frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

16.09.2016 y. Badnafslik – illat

14.09.2016   8405   13 min.
16.09.2016 y. Badnafslik – illat

بسم الله الرحمن الرحيم

Aziz namozxonlar!  Aslida badnafslik – baxillik degani. Chunki badnafs inson hamma uchun yaratilgan nozu ne’matlarni faqat o‘zimga bo‘lsin, deydi. Alloh taolo O‘zining kalomi sharifida baxillik va badnafslikdan qaytarib shunday deydi:

وَلَا تَجْعَلْ يَدَكَ مَغْلُولَةً إِلَى عُنُقِكَ وَلَا تَبْسُطْهَا كُلَّ الْبَسْطِ فَتَقْعُدَ مَلُومًا مَحْسُورًا إِنَّ رَبَّكَ يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ وَيَقْدِرُ إِنَّهُ كَانَ بِعِبَادِهِ خَبِيرًا بَصِيرًا

ya’ni:(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz. Shubhasiz, Rabbingiz O‘zi xohlagan kishilarning rizqini keng ham, tang ham qilur. Albatta, U bandalaridan ogoh va (ularni) ko‘rib turuvchi zotdir”. (Isro surasi, 29-30 oyatlar)

         Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:

وَعَنْ جَابِرٍ  أَنَّ رَسُولَ اللهِ   قَالَ: «اتَّقُوا الظُّلْمَ فَإِنَّ الظُّلْمَ ظُلُمَاتٌ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَاتَّقُوا الشُّحَّ فَإِنَّ الشُّحَّ أَهْلَكَ مـَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ، حَمَلَهُمْ عَلَى أَنْ سَفَكُوا دِمَاءَهُمْ وَاسْتَحَلُّوا مَحَارِمَهُمْ» رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birovga zulm qilishdan saqlaninglar. Chunki zulm Qiyomat kunida zulumat bo‘ladi. Va yana xasislik va badnafslikdan saqlaninglar. Chunki badnafslik sizlardan avvalgi ummatlarni halok qildi va qon to‘kishlariga hamda harom narsalarni halol qilib olishlariga sabab bo‘lgan edi», dedilar.

Keling, mana shunday odamlar toifasiga kirmaslik uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalarini olgan sahoblar hayotiga nazar tashlaylik. Vatandoshimiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyladi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ : أَنَّ رَجُلًا أَتَى النَّبِيَّ ، فَبَعَثَ إِلَى نِسَائِهِ فَقُلْنَ: مَا مَعَنَا إِلَّا الْمَاءُ. فَقَالَ رَسُولُ اللهِ : «مَنْ يَضُمُّ أَوْ يُضِيفُ هَذَا؟» فَقَالَ رَجُلٌ مِنَ الْأَنْصَارِ: أَنَا. فَانْطَلَقَ بِهِ إِلَى امْرَأَتِهِ، فَقَالَ: أَكْرِمِي ضَيْفَ رَسُولِ اللهِ. فَقَالَتْ: مَا عِنْدَنَا إِلَّا قُوتُ صِبْيَانِي. فَقَالَ: هَيِّئِي طَعَامَكِ، وَأَصْبِحِي سِرَاجَكِ، وَنَوِّمِي صِبْيَانَكِ إِذَا أَرَادُوا عَشَاءً. فَهَيَّأَتْ طَعَامَهَا، وَأَصْبَحَتْ سِرَاجَهَا، وَنَوَّمَتْ صِبْيَانَهَا، ثُمَّ قَامَتْ كَأَنَّهَا تُصْلِحُ سِرَاجَهَا فَأَطْفَأَتْهُ، فَجَعَلَا يُرِيَانِهِ أَنَّهُمَا يَأْكُلَانِ، فَبَاتَا طَاوِيَيْنِ، فَلَمَّا أَصْبَحَ، غَدَا إِلَى رَسُولِ اللهِ  فَقَالَ: «ضَحِكَ اللهُ اللَّيْلَةَ - أَوْ عَجِبَ - مِنْ فَعَالِكُمَا». فَأَنْزَلَ اللهُ: وَيُؤْثِرُونَ عَلَى أَنْفُسِهِمْ وَلَوْ كَانَ بِهِمْ خَصَاصَةٌ وَمَنْ يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُولَئِكَ هُمْ الْمُفْلِحُونَ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelgan edi, u zot ayollariga odam jo‘natdilar. Ayollari: «Bizda suvdan boshqa narsa yo‘q», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim buni o‘zi bilan olib ketadi yoki mehmon qiladi?» dedilar. Shunda ansorlardan biri: «Men», dedi va uni ayolining oldiga olib bordi-da: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlariga ikrom ko‘rsat», dedi. U: «Go‘daklarimning ovqatidan boshqa narsamiz yo‘q», dedi. U kishi: «Taomingni tayyorla, chirog‘ingni yoq. Go‘daklaring kechki ovqat istab qolishsa, ularni uxlatib qo‘y», dedi. U taomini tayyorladi, chirog‘ini yoqdi va go‘daklarini uxlatdi. Keyin chirog‘ini to‘g‘rilayotgandek bo‘lib turib, uni o‘chirib qo‘ydi. Ikkovi o‘zlarini mehmonga yeyayotgandek ko‘rsatishdi va tunni och holda o‘tkazishdi. Tong otgach, xonadon sohibi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bu kecha ikkovingiz qilgan ishdan rozi bo‘ldi», dedilar. Shunda Alloh: «O‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar. Kim o‘z nafsining ziqnaligidan saqlansa, ana o‘shalar zafar topuvchilardir» ( Xashr surasi, 9 oyati)ni nozil qildi».

Baxillik faqat pul berish, taomlantirish kabi ulug‘ fazilatlardan o‘zini tiyishga cheklanib qolmaydi. O‘zidagi hunarni yoki kasbni shogirdlariga o‘rgatmaslik ham baxillikka kiradi.

Mana azizlar haqiqiy musulmon mana shunday bo‘lishi kerak. Xudbinlik va faqat o‘zini o‘ylash musulmon kishining xulqiga kirmaydi. Musulmon kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: O‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ulashadi. Haqiqiy musulmon qanday bo‘lishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiroyli tashbih orqali bayon qilib berganlar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:

عن النُّعْمَانَ بْنَ بَشِيرٍ، يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللهِ : «تَرَى الْمُؤْمِنِينَ فِي تَرَاحُمِهِمْ وَتَوَادِّهِمْ وَتَعَاطُفِهِمْ كَمَثَلِ الْجَسَدِ إِذَا اشْتَكَى عُضْوًا تَدَاعَى لَهُ سَائِرُ جَسَدِهِ بِالسَّهَرِ وَالْحُمَّى

Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Mo‘minlarning o‘zaro rahm qilishlari, do‘stliklari va mehribonchiliklarida xuddi bir tanadek ekanini ko‘rasan. Biror a’zo xastalansa, tananing qolgan joylari bedorlik va isitmalash bilan unga hamdard bo‘ladi».

Baxillik mol-mulkka talafot yetkazadi.Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:

وَعَنْ أَبِي هُرَيرَةَ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ قَالَ: «مَا مِنْ يَوْمٍ يُصْبِحُ الْعِبَادُ فِيهِ إِلاَّ ملَكَانِ يَنْزِلاَنِ، فَيَقُولُ أَحَدُهُمَا: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُنْفِقًا خَلَفًا، وَيَقُولُ الآخَرُ: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُمْسِكًا تَلَفًا». مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Bandalar tong ottirgan kun borki, unda ikki farishta tushib, ulardan biri: «Allohim! Infoq qiluvchiga evaz bergin» deydi, ikkinchisi: «Allohim! Mumsikka(badnafs, baxilga) talafot bergin», deydi».

Badnafslik illatidan qutilganlar Payg‘ambarimizning chin ummatidan bo‘lib hisoblanadi. Madinada Ash’ariylar qabilasi bor edi. Ularning boshqa qabiladan ajralib turadigan bir fazilati bo‘lib, aynan mana shu fazilat tufayli, Payg‘ambarimiz ularni o‘zlariga yaqin sanagan edilar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bu haqda shunday deyilgan:

وَعَنْ أَبِي مُوسَى قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ : «إِنَّ الأَشْعَرِيِّيْنَ إِذَا أَرْمَلُوا فِي الْغَزْوِ، أَو قَلَّ طَعَامُ عِيَالِهِمْ بِالمَدِينَةِ، جَمَعُوا مَا كَانَ عِنْدَهُمْ فِي ثَوْبٍ وَاحِدٍ، ثُمَّ اقتَسَمُوهُ بَيْنَهُمْ فِي إِنَاءٍ وَاحِدٍ بِالسَّويَّةِ فَهُمْ مِنِّي وَأَنَا مِنْهُمْ». مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ash’ariylar g‘azotda oziq-ovqat tanqisligiga uchrashsa yoki Madinada oilalarining yeguligi ozayib qolsa, o‘zlaridagi bor narsalarini bir matoga to‘plab, keyin uni o‘rtalarida bir idishda bab-barobar taqsimlashadi. Shunday ekan, ular mendan va men ulardanman», dedilar.

Badafslik illatidan qutilish uchun bizlarga eng go‘zal namuna bu suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdirlar. U zot hech kimga: «Yo‘q», degan so‘zni ishlatmaganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga turli joylardan sovg‘a va hadyalar kelar edi. O‘sha hadyalarni muhtoj va haqdorlarga tarqatib chiqmaguncha uxlamas edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga yoqqan narsani birov menga bering, deb so‘rab kelganda, o‘zlari uchun eng sevimli bo‘lgan o‘sha narsani so‘rab kelgan odamga berar edilar.

Muhtaram jamoat! Alloh taolo bunday razil illatdan o‘zini saqlagan kishilar najot topishini xabar berib shunday degan:

وَمَنْ يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُولَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ

ya’ni: «Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar» (Hashr 9).

Ruhiy tarbiya olimlari tavsiya qilgan ba’zi narsalarni zikr etib o‘tamiz:

  1. Badnafslik va baxillikning davosi ko‘proq sadaqa va ehson qilish.
  2. Qo‘lidagi mol-mulk aslida Allohniki ekanini va Alloh unga muhtojlarga beradimi yoki yo‘qmi, shuni sinash uchun berib qo‘yganini his qilish.
  3. Muhtojni ko‘rganda, Alloh meni shuning o‘rniga qilib qo‘yishi mumkin edi-ku, deb muhtojlarga xayr ehson qilishi.
  4. «Aslida yeganing emas, berganing seniki bo‘ladi. Chunki qiyomat kunida Alloh sadaqa qilingan molning ajrini ziyoda qilib qaytaradi. Bermay o‘zi yegan mol-mulkni esa hisob kitobini qiladi», degan aqidani o‘zida singdirish.
  5. «Mol-mulk Alloh yo‘lida sarflangan sari ziyodalashadi», degan hadisni doim yodda tutib yurish.
  6. Alloh hargiz bandasidan qarzdor bo‘lib qolmaydi. Alloh uchun berilgan mol-mulkni Alloh o‘zi albatta ziyodasi bilan qaytarishiga ishonish.

Muhtaram azizlar! Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, dehqonu bog‘bonlar yil davomida qilgan mashaqqatli mehnatlarining natijasini ko‘radigan, hosilni sarhisob qiladigan kunlarga ham yetib keldik. Yurtimiz tuprog‘i serunum, go‘zal bog‘lari serhosil ekanligidan qanchalar g‘ururlansak arziydi. Darhaqiqat, bozorlardagi to‘kin sochinlik dalalardagi hosilning mo‘lligidandir. Barcha hosillar – oyatda ta’kidlanganidek – Parvardigorimizning izni bilan chiqmoqda. Demak, yurtimiz maqtovga loyiq diyordir.

Dehqonchilik va ziroat ulug‘ fazilatli amaldir. Chunki ko‘plab oyati karimalarda bog‘lar va dalalarning hosili Alloh taoloning izni va irodasi bilan yetilishi bayon etilgan. Bu esa dehqon va bog‘bonlarning mehnati Allohning nazari ostida ekanligiga va Alloh taolo ularga madadkor ekanligiga dalolat qiladi. Bunga misol quyidagi oyatlardir:

وَنَزَّلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً مُبَارَكًا فَأَنْبَتْنَا بِهِ جَنَّاتٍ وَحَبَّ الْحَصِيدِ  وَالنَّخْلَ بَاسِقَاتٍ لَهَا طَلْعٌ نَضِيدٌ  رِزْقًا لِلْعِبَادِ وَأَحْيَيْنَا بِهِ بَلْدَةً مَيْتًا كَذَلِكَ الْخُرُوجُ  (سورة ق/11-9

ya’ni: “Biz osmondan barakotli suv (yomg‘ir) yog‘dirib, u bilan bog‘larni va o‘rib olinadigan donlarni undirdik. Shuningdek, zich mevali, shoxlari baland xurmolarni ham. Bandalarga rizq bo‘lsin uchun (shunday qildik). Yana u (suv) bilan “o‘lik” shaharni (yerni) “tiriltirdik”. (Qabrlardan tirilib) chiqish ham mana shunday bo‘lur”.

فَلْيَنْظُرِ الْإِنْسَانُ إِلَى طَعَامِهِ  أَنَّا صَبَبْنَا الْمَاءَ صَبًّا  ثُمَّ شَقَقْنَا الْأَرْضَ شَقًّا  فَأَنْبَتْنَا فِيهَا حَبًّا  وَعِنَبًا وَقَضْبًا  وَزَيْتُونًا وَنَخْلًا  وَحَدَائِقَ غُلْبًا  وَفَاكِهَةً وَأَبًّا  مَتَاعًا لَكُمْ وَلِأَنْعَامِكُمْ (سورة عبس/24-32

ya’ni: “Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan quyidagi ne’matlarimizga bir) boqsin: Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. So‘ngra yerni (giyohlar unsin, deb) yordik. So‘ngra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni, zaytun va xurmolarni, qalin daraxtzor bog‘larni, mevayu giyohlarni ham. (Bularni) sizlarning va chorva hayvonlaringizning iste’moli uchun (yaratdik)”.

Ushbu oyatlarda barcha hosillar Alloh taolo tomonidan insonlarga rizq qilib berilgani bayon etildi. Inson esa o‘z rizqiga befarq munosabatda bo‘lishi mumkin emas. Hozir kuz fasli davom etmoqda. Yil davomida qilingan mashaqqatli mehnatning natijasi bo‘lgan hosilni isrof qilmasdan yig‘ib olish va unga yordam berish barchamizning burchimizdir.

Hozir vatanimizning qaysi bir hududiga bormang Allohning marhamati va dehqon mehnati, qalb qo‘ri bilan yetishtirilgan paxta, don, sabzavot, poliz va bog‘lardagi mo‘l-ko‘l hosilni nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olinayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ular o‘zlarining fidokorona mehnatlari bilan vatanimiz boyligiga boylik qo‘shish, xalqimiz hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini ko‘plab yetkazish, ularni qishki mavsumga zaxira etishda ko‘p kuch va g‘ayrat sarflamoqdalar. Katta mehnat evaziga yetishtirilgan barcha turdagi hosilni avaylab saqlash va uni isrof qilmaslik har birimizning burchimizdir.

Bu yil ob-havo noqulayliklariga qaramay, paxtazorlarimizda mo‘l hosil yetishtirildi. Fursatni g‘animat bilib, daladagi hosilni nest-nobud qilmay terib olishga hissa qo‘shish barchaning burchidir.

Paxta bizning milliy boyligimiz. Yetishtirilgan paxtamiz tufayli yuzlab tekstil, yog‘ zavodlarimiz va boshqa paxtadan olinadigan xomashyolar asosida faoliyat yuritadigan korxonalarimiz ishlaydi. Demak, paxta ushbu korxonalarda ishlaydiganlarga ham rizq hisoblanadi. Bundan tashqari paxtani jahon bozorida sotishdan olinadigan foyda hisobiga budjetimiz butun bo‘ladi. Bolalarimiz uchun maktab, kollej va oliygohlar ishlaydi. Budjet tashkilotlari xodimlari oylik oladi. Shuning uchun paxtani barchamiz jamul jam bo‘lib terib olishimiz lozim.

Alloh taolo paxta dalalarida, bog‘ va polizlarda kechayu kunduz hormay-tolmay fidokorona mehnat qilayotgan barcha mehnatkash bobo dehqonlarimizni yetishtirgan hosillariga barakotlar ato etsin, Parvardigor paxtani nes-nobud qilmasdan terib olishda xalqimizga kuch-quvvat ato aylasin  va ularni sihhat salomatlikda bardavom aylab, eng ezgu niyatlari bo‘lgan O‘zining roziligiga va ajru-mukofotiga erishishlarida madadkor bo‘lsin. 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   40913   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari