frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

09.09.2016 y. Haj moliyaviy va jismoniy ibodat

07.09.2016   8710   10 min.
09.09.2016 y. Haj moliyaviy va jismoniy ibodat

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, hozirgi kunda Makkai Munavvara va Makkada boshqa mamlakatlardan kelgan musulmonlar bilan bir qatorda bizning yurtdoshlarimiz ham muqaddas haj amallarini bajarmoqdalar. Shu munosabat bilan bugungi ma’ruzamizda islom arkonlaridan beshinchi bo‘lmish haj haqida ayrim fikrlarimizni bayon qilishga qaror qildik.

Muborak islom dinimizda bandalarga buyurilgan ibodatlar bajarilishiga qarab bir necha turga bo‘linadi. Masalan, namoz va ro‘za jismoniy ibodat bo‘lsa, zakot va fitr sadaqa esa moliyaviy ibodatdir. Haj esa, ham jismoniy va ham moliyaviy ibodat bo‘lib hisoblanadi. Bularda bandalar uchun ruhiy va ma’naviy ozuqa, dunyo va oxirat manfaatlari bor.

Fiqhiy kitoblarda kishiga hajni farz bo‘lishi uchun quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi ta’kidlanadi: avvalo, musulmon bo‘lish, balog‘at yoshida bo‘lish, oqil bo‘lish, tani sog‘ bo‘lishi, borib kelguncha yo‘l xarajatlariga yetadigan mablag‘ga ega bo‘lish. Shu bilan birga hajga borib kelguniga qadar oila ahlini ularning ehtiyojlariga yetadigan nafaqa bilan ta’minlagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, yo‘lning ochiq va xavf xatarsiz bo‘lishi ham hajning farz bo‘lish shartlaridandir. Ayol kishiga esa, yuqoridagi shartlari bilan birga eri yoki birorta mahrami hamroh bo‘lishi shart qilinadi.

Hajning farz bo‘lishi oyati karima va hadisi shariflar bilan sobit bo‘lgan.

وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا  

ya’ni, Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir. (Oli Imron; 97).

عُمَرَ بْن الخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: سَمِعْتُ النبي صلى الله عليه وسلم يَقُوْلُ: بُنِيَ الإِسْلامُ عَلَى خَمْسٍ: شَهَادَةِ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ الله وَأَنَّ مُحَمَّدَاً رَسُوْلُ اللهِ، وَإِقَامِ الصَّلاةِ، وَإِيْتَاءِ الزَّكَاةِ، وَحَجِّ البِيْتِ، وَصَوْمِ رَمَضَانَرواه البخاري ومسلم

ya’ni, Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitdim. U zot: “Islom besh narsa ustiga bino qilingan: “Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Allohning Rasulidir” deb guvohlik berish, namozni to‘liq ado etish, zakot berish, baytullohni haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish” - dedilar”. Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan.

Musulmon kishi doim odob-axloq bilan hayot kechirishi lozim bo‘lsada, haj davrida odob-axloqqa yanada ko‘p ahamiyat qaratish lozim bo‘ladi. Haj qiluvchilar orasida turli qo‘pol kimsalar bo‘lsa, ularga nisbatan halim va sabrli bo‘lishi, zaiflar va ayollarni o‘zidan ustun qo‘yishi va ularga yordam berishi lozim. Shari’at buyurgan barcha go‘zal odob-axloqni rioyasini qilib, barchaga ochiq yuz bilan muomala qilish hajning talabidir.

Musulmon kishi o‘zidan boshqaga aziyat berishni va zulm qilishni harom bo‘ladi. Haj va umra safarida yon atrofidagilarga aziyat berishdan, ularning ko‘nglini og‘ritishdan yanada ehtiyot bo‘lishi lozim bo‘ladi. Albatta, yomonlikdan tiyilmoqlik ham sadaqadir.

Alloh taolo A’rof surasida shunday marhamat qilgan:

خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ

ya’ni, Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring! (A’rof; 199). 

Hajda tilni yomon so‘zlamoqdan saqlash Alloh taolo uchun taqvo qilishlikdandir. Tilni saqlashlik hajda juda katta ahamiyatga egadir. Chunki, haj safari mashaqqat va qiyinchiliklar bo‘lgandan, ba’zi insonlar o‘z tiliga ega bo‘lmaydi. Ba’zida boshqalarni ranjitadigan gaplarni gapirib, uni yoki buni xafa qiladi. Haj qiluvchi tilini tiyishi lozim, aks holda uning bajarayotgan ibodatidan savob bo‘lmaydi. Alloh taolo bunday deb, aytadi:

الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ  

ya’ni, Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar! (Baqara; 197)

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bu xususda rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ حَجَّ ِللهِ فَلَمْ يَرْفُثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُرواه البخاري

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek (gunohsiz) qaytadi” – dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Yana shu narsani ham doimo yodda tutishimiz lozimki, bu muborak safarning bandasiga qachon nasib etishi Haq taoloning irodasiga bog‘liq ishdir. O‘zi chaqirgan bo‘lsa, hamma yo‘llar o‘z-o‘zidan ochilib ketaveradi. Ammo chaqirmagan bo‘lsa, bandasining xohlagani emas, balki Allohning xohishi bo‘ladi. Ammo Allohning hali nasib etmaganida qandaydir hikmat va o‘zimiz uchun qandaydir manfaat borligini hech qachon unutmasligimiz lozim bo‘ladi.

Aziz namozxonlar! Allohga shukurki, bugungi kunda jamoamiz, yori-birodarlarmiz, qavmi-qarindoshlarimiz va qo‘ni-qo‘shnilarimiz ichida haj ibodatini bajarib kelgan ko‘plab hoji otalarimiz va hoji onalarimiz bor.

Haj ibodatini bajargan inson avval qilib yurgan xato-kamchilik va gunoh ishlaridan o‘zini o‘nglab, kelgusida haqiqiy tavba bilan gunoh ishlardan o‘zini tiymoqligi vojibdir. Taqvo bilan ziynatlanib, o‘zining bajarayotgan amallarini kuzatib borishi lozim bo‘ladi. Haj qiluvchining yaxshi holatga o‘zgarishi qilgan haj ibodati maqbul ekanligining alomatidir. Payg‘ambarimiz (sav):

"( اَلْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ " (متفق عليه

ya’ni: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir” – deganlar.

Hoji maqomiga erishgan musulmon va muslimalarimiz o‘zlarining go‘zal odobi, yon-atrofdagilarga mehr-oqibatli bo‘lishlikda ibrat bo‘lishlari, yoshlarimizni imon-e’tiqodli, xalqsevar, oilasi, maxallasi va Vataniga sodiq etib tarbiyalashda faol ishtirok etishlari lozim. Ayni vaqtda, yon-atrofidagilarga hanafiy mazhabimizga, milliy qadriyatlarimizga, urf-odatlarimizga, to‘g‘ri kelmaydigan diniy talablarni targ‘ib etish, riyo va man-manlikka berilib, haj amalini bajarish orqali erishgan maqomga putur yetkazib qo‘yish mumkin ekanini unutmaslik darkor.

Haj ibodatining zamirida tinchlik va hamjihatlik g‘oyasi mujassam. Butun dunyo musulmonlari bir makonda yig‘ilib, yaratganga jam bo‘lgan holda ibodatlar qiladilar. Demak, haj ibodati mo‘min-musulmonlarni tinchlik, osoyishtalik va ezgulik yo‘lida hamkor bo‘lishlari lozimligini ham anglatadi.

Azizlar! Kuni kecha musulmonlar uchun aziz bo‘lgan zulhijja oyi kirib keldi. Shu kunlarda haj amalini bajarishni niyat qilib safarga chiqqan yurtdoshlarimiz uchun eng ma’sul, katta ruhiy va jismoniy kuch talab qiladigan fursat yetib keldi.

Allohga behad hamd-sanolar bo‘lsinki, yurtimizda muslumonlarimiz ziyoratlarni to‘la-to‘kis va hech qanday qiyinchiliklarsiz ado qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Birinchi prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning shaxsiy tashabbuslari bilan tuzilgan “Haj” va “umra” tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan musulmonlarimizning haj safariga borish ishlarida mahallalarda ro‘yxatga olishdan boshlab ijtimoiy adolat ta’minlanib, ular uchun qulay sharoitlar yaratish tashkil etib kelinmoqda.

Ziyoratchilarimizni muqaddas joylarga olib borish va Vatanimizga qaytishlariga zamonaviy “Boing” rusumidagi avialaynerlar jalb qilingan. Yaqinda barchamiz guvohi bo‘lgan, mamlakatimizga yangi sotib olib kelingan eng zamonaviy “Boing” samolyotlari ham hojilarimizning xizmatida bo‘ladi.

Muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan yurtdoshlarimizning Saudiya Arabistonidagi safarlari davomida mashaqqatlarini yengil qilish va ularga qulay sharoitlar yaratish uchun Jidda shahrida maxsus Haj ishlari bo‘yicha attashe faoliyat ko‘rsatmoqda. Malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruh, yuqori malakali tibbiyot xodimlari va oshpazlar guruhi, tajribali imom-xatiblardan saralab olingan guruh rahbarlari ziyoratchilarimizga xizmatda bardavom bo‘lib, ularning duolarini olmoqdalar.

Makka va Madina shaharlaridagi ijaraga olingan yangi, zamonaviy mehmonxonalarda uch mahal ovqat, kecha-kunduz ishlovchi tibbiy xizmat, bemorlar uchun shifoxonalar tashkil qilingan. Ziyoratchilarni “Harami sharif”ga qatnashlari uchun uzluksiz avtobus harakati yo‘lga qo‘yilgan.

Yuqorida zikr qilinganlarning bari mustaqil yurtimizning birinchi Rahbarining muqaddas islom dinimizga bo‘lgan yuksak ehtiromi, musulmonlarimizga ko‘rsatib kelgan izzat-hurmatining mahsulidir.

O‘z navbatida hojilarimiz ham bunday g‘amxo‘rlik va e’tibordan behad minnatdor ekanliklarini amalda izhor etib kelmoqdalar.

Yurtboshimiz vafoti munosabati bilan ulamolar ishtirokida g‘oibona janoza namozida ishtirok etgan haj ziyoratchilarimiz Prezidentimiz haqlariga duo qilib, Yaratgandan u zotni O‘z rahmatiga olishni, joylarini firdavs jannatlaridan aylashini so‘radilar. Haj safaridagi imom-xatiblar va hojilarimiz muhtaram Yurtboshimiz haqlariga “Xatmi Qur’on”lar o‘tkazib va “Umra” amallarini ado etib, mazkur ibodatlarning savobini muhtaram Prezidentimiz ruhlariga bag‘ishlamoqdalar.

Alloh taolo barchamizga haj amallarini bajarishni nasibu ro‘zi aylasin! Hozir safarda bo‘lgan hojilarimizning hajlarini mabrur, ya’ni maqbul, gunohlarini mag‘firat aylab, onadan yangi tavallud topgan go‘dak kabi gunohlardan musaffo bo‘lib, tinchlik va omonlikda o‘z ona yurtimizga solimina, g‘onimina qaytib kelishsin!

Yaratgan parvardigor mustaqilligimizning asoschisi, xalqimizning g‘amxo‘r otasi bo‘lgan muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning oxiratlarini obod, joylarini jannatda qilsin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   1344   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari