Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:45
Peshin
12:26
Asr
15:15
Shom
17:00
Xufton
18:20
Bismillah
20 Dekabr, 2025, ,

02.09.2016 y. Qarz muomalasi va odoblari to‘g‘risida bir oyat tafsiri

30.08.2016   9506   8 min.
02.09.2016 y. Qarz muomalasi va odoblari to‘g‘risida bir oyat tafsiri

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Alloh taolo qarz oldi-berdi borasida marhamat qilib shunday deydi:

 مَنْ ذَا الَّذِي يُقْرِضُ اللَّهَ قَرْضًا حَسَنًا فَيُضَاعِفَهُ لَهُ أَضْعَافًا كَثِيرَةً وَاللَّهُ يَقْبِضُ وَيَبْسُطُ وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ

ya’ni: “Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko‘p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar” (Baqara; 245).

Ushbu oyatda yaxshilik yo‘lida, savob hosil qilish maqsadida sarf qilinadigan mablag‘ni, mol-mulkni Alloh taologa qarz berish deb atalmoqda. Islom dinida sadaqa berishdan ko‘ra qarz berishning savobi ko‘proqdir. Zero, sadaqa va ehsonlar ixtiyoriy ravishda muhtoj va nomuhtoj kishilarga berilaveradi. Ammo qarz faqat muhtoj kishilargagina beriladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar:

قَرْضُ الشَّيْءِ خَيْرٌ مِنْ صَدَقَتِهِ (رواه مسلم

ya’ni: “Biror narsani qarzga berish, uni sadaqa qilishdan ko‘ra yaxshiroqdir”.

Boshqa bir hadisda esa Rasululloh (s.a.v.):

دَخَلْتُ الْجَنَّةَ فَرَأيْتُ عَلَي بَابِها اَلصَّدَقَةُ بِعَشْرَةٍ وَالْقَرْضُ بِثَمانِيَةِ عَشَرَ فَقلْتُ يا جِبْرِيلُ كَيْفَ صارَتِ الصَّدَقةُ بِعَشْرَةٍ وَالْقَرْضُ بِثَمَانِيَةِ عَشَرَ قَالَ لاِنَّ الصَّدَقَةَ تَقَعُ في يَد ِالْغَنِيٍّ وَالْفَقِيرِ وَالْقَرْضُ لا يَقَعُ إلاَّ في يَدِ مَنْ يَحْتاجُ اِلَيْهِ " (رواه الطبراني"

ya’ni: “Jannatga kirdim va uning eshigida sadaqa o‘n (barobar savob) bilan, qarz o‘n sakkiz (barobar savob) bilan (mukofotlanadi) - degan yozuvni ko‘rdim. Shunda ey Jabroil, qanday qilib sadaqa o‘n, qarz o‘n sakkiz barobar bo‘ladi? – deb so‘radim. U aytdiki: Chunki, sadaqa boyning ham, faqirning ham qo‘liga tushaveradi. Qarz esa, faqat unga muhtoj bo‘lgan odamning qo‘liga tushadi” – deb marhamat qilganlar.

Qarz oldi-berdi muomalasiga har ikki tarafga ham o‘zininig talab va mas’uliyatlarini yuklaydi. Qarzni faqat unga muhtoj bo‘lganda olish, olganda ham uni o‘z vaqtida qaytarish shartdir. Qarzini uzishga yetadigan moli bo‘la turib uni egasiga bermay vaqtini o‘tkazib yurish zulmdir.

Payg‘ambarimiz (sav) marhamat qiladilar:

( مَطْلُ الغَنِيِّ ظُلْمٌ.  (رواه البخاري

ya’ni: “Badavlat kishining (birovdan qarz olib, uning qarzini berishda vaqtini) cho‘zib yurishi zulmdir.  (Imom Buxoriy rivoyati).

Lekin birovga hasad qilib, moliga ko‘z olaytirib, uni chuv tushirish, mol-dunyosidan ayirish maqsadida qarz olish esa ulkan gunohlardan bo‘ladi. Jumladan, hadisda:

" مَنْ أَخَذَ اَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيدُ اَدَاءَهَا اَدَّي اللهُ عَنْهُ وَمَنْ اَخَذَها يُريدُ اِتْلاَفَهَا اَتْلَفَهُ اللهُ "

ya’ni: “Kimki birovdan qaytarib berish niyatida qarz olsa, Alloh unga qarzini uzishga yordam beradi. Kimki moliga talofat yetkazish maqsadida olsa, Alloh uning o‘ziga talofat yetkazadi” – deyiladi.

Demak, qarzini uzishga qodir bo‘lib, uni ado qilmasa gunohkor bo‘lar ekan. Lekin har qanday so‘rovchiga va turli ehtiyoj uchun ham qarz beraverish to‘g‘ri kelmaydi.

Qarz berganda avvalo, birovning og‘irini yengil qilish bilan Allohning roziligini topishni maqsad qilish lozim. Zinhor qarz berish orqali mo‘may daromad topishni ko‘zlash mumkin emas. Qarz berib uning evaziga qarzdordan foyda olish sudxo‘rlikdir. So‘dxo‘rlik esa, gunohi kabiralar jumlasiga kiradi. Bugungi kunda qarz olib, uni o‘z vaqtida qaytarib berolmay yurganlar ham uchrab turadi. Qarz bergan kishi qarzini qistayvermasligi, iloji boricha imkoniyatlar yaratib berib vaqtini cho‘zib berishi lozim. Payg‘ambarimiz(sav) marhamat qiladilar:

( مَنْ اَنْظَرَ مُعْسِراً اَوْ وَضَعَ لَهُ اَظَلَّهُ اللهُ يَوْمَ الْقِيامَةِ تَحْتَ ظِلِّ عَرْشِهِ يَوْمَ لا ظِلَّ إلاَّ ظِلّهُ " (رواه الترمذي

ya’ni: “Kimki kambag‘alning qarz uzish muddatini uzaytirib qo‘ysa yoki kechib yuborsa, soya bo‘lmaydigan kunda (qiyomatda) Alloh taolo unga Arsh ostidan soya ato etadi”.

Agar qarzdor qarzini uza olishga umuman ko‘zi yetmasa, qarz bergan kishi qarzidan kechib yuborishi ulug‘ savobli ish bo‘ladi. Alloh taolo marhamat qiladiki:

وَإِنْ كَانَ ذُو عُسْرَةٍ فَنَظِرَةٌ إِلَى مَيْسَرَةٍ وَأَنْ تَصَدَّقُوا خَيْرٌ لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ  

ya’ni: “Agar (qarzdor) qiynalsa, boyigunga qadar kutish lozim. Agar bilsangiz, (bergan qarzingizni qarzdorga) sadaqa qilib yuborishingiz o‘zingiz uchun yaxshiroqdir”. (Baqara; 280)

Shunday ekan qarz oluvchilar o‘z huquq va mas’uliyatlarini yaxshi bilmoqlari bilan bir qatorda bir-birlariga nisbatan muruvvatni unutmasliklari kerak.

Qur’oni karimda shunday deyiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا تَدَايَنْتُمْ بِدَيْنٍ إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى فَاكْتُبُوهُ  

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qo‘yingiz!”. (Baqara; 282)

Demak, har ikki tomon o‘rtasida keyinchalik ixtilof va nizo chiqmasligi uchun qarzni guvohlar huzurida yozib qo‘yish maqsadga muvofiq ekan.

 

عَبْدِ اللهِ بْنِ أَبِي رَبِيعَةَ قَالَ: اسْتَقْرَضَ مِنِّي النَّبِيُّ أَرْبَعِينَ أَلْفًا فَجَاءَهُ مَالٌ فَدَفَعَهُ إِلَيَّ وَقَالَ: بَارَكَ اللهُ فِي أَهْلِكَ وَمَالِكَ إِنَّمَا جَزَاءُ السَّلَفِ الْحَمْدُ وَاْلأَدَاءُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ

ya’ni: Abdulloh ibn Abu Robiya roziyallohu an­hu­dan rivoyat qilinadi:  «Nabiy sollallohu alayhi vasallam mendan qirq ming (dirham) qarz oldilar. Keyin u zotga mol kelganida uni menga qaytarib berdilar va: «Alloh  molingga va ahlingga baraka bersin. Albatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir», dedilar». (Nasaiy rivoyati).

 

   عَنْ جَابِرٍ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ  لاَ يُصَلِّي عَلَى رَجُلٍ مَاتَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ فَأُتِيَ بِمَيِّتٍ فَقَالَ: أَ عَلَيْهِ دَيْنٌ قَالُوا: نَعَمْ دِينَارَانِ قَالَ: صَلُّوا عَلَى صَاحِبِكُمْ قَالَ أَبُو قَتَادَةَ: هُمَا عَلَيَّ يَا رَسُولَ اللهِ فَصَلَّى عَلَيْهِ رَسُولُ اللهِ  فَلَمَّا فَتَحَ اللهُ عَلَى رَسُولِهِ قَالَ: أَنَا أَوْلَى بِكُلِّ مُؤْمِنٍ مِنْ نَفْسِهِ فَمَنْ تَرَكَ دَيْنًا فَعَلَيَّ قَضَاؤُهُ وَمَنْ تَرَكَ مَالاً فَلِوَرَثَتِهِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ

 «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zimmasida qarzi bo‘la turib o‘lgan odamga janoza namozi o‘qimas edilar. Bir mayyitni olib kelindi. Bas, u Zot: «Uning zimmasida qarz bormi?» dedilar. «Ha, ikki dinor», deyishdi. «Sohibingizga o‘zingiz janoza o‘qing», dedilar. «O‘sha ikkovi mening zimmamga, ey Allohning Rasuli», dedi Abu Qatoda. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u(mayyit)ga janoza o‘qidilar. Alloh o‘z Rasuliga Fath ato qilganidan keyin: «Men har bir mo‘min uchun uning o‘zidan ham yaqinman. Kim qarz qoldirsa, uni ado etish mening zimmamda. Kim mol tark qilsa, merosxo‘rlariga», dedilar».

Bu hadisi sharif ham zimmasida qarzi bo‘la turib o‘lish o‘ziga yarasha muomala talab qilishini ko‘rsatadi.

Ushbu hadisga amal qilaroq, hozirda ham har bir mayyitga janoza namozi o‘qishdan oldin uning qarzi bor-yo‘qligi so‘raladi. Uning qarzlarini yaqin kishilardan biri o‘z zimmasiga olganidan keyingina janoza namozi o‘qiladi. Shariat hukmi bo‘yicha biror mayyitning qarzini o‘z zimmasiga oladigan kishi topilmasa, uning qarzi xazinadan uziladi. Xazina bo‘lmagan joylarda mazkur qarz shu yerlik musulmonlarning zakotidan ado etilishi mumkin.

Alloh taolo qarzdorlar qarzