frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Abu Lahab

05.10.2016   18265   25 min.
Abu Lahab

“Bu qissalarni (ularga) aytib bering, zora ular tafakkur qilsalar.”(A’rof surasi 176 oyat.)

 Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘zlarining ahli oilalari va qavmlarini islom diniga da’vat qilmoqlikni buyurdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam birinchi bo‘lib o‘zlarining qabilalari bo‘lmish Banu Hoshim qabilasini da’vat qilmoqlikni hohladilar. Ularni bir joyga yig‘dilar, ular taxminan qirq, qirq bir kishi yoki o‘ttiz to‘qqiz kishi edi. Ularning orasida amakilaridan Abu Tolib, Hamza, Abbos va Abu Lahablar ham bor edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ularga shirin taomlarni tayyorlab berdilar, ular ana shu narsalardan yedilar va ichdilar. Taom  yeb bo‘lingach, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam chiroyli gaplarni aytishlikni hohladilar. So‘ngra: “Alloh taologa hamdlar bo‘lsin, U zotga hamd aytaman, Undan yordam so‘rayman, Unga iymon keltiraman va Uning O‘zigagina tavakkal qilaman” dedilar. Alloh taolo yakkayu yolg‘izdir, uning sherigi yo‘qdir, so‘ngra albatta biror bir qarindosh o‘z ahliga zinhor yolg‘on gapirmaydi. Alloh taologa  qasamki, agar men insonlarni aldasam ham sizlarni hech qachon aldamayman va insonlarni adashtirsam ham sizlarni aslo adashtirmayman. O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Alloh taologa qasam ichib aytamanki, albatta men sizlarga xossatan va insonlarga esa ommatan qilib yuborilgan Alloh taoloning rosuludirman dedilar. Allohga qasamki, sizlar huddi uxlaganlaringdek vafot etasizlar, uyg‘onganlaringizdek qayta tiriltirilasizlar, amal qilgan narsalaringiz barobarida hisob kitob qilinasizlar. Albatta ana shu narsalar abadiy jannat yoki abadiy azobga olib boradi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ularni hayron bo‘lib turganlarnini ko‘rganlarida ularga qarata aytdilarki, sizlarga bir gap aytmoqlikni hohlab turibman, ana shu so‘zning sababidan sizlar arablar ustidan hukm chiqarasizlar, ajamlarga esa boshchilik qilasizlar. Abu Lahab u zotga qarata bittamas o‘nta ayt dedi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam “Allohdan O‘zga iloh yo‘qdir, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning rosulidir” dedilar. Ana shu payt Abu Lahab bir yoqimsiz ovoz bilan: “Axir bu dindan qaytishlikku” uni to‘xtatinglar sizlarni biror bir azobga duchor qilmasidan oldin dedi. Abu Lahab atrofidagilarni uning gapiga kirmaslikka undadi hattoinki ular rostguy Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning da’vatlaridan yuz o‘girib ketdilar. Qavm Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hohlagan umumiy yaxshiliklardan iborat bo‘lgan narsalardan e’tibor bermasdan, Abu Lahabning baqir-chaqiri sababli, qattiq afsuslangan xolatda ortlariga qaytdilar.

 Rosululloh sollallohu alayhi vasallam amakilarining qilgan ishidan sarosimasga tushib qoldilar. Ana shu narsalardan avval Abu Lahab Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yaxshi munosabatda edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam albatta Abu Lahab jim bo‘lmasligini, u zotga nisbatan qarshi turishlikka bor imkoniyatidan foydalangan holatda barcha yomonliklarini ishga solishini bildilar, chunki u qavmning eng oldi va ikki yuzi qizili edi. Shuning uchun ham insonlar uning asl ismi Abduluzzo ibn Abdulmuttalib bo‘lishligiga qaramiy uni Abu Lahab deb nomlashardi.

 Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlari va da’vatlari to‘g‘risida qayg‘urardilar, chunki amakilari Abu Lahab qarindoshlarining ichida u zotga eng yaqini edi. Endi eng yaqin kishilari shunday deb turganidan keyin, boshqalardan nimani ham kutsa bo‘lardi. Lekin Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo hohlaganini qilsin deb, ishning nihoyasini Alloh taologa topshirdilar.

 Abu Lahab Nabiy sollallohu alayhi vasallamning majlislarini tark etib, Bani Hoshim qavmini birma bir aylanib chiqdi. Ularni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ig‘vo, fitna qilmoqlikka undadi. Bani Hoshim qavmini Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytayotgan gaplardan tiyib qo‘yishlikni hohlardi, lekin ular tahqirlash va dushmanchilikdan yuz o‘girdilar.

