بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Aziz yurtdoshlar! Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin! Shunday ulug‘ kunlarga sog‘-salomat yetkazgani uchun mehribon Allohga cheksiz hamdu sanolar va maqtovlar bo‘lsin! Haq taolodan barcha ibodatlarimizni qabul aylab, ezgu maqsadlarimizning amalga oshishini iltijo qilib so‘raymiz. Qurbon hayitining fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar aylasin.
Qurbon hayiti Ibrohim (a.s.) hamda o‘g‘li Ismoil va xotini Hojar onamizning nafs istagi, shayton vasvasasi ustidan qozongan g‘alabalari sifatida tarixda qolgan.
Ibrohim (a.s.) uzoq yillar shavq bilan zo‘rg‘a yetishgan farzandini zabh etishga, ya’ni qurbonlik qilishga amr etildi. U zot Alloh taolo roziligini nafs xohishidan ustun ko‘rdi. O‘g‘li Ismoil (a.s.) ham bu xatarli imtihondan sharaf bilan o‘tdi. Uning tilidan otalaridan o‘tgan, payg‘ambarlik nuri bilan sug‘orilgan qalb nidosi otilib chiqdi: «Ey ota! Buyurilgan ishni bajaring! Inshoalloh, meni sabr qiluvchilardan ekanimga ishonasiz».
Hojar onamiz ham yagona jigarbandini kimsasiz, hech bir nabotot o‘smagan sahroda qoldirib ulug‘ sinovdan matonat ila o‘tdi va: «Agar Alloh amr etgan bo‘lsa, U zot bizlarni noumid qilmaydi», - dedi. Alloh taolo Ismoil (a.s.) zurriyotidan Muhammadni (a.s.) elchi va payg‘ambar etib yuborish uchun Ismoilning o‘rniga katta bir qo‘yni qurbonlik qilib yubordi hamda bu joyni insonlar va butun olam uchun muborak bo‘lishini iroda etib, Baytulloh bilan obod qildi. Binobarin, unga dunyoning barcha joylaridan minglab qalblar intiladi.
Qurbon hayiti kunlarida Alloh taolo O‘z irodasi bilan dinlarning oxirgisi bo‘lgan Islom dinini mukammal nihoyasiga yetkazgani va U bu dinga rozi bo‘lgani va bandalari odamlar ichidagi eng oliyjanob ummat bo‘lishganini yana bir bor esga olamiz. Rasululloh (s.a.v.)ning vidolashuv hajlarida ulug‘ bir hukm nozil bo‘ldi. Bu Haq taoloning quyidagi kalomidir:
( ...الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الْإِسْلَامَ دِينًا (سورة ﺍلمائدة/3
«...Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomning din bo‘lishiga rozi bo‘ldim. Kimki, gunohga moyilligidan emas, balki ocharchilikda (mazkur man etilgan narsalardan yeyishga) majbur bo‘lsa, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir».
Shuning uchun ham bu buyuk kun hayit sifatida nishonlashga loyiqdir. Bu ilohiy hukm quvonchi va shodligi Allohga beadad shukr aytishni barchamizga vojib etadi. Zero, shu kuni bizlarga Allohning ne’mati to‘la-to‘kis, mukammal qilib berildi. U zot bizlarni zulmat qa’ridan nurga olib chiqdi, dinni bizlarga hidoyat yo‘li etib, xavfu xatardan omonlik sari yo‘lladi.
Hayit kunlarida Alloh taologa eng sevimli ish qodir bo‘lgan kishilarning Alloh yo‘lida qurbonlik so‘yishlaridir. Qurbonlik qilish vojib amallardandir. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir. Qurbonlik qilish Alloh taoloni ulug‘lash, bergan ne’matlarining shukronasini ado qilishdir.
Bu muborak kunlar, shuningdek, kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibatni, muruvvatni, hamkorlik va birodarlikni kuchaytirish kunlaridir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga muvofiq bayram kunlarida mo‘minlar axloqiga mos va xos bo‘lgan o‘zaro salomlashish, diydorlashish, bir-birlarini hayit bilan qutlash, mehribonlik, saxovat, oqibat ko‘rsatish kabi fazilatlar ko‘proq namoyon bo‘lishi lozim.
Bayram kunlarida ota-onalarimizni, ustozlarimizni, qarindosh-urug‘lar, yor-birodarlarni, bemor va muhtojlarni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash, ularga hadyalar berib yoki shirin so‘zlarimiz bilan xushnud etish musulmon kishining burchidir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal mo‘minning qalbiga xursandchilik kirgizishdir» (Imom Buxori rivoyati).
Muhtaram jamoat! Alloh taoloning ba’zi kunlarni boshqa kunlardan ko‘ra ortiqroq va afzalroq qilib qo‘yishi bandalariga savoblarini ko‘paytirib olishlari uchundir. Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم :«إِنَّ لِرَبِّكُمْ فِي أَيَّامِ دَهْرِكُمْ نَفَحَاتٍ، فَتَعَرَّضُوا لَهُ، لَعَلَّهُ أَنْ يُصِيبَكُمْ نَفْحَةٌ مِنْهَا، فَلا تَشْقَوْنَ بَعْدَهَا أَبَدًا
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zamoningizda Robbingizning tuhfalari bor, uni qarshi olinglar. Shoyad, ulardan bir tuhfa sizlarga yetib, undan so‘ng hech qachon baxtsizlik ko‘rmasangiz», dedilar (Tabaroniy rivoyati).
Bandalarga tuhfa qilingan kunlardan biri Zulhijja oyining o‘ninchi kuni, ya’ni, Qurbon hayiti kuni hisoblanadi. Ushbu fazilatli kunlarda dunyo mo‘min-musulmonlari qatori yurtimizdan ham minglab vatandoshlarimiz Baytullohda ulug‘ haj ibodatini ado etmoqdalar. Alloh taolo ularga o‘z rahmatini hayit libosi qilib kiydirdi, ularga fazli-karami bilan mag‘firat nishonini taqdi. Yurtimizdan tashrif buyurgan hojilar Minoda jam bo‘lib, ulug‘ Rabbilarining tuhfalaridan shodlanishmoqda. Hojilar bu Muborak joyda Alloh taolodan o‘zlari, oilalari va yurtlarini hifzu himoyasida saqlashini so‘rab, astoydil duolar qilishmoqda. Baytullohni tavof etgan vaqtlarida tazarru’ bilan ko‘zlaridan to‘kilgan yoshlar sababidan Alloh taolo ularga rahmat va barakotlarini nozil qilgusidur, inshoallohu taolo. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dan rivoyat qilingan hadisda: «Bu kunlarda qilingan yaxshi ishlar boshqa kunlardagidan Alloh taologa suyuklidir», deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Hayit bayrami qadimdan yurtimizda o‘zgacha, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Shu bilan birga qayd etish lozimki, 1991 yilda muhtaram Prezidentimizning “Diniy bayram – Qurbon hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish haqida”gi Farmonlari mazkur bayramga o‘zgacha tarovat va mazmun-mohiyat kasb etdi hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lashga qaratilgan yuksak e’tibor namunasi bo‘ldi. Yigirma besh yildirki, mazkur Farmon asosida Qurbon hayitining birinchi kuni diniy bayram – dam olish kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Nabiy alayhissalom hadisi shariflarining birida: «O‘tganlaringizni qilgan yaxshiliklari bilan xotirlang», - deya marhamat qilganlar. Shunga binoan, marhum Prezidentimizning ota-bobolarimizdan qolgan azaliy milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas islom ta’limotini o‘rganish, diniy odat va marosimlarimizni emin-erkin ado yo‘lida qilgan yaxshiliklarini qancha gapirsak, qancha yod etsak, shuncha oz.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz Rahbari tashabbuslari, fidoyiliklari bilan nafaqat milliy-diniy bayramlarimiz, balki dinu e’tiqodimizga yangidan hayot baxsh etildi, muqaddas dinimiz, urf-odatlarmiz, ulug‘ allomalarimizning bebaho merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Biz diniy xodimlar, imom-xatiblar mustaqillikning 25 yillik tarixi davomida muhtaram Yurtboshimiz g‘amxo‘rliklarini his qilgan holda faoliyat yuritganimizni zinhor unutmaymiz. Prezidentimizning sa’yi-harakatlari va tashabbuslari bilan jannatmakon mamlakatimizda masjid va madrasalar qayta tiklandi, qadimiy tarixiy obidalar yanada chiroy ochdi, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi chin vorislariga qaytarib berildi. «Hazrati Imom», «Imom Buxoriy», «Bahouddin Naqshband», «Imom Moturidiy», «Hakim Termiziy» kabi bir vaqtlar harobaga aylantirilgan maskanlar mustaqillik sabab mo‘min-musulmonlarimiz suyib ziyorat qiladigan muqaddas qadamjolarga aylandi. Yurtboshimizning bevosita tashabbuslari bilan bunyod etilgan, azim Toshkent shahrining qalbida marvariddek jilo sochayotgan «Minor» masjidi, bu yerdagi qulay sharoitlarni ko‘rib, nafaqat xalqimiz, balki xorijlik ziyoratchilar ham tasanno aytmoqda.
Ayni paytda, yurtimizdagi ma’naviy tiklanish jarayoni 1991 yildan ham oldinroq – Islom Karimov Qashqadaryo viloyati rahbari bo‘lib ishlagan davrda, ya’ni 1986-1989 yillarda boshlanganini eslab o‘tish kerak. Islom Karimov viloyatda ish boshlagach, bir guruh tarixchi olimlarni Qarshi shahridagi o‘lkashunoslik muzeyiga taklif etadi, Qashqadaryoning, xususan, Shahrisabz va Naxshabning uzoq o‘tmishi, bu zaminda voyaga yetgan ulug‘ siymolar, ularning dunyoviy taraqqiyotga qo‘shgan tengsiz hissasi haqida gapirib, mana shu tarixiy haqiqatni ro‘yobga chiqarish uchun zarur manbalar, noyob qo‘lyozmalarni chuqur tadqiq etish vaqti kelganini ta’kidlaydi.
– Insonning ma’naviy takomilida tarixning xizmati beqiyos, –deydi Islom Karimov, – sizlardan iltimosim shuki, Qashqadaryoning boy tarixini, yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan o‘lmas siymolarini tiklab bersangizlar.
Holbuki, bu paytda butun respublikada milliy qadriyatlar qattiq ta’qibga uchragan, ularni o‘rganish, targ‘ib etishga uringan olim va ziyolilarga nisbatan hujumlar davom etayotgan edi. Shunday murakkab bir davrda viloyat rahbari mahalliy tarixchilarning yuragiga o‘t solgan va ularni o‘zlari orzu qilib yurgan ezgu ishlarga da’vat etgan edi.
Shundan keyin tez fursat ichida viloyat bo‘yicha yetmish sakkizta tarixiy obida va ziyoratgoh ro‘yxatga olinadi. Ularning ko‘pchiligi tashlandiq, xarob ahvolda edi. Ba’zi qadamjolar tekislanib, ekin ekilgan. Shahrisabzdagi mo‘tabar qabriston esa buzib tashlanib, uning o‘rnida bahaybat restoran barpo etilgan edi.
Qadimiy yodgorliklar ro‘yxatga olingach, ularni o‘rganish, asrab-avaylash, ta’mirlash ishlari boshlanadi. Nafaqat Shahrisabzdagi Oqsaroy, Dorus-saodat, Dorut-tilovat, Gumbazi sayyidon kabi mashhur obidalarga, balki olis qishloqlardagi yodgorlik va ziyoratgohlarga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Mustaqillik yillarida dinu diyonatimizga qaratilgan e’tibor haqida so‘z borganda, Yurtboshimiz bilan sodir bo‘lgan bir voqea beixtiyor yodga tushadi...
1991 yilning 4 sentyabri edi. O‘zbekistonimiz mustaqil deb e’lon qilinganining to‘rtinchi kunida, azim poytaxtimiz uzra tun o‘z pardasini yoyib, hamma uchun dam olish soatlari boshlangan bir paytda Prezidentimiz o‘z kabinetidan chiqib, Alisher Navoiy hazratlarining 550 yillik yubileyiga tayyorgarlik ishlari qanday borayotgani bilan tanishish uchun buyuk mutafakkir bobomiz nomidagi Milliy bog‘ tomon yo‘l oladi.
Bu yerda ulug‘ ajdodimizga o‘rnatilayotgan haykalni, bog‘da amalga oshirilayotgan qurilish-obodonchilik ishlarini diqqat bilan ko‘zdan kechiradi. Mutasaddi va me’morlar, muhandis va quruvchilar bilan yaqindan suhbatlashadi, tegishli ko‘rsatma va maslahatlar beradi.
Ish rejalari va haykalning ochilish kuni qat’iy qilib belgilanadi, bog‘ning to‘qqiz yeriga to‘qqizta doshqozon o‘rnatilib, elga nahor oshi tortiladigan bo‘ladi. Suhbat oxirida shunday taklif tushadi:
– Nahor oshi tortishdan oldin bir Qur’on tilovati qilib yuborilsa...
Bu taklifdan davradagilarning ko‘pchiligi boshidan sovuq suv quyilgandek seskanib, cho‘chib tushadi, nogahon orqaga tisarilganlar ham bo‘ladi. Oraga bir zum sukut cho‘madi. Hamma Prezidentning javobini kutadi.
– Mumkin, – deydi Yurtboshi vazminlik bilan. Keyin qat’iy qilib qo‘shib qo‘yadi: – Albatta, shunday qilish kerak. Xalqimizda arvoh xotiri degan azaliy udum bor. Bu udumimizni qayta tiklashga, joriy qilishga vaqt yetdi. Milliy turmush tarzimiz shuni taqozo etadi. Alisher Navoiyning nahor oshiga Toshkentning eng kuchli qorilaridan taklif qilinglar... Nimadan, kimdan cho‘chiysizlar, birodarlar! Endi mustaqilmiz. Orqaga qaytish yo‘q.
Bugungi kunda davlat miqyosida o‘tkaziladigan xotira tadbirlarida – 31 avgust Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida, buyuk aziz-avliyolarimiz, allomalarimizning tavallud sanalarida Qur’on tilovat qilib, elga osh tortish marosimlarini ko‘rganda, 1991 yilning sentyabr oyida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan qat’iy munosabat bu ezgu an’analarimizning hayotimizdan chuqur joy olishi uchun o‘ziga xos debocha bo‘lganini esda tutishimiz, bu muqaddas udum va an’analar o‘z-o‘zidan joriy bo‘lib qolmagani haqida el-yurtga, yosh avlodga hikoya qilib berishimiz ham qarz, ham farzdir.
Prezidentimiz rahnamoligida xalqimizning ma’naviy qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Muqaddas islom dini, milliy urf-odat va an’analarimiz, bebaho tarixiy merosimizning tiklanishi va rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Bugun O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishganidan buyon muhtaram Prezidentimiz boshchiligida qo‘lga kiritilgan tarixiy yutuqlarni ifoda etadigan ko‘plab misollarni keltirish mumkin. 1991 yildan keyingi davrda mamlakatimizda onalar va go‘daklar o‘limi qariyb 3 barobar kamaydi, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 7 yilga oshdi, erkaklar orasida ushbu ko‘rsatkis 73 yoshni, ayollar o‘rtasida 75 yoshni tashkil etmoqda.
Alloh taboraka va taolo Qur’oni karimda zikr etgan:
(إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللَّهِ مَنْ آَمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآَتَى الزَّكَاةَ وَلَمْ يَخْشَ إِلَّا اللَّهَ فَعَسَى أُولَئِكَ أَنْ يَكُونُوا مِنَ الْمُهْتَدِينَ (سورة التّوبة/18
«Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin», - oyati karimasi mazmuniga muvofiq mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ikki mingdan ziyod masjid obod bo‘ldi va namunali faoliyat ko‘rsatmoqda. Alloh taoloning:
(... وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا (سورة ال عمران/97
«Yo‘lga qodir bo‘lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir»- oyati karimasiga amal qilgan holda har yili minglab hamyurtlarimiz islomning asosiy arkonlaridan bo‘lmish haj ibodatini hamda Alloh taoloning:
(وَأَتِمُّوا الْحَجَّ وَالْعُمْرَةَ لِلَّهِ ... (سورة البقرة/196
ya’ni: “Haj va umrani Alloh uchun mukammal ado eting!..”- degan oyatiga muvofiq minglab vatandoshlarimiz umra ziyoratini ado etishga muyassar bo‘lmoqdalar.
Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro markazning faoliyat boshlashi ham mamlakat ma’naviy hayotida katta voqea bo‘ldi. Bu yerda hadis ilmi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda, turli xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda, yurtimizdagi masjidlarning imom-xatiblari o‘z kasbiy malakalarini oshirmoqdalar.
Islom tamadduniga, jahon fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan Xoja Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Farg‘oniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ahror Valiy kabi atoqli islom olimlari va tasavvuf ulamolarining tavallud to‘ylari keng nishonlanib, qadamjolari obod qilindi, asarlari esa nashr etildi. O‘tgan ushbu davr mobaynida diniy-ma’rifiy mazmundagi bir qancha adabiyotlar nashr etildi. Qur’oni karim va uning ma’nolari, hadis to‘plamlari bir necha marta chop qilindi.
Toshkent Islom madaniyati poytaxti, ya’ni dunyodagi xalqlar o‘rtasida o‘z ota-bobolarining dini, merosiyu tarixi va madaniyatini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bobida boshqalarga ibrat va namuna bo‘la oladigan xalqning azim shahri sifatida dunyo jamoatchiligining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Milliy qadriyatlarimiz qayta tiklanib, ajdodlarimizdan qolgan boy merosimizni yanada mukammal o‘rganish, qadimiy obidalarni ta’mirlash kabi xayrli ishlar, yoshlarni mehnatsevarlik, bunyodkorlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda nihoyatda katta ahamiyat kasb etdi.
O‘nlab islom o‘quv yurtlarida aziz o‘g‘il va qizlarimiz islom ta’limotlarini chuqur egallamoqdalar.
Oylik «Hidoyat» jurnali va «Islom nuri» gazetalari xalqimiz hukmiga xavola etib kelinmoqda, Televideniye orqali «Hidoyat sari» va «Ziyo» ko‘rsatuvlari muntazam efirga uzatilmoqda.
Bularning hammasi mustaqillik bergan imkoniyatlar va erkinliklardir.
Bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
"مَنْ لَمْ يَشكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ الله" (رواه أحمد والترمذي).
ya’ni: «Kim insonlarga ulardan ko‘rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmas ekan, demak Allohga ham shukr qilmabdi», - deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchalarimizni ulug‘, aziz mustaqillik ne’matiga shukrlar aytib, uni yanada mustahkam va bardavom bo‘lishi yo‘lida savobli amallarni qilishimizga nasibu ro‘zi aylasin!
Azizlar, Alloh taolo suygan bandasiga turli sinovlar, imtihonlar yuborib, uning imonini, irodasini po‘latni o‘tda toblagandek toblab turar ekan. Bu haqda Alloh taolo:
وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ
Ya’ni: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering «(Ey Muhammad!) Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz», - deydilar». Ulug‘ mufassir Ibn Kasir ushbu oyatni sharhlab, Alloh taolo bandalarni o‘zlari yaxshi ko‘radigan, yaqin insonlarining jonini olish bilan sinashi, kimki bunday judolikka sabr qilsa va bu ish Yaratganning xohish-irodasi ekaniga iqror bo‘lsa, ulug‘ ajru mukofotlarga noil bo‘lishini xabar qiladi. Shunday ekan, azizlar, sabrli bo‘laylik.
Bunday musibatli kunlarda yanada matonatli, mustahkam irodali bo‘lib, jipslashib, muhtaram Yurtboshimizning Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirgan buyuk xizmatlariga munosib ekanimizni ko‘rsatishimiz barchamiz uchun ham farz ham qarz bo‘lishi kerak. Zero, Vatan ravnaqi, tinchligi, osoyishtaligi va uning har tomonlama rivojlanib, taraqqiy topishida o‘zaro hamjihatlik asosida sa’y-harakat qilishimiz zarurligini Alloh taolo Qur’oni karimda ta’kidlab, shunday deydi:
( ...وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ (سورة ﺍلمائدة/2
ya’ni: «... Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir».
Mustaqillik yillarida Davlatimiz rahbari boshchiligida hur diyorimizda inson manfaatlari eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Aslida, amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorliklardan ko‘zlangan maqsad, birinchi galda, odamlar turmush sharoitini yaxshilash, huquq-manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani targ‘ib qilindi. «Bu muqaddas Vatanda azizdir inson» degan g‘oyat teran ma’noli so‘zlar bilan avvalo insonni, uning manfaatlarini qadrlab, hurmat qilib yashashga da’vat qilindi.
Aziz namozxonlar! Qurbon hayiti – ulug‘ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va, umuman, bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan amali solihlar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Bu kunda gina-kuduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish lozim.
Rabbimiz! Vatanimizning istiqloli, xalqimizning tinchligi, farovon hayoti uchun qayg‘urib, shu yo‘lda umrini baxshida etgan Prezidentimizni mag‘firatingga olgin, rahmatingga burkagin, boradigan manzilini, yotadigan makonini tinch-osoyishta aylagin! Umri davomida qilgan barcha solih amallarini, sa’y-harakatlarini sadaqai joriya o‘laroq o‘ziga hamroh aylab, bu savob ishlar uchun va’da qilgan ajru mukofotlaring bilan siylagin! Ortda qolgan ahli-oilasi, farzandlari, yaqinlariga va butun O‘zbekiston xalqiga sabru jamil ato etgin!
Alloh taolo Qurbon hayitini barchalarimizga muborak qilsin!
Mustaqilligimizni mustahkam qilsin!
Yurtimizni tinchlik, ofiyatini bardavom qilsin!
Farzandlarimizni ilmlik, imonlik qilsin!
Bu tinchlik, osoyishtalik yo‘lida sa’yu harakat qilayotgan barchani Alloh taolo ezgu maqsadlaridan afzaliga muvaffaq qilsin!
Xonadonlarimizga, mahallalarmizga, Vatanimizga, barcha musulmonlarga Yaratgan fayzu barakotini yog‘dirsin!
Xalqimizni, diyorimizni Allohning o‘zi panohida asrasin! O‘zi madadkor bo‘lsin!
Alloh azza va jalla O‘zining dini Islomga quvvat, musulmon bandalariga muvaffaqiyat bersin!
Bu hayit namozining savobidan hammamizni bahramand aylab, bu bayram barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etib, darajalarini yuqoriga ko‘tarib, ikki dunyo saodatiga musharraf qilsin! Omin!
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati