasiga tezlik bilan turib ketdilar. Odamlar u zotning shoshilganlaridan xavfga tushishdi. U zot (hujrai saodatdan) chiqib, odamlarning taajjubga tushganlarini ko‘rib, «Huzurimizda tilla borligi esimga tushib qoldi, u meni chalg‘itishini yoqtirmaganim uchun, uni taqsimlab yuborishga amr qilib chiqdim», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bu holatni ko‘rgan va u zot sollallohu alayhi vasallamning ta’limlarini olgan sahobalar ham bu borada o‘zaro musobaqalashishar edilar.

Imom Ahmad o‘zlarining Musnad kitoblarida buyuk sahobiy Abu Dahdahning yaxshilikka shoshilishi va savob ishlarni qilishga bo‘lgan hirsini quyidagicha rivoyat qiladilar:

لَمَّا نَزَلَ قَوْلُ اللهِ تَعَالَى: )مَنْ ذَا الَّذِي يُقْرِضُ اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَاعِفَهُ لَهُ أَضْعَافًا كَثِيرَةً ( (البقرة: 245) قَالَ أبُو الدَّحْدَاح لِلرَّسُولِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ : وإنّ اللهَ لَيُرِيدُ مِنَّا الْقَرْضَ؟ قَالَ عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ: «نعم يَا أبَا الدَّحْدَاح»، قال: أرِنِي يَدَكَ يَا رَسُولَ اللهِ، فَنَاوَلَهُ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَدَهُ، فَقَالَ أبُو الدَّحْدَاح: إنِّي قَدْ أقْرَضْتُ رَبِّي عَزَّ وَجَلَّ حَائِطِي (وكان فيه 600 نخلة) وَأُمُّ الدَّحْدَاح فِيهِ وَعِيَالُهَا، فَنَادَاهَا: يَا أُمَّ الدَّحْدَاح، قَالَتْ: لَبَّيْكَ، قَالَ: اخْرُجِي مِنَ الْحَائِطِ فَقَدْ أقْرَضْتُهُ رَبِّي عَزَّ وَجَلَّ.  وفي رواية: أن امرأته لما سمعته يناديها عمدت إلى صبيانها تخرج التمر من أفواههم، وتنفض ما في أكمامهم. تريد بفعلها هذا الأجر كاملاً غير منقوص من الله. لذلك كانت النتيجة لهذه المسارعة أن قال النبي صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: "كم من عقٍ رداح (أي: مثمر وممتلئ) في الجنة لأبي الدحداح"

ya’ni, «Alloh taoloning: «Allohga chiroyli qarz beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormi?», degan oyati nozil bo‘lganda, Abu Dahdah roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Alloh bizdan unga qarz berishimizni istayaptimi?», dedi. U zot: «Ha ey Abu Dahdah», dedilar. Shunda Abu Dahdah payg‘ambarimizga: «Yo Rasululloh! Menga qo‘lingizni ko‘rsating», dedi. U zot qo‘llarini unga uzatdilar. Abu Dahdah (u zotning qo‘llaridan ushlab): «Men mana shu (600 tub xurmosi bor) bog‘imni Allohga qarzga berdim», deb bog‘ini sadaqa qilib yubordi. O‘sha payt ayoli va bolalari xurmozorda edi. Ayolini chaqirgan edi, ayoli «Labbay Dahdahning otasi», dedi. Ayoliga: «Bog‘dan chiq. Men bu bog‘ni Rabbimga qarzga berdim», deb nido qildi».

Boshqa bir rivoyatda: «Erining bu so‘zini eshitgach, Ummu Dahdah, bolalarining qo‘lidagi va og‘zidagi yeb turgan xurmosini olib qo‘ydi. Bu ishi bilan ajrga nuqson yetmasin demoqchi bo‘ldi. Natijada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Abu Dahdah uchun jannatda mevalardan to‘lib toshgan bog‘ barpo qilindi», dedilar», deyilgan.

Shuning uchun Alloh taolo yaxshilik amallarni qilishga shoshiluvchilarni solih insonlar, deb atadi. Bu haqda Oli Imron surasining 114 – oyatida shunday marhamat qilgan:

وَيُسَارِعُونَ فِي الْخَيْرَاتِ وَأُولَئِكَ مِنَ الصَّالِحِينَ

ya’ni, «(Ular) xayrli ishlar sari shoshiladilar. Aynan ana o‘shalar solih kishilardandir».

Solih insonlarga esa jannatda ulug‘ mukofotlar tayyorlab qo‘yilgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:

وعَنْ أَبي هُريْرةَ رضِيَ اللَّه عنْهُ قَال: قَال رسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: «قَال اللَّه تَعالَى: أَعْددْتُ لعِبادِيَ الصَّالحِينَ مَا لاَ عيْنٌ رَأَتْ، ولاَ أُذُنٌ سَمِعتْ ولاَ خَطَرَ علَى قَلْبِ بَشَرٍ، واقْرؤُوا إِنْ شِئتُمْ: فَلا تَعْلَمُ نَفْسٌ ما أُخْفِيَ لَهُمْ مِنْ قُرَّةِ أَعْيُنٍ جزَاءً بِما كَانُوا يعْملُونَ  ( السجدة: 17).(مُتَّفَقٌ عَلَيهِ).

ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo dedi: «Solih bandalarimga jannatda ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, va insonni xayoliga kelmagan ne’matlarni tayyorlab qo‘ydim».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar xohlasangiz Qur’ondagi: «Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot uchun yashirib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (oxirat ne’matlarini) hech kim bilmas» oyatini o‘qing», dedilar.

Agar hadisga e’tibor beradigan bo‘lsak, ushbu ne’matlar faqatgina solih bandalariga berilishi ta’kidlab o‘tilmoqda. Oyatda esa xayrli amallarni qilishga shoshiluvchilarni solih zotlar deyildi. Demak har bir mo‘min solih bo‘lishi va solihlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat ne’matlariga erishishi uchun xayrli amallarni qilishga shoshilishi lozim.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning maktablarida tarbiyalangan sahobalar buni yaxshi anglab yetgan edilar. Shuning uchun savob amallarni qilish borasida o‘zaro musobaqalashishardilar.

Agar birodarlaridan orqada qolishsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib o‘zib ketish yo‘llarini so‘rab olardilar.

Azizlar! Xayrli va savob amallarni qilishga intilgan sahobalarning hirsini qarang. Ular uy qurish, mashina olish yoki boshqa narsalarda musoboqalashishmas edilar ular savob amallarni qilishda kim o‘zarga kirishib ketar edilar.

Shuning uchun Alloh taolo  Mo‘minun surasining 61 – oyatida ularni maqtab shunday dedi:

 أُولَئِكَ يُسَارِعُونَ فِي الْخَيْرَاتِ وَهُمْ لَهَا سَابِقُونَ

ya’ni: «Aynan o‘shalar yaxshiliklarni qilishga shoshurlar va unda o‘zib ketuvchidirlar».

Mana Umar va Abu Bakr roziyallohu anhumoning xayrli ishni qilishdagi musoboqalariga qarang.

Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Umar roziyallohu anhu aytadilar:

عن عُمَرَ بْنَ الْخَطَّاب، قَالَ: أَمَرَنَا رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ أَنْ نَتَصَدَّقَ فَوَافَقَ ذَلِكَ عِنْدِى مَالاً فَقُلْتُ الْيَوْمَ أَسْبِقُ أَبَا بَكْرٍ إِنْ سَبَقْتُهُ يَوْمًا قَالَ فَجِئْتُ بِنِصْفِ مَالِى فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ «مَا أَبْقَيْتَ لأَهْلِكَ». قُلْتُ مِثْلَهُ وَأَتَى أَبُو بَكْرٍ بِكُلِّ مَا عِنْدَهُ فَقَالَ «يَا أَبَا بَكْرٍ مَا أَبْقَيْتَ لأَهْلِكَ». قَالَ أَبْقَيْتُ لَهُمُ اللَّهَ وَرَسُولَهُ قُلْتُ وَاللَّهِ لاَ أَسْبِقُهُ إِلَى شَىْءٍ أَبَدًا».

ya’ni: «Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni sadaqa qilishga buyurdilar. U zotning buyruqlari menda mol davlat bor paytga to‘g‘ri kelib qoldi. O‘zimga o‘zim: «Bugun xayri ehson qilishda Abu Bakrdan o‘zib ketaman», dedim va mol davlatimning yarmini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga olib kelib berdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ahli oilanga qanchasini qoldirding?», deb so‘radilar. Men: «Qolgan yarmini», dedim. Shu payt Abu Bakr mol-mulkining hammasini olib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ahli oilanga qanchasini qoldirding?», deb so‘radilar. U: «Alloh va Uning rasulini», dedi. Shunda men: «Allohga qasamki xayrli ishning birortasida undan o‘zib ketolmayman», dedim».

   Hurmatli jamoa!  Yuqorida Payg‘ambarimiz va  sahobai kiromlar tomonidan savob ishlarni  qilishga belbog‘laganliklarni ko‘rdik. Biz qanday savobli  ishlarni qilishimiz Allohga manzur bo‘ladi. Bunday savobli ishlar qatorida quydagilarni aytishimiz mumkin:

  • Alloh buyurgan ishlarni qilish va qaytargan ishlaridan tiyilishlik;
  • To‘g‘ri so‘z bo‘lish;
  • Yolg‘on gapirmaslik;
  • Bir-biridan arazlashgan odamlarni yarashtirib qo‘yish;
  • Kasalni borib ko‘rish;
  • Qo‘shnisiga yaxshilik qilish;
  • Birovni og‘irini yengillatish;
  • Qiynalganlarga qarz berish;
  • Miskin va bechoralarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish;
  • Ota-onani xizmatini qilish;
  • Adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish;
  • Kasb-korni halol qilish, birovni haqqiga xiyonat qilmaslik;
  • Salom berish;
  • Birovlarning aybini kechirish;
  • Ahli ayoliga yordamlashish;
  • Farzandlarni to‘g‘ri tarbiyalash va ularga ilm o‘rgatishlik;
  • Hasharlarda ishtirok etish;
  • Tinchlik yo‘lida xizmat qilish;
  • Odamlarga manfaati tegadigan ishlar qilish;

Xayrli ishlar juda ko‘p. Faqat bu ishlarni qilishda savob umidida xolis bo‘lish eng muhim shart hisoblanadi.

Darhaqiqat xayrli savob ishlarini har kuni qilaylik, muhtaram azizlar!

Alloh taolo jannatmakon yurtimizni tinch qilsin, mamlakatimiz farovonligi, osoyishtaligi va xalq manfaati yo‘lida tinmay harakat qilayotgan rahbarlarimizni yomon ko‘zlardan asrasin. Haq taolo ularning qilayotgan xayrli va savobli ishlarida madadkor bo‘lsin!

Alloh taboraka va taolo barchamizni, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni, paxta dalalarida, bog‘ va polizlarda kechayu kunduz hormay-tolmay fidokorona mehnat qilayotgan bobo dehqonlarimizning ishlariga barakotlar ato etsin. Paxta hosili  yig‘im terimida ishtirok   etayotgan fidokor dehqonga va mehnatsevar hasharchilarga Alloh kuch-quvvat va sihhat-salomatlik bersin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   21419   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari