Musulmonlar barcha sahobalar avliyolarning peshqadami, muttaqiylarning saralari, mo‘minlarning eng go‘zal namunasi hamda Payg‘ambarlardan keyin insoniyatning eng afzali ekanliklariga ittifoq qilishgan. Darhaqiqat, sahobalar Payg‘ambarlarning eng afzali va so‘nggisini ko‘rganlari, yengil va og‘ir kunlarda ham u zotning yonlarida turishgani hamda Alloh yo‘lida mollari va jonlarini sarf etishgani uchun mana shunday maqomga erishishgan. Hatto ular yaxshilarning eng yaxshisiga, yashagan zamonlari esa eng afzal zamonga aylandi. Sahobalar islom ustunini barpo etdilar va din qasrini bezadilar. Shirk arqonini butunlay uzdilar. Islom dinini butun olamga yoydilar. Ular insoniyatning eng fahmi o‘tkir, ilmi chuqur, iymoni mustahkam hamda xulqi va amali eng go‘zali edilar. Ular Nabiy alayhissalomning qo‘llarida tarbiya topgan edilar. Nubuvvatning eng sof bulog‘idan suv ichib, Qur’onning nozil bo‘lishiga bevosita guvoh bo‘lgan edilar.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar soldi. Qalblar orasida Muhammadning qalbi eng yaxshi qalb bo‘lib chiqdi. Uni O‘zi uchun tanlab oldi va uni O‘zining risolati bilan yubordi. Keyin U zot Muhammadning qalbidan keyin yana bandalarining qalblariga nazar soldi va eng yaxshi qalb sahobalarning qalblari ekanini bildi. Shuning uchun ularni O‘z Payg‘ambarining dinni himoya qilish uchun kurashadigan vazirlari qildi”. Ahmad rivoyati.
Kim Payg‘ambar alayhissalom bilan suhbatdosh bo‘lsa yoki musulmon bo‘lib u zotni ko‘rsa, sahobalardan sanaladi. Sahobalarning fazilatlari borasida ko‘plab oyatlar va sahih hadislar vorid bo‘lgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi bo‘ldi, ular ham Undan rozi bo‘ldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan jannat (bog‘)larni tayyorlab qo‘ydi. Ana o‘sha ulkan yutuqdir” (Tavba, 100). Boshqa bir oyatda U zot quyidagicha marhamat qiladi:
“(Ey, Muhammad!) Darhaqiqat, Alloh mo‘minlardan – ular daraxt ostida Sizga bay’at (qasamyod) qilayotgan vaqtlarida – rozi bo‘ldi. Bas, U ularning dillaridagi narsa (sadoqat)ni bilib, ularga xotirjamlik tushirdi va ularni (Xaybar jangidagi) yaqin g‘alaba bilan mukofotladi. (Ular) oladigan ko‘pdan-ko‘p o‘ljalar bilan ham (mukofotladi). Alloh qudratli va hikmatli zotdir” (Fath, 18-19).
Hudaybiya sulhi tuzilgan yili musulmonlar Rasul alayhissalom huzurlariga bir-bir kelib bay’at, ya’ni qasamyod qilganlar. Shu bay’at “Rizvon bay’ati” deyiladi. Bay’at qilgan erkak va ayol musulmonlarning adadi 1300, 1400, 1500 kishi edi, degan rivoyatlar bor. U daraxtning nomi Samura yoki Sidra. Mazkur daraxtni musulmonlar tabarruk qadamjo sifatida ziyorat qilishga ruju qo‘yganlari sababli Umar roziyallohu anhu shirkka aylanib ketishidan qo‘rqib, uni joyidan oldirib tashlaganlar. Ular haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Daraxt ostida bay’at qilganlardan hech kim do‘zaxga kirmaydi”.
Alloh taolo sahobai kiromlar haqida yana quyidagi oyatlarni ham nozil qilgan:
“Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz” (Oli Imron, 110). Alloh azza va jalla muhojir va ansor sahobalar haqida ham ushbu oyatni nozil qildi:
“(U o‘ljalar yana) o‘z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambag‘al muhojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaydilar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga yordam beradilar. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar. Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o‘zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (o‘ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar” (Hashr, 8-9). Boshqa bir oyatda sahobalar bunday vasf etiladi:
“Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo‘lgan (mo‘min)lar kofirlarga qahrli, o‘z oralarida (mo‘minlarga nisbatan) esa rahm-shafqatlidirlar. Ularni (mudom) Allohdan fazl va rozilik tilab ruku’ va sajda qilayotgan hollarida ko‘rarsiz. Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir” (Fath, 29).
Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ummatimning eng yaxshisi mening asrimda yashaganlaridir. Keyin ulardan keyin yashaganlar, keyin ulardan keyin yashaganlardir”. Imron roziyallohu anhu aytadilar: “O‘zlarining asrlaridan keyin ikkita asrni aytdilarmi yoki uchtanimi bilmayman”. Buxoriy rivoyati.
“Sahihayn”da Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Sahobalarimdan hech birini so‘kmanglar. Chunki, agar birortangiz Uhud tog‘idek tillani infoq qilsa ham ulardan birining bir mud yoki uning yarmi miqdoridagi infoqining darajasini topa olmaydi”.
Dunyodagi barcha yaxshilik sahobalar odat qilgan narsalardir. Alloh taolo O‘zining Kitobini saqlashni va’da bergan. Ushbu va’da sahobalar vositasida amalga oshdi. Bir guruh sahobalar o‘zlarini sunnat omonatiga baxshida etdilar. O‘sha sunnatni yodlash va yoyish uchun yer yuzining hamma tomonlarini bosib o‘tdilar. Ba’zilari esa o‘zlarini xalifalik, rahbarlik, kurash va boshqa ishlarga baxsh etdilar. Ayrimlari o‘zlarini insonlarni islomga qiziqtirish, unga nisbatan qalblarda muhabbat uyg‘otish ishlariga baxshida etdilar. Alloh taolo ularning vaqtlariga baraka berdi. Ular yashagan yuz yil ichida boshqalar million yilda ham amalga oshirolmaydigan ishlar amalga oshirildi. Ular barcha yaxshiliklarda insonlarning yo‘lboshchisi, peshqadami edilar. Ular kurash maydonida ham, da’vat maydonida ham, saxovat va infoq maydonida ham, ibodat va toat maydonida ham barchaga o‘rnak edilar. Alloh ularning barchalaridan rozi bo‘lsin. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga urushlarda, dinni yoyishda, ilm-ma’rifat tarqatishda va boshqa barcha ishlarda bemisl yordamchi bo‘ldilar. O‘zlarini Alloh yo‘lida fido qilishga bay’at berdilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xandaqqa chiqdilar. Muhojir va ansorlar havo sovuq bo‘lishiga qaramasdan chuqur qaziyotgan edilar. Ularda bu ishni qilib beradigan qullar yo‘q edi. U zot sahobalarning og‘ir mehnat va ochlikdan qiynalayotganlarini ko‘rib: “Ey Alloh, albatta, haqiqiy hayot oxirat hayotidir. Ansor va muhojirlarni mag‘firat et” deb duo qildilar”. Buxoriy rivoyati.
Sahobalar Nabiy alayhissalom bilan ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘lgan zotlardir. Shuning uchun ham ularning qalblari u zotning muhabbatlari va ta’zimlari bilan to‘lgan edi.
Ali roziyallohu anhudan “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatingiz qanday?” deb so‘ralganida, “Allohga qasamki, u zot bizga mollarimizdan, bola-chaqalarimizdan, ota-onalarimizdan hamda tashna odamning muzdek suvga bo‘lgan muhabbatidan ham sevimliroqdirlar” deb javob berganlar.
Makkaliklar qo‘lida asir bo‘lib turgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuni Makka ahli o‘ldirish uchun Haramdan tashqariga chiqarayotganlarida Abu Sufyon ibn Harb hali mushrik edi. U Zayd roziyallohu anhuga dedi: “Ey Zayd, agar Muhammad hozir sening o‘rningda asir bo‘lsa-yu, biz uning bo‘yniga qilich ursak, sen esa oilang bag‘rida bo‘lishni istaysanmi?” dedi. Zayd roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, Muhammad alayhissalomga hozirgi turgan joyida bir tikon kirib aziyat berishini, men esa oilam bag‘rida bo‘lishimni aslo istamayman”. Shunda Abu Sufyon: “Men Muhammadning sahobalari uni yaxshi ko‘rishganidek boshqa hech kim birovni yaxshi ko‘rganini ko‘rmadim” dedi.
Sahobalar o‘zlari, mollari borasida hukm qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga topshirishgan. Ular shunday deyishgan: “Mana bu mollarimiz oldingizda turibdi. Bularni xohlaganingizdek tasarruf qiling. Nafslarimiz ham sizning izmingizda. Agar bizni dengizga boshlab borsangiz, u yerga ham borib, sizning oldingizda, ortingizda, o‘ng tarafingizda va chap tarafingizda turib urushamiz”.
Amr ibn Oss roziyallohu anhu dedilar: “Hech kim menga Rasulullohdan ko‘ra sevimliroq emas. Mening ko‘zimga hech kim u zotdan ko‘ra ulug‘roq bo‘lib ko‘rinmaydi. U zotni qattiq sevganim va hurmat qilganim uchun chehralariga tikilib qaray olmayman. Agar mendan birov u kishini vasf qilib berishimni so‘rasa, bunga toqatim yetmaydi. Chunki, u zotga tikilib qarashga bardoshim yetmaydi”.
Biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalarini yaxshi ko‘ramiz. Ulardan birortalarini yaxshi ko‘rishda dangasalik qilmaymiz, kamchilikka yo‘l qo‘ymaymiz. Ularning birortalaridan ham uzoqlashmaymiz. Barchalarini faqatgina yaxshilik bilan yodga olamiz. Sahobalarning hech birlarining adolati haqida so‘ralmaydi, tekshirilmaydi. Ulardan rivoyat qilingan narsa bosh ustiga qabul qilinadi. Zero, ularning barchalari adolatli, rostgo‘y, ishonchli zotlardir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilinadi: “Iymonning belgisi ansorlarni yaxshi ko‘rish, nifoqning belgisi ansorlarni yomon ko‘rishdir”. Buxoriy rivoyati.
Boshqa bir hadisda bunday deyiladi: “Ansorlarni faqatgina Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmagan kimsagina yomon ko‘radi”. Muslim rivoyati.
Sahobalarning afzali xulafoi roshidin, keyin jannatga kirishi bashorat qilinganlarning qolganlaridir. Bu borada Payg‘ambar alayhissalom bunday deb marhamat qilganlar:
“Payg‘ambardan keyin bu ummatning eng yaxshisi Abu Bakr va Umar”. Boshqa bir hadisda:
“Mendan keyin mana bu ikkisiga, ya’ni Abu Bakr va Umarga ergashinglar” deyilgan. “Sahihi Muslim”da ushbu rivoyat keltiriladi:
“Nabiy alayhissalomning sahobalari safarda edilar. U zot: “Agar Abu Bakr bilan Umarga itoat qilsangizlar to‘g‘ri yo‘lni topasizlar” dedilar”.
Muhammad ibn Hanafiyyadan rivoyat qilinadi, u kishi otalari Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga dedilar: “Ey otajon, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin insonlarning eng yaxshisi kim?” U zot: “Bilmaysanmi, ey o‘g‘ilcham?!” dedilar. O‘g‘illari: “Yo‘q” dedilar. Shunda Hazrati Ali: “Abu Bakr” deb javob berdilar.
Alloh taolo Abu Bakr roziyallohu anhuning fazilatlari haqida bir qancha oyatlarni nozil qildi. Jumladan, U zot shunday marhamat qiladi:
“Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo‘lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag‘firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag‘firatli va rahmlidir” (Nur, 22).
Bu oyat Abu Bakr roziyallohu anhu xususida nozil bo‘lgan. Oysha onamiz to‘g‘risida bo‘hton to‘qiganlarga qo‘shilib ketganlardan biri Abu Bakr roziyallohu anhuning xolavachchasi Musattah edi. U Badr jangida qatnashgan bo‘lib, o‘zi miskinlikda yashardi. Abu Bakr roziyallohu anhu uning bu ishidan keyin zinhor moddiy yordam bermaslikka qasam ichadi. Payg‘ambar alayhissalom oyatni unga o‘qib berganlarida undagi savolga: “Yo‘g‘-ye, Allohning mag‘firat qilishini istayman”, – deb yana qarindoshiga yordam berishni davom ettirgan ekan. Abu Bakr roziyallohu anhu haqlaridagi keyingi oyat quyidagicha:
“Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O‘zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovlari g‘orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: «Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!» – degan edi” (Tavba, 40).
Albatta, bu oyatdagi ikki kishining biri Abu Bakr roziyallohu anhudirlar. Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Menga hech bir mol Abu Bakrning molichalik foyda bermagan”. Bu gapni eshitgan Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladilar va: “Men ham, molim ham siznikidir, ey Allohning Rasuli” dedilar.
Umar roziyallohu anhu haqlarida ham ko‘p hadislar vorid bo‘lgan. Bir hadisda shunday deyiladi: “Shayton sen yurayotgan ko‘chadan emas, balki boshqa ko‘chadan yuradi”.
Yana bir hadisda bunday deyilgan: “Sizlardan oldingi ummatlar orasida sofdil va rostgo‘y odamlar bo‘lishgan. Agar mening ummatim orasida ham biror kishi sofdil va rostgo‘y bo‘ladigan bo‘lsa, bu albatta, Umar ibn Xattobdir”. Muslim rivoyati.
Qolaversa, Umar roziyallohu anhu ilhom sohibi edilar. ya’ni u kishining ko‘plab fikrlari Qur’on oyatlariga muvofiq kelar edi. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ayollarni o‘rantirish borasida nasihat qilganlar.
Yana Payg‘ambarimizga: “Ey Allohning Rasuli, Ibrohim alayhissalomning maqomlarini namoz o‘qiydigan joy qilib olsangiz yaxshi bo‘lardi” deganlar.
Badrda asir tushgan mushriklar borasida ham Umar roziyallohu anhu maslahat berganlar. Natijada Alloh taolo u kishining so‘zlarini tasdiqlab oyatlar nozil qilgan. Bundan tashqari Alloh taolo Umar roziyallohu anhuning qo‘llari bilan ko‘p o‘lkalarni fath etdi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga urushda ishlatish uchun kiymlarining bir chetida ming dinor olib kelib, u zot alayhissalomning qo‘ynilariga to‘kdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi olib kelgan dinorlarni qo‘ldan o‘tkaza turib: “Bugundan keyin Affon o‘g‘liga qilgan amali zarar bermaydi” deb marhamat qildilar. Bu gapni bir necha marta takrorladilar.
Nabiy alayhissalom Tabuk g‘azotida Ali roziyallohu anhu haqlarida shunday dedilar: “Ertaga bayroqni bir odamga beraman. Alloh uning qo‘li bilan ushbu diyorni fath etadi. Uning o‘zi Allohni va Rasulini yaxshi ko‘radi. Alloh va Rasuli ham uni yaxshi ko‘radi”. Odamlar tuni bilan bayroq kimga berilishini o‘ylab mijja qoqmay chiqdilar. Tong otgach, hammalari bayroqni olish umidida Rasulullohning oldilariga bordilar. Shunda Rasululloh sollalahu alayhi vasallam “Ali qayerda?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Ko‘zi og‘riyapti” deyishdi. Rasululloh u zotning ko‘zlariga muborak tupuklaridan surtib qo‘ydilar va Allohdan shifo tilab duo qildilar. Natijada, Hazrati Alining ko‘zlari xuddi og‘rimagandek tuzalib qoldi. Shundan keyin Payg‘ambar alayhissalom bayroqni Ali roziyallohu anhuga berdilar. Bayroqni qabul qilib olgan Hazrati Ali karramallohu vajhahu dedilar: “Ular bilan to ular ham biz kabi bo‘lgunlaricha urushaman”. Shunda Nabiy alayhissalom: “Shoshma, o‘zingni bos, avval ularning vodiysiga tush. Keyin ularni islomga da’vat qil. Ularga nimalar vojibligini tushuntir”, dedilar.
Ha, azizlar, sahobalarning barchalari jannat ahlidirlar. Alloh taolo aytadi: “Sizlardan (Makka) fath bo‘lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo‘lmagay. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan ulug‘roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go‘zal (mukofot – jannat) va’da qilgandir. Alloh qilayotgan (barcha) amallaringizdan xabardordir” (Hadid, 10).
Payg‘ambar alayhissalom barcha sahobalari haqida shunday deganlar: “Mening sahobalarim yo‘lchi yulduz kabidirlar. Ularning qay birlariga ergashsangiz to‘g‘ri yo‘lni topasiz”.
Sahobalarning fazlini, darajasini bitta misol bilan tushuntirib, so‘zimizga yakun yasaymiz. Dunyodagi eng buyuk avliyo, Allohning do‘sti eng quyi martabadagi sahobaning urushda mingan otining tuyog‘idagi changiga ham teng emas. Alloh barcha sahobalardan rozi bo‘lsin. Bizlarga esa ularga ergashib yashashni nasib aylasin, omin!
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi
“Usmon Zunnurayn” jome’ masjidi
imom-noibi Nozimjon Iminjonov
manbalardan tarjima qildi
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!