 Kunlarning birida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Lahabning qilgan ana shu ishi tufayli insonlarni bir joyga yig‘ish maqsadida Safo tog‘iga bir ogohlantiradigan ovoz bilan nido qildilar. Hamma insonlar to‘plandilar. Kela olmagan kishilar u zotni ko‘rishlik uchun o‘z nomilaridan bir odamni yuborishdi, Safo tog‘ida U zotni ko‘rishdi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarata shunday dedilar: “Xozir men sizlarga mana bu vodiyda bir necha otliqlar sizlarni hamla qilishlik maqsadida yig‘ilib turibdi desam mani gapimga ishonasizlarmi” dedilar. Ular: Albatta ishonamiz, chunki biz senda xech bir yolg‘on narsa ko‘rmaganmiz dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Men sizlarga oldingizdagi azobdan ogohlantiruvchiman dedilar. Shunda Abu Lahab: qo‘ling qurisin shuning uchun chaqirganmiding bizlarni dedi. Shunda Alloh taolo uning haqida: “Abu Lahabning qo‘llari qurisin (halok bo‘lsin!) Halok bo‘ldi ham. Mol mulklari va kasb qilib topgan narsalari unga asqotmadi. Yaqinda (u) olovda toblanajak”-oyatini nozil qildi. (Masad surasi, 1-3 oyatlar.)

 Insonlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yuz o‘girib ketdilar, Rosululloh ularga qarata: “Ey Quraysh ahli! Alloh taolodan bo‘ladigan azobdan o‘zlaringizni saqlanglar, chunki men Allohdan sizlarga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Bani Abdulmuttalib! Men Allohdan sizlarga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Abbos ibn Abdulmuttalib! men Allohdan sizga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Rosulullohning ammasi Sofiyya! men Allohdan sizga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Rosulullohning qizi Fotima! Mendan hohlagan narsangizni so‘rang, men Allohdan sizga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi” dedilar.

 Qavmdan biror kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamni eshitishlik uchun, u kishi xaqlarida biror narsani bilmoqlik uchun kelsa, Abu Lahab Muhammad esini yegan, ahmoq deb ularni orqasiga qaytarardi.

 Abu Lahab xotinini oldiga qaytib bordi. Uning xotini Arvo binti Harb (Ummu Jamil) bo‘lib, qavmning obro‘li ayollaridan edi, hasabda va nasabda ham peshqadam ayollardan edi. Shu bilan bir qatorda Quraysh zodagonlaridan bo‘lgan Abu Sufyon ibn Harbning singlisi edi. Lekin uning tili yomonligidan barcha ayollar undan ehtiyot bo‘lishardi.

 Ummu Jamil eriga qarab: “Insonlar nimaga to‘plandilar” dedi. Shunda Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan sodir bo‘lgan xodisani aytib berdi. Ummu Jamil: ilohlaringizni xaqoratlasa ham qarab turaverdinglarmi? -dedi. Abu Lahab: Nima qilaylik? Ummu Jamil dedi:  Uni to‘xtatinglar. Unga shunaqangi aziyat beringlarki, toki bu ishni jiddiyligini, hazil ish emasligini bilsin.

 So‘ngra Makka qabilalarining oldiga borib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamni boshqa nom bilan atadi. U ism “Muhammad” ismining aksi bo‘lib, “to‘xtovsiz qoralangan” degan ma’noni bildirardi. Ularga qarata: “Qoralangan (Muhammad)dan yuz o‘girdik, dinini yomon ko‘rdik va uning ishiga qarshi chiqdik” dedi. Insonlar orasida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi chaqimchilik qila boshladi. Bu ishida shu darajada haddidan oshdiki, hatto U zotni yo‘llarini poylab, yomon so‘zlar bilan xaqoratlab yurardi. Bu ishlaridan tashqari U zot sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga axlat va tikonlarni tashlardi. Shundan keyin Alloh taolo u to‘g‘risida Qur’oni karimda oyat nozil qildi. “Shuningdek, o‘tin tashuvchi xotini ham. Bo‘ynida puxta eshilgan arqoni ham bo‘lur.” (Masad surasi 4-5 oyat)

 Ummu Jamil Nabiy sollallohu alayhi vasallamga aziyat berishdan xech charchamasdi, hatto agar U zotning ro‘paralaridan chiqib qolgudek bo‘lsa, “Badbaxt, xorlangan” deb U kishini xaqoratlardi.

 Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta Alloh taolo “Muhammad” ismini saqlashlik maqsadida, unga Rosulullohni “muzammam, ya’ni qoralangan” deb atamoqlikka ilxom berdi”. Alloh taolo O‘zining Nabiyiga yordam berib, u jirkanch ayolning ko‘plab yomonliklaridan himoya qildi.

 Biz sizga bu ajoyib hodisani quyida keltiramiz:

 Ummu Jamil Rosululloh sollallohu alayhi vasallam taraflariga baqir chaqir qilib, qo‘lida katta tosh bilan kelardi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan birga edilar. Shunda Abu Bakr Siddiq: u siz tarafga kelyapti, men sizni ko‘rib qolishidan qo‘rqaman, agar berkinib tursangiz, u sizga aziyat bera olmasdi dedilar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: albatta Alloh taolo u bilan mening oramizni to‘sib qo‘yadi dedilar. U kelib Abu Bakrning  oldilariga to‘xtab, ey Abu Bakr birodaring bizlarni xaqorat va masxara qildi dedi. Shunda Abu Bakr Siddiq  Alloh taologa  qasamki, U zot sen haqingda she’r ham aytmaydilar, gapirmaydilar ham dedilar. Ummu Jamil: to‘g‘ri aytding. Men Quraysh sayyidining qizi bo‘lsamu menga shunaqa dermidi dedida orqasiga qaytib ketdi. Abu Bakr Siddiq  Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga: sizni ko‘rmadiya dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: bir farishta meni u ketguncha to‘sib turdi dedilar. Mana buni qarang! Rosululloh sollallohu alayhi vasallam birodarlari Abu Bakr Siddiq  bilan birga bo‘la turib, Ummu Jamil kelib Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan faqatgina Abu Bakr Siddiqni ko‘rishligi va Abu Bakrni bu ishdan taajjubga tushishlari qanday ham ajoyib xolat.

 Boshqa yurtlardan arab qabilalari Makkaga haj va umra amallarini ado etmoqlik uchun tashrif buyurishardi. Abu Lahab bu qilgan ishlari bilan kifoyalanmasdan, ana shu qabilalarning boshliqlarini oldiga borib: “Albatta Muhammad ukamning o‘g‘li, u ota bobolarimizning dinini inkor qilgan, u sehrgar, kohin, shoirdir uning gapiga quloq solmanglar, men uning amakisiman, men boshqa insonlardan ko‘ra uni ko‘proq bilaman” derdi. Abu Lahab Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning da’vatiga chaqirmasin deb, turli xil bepul ziyofatlarni uyushtirardi. U haj va umra mavsumlarida insonlarni U zotdan qaytarishlik uchun bor imkoniyatini sarf etardi.

 Mana shu xodisaning guvohi bo‘lgan bir kishi bizga aytib beradi: “Men islomda bo‘lmagan vaqtimda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni “Zul majoz” bozorida “Ey insonlar! Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q deb aytinglar, najot topasizlar” derdilar, insonlar u kishining atoroflariga to‘planishardi, u zotni orqalarida esa qizil yuzli, g‘ilay va ikki kokillik bir kishi: “Albatta Muhammad dindan qaytgan, yolg‘onchi” deb u zot qayerga borsalar orqalaridan ergashib yurardi”. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam gapirishdan to‘xtaganlaridan keyin Abu Lahab: men mana bu to‘qimachi, sehrgarning amakisiman unga ishonmanglar, men Abduluzzo Abu Lahabman, agar unga ishonsangiz, u sizlarni ham sehrlab qo‘yadi der edi.

 Qalblariga iymon nuri kirishiga oz qolgan insonlar bu so‘zlardan so‘ng aytishardiki: agar bu yigit yaxshi bo‘lganida edi, amakisi buning to‘g‘risida yaxshi gaplarni aytgan bo‘lardi, chunki biror kishining yaqini uni ko‘proq biladi deyishardi. Abu Lahab ularga qarata: agar jiyanimning aytayotgan gapi rost bo‘ladigan bo‘lsa, men molu mulklarim bilan qiyomat kunidagi azobdan xalos bo‘laman dedi. Alloh taolo buning bu gapiga Qur’oni karimda qattiq raddiya berib quydagi oyati karimani nozil qildi: “Mol mulki va kasb bilan topgan narsalari unga asqotmadi.” (Masad surasi 3 oyat)

 Alloh O‘zining to‘g‘ri hidoyat yo‘lidan adashtirmasin. Omin.

 Jaloliddin Hamroqulov

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Iordaniya fatvo hay’ati: Sotilayotgan mahsulotda yo‘q sifatlarni bor deb da’vo qilish harom!

06.07.2026   4174   4 min.
Iordaniya fatvo hay’ati: Sotilayotgan mahsulotda yo‘q sifatlarni bor deb da’vo qilish harom!

Iordaniya fatvo tashkiloti (Doiratul-ifto al-urduniyya) tomonidan savdo-sotiqda mahsulot qadog‘iga noto‘g‘ri ma’lumotlarni yozish va aslida yo‘q bo‘lgan xususiyatlarni da’vo qilishning hukmiga oid savolga oydinlik kiritildi. Unda ta’kidlanishicha, mazkur fatvo tashkilotiga quyidagicha savol kelib tushgan:

Savol: Biz bir mahsulot ishlab chiqarib sotamiz. Uning qadog‘iga kaloriya miqdorini “200 kkal atrofida” deb yozib qo‘ygan edik. Aslida esa uning kaloriyasi bundan ko‘proq. Biz shu holatida undan juda ko‘p miqdorda sotib yubordik. Shuni ham ta’kidlash kerakki, agar qadoqqa kaloriya miqdorini asl holicha ko‘proq qilib yozganimizda ham mahsulotning narxi o‘zgarmasdi. Shu qilgan ishimizning hukmi qanday bo‘ladi va endi nima qilishimiz kerak?

Ushbu savolga Iordaniya fatvo hay’ati ulamolari shunday javob berishgan:

Javob: Allohga hamdlar bo‘lsin, Payg‘ambarimizga salovat va salomlar bo‘lsin!

Islom dinida savdo-sotiq va o‘zaro muomalalarda yolg‘on gapirish va aldash qat’iyan harom qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi:

وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ

«Ular (ya’ni, mo‘minlar) o‘zlariga ishonilgan omonatlarga va (o‘zgalarga) bergan ahdu paymonlariga rioya qilguvchi kishilardir» (Mo‘minun surasi, 8-oyat).

Boshqa oyatda esa:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ

«Ey, iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar», deyilgan (Tavba surasi, 119-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ غَشَّنَا فَلَيْسَ مِنَّا  (رواه مسلم)

«Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati).

Tovarga unda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni nisbat berish (masalan, qadoqqa noto‘g‘ri ma’lumot yozish) yolg‘on va firibgarlik hisoblanadi. Arzimas dunyoviy manfaatlarni deb yolg‘on gapirish va aldashning haromligi hech kimga sir emas. Iordaniya Fatvo kengashining 101-sonli qarorida shunday deyiladi:

“Musulmon kishi xoh tojir bo‘lsin, xoh savdo vakili yoki boshqa vazifada bo‘lsin, barcha so‘zlarida rostgo‘y bo‘lishi, o‘zi reklama qilayotgan va sotayotgan har qanday mahsulot haqidagi haqiqatni doim ochiq bayon qilishi shart. Qanday holat bo‘lmasin, yolg‘on gapirish va odamlarni chalg‘itish haromdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlaridek: «Rostgo‘ylikni lozim tutinglar, chunki rostgo‘ylik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapiraversa va rostgo‘ylikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «siddiqlardan» deb yoziladi. Sizlar yolg‘ondan hazir bo‘linglar, chunki yolg‘on fujurga boshlaydi. Fujur esa do‘zaxga boshlaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa va yolg‘onchilikni istashda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida «kazzoblardan» deb yoziladi» (Muttafaqun alayh). Va yana shunday deganlar: «Kim bizni aldasa, bizdan emas» (Imom Muslim rivoyati). Va yana: «Musulmon musulmonning birodaridir. Musulmon kishi o‘z birodariga biror aybli narsani sotsa, albatta, uni bayon qilishi shartdir» (Imom Ibn Moja rivoyati)”.

Savdo-sotiqda bilib-bilmay yolg‘on va firibgarlikka yo‘l qo‘ygan kishi zudlik bilan Alloh taologa chin dildan tavba qilishi vojibdir. Buning uchun darhol mazkur noto‘g‘ri ishni to‘xtatib, mahsulot qadog‘idagi noto‘g‘ri ma’lumotlarni to‘g‘rilash, xaridorlarni bu holatdan xabardor qilish, bunday ishga qaytmaslikka qat’iy qaror qilish va qilgan ishiga pushaymon bo‘lib, Allohdan ko‘p mag‘firat so‘rash hamda yaxshi amallarni ko‘paytirish lozim bo‘ladi.

 

Shuni ham ta’kidlash kerakki, modomiki mahsulotning narxi undagi noto‘g‘ri ma’lumot sababli oshmagan ekan (ya’ni kaloriyasi boshqacha yozilganda ham narx bir xil bo‘lsa), foydaning qaysidir qismini ajratib tashlash talab etilmaydi. Chunki o‘rtada qaytarilishi kerak bo‘lgan farq yo‘q. Biroq, topilgan daromadni poklash va ko‘ngilni xotirjam qilish maqsadida yaxshilik yo‘llariga sadaqa qilib yuborish maqsadga muvofiqdir.

Xulosa qilib aytganda, sotilayotgan mahsulotda aslida yo‘q bo‘lgan sifatlarni bor deb da’vo qilish haromdir. Bu Islomda taqiqlangan yolg‘on va aldov sanaladi. Bunday ishga qo‘l urgan kimsa darhol chin tavbaga shoshilishi lozim, daromadni poklash uchun esa sadaqa qilishi maqsadga muvofi bo‘ladi. Vallohu a’lam”.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

 

 

 

 

Maqolalar