Ma’lumki, islom shariati jamiyat hayotidagi deyarli barcha masalalarga javob topib kelgan. Dinimiz boshqalar arzimas deb qaragan ishlarga ham katta ahamiyat beradi. Oila - bu muqaddas dargoh, jamiyatning tayanchi. Oila sog‘lom bo‘lishi uchun nikohning ahamiyati katta. Fiqh kitoblarimizning barchasida, nikoh bobida bola emizish masalasiga alohida urg‘u berilgan.Bir qarashda arzimasdek tuyulgan bu ishda qanday hikmatlar bor va nima uchun dinimiz bu ishga shunchalar katta ahamiyat bergan?
Avvalom bor bola emizish masalasining shar’iy hukmlariga to‘xtalib o‘tsak. “Razo’” so‘zi lug‘atda emizish so‘rish ma’nosini bildiradi. Shar’iy istilohda, ikki yoshga to‘lmagan bolaning qorniga ayol kishi sutining yetib borishidir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Volidalar bolalarini to‘liq ikki yil emizurlar. Kim emizishni batamom qilishni hohlasa”. (Baqara, 233). Shunga ko‘ra bola ikki yoshgacha bo‘lgan muddatda begona onani emsa (Imomi A’zam rahmatullohi alayh ikki yarim oygacha, deganlar) va bolaning qorniga sut yetib borgani aniq bo‘lsa emikdoshlik hukmida bo‘ladi. Bola ikki yarimdan oshganda emsa, emgani bilan sut bolaning qorniga yetib bormaganligi aniq bo‘lsa yoki suti yo‘q ayollarni emsa emikdoshlik hukmida bo‘lmaydi. Oysha (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v): Nasab jihatidan nikohi harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladi”, dedilar”. Agar bir ayolni ikkita bir-biriga begona bo‘lgan bolalar emsa, ularning biri qiz va ikkinchisi o‘g‘il bola bo‘lsa,bular bir-biriga emikdosh bo‘ladi va nikohlari durust bo‘lmaydi. Agar shunday yigit va qiz bir-birlari bilan nikohlangan bo‘lsa, ularning emikdosh ekanligini adolatli ikki er kishi yohud bir er kishi va ikki ayol kishi birgalikda guvohlik bersa nikohlari to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uqba ibn Horis (r.a) aytadi: “Bir ayolga uylandim. So‘ngra oldimizga bir qora xotin kelib, ikkovingizni emizganman, dedi. Shunda men borib Payg‘ambarmiz (s.a.v)ga xabar berdim va: “Albatta, bu ayol yolg‘onchi bo‘lsa kerak”, dedim. U Zot yuzlarini o‘girib oldilar. Men yana yuz tomonlariga o‘tib: “Albatta u yolg‘onchi”, dedim. U Zot: “Qandoq qilib, axir, u ikkovingizni emizganini da’vo qilmoqda-ku! Uni qo‘yib yubor”, dedilar”. Hozirgi zamon tibbiyoti ham qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarda nasl kasallari bilan kasallanish ko‘p uchrashini tasdiqlaydi. Shunday nikohlar tufayli bir qancha bolalar nogiron, mayib-majruh tug‘ilishiga hayotda guvoh bo‘lib turibmiz. Go‘dakning ikki yoshgacha asosiy oziqasi ona suti bo‘ladi. Go‘dakning o‘sishi, rivojlanishi shu sutdan oladigan oziqaga bog‘liq. Onada sut paydo bo‘lishi otadan urchish sabablidir. Demak, ona sutida ham ona, ham ota organizmidagi moddalar mavjud. Bu sutni emgan turli bolalar qarindoshlarga o‘xshab qoladi va nikohlari salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.Ba’zan ayollarimizdan tug‘ruqxonada ayrim bolalar o‘z onasini sutiga to‘ymagan paytda, yonidagi ayollar emizishini yoki sutini sog‘ib ichkazishini eshitib qolamiz. Bunday holatlarga o‘ta e’tiborli bo‘lish lozim. Avvalom bor begona bolani emizish uchun erning roziligi bo‘lishi kerak. Emizgan bolaning ota-onasini, bolani aniq bilish va eslab qolish lozim. Chunki, vaqti kelib bu go‘dak voyaga yetganda shu onaning bolalari bilan nikoh bog‘lashni hohlab qolishi mumkin. Bunday nikoh esa aslo mumkin emas. Chunki, bu bolalar bir-biriga emikdosh bo‘lib qolgan. Shuning uchun farzandlarimizni nikohlashni hohlaganimizda bu narsalarga ham alohida ahamiyat berishimiz lozim.
Shu o‘rinda yana bir narsaga e’tibor qaratishni hohlardim. Hozirgi kunda g‘arb madaniyati milliy va diniy madaniyatlarimizga katta tahdid solmoqda. Bu narsa biz gapirayotgan bola emizish masalasini ham chetlab o‘tmayapti. Do‘konda ishlaydigan bir opa: “Hozirgi yosh onalarimiz sun’iy sutlarni ko‘p xarid qiladi. Ulardan nega bolalaringizni emizmay sun’iy sutlar berasalar desam, bola emizsak qomatimiz buziladi, ba’zilari esa bola onaga o‘rganib qolib kechalari uyqu bermay halovatimiz buziladi, deb javob beradi”, deydi. Rosululloh (s.a.v) uch bora onaga yaxshilik qilishga buyurdilar, jannat onalar oyoqlari ostidadir deb marhamat qildilar. Bu aytilgan mukofotlar aynan onalarning o‘sha mashaqqatlari uchun berilmaganmi?
Ona suti o‘rnini hech qanday oziqa bosa olmaydi. Ona sutida go‘dak uchun kerakli bo‘lgan eng zaruriy oziqaviy moddalar borligini, go‘daklarni turli xil infeksiyalardan, mikrob kasalliklaridan himoya qilishini zamonaviy tibbiyot ham tasdiqlaydi. Ona sutida sigir sutida uchramaydigan yuzdan ortiq moddalar mavjud ekan. Go‘dak emizgan onalarda ko‘krak saratoniga qarshi immunitetlar paydo bo‘lishi fanda aniqlangan. Bola jismonan sog‘lom o‘sishi uchun ona sutining ahamiyati katta. Farzand uchun nafaqat jismoniy sog‘liq, balki ma’naviy sog‘lomlik ham zarur. Ona bolasini emizganda bolani bag‘riga olib, alohida mehr beradi. Ona qattiq hayajonlanganda yoki qo‘rqqanda onadan sut qochib ketish holatlarini eshitganmiz. Demak, ona ko‘kragiga sut kelishi uchun onada ruhiy sokinlik, mehribonlik tuyg‘ulari bo‘lishi lozim. Ona bolasini emizayotganda unga nafaqat sut, balki shu sutga qo‘shib alohida mehr ham beradi, ona va bola o‘rtasida mehribonlik tuyg‘ulari uyg‘unlashadi. Yoshim qirq birga to‘ldi. Har safar saksonga kirgan onamni ziyoratiga borib, onamni bag‘riga kirganimda qandaydir bir ajib hidni his qilaman. Balki bu go‘dakligimda onam bag‘riga bosib, ko‘krak suti bergan paytdagi hidmikan? Ko‘krak suti emib katta bo‘lgan bola bir insonga, ya’ni onaga qattiq bog‘lanadi, alohida mehr qo‘yadi.Sun’iy sut bilan katta bo‘lgan bolada bunday tuyg‘u bo‘lmaydi, chunki unga kim bo‘lsa ham shishadagi sutini bersa bo‘ldi. Ko‘zimizni yumib ona va bola deganda nimani tasavvur qilishni o‘ylab ko‘raylik. Ko‘z o‘ngimizga shishada bolasiga sut berayotgan ona emas, balki go‘dagini bag‘riga bosib, ko‘ksidan mehr bilan sut emizayotgan ona siymosi kelmaydimi? Yosh onalarimiz o‘z halovatlarini o‘ylayversa, qomatlarini saqlash uchun bolaning shar’iy haqqi bo‘lgan sutlarini bermasa, bu siymo asta-sekin tasavvurimizdan ham o‘chib ketmasa deb qo‘rqaman. Bola emizish onaning burchi, farzandning haqqidir. Vaqti kelib bolasi voyaga yetib onasini norozi qiladigan bo‘lsa, ona qanday qilib bergan oq sutimga rozi emasman deb ayta oladi. Qanday qilib farzandini haqqini bermay turib, undan haq talab qila oladi.
Mana shuning uchun bola emizish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Bu nafaqat nasl-nasabni pok saqlash, balki jamiyatda ona va bola o‘rtasidagi mehribonlik rishtalarini bog‘lash masalasi hamdir. Tarixda betahorat bolalarini emizmagan onalardan dunyoga mashhur allomalar yetishib chiqqani hammamizga ma’lum.
Abdulxakim Akmalov,
Ohangaron tuman “Abduqahhor Mahsum”
jome masjidi imom-xatibi
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi