“Bu qissalarni (ularga) aytib bering, zora ular tafakkur qilsalar.”(A’rof surasi 176 oyat.)
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘zlarining ahli oilalari va qavmlarini islom diniga da’vat qilmoqlikni buyurdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam birinchi bo‘lib o‘zlarining qabilalari bo‘lmish Banu Hoshim qabilasini da’vat qilmoqlikni hohladilar. Ularni bir joyga yig‘dilar, ular taxminan qirq, qirq bir kishi yoki o‘ttiz to‘qqiz kishi edi. Ularning orasida amakilaridan Abu Tolib, Hamza, Abbos va Abu Lahablar ham bor edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ularga shirin taomlarni tayyorlab berdilar, ular ana shu narsalardan yedilar va ichdilar. Taom yeb bo‘lingach, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam chiroyli gaplarni aytishlikni hohladilar. So‘ngra: “Alloh taologa hamdlar bo‘lsin, U zotga hamd aytaman, Undan yordam so‘rayman, Unga iymon keltiraman va Uning O‘zigagina tavakkal qilaman” dedilar. Alloh taolo yakkayu yolg‘izdir, uning sherigi yo‘qdir, so‘ngra albatta biror bir qarindosh o‘z ahliga zinhor yolg‘on gapirmaydi. Alloh taologa qasamki, agar men insonlarni aldasam ham sizlarni hech qachon aldamayman va insonlarni adashtirsam ham sizlarni aslo adashtirmayman. O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Alloh taologa qasam ichib aytamanki, albatta men sizlarga xossatan va insonlarga esa ommatan qilib yuborilgan Alloh taoloning rosuludirman dedilar. Allohga qasamki, sizlar huddi uxlaganlaringdek vafot etasizlar, uyg‘onganlaringizdek qayta tiriltirilasizlar, amal qilgan narsalaringiz barobarida hisob kitob qilinasizlar. Albatta ana shu narsalar abadiy jannat yoki abadiy azobga olib boradi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ularni hayron bo‘lib turganlarnini ko‘rganlarida ularga qarata aytdilarki, sizlarga bir gap aytmoqlikni hohlab turibman, ana shu so‘zning sababidan sizlar arablar ustidan hukm chiqarasizlar, ajamlarga esa boshchilik qilasizlar. Abu Lahab u zotga qarata bittamas o‘nta ayt dedi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam “Allohdan O‘zga iloh yo‘qdir, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning rosulidir” dedilar. Ana shu payt Abu Lahab bir yoqimsiz ovoz bilan: “Axir bu dindan qaytishlikku” uni to‘xtatinglar sizlarni biror bir azobga duchor qilmasidan oldin dedi. Abu Lahab atrofidagilarni uning gapiga kirmaslikka undadi hattoinki ular rostguy Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning da’vatlaridan yuz o‘girib ketdilar. Qavm Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hohlagan umumiy yaxshiliklardan iborat bo‘lgan narsalardan e’tibor bermasdan, Abu Lahabning baqir-chaqiri sababli, qattiq afsuslangan xolatda ortlariga qaytdilar.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam amakilarining qilgan ishidan sarosimasga tushib qoldilar. Ana shu narsalardan avval Abu Lahab Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan yaxshi munosabatda edi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam albatta Abu Lahab jim bo‘lmasligini, u zotga nisbatan qarshi turishlikka bor imkoniyatidan foydalangan holatda barcha yomonliklarini ishga solishini bildilar, chunki u qavmning eng oldi va ikki yuzi qizili edi. Shuning uchun ham insonlar uning asl ismi Abduluzzo ibn Abdulmuttalib bo‘lishligiga qaramiy uni Abu Lahab deb nomlashardi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlari va da’vatlari to‘g‘risida qayg‘urardilar, chunki amakilari Abu Lahab qarindoshlarining ichida u zotga eng yaqini edi. Endi eng yaqin kishilari shunday deb turganidan keyin, boshqalardan nimani ham kutsa bo‘lardi. Lekin Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo hohlaganini qilsin deb, ishning nihoyasini Alloh taologa topshirdilar.
Abu Lahab Nabiy sollallohu alayhi vasallamning majlislarini tark etib, Bani Hoshim qavmini birma bir aylanib chiqdi. Ularni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ig‘vo, fitna qilmoqlikka undadi. Bani Hoshim qavmini Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytayotgan gaplardan tiyib qo‘yishlikni hohlardi, lekin ular tahqirlash va dushmanchilikdan yuz o‘girdilar.
Kunlarning birida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Lahabning qilgan ana shu ishi tufayli insonlarni bir joyga yig‘ish maqsadida Safo tog‘iga bir ogohlantiradigan ovoz bilan nido qildilar. Hamma insonlar to‘plandilar. Kela olmagan kishilar u zotni ko‘rishlik uchun o‘z nomilaridan bir odamni yuborishdi, Safo tog‘ida U zotni ko‘rishdi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarata shunday dedilar: “Xozir men sizlarga mana bu vodiyda bir necha otliqlar sizlarni hamla qilishlik maqsadida yig‘ilib turibdi desam mani gapimga ishonasizlarmi” dedilar. Ular: Albatta ishonamiz, chunki biz senda xech bir yolg‘on narsa ko‘rmaganmiz dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Men sizlarga oldingizdagi azobdan ogohlantiruvchiman dedilar. Shunda Abu Lahab: qo‘ling qurisin shuning uchun chaqirganmiding bizlarni dedi. Shunda Alloh taolo uning haqida: “Abu Lahabning qo‘llari qurisin (halok bo‘lsin!) Halok bo‘ldi ham. Mol mulklari va kasb qilib topgan narsalari unga asqotmadi. Yaqinda (u) olovda toblanajak”-oyatini nozil qildi. (Masad surasi, 1-3 oyatlar.)
Insonlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yuz o‘girib ketdilar, Rosululloh ularga qarata: “Ey Quraysh ahli! Alloh taolodan bo‘ladigan azobdan o‘zlaringizni saqlanglar, chunki men Allohdan sizlarga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Bani Abdulmuttalib! Men Allohdan sizlarga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Abbos ibn Abdulmuttalib! men Allohdan sizga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Rosulullohning ammasi Sofiyya! men Allohdan sizga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi. Ey Rosulullohning qizi Fotima! Mendan hohlagan narsangizni so‘rang, men Allohdan sizga biror narsa yetsa, meni qo‘limdan hech nima kelmaydi” dedilar.
Qavmdan biror kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamni eshitishlik uchun, u kishi xaqlarida biror narsani bilmoqlik uchun kelsa, Abu Lahab Muhammad esini yegan, ahmoq deb ularni orqasiga qaytarardi.
Abu Lahab xotinini oldiga qaytib bordi. Uning xotini Arvo binti Harb (Ummu Jamil) bo‘lib, qavmning obro‘li ayollaridan edi, hasabda va nasabda ham peshqadam ayollardan edi. Shu bilan bir qatorda Quraysh zodagonlaridan bo‘lgan Abu Sufyon ibn Harbning singlisi edi. Lekin uning tili yomonligidan barcha ayollar undan ehtiyot bo‘lishardi.
Ummu Jamil eriga qarab: “Insonlar nimaga to‘plandilar” dedi. Shunda Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan sodir bo‘lgan xodisani aytib berdi. Ummu Jamil: ilohlaringizni xaqoratlasa ham qarab turaverdinglarmi? -dedi. Abu Lahab: Nima qilaylik? Ummu Jamil dedi: Uni to‘xtatinglar. Unga shunaqangi aziyat beringlarki, toki bu ishni jiddiyligini, hazil ish emasligini bilsin.
