Bir mahallada ikki qo‘shni inoq yashashardi. Vaqtlar o‘tib, ular orasidan ola mushuk o‘tdi: “Uyni kim balandroq quradi”, degan raqobat boshlandi. Agar birinchi qo‘shni uyining tomi ikkinchi qo‘shninikidan ozroq baland bo‘lsa, ikkinchisi yoz kelishi bilan tomni ochib, qo‘shnisinikidan hech bo‘lmasa bir qarich baland qilib qayta qurardi. Shu zaylda yillar o‘tdi. Kunlarning birida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida har ikki uy qulab, hovlilar qo‘shilib qoldi. Oqibatda, qo‘shnilarga es kirib – uylarini tiklar ekan, bir-biriga yordam berishib, avvalgiday yana inoq yashay boshlashdi. Chunki hasad uchqunlari o‘sha zilzila tufayli yer qa’riga singib, yo‘qolgan edi.
Ha, inson o‘z xatolarini tuzatish, hususan, yuqorida zikr etilgan qo‘shnilar kabi kibr balosidan qutulish uchun bu dunyoda Allohdan ishoratlar bor...
Bayt:
Ko‘p kibrlanma, bo‘lgin sen xokisor,
Kamtarlik-la kamol topgaydir inson.
Akbarshoh RASULOV
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati