Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:18
Quyosh
07:44
Peshin
12:25
Asr
15:15
Shom
17:00
Xufton
18:19
Bismillah
18 Dekabr, 2025, ,

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

14.09.2016   19051   6 min.
Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Ilm- hamma narsa uning ustiga bino qilinadigan va  har bir narsaning asosi hisoblanadi. Dinimiz islom ilm dinidir. Biror bir din yoki ta’limot  muqaddas islom dinichalik insonlarni ilmga qiziqtirgan emas. Zero, musulmonlarning ilmga targ‘ib qilganini birgina ilk nozil bo‘lgan oyatning o‘zidan bilib olish qiyin emas. Alloh taolo marhamat qiladi:

اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ

O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (Alaq surasi, 1-oyat).

Yaratgan bandalariga bergan ne’matlari ichida birgina ne’mat ziyodasi bilan berilishi so‘raladi. U ham bo‘lsa ilmdir. Zotan buyuk Robbimiz shunday ta’lim beradi:

وَقُلْ رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا...

“...va ayting: Ey, Rabbim! Menga ilmni ziyoda et!” (Toha surasi, 114-oyat).

Oyati karimadagi buyruq payg‘ambar alayhissalomga bo‘lsada, biz ummatlariga ham umumiy hisoblanadi. Demak, barcha inson ilmga muxtojdir. Zero, payg‘ambarlar ilmga extiyojli bo‘lsalar va uni ziyodasi zarur bo‘lsa, boshqalarga baqadri avloku, ilmga muxtojlik va ziyodasi? 

Ilm xosil qilishda avval niyatni xolis qilmoq zarur. Qolaversa, ilm taxsil qilishda mashaqqatlarga sabr va matonat talab qilinadi. “Oson kelgan narsa, oson ketadi”- degan gap bor. Imom Buxoriy rohmatulloh alayh ilm kitobini ilmni fazilatlaridan boshlaganlari bejizga emas albatta. Chunki, ilm olish o‘ziga yarasha mashaqqatni talab qiladi. Shuning uchun islom dinimizda  ilm olishga alohida e’tibor qaratilgan. Unga beriladigan savob va darajalar juda ham yuksak ekanini ko‘ramiz.

Darhaqiqat, har bir insonning tabiatida zulm va johillikka moillik bor. Faqat, Alloh taolo kimga adolatni  ato qilgan bo‘lsa, u bilan zulmni ketkazadi. Kimga foydali ilm ato qilgan bo‘lsa, u bilan  jaholatni yengib o‘tadi.

Ulamolarimiz: “mol-davlat, hol-axvol va sihhat-salomatlik bobida o‘zingdan ko‘ra pastroq, din, ilm va fazilatda o‘zingdan ko‘ra yuqoriroq kishilarga boq”- deyishadi. Zero, kim fazilat egasiga havas qilsa, unga  ergashsa albatta, yaxshilik, sadoqat, sabr, vafo, omonat, rostgo‘ylik, halimlik, sahiylik qo‘yinki barcha go‘zal insoniy fazilatlarga ega bo‘ladi. Aksincha, kim obro‘, mol va lazzatlar ketidan chopsa, adovat va yomon fe’lli insonga aylanadi.

Ilm o‘z sohibini ulug‘ darajalarga ko‘taradi. Alloh taolo marhamat qiladi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ...  

  ...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir. (Mujodala surasi, 11-oyat).

  Ilm va olimlarning fazilatlari, ikki dunyoda erishadigan daraja va martabalariga doir hadislar ham juda ko‘p uchraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olim kishining bir kunlik ibodati ilmsiz obidning qirq yillik ibodatiga teng ekani, qiyomatda shafoat qilishi, agar u ta’lim ham bersa, Yer va osmonlardagi barcha jonzot Allohdan unga mag‘firat so‘rashi va boshqa ko‘p bashoratlar sahih hadislar orqali rivoyat qilingan.

Sulaymon alayhissalomga Alloh taolo ilm, boylik va podshohlikdan birini tanlashni buyurganida u ilmni tanlaydi. Ilmning sharofatidan unga boylik va podshohlikni ham qo‘shib beradi.

Ali karramallohu vajhahu: ”Ilm ahli emasligini da’vo qilish ilmdagi sharafga ega ekaniga kifoya qiladi. O‘zida yo‘q ekanini tan olmaslik orlik keltiruvchi johil ekaniga kifoya qiladi”-degan edi. Ilm ahli bo‘lmagan kishi ilmni da’vo qilganida ilm o‘z egasiga sharaf bo‘lishga kifoyadir. Shuningdek, johillik ordir. Agar Abu Jahlga yo‘lda yo‘liqib qolib, ey johil desangiz, uni g‘azabdan yuzi qizarib  ketardi. Vaxolanki, u nafaqat johil, balki “johillarning otasi” edi. Johil deb sifatlanish juda-juda achchiq va uyat bo‘lganidan u johil degan so‘zni inkor etadi. Shu bois, har bir inson sharaf bo‘lganidan agar chandiki unga to‘la qonli haqli bo‘lmasa ham dunyoda ilmlarni qaysidir birini o‘ziga nisbat beradi. Zotan, ilm o‘z egasini dunyoda ham, oxiratda ham martabasini baland qiladi.

Shuni aloxida ta’kidlash lozimki, oyat va hadislarda aytilgan ilmdan murod hamma foydali ilmlarni o‘z ichiga oladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilm olishga qiziqtirib bunday deganlar:”... Kim ilm talab qilish yo‘liga tushsa, Alloh unga jannatning yo‘lini yengillashtiradi...”(Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Demak, dinimiz ilm talab qilishni har bir musulmonga beshikdan qabrgacha farz qilganini unitmaylik. Bir harf, bir so‘z, bir jumla bo‘lsa ham o‘rganib, unga amal qilishga kirishaylik. Oila a’zolarimiz, bolalarimizni ham ilmga qiziqtiraylik. Ilm o‘rganayotgan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlaylik hamda ularga dalda bo‘lib, o‘zlari tanlagan yo‘l qanchalar ulug‘ ekanini tushuntiraylik.

Bugun yurtimizda axoliga xususan yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar taxsinga loyiq. Ayniqsa, yoshlarimiz har taraflama yetuk va barkamol avlod bo‘lishlariga barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Bu yaratilgan sharoitlardan unimli foydalanib, yurtimiz ravnaqiga o‘zini salmoqli xissasini qo‘shadigan ilm va kasb egasi bo‘lishga xarakat qilish ham qarzimiz ham farzimizdir. Zero, bu aziz Vatan ilm darg‘alarini dunyoga yetkazib bergan muqaddas zamindir. Biz o‘z ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishga intilaylik. 

Yangi boshlangan o‘quv yili barchamizga muborak bo‘lsin!   

Jaloliddin Hamroqulov,
TII Tahfizul Qur’on kafedrasi mudiri, "Novza" jome masjidi imom xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh taolo makondan pok Zot

18.12.2025   340   2 min.
Alloh taolo makondan pok Zot

Ahli sunna valjamoa aqidasiga ko‘ra Alloh taolo makondan pok deb e’tiqod qilinadi. Bu borada ahli sunna valjamoa imomlaridan naql qilingan ayrim jumlalar bilan tanishib olishimiz maqsadga muvofiqdir:

 

1. Hijriy 285 yilda vafot etgan Muhammad ibn Yazid al-Mubarrid "Al-Komil fil-lug‘oti val-adab" asarida keltirishicha, Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga bir kishi dedi: "Robbimiz osmonlar va yerni yaratishidan oldin qayerda edi?" Shunda Aliy roziyallohu anhu: "Qayerda? degan so‘z makon haqidagi so‘roqdir. Vaholanki, Alloh taolo makon mavjud bo‘lmaganda ham bor edi", dedilar.

2. Abu Muti’ al-Balxiy "Al-Fiqhul absat" kitobida aytadi: "Alloh taolo qayerda? deyilsa, nima deb javob berasiz? dedim. Shunda u zot (ya’ni, ustozim Abu Hanifa rohimahulloh): "Bunday savol bergan kishiga, Alloh taolo makon yo‘qligida ham bor edi, maxluqotlarni yaratishidan oldin ham U bor edi. Na qayer, na biror maxluq, na biror narsa vujudga kelmaganida ham Alloh taolo mavjud edi. U barcha narsaning yaratuvchisidir, deyiladi", dedilar".

3. Abu Hanifa rohimahulloh "Al-Olim val-muta’allim" kitobining xutbasida aytadilar: "U (ya’ni, Alloh taolo) azalda ham shunday bo‘lgan (ya’ni, barcha komillik sifatlari bilan sifatlanib, barcha aybu nuqsonlardan pok bo‘lgan). U hamisha azalda bo‘lganidek bo‘lib qoladi".

4. Imom Moturidiy rohimahulloh "Kitob at-tavhid" asarida aytadilar: "Bu borada asl qoida shuki, makon yo‘qligida ham Alloh taolo bor edi.Makonlarning yo‘qolishi ham, hozirgidek qolishi ham joiz. Alloh taolo esa (olamni, xususan, makonlarni yaratganidan keyin ham) azaliy sifatlariga ko‘radir, azalda ham hozirda (biz Alloh taoloni unga ko‘ra tanigan) sifatlariga ko‘ra bo‘lgan. U o‘zgarishdan, zavolga uchrashdan, muhollik va botillikdan oliydir. Zero, bular (ya’ni, o‘zgarish va zavolga uchrash) olamning keyin paydo bo‘lganligi u orqali bilingan yaratilganlik belgilaridir".

5. Imom Moturidiy rohimahulloh "Ta’vilot al-Qur’on" asarida aytadilar: "Balki, makon yo‘qligida ham U (Alloh taolo) bor edi. Bas, U azaliy sifatlariga ko‘radir, U muhollik va o‘zgarishdan oliydir".

Alloh taolo barchamizni O‘zi haqidagi to‘g‘ri e’tiqodda sobit qadam qilsin!

Mir Arab oliy madrasasi katta o‘qituvchisi

Asrorxon Mahmudov tayyorladi

MAQOLA