So‘ngra Makka qabilalarining oldiga borib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamni boshqa nom bilan atadi. U ism “Muhammad” ismining aksi bo‘lib, “to‘xtovsiz qoralangan” degan ma’noni bildirardi. Ularga qarata: “Qoralangan (Muhammad)dan yuz o‘girdik, dinini yomon ko‘rdik va uning ishiga qarshi chiqdik” dedi. Insonlar orasida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qarshi chaqimchilik qila boshladi. Bu ishida shu darajada haddidan oshdiki, hatto U zotni yo‘llarini poylab, yomon so‘zlar bilan xaqoratlab yurardi. Bu ishlaridan tashqari U zot sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga axlat va tikonlarni tashlardi. Shundan keyin Alloh taolo u to‘g‘risida Qur’oni karimda oyat nozil qildi. “Shuningdek, o‘tin tashuvchi xotini ham. Bo‘ynida puxta eshilgan arqoni ham bo‘lur.” (Masad surasi 4-5 oyat)
Ummu Jamil Nabiy sollallohu alayhi vasallamga aziyat berishdan xech charchamasdi, hatto agar U zotning ro‘paralaridan chiqib qolgudek bo‘lsa, “Badbaxt, xorlangan” deb U kishini xaqoratlardi.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta Alloh taolo “Muhammad” ismini saqlashlik maqsadida, unga Rosulullohni “muzammam, ya’ni qoralangan” deb atamoqlikka ilxom berdi”. Alloh taolo O‘zining Nabiyiga yordam berib, u jirkanch ayolning ko‘plab yomonliklaridan himoya qildi.
Biz sizga bu ajoyib hodisani quyida keltiramiz:
Ummu Jamil Rosululloh sollallohu alayhi vasallam taraflariga baqir chaqir qilib, qo‘lida katta tosh bilan kelardi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan birga edilar. Shunda Abu Bakr Siddiq: u siz tarafga kelyapti, men sizni ko‘rib qolishidan qo‘rqaman, agar berkinib tursangiz, u sizga aziyat bera olmasdi dedilar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: albatta Alloh taolo u bilan mening oramizni to‘sib qo‘yadi dedilar. U kelib Abu Bakrning oldilariga to‘xtab, ey Abu Bakr birodaring bizlarni xaqorat va masxara qildi dedi. Shunda Abu Bakr Siddiq Alloh taologa qasamki, U zot sen haqingda she’r ham aytmaydilar, gapirmaydilar ham dedilar. Ummu Jamil: to‘g‘ri aytding. Men Quraysh sayyidining qizi bo‘lsamu menga shunaqa dermidi dedida orqasiga qaytib ketdi. Abu Bakr Siddiq Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga: sizni ko‘rmadiya dedilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: bir farishta meni u ketguncha to‘sib turdi dedilar. Mana buni qarang! Rosululloh sollallohu alayhi vasallam birodarlari Abu Bakr Siddiq bilan birga bo‘la turib, Ummu Jamil kelib Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan faqatgina Abu Bakr Siddiqni ko‘rishligi va Abu Bakrni bu ishdan taajjubga tushishlari qanday ham ajoyib xolat.
Boshqa yurtlardan arab qabilalari Makkaga haj va umra amallarini ado etmoqlik uchun tashrif buyurishardi. Abu Lahab bu qilgan ishlari bilan kifoyalanmasdan, ana shu qabilalarning boshliqlarini oldiga borib: “Albatta Muhammad ukamning o‘g‘li, u ota bobolarimizning dinini inkor qilgan, u sehrgar, kohin, shoirdir uning gapiga quloq solmanglar, men uning amakisiman, men boshqa insonlardan ko‘ra uni ko‘proq bilaman” derdi. Abu Lahab Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning da’vatiga chaqirmasin deb, turli xil bepul ziyofatlarni uyushtirardi. U haj va umra mavsumlarida insonlarni U zotdan qaytarishlik uchun bor imkoniyatini sarf etardi.
Mana shu xodisaning guvohi bo‘lgan bir kishi bizga aytib beradi: “Men islomda bo‘lmagan vaqtimda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni “Zul majoz” bozorida “Ey insonlar! Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q deb aytinglar, najot topasizlar” derdilar, insonlar u kishining atoroflariga to‘planishardi, u zotni orqalarida esa qizil yuzli, g‘ilay va ikki kokillik bir kishi: “Albatta Muhammad dindan qaytgan, yolg‘onchi” deb u zot qayerga borsalar orqalaridan ergashib yurardi”. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam gapirishdan to‘xtaganlaridan keyin Abu Lahab: men mana bu to‘qimachi, sehrgarning amakisiman unga ishonmanglar, men Abduluzzo Abu Lahabman, agar unga ishonsangiz, u sizlarni ham sehrlab qo‘yadi der edi.
Qalblariga iymon nuri kirishiga oz qolgan insonlar bu so‘zlardan so‘ng aytishardiki: agar bu yigit yaxshi bo‘lganida edi, amakisi buning to‘g‘risida yaxshi gaplarni aytgan bo‘lardi, chunki biror kishining yaqini uni ko‘proq biladi deyishardi. Abu Lahab ularga qarata: agar jiyanimning aytayotgan gapi rost bo‘ladigan bo‘lsa, men molu mulklarim bilan qiyomat kunidagi azobdan xalos bo‘laman dedi. Alloh taolo buning bu gapiga Qur’oni karimda qattiq raddiya berib quydagi oyati karimani nozil qildi: “Mol mulki va kasb bilan topgan narsalari unga asqotmadi.” (Masad surasi 3 oyat)
Alloh O‘zining to‘g‘ri hidoyat yo‘lidan adashtirmasin. Omin.
Jaloliddin Hamroqulov
Tasavvuf ilmining ta’rifi haqida 200 dan ziyod bir biriga yaqin ma’noli fikrlar aytilgan. Shulardan, mo‘tabar va boshqa ta’riflarni o‘zida jamlovchi ba’zi bir ta’riflarni keltiraman.
Shayxul islom Zakariyo Al-Ansoriy tasavvufning ta’rifi haqida quyidagi so‘zlarni aytadilar:
التصوف: علم تعرف به أحوال تزكية النفوس، وتصفية الأخلاق وتعمير الظاهر والباطن لنيل السعادة الأبدية
Tasavvuf – abadiy saodatga erishish uchun nafsni poklash, xulqlarni musaffolashtirish, tashqi va ichki dunyoni tuzatishni o‘rgatadigan ilmdir.
Tasavvufning ta’rifida ba’zilar aytadiki:
التصوف كله أخلاق، فمن زاد عليك بالأخلاق زاد عليك بالتصوف
Tasavvufning barchasi go‘zal axloqdan iborat. Kimning go‘zal xulqi sening xulqingdan ziyoda bo‘lsa, bilginki u tasavvuf jihatidan sendan ustundir.
Imom Shoziliy rahmatulloh alayh tasavvufni quyidagicha ta’riflaydilar:
التصوف: تدريب النفس على العبودية، وردها لأحكام الربوبية
Tasavvuf: Bu nafsni ubudiyat (bandalik) sifatini shakllantirishga mashq qildirish va Robboniy hukmlarga uni topshirish.
Xulosa qilib aytganda, insonni ham ichki ham tashqi dunyosini go‘zal bo‘lishiga, shariatdan qasd qilingan komil inson darajasiga ko‘tarilishiga xizmat qiladigan asosiy ilmlardan biri bu tasavvuf desak xato bo‘lmasa kerak.
Shariatdagi buyruqlar insonga nisbattan ikki qismga bo‘linadi:
1. Zohiriy amallarga ta’luqli bo‘lgan hukmlar
2. Botiniy amallarga ta’luqli bo‘lgan hukmlar.
Boshqacha qilib aytganda insonni badani, jismiga ta’luqli bo‘lgan hukmlar va insonni qalbiga ta’luqli bo‘lgan hukmlar.
Badanga ta’luqli bo‘lgan hukmlar buyruq va qaytariqlardan iborat. Buyruqqa misol: Namoz o‘qish, zakot berish, haj qilish va hokazo… Qaytariqlarga misol: Odam o‘ldirmaslik, zino qilmaslik, o‘g‘irlik qilmaslik, aroq ichmaslik va hokazo…
Qalbiy amallar ham xuddi shunday buyruq va qaytariqlardan iborat. Buyruqlariga misol: Allohga, uning rasullariga, farishtalarga, kitoblariga iymon keltirish, ixlosli bo‘lish, xushu’, tavakkul va hokazo… Qaytariqqa misol: Kufr keltirmaslik, ujub, riyo, hasad qilmaslik va hokazo…
Garchi badaniy va qalbiy hukmlarning ikkalasi ham muhim bo‘lsada qalbga ta’luqli bo‘lgan hukmlar birinchisidan ko‘ra muhimroqdir. Chunki botiniy amallar zohiriy amallarning asosi va poydevori hisoblanadi. Agar botiniy amal buzilsa zohiriy amallarning barchasi fasod bo‘ladi.
Alloh taolo “Kahf” surasining 110-oyatida: “Kim Robbisiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbisiga ibodat qilishda birontani sherik qilmasin”, deb marhamat qilgan.
Shuning uchun Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sahobalarning diqqatini qalblarini isloh qilishga qaratgan edilar. Ularga: “Insonning salohiyati, qalbining salohiyati, yashirin kasalliklardan salomatligiga bog‘liq”, der edilar.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom bunday dedilar:
الا و إنَ في الجسد مضغة إذا صلحت صلح الجسد كلَه و إذا فسدت فسد الجسد كلَه الا و هي القلب
“Ogoh bo‘ling! Jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar o‘sha tuzalsa jasadning barchasi tuzaladi. Agar o‘sha buzilsa jasadning barchasi buziladi. Ogoh bo‘ling! o‘sha bir parcha go‘sht qalbdir”.
Xuddi shuningdek u zot sollallohu alayhi vasallam Alloh nazar tashlaydigan joy, bu qalb ekanini uqtirganlar.
Imom Buxoriy va Imom Muslim qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni marhamat qilganlar:
إنَّ اللهَ لا يَنْظُرُ إِلَى أجْسَادِكُمْ وَلا إِلَى صُوَرِكُمْ وَلكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ
“Alloh sizning jismingiz yoki suratlaringizga qaramaydi. Lekin sizning qalbingizga qaraydi”.
Modomiki insonning salohiyati zohiriy amallarning manbasi bo‘lgan qalbga bog‘liq ekan, uni Alloh qaytargan yomon sifatlardan tozalab isloh qilish va uni go‘zal sifatlar bilan bezash lozim ekan. Mana shu ishlarni qilsa, o‘sha qalb sohibi qalbi salim najot topuvchi kishilardan bo‘lar ekan.
Alloh taolo Shuaro surasining 88-89-oyatlarida marhamat qilib aytadiki: “U kunda molu davlat ham bola-chaqa ham foyda bermaydi. Faqatgina kimki Allohga salim qalb bilan kelsa, (o‘sha salim qalb) manfa’at beradi”.
Qalbni poklash va nafsni tarbiyalash farzi aynlarning eng muhimidir. Alloh taoloning ilohiy buyruqlari shuni taqozo qiladi. Bu haqda oyat, hadis va ulamolar so‘z yuritganlar.
Alloh taolo A’rof surasining 33-oyatida marhamat qilib aytadi: “(Ey,Muhammad): “Robbim oshkora va yashirin yomonliklardan qaytardi”, deb aytgin”.
Va yana An’om surasining 151-oyatida marhamat qilib aytadi:
“Gunoh ishlarning oshkora va yashiriniga ham yaqinlashmanglar”.
