frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Razo’ yoki islomda bola emizish masalasi

21.09.2016   25800   7 min.
Razo’ yoki islomda bola emizish masalasi

Ma’lumki, islom shariati jamiyat hayotidagi deyarli barcha masalalarga javob topib kelgan. Dinimiz boshqalar arzimas deb qaragan ishlarga ham katta ahamiyat beradi. Oila  - bu muqaddas dargoh, jamiyatning tayanchi. Oila sog‘lom bo‘lishi uchun nikohning ahamiyati katta. Fiqh kitoblarimizning barchasida, nikoh bobida bola emizish masalasiga alohida urg‘u berilgan.Bir qarashda arzimasdek tuyulgan bu ishda qanday hikmatlar bor va nima uchun dinimiz bu ishga shunchalar katta ahamiyat bergan?

Avvalom bor bola emizish masalasining shar’iy hukmlariga to‘xtalib o‘tsak. “Razo’” so‘zi lug‘atda  emizish so‘rish ma’nosini bildiradi. Shar’iy istilohda, ikki yoshga to‘lmagan bolaning qorniga ayol kishi sutining yetib borishidir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Volidalar bolalarini to‘liq ikki yil emizurlar. Kim emizishni batamom qilishni hohlasa”. (Baqara, 233). Shunga ko‘ra bola ikki yoshgacha bo‘lgan muddatda begona onani emsa (Imomi A’zam rahmatullohi alayh ikki yarim oygacha, deganlar) va bolaning qorniga sut yetib borgani aniq bo‘lsa emikdoshlik hukmida bo‘ladi. Bola ikki yarimdan oshganda emsa, emgani bilan sut bolaning qorniga yetib bormaganligi aniq bo‘lsa yoki suti yo‘q ayollarni emsa emikdoshlik hukmida bo‘lmaydi. Oysha (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v): Nasab jihatidan nikohi harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladi”, dedilar”. Agar bir ayolni ikkita bir-biriga begona bo‘lgan bolalar emsa, ularning biri qiz va ikkinchisi o‘g‘il bola bo‘lsa,bular bir-biriga emikdosh bo‘ladi va nikohlari durust bo‘lmaydi. Agar shunday yigit va qiz bir-birlari bilan nikohlangan bo‘lsa, ularning emikdosh ekanligini adolatli ikki er kishi yohud bir er kishi va ikki ayol kishi birgalikda guvohlik bersa nikohlari to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uqba ibn Horis (r.a) aytadi: “Bir ayolga uylandim. So‘ngra oldimizga bir qora xotin kelib, ikkovingizni emizganman, dedi. Shunda men borib Payg‘ambarmiz (s.a.v)ga xabar berdim va: “Albatta, bu ayol yolg‘onchi bo‘lsa kerak”, dedim. U Zot yuzlarini o‘girib oldilar. Men yana yuz tomonlariga o‘tib: “Albatta u yolg‘onchi”, dedim. U Zot: “Qandoq qilib, axir, u ikkovingizni emizganini da’vo qilmoqda-ku! Uni qo‘yib yubor”, dedilar”. Hozirgi zamon tibbiyoti ham qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarda nasl kasallari bilan kasallanish ko‘p uchrashini  tasdiqlaydi. Shunday nikohlar tufayli bir qancha bolalar nogiron, mayib-majruh tug‘ilishiga hayotda guvoh bo‘lib turibmiz. Go‘dakning ikki yoshgacha asosiy oziqasi ona suti bo‘ladi. Go‘dakning o‘sishi, rivojlanishi shu sutdan oladigan oziqaga bog‘liq. Onada sut paydo bo‘lishi otadan urchish sabablidir. Demak, ona sutida ham ona, ham ota organizmidagi moddalar mavjud. Bu sutni emgan turli bolalar qarindoshlarga o‘xshab qoladi va  nikohlari salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.Ba’zan ayollarimizdan tug‘ruqxonada ayrim bolalar o‘z onasini sutiga to‘ymagan paytda, yonidagi ayollar emizishini yoki sutini sog‘ib ichkazishini eshitib qolamiz. Bunday holatlarga o‘ta e’tiborli bo‘lish lozim. Avvalom bor begona bolani emizish uchun erning roziligi bo‘lishi kerak. Emizgan bolaning ota-onasini, bolani aniq bilish va eslab qolish lozim. Chunki, vaqti kelib bu go‘dak voyaga yetganda shu onaning bolalari bilan nikoh bog‘lashni hohlab qolishi mumkin. Bunday nikoh esa aslo mumkin emas. Chunki, bu bolalar bir-biriga emikdosh bo‘lib qolgan. Shuning uchun farzandlarimizni nikohlashni hohlaganimizda bu narsalarga ham alohida ahamiyat berishimiz lozim.

Shu o‘rinda yana bir narsaga e’tibor qaratishni hohlardim. Hozirgi kunda g‘arb madaniyati milliy va diniy madaniyatlarimizga katta tahdid solmoqda. Bu narsa biz gapirayotgan bola emizish masalasini ham chetlab o‘tmayapti. Do‘konda ishlaydigan bir opa: “Hozirgi yosh onalarimiz sun’iy sutlarni ko‘p xarid qiladi. Ulardan nega bolalaringizni emizmay sun’iy sutlar berasalar desam, bola emizsak qomatimiz buziladi, ba’zilari esa bola onaga o‘rganib qolib kechalari uyqu bermay halovatimiz buziladi, deb javob beradi”,  deydi. Rosululloh (s.a.v) uch bora onaga yaxshilik qilishga buyurdilar, jannat onalar oyoqlari ostidadir deb marhamat qildilar. Bu aytilgan mukofotlar aynan onalarning o‘sha mashaqqatlari uchun berilmaganmi?

Ona suti o‘rnini hech qanday oziqa bosa olmaydi. Ona sutida go‘dak uchun kerakli bo‘lgan eng zaruriy oziqaviy moddalar borligini, go‘daklarni turli xil infeksiyalardan, mikrob kasalliklaridan himoya qilishini zamonaviy tibbiyot ham tasdiqlaydi. Ona sutida sigir sutida uchramaydigan yuzdan ortiq moddalar mavjud ekan. Go‘dak emizgan onalarda ko‘krak saratoniga qarshi immunitetlar paydo bo‘lishi fanda aniqlangan. Bola jismonan sog‘lom o‘sishi uchun ona sutining ahamiyati katta. Farzand uchun nafaqat jismoniy sog‘liq, balki ma’naviy sog‘lomlik ham zarur. Ona bolasini emizganda bolani bag‘riga olib, alohida mehr beradi. Ona qattiq hayajonlanganda yoki qo‘rqqanda onadan sut qochib ketish holatlarini eshitganmiz. Demak, ona ko‘kragiga sut kelishi uchun onada ruhiy sokinlik, mehribonlik tuyg‘ulari bo‘lishi lozim. Ona bolasini emizayotganda unga nafaqat sut, balki shu sutga qo‘shib alohida mehr ham beradi, ona va bola o‘rtasida mehribonlik tuyg‘ulari uyg‘unlashadi. Yoshim qirq birga to‘ldi. Har safar saksonga kirgan onamni ziyoratiga borib, onamni bag‘riga kirganimda qandaydir bir ajib hidni his qilaman. Balki bu go‘dakligimda onam bag‘riga bosib, ko‘krak suti bergan paytdagi hidmikan? Ko‘krak suti emib katta bo‘lgan bola bir insonga, ya’ni onaga qattiq bog‘lanadi, alohida mehr qo‘yadi.Sun’iy sut bilan katta bo‘lgan bolada bunday tuyg‘u bo‘lmaydi, chunki unga kim bo‘lsa ham shishadagi sutini bersa bo‘ldi. Ko‘zimizni yumib ona va bola deganda nimani tasavvur qilishni o‘ylab ko‘raylik. Ko‘z o‘ngimizga shishada bolasiga sut berayotgan ona emas, balki go‘dagini bag‘riga bosib, ko‘ksidan mehr bilan sut emizayotgan ona siymosi kelmaydimi? Yosh onalarimiz o‘z halovatlarini o‘ylayversa, qomatlarini saqlash uchun bolaning shar’iy haqqi bo‘lgan sutlarini bermasa, bu siymo asta-sekin tasavvurimizdan ham o‘chib ketmasa deb qo‘rqaman. Bola emizish onaning burchi, farzandning haqqidir. Vaqti kelib bolasi voyaga yetib onasini norozi qiladigan bo‘lsa, ona qanday qilib bergan oq sutimga rozi emasman deb ayta oladi. Qanday qilib farzandini haqqini bermay turib, undan haq talab qila oladi.

 Mana shuning uchun bola emizish masalasiga  jiddiy e’tibor qaratishimiz lozim. Bu nafaqat nasl-nasabni pok saqlash, balki jamiyatda ona va bola o‘rtasidagi mehribonlik rishtalarini bog‘lash masalasi hamdir. Tarixda betahorat bolalarini emizmagan onalardan dunyoga mashhur allomalar yetishib chiqqani hammamizga ma’lum.

Abdulxakim Akmalov, 

 Ohangaron tuman “Abduqahhor Mahsum”

jome masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yil: Muharram oyini qanday o‘tkazish kerak?

15.06.2026   8546   3 min.
Hijriy yangi yil: Muharram oyini qanday o‘tkazish kerak?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

2026 yilning 16 iyun kuni – yangi 1448 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2026 yilning 25 iyun, payshanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
 Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.

Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

 

Davron NURMUHAMMAD