Mufassir olimlar oyatdagi ichki, yashirin gunohdan maqsad: hasad, riyo, nifoq, deb tafsir qilganlar.
Albatta bu illatlardan qutilish va ularni oldini olish masalasini tasavvuf muolaja qiladi.
Hadisdan dalillar: Hasad, kibr, riyodan qaytaruvchi va go‘zal axloqlar bilan xulqlanishga chorlovchi barcha hadislar bizning mavzumizga hujjat bo‘la oladi.
Hadislarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Iymon yetmish nechidir shoxchadan iborat. Uning eng oliysi “Laa ilaha illalloh” kalimasi bo‘lsa, uning eng pastki darajasi, yo‘ldagi aziyatlarni olib tashlash. Hayo ham o‘sha iymonning shoxchalaridan biridir”, deganlar.
Iymonning mukammalligi shu shoxchalarning bir shaxsda to‘liq jamlanishi bilan bo‘ladi. Iymonning noqisligi esa o‘sha shoxchalarning kamayishi bilan bo‘ladi.
Tasavvuf aynan manashu shoxchalarni insonda mujassam bo‘lishida katta rol o‘ynaydi.
Olimlarning so‘zlaridan dalil: Ulamolar, alohida tavbaga muhtoj bo‘ladigan qalbning kasallaridan bo‘lgan gunohi kabiralarni sanab chiqqanlar. Va bularning barini tasavvuf yo‘nalishida muolaja qilishini bayon qilib chiqqanlar.
“Javharatu tavhid” asarida Shayx Bajuriy quyidagilarni aytadilar: “Yaxshilikka chaqirib, chaqimchilik, g‘iybat, kibr, riyo, hasad, tortishuv va janjalga o‘xshagan yomon ishlardan o‘zingni tiy. Albatta bular nafsning aybi hisoblanadi. Va bu dardga uchraganlarning tabibi buyuk so‘fiylar hisoblanadi”.
“Hidoyatul Alaiyya” kitobining muallifi bu haqda quydagi so‘zlarni aytadi: “Shariat ko‘rsatmalari va olimlarning ijmosi hasad, musulmonlarni tahqirlash, kibr, o‘zidan o‘zi faxrlanib ujubga ketish, riyo, nifoq va shunga o‘xshagan jirkanch ishlarning harom ekanligiga dalolat qilgach, bu ishlarning hudud va chegaralarini bilib olib, barchasidan chetlanish va uzoqlashish lozim. Buning haqiqatini esa faqatgina tasavvuf ilmi bayon qilib beradi. Demak, yuqorida keltirilgan oyat va hadisi shariflardan shu bilinadiki tasavvuf musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, muhum yo‘nalishlardan biri ekanligi kelib chiqadi”.
Abdulhodiy ABDURAHMONOV,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri -Toshkent. 2009. 546 b.
2. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul buxoriy. Bayrut: “Muassatur risolatun noshirun”. 2019. 1904 b.
3. Muslim ibn Hajjoj an-Naysaburiy. Sahihi muslim. Riyoz: “Baytul afkorud davliyya”. 1998. 1473 b.
4. Alouddin Obidin. Alhidoyatul Aloiyya. Damashq: “Dorussalom”. 2003.
5. Shoh Valiyulloh Dehlaviy. Hujjatullohil balig‘a. Karachi: “Dorut tanvir”. 1998.
6. Muhammad Ibn Is’hoq Al-Buxoriy Al-Kalaboziy. At-tarruf limazhabi ahli tasavvuf. Qohira: “Turosul arab”. 2000.
7. Shayxul islom Zakariyo al-Ansoriy. Sharhu risolatil qushayriyya. Damashiq: “Dar an-nu’mon lil ulum”. 2000. 584 b.
8. Shayx Mustafo al-Madaniy. Annusratun nabaviyya. Madina: “Dor al-hikma”. 2009.
9. Alloma Hamid Saqar. Nuru tahqiq. Qohira: “Turosul arab”. 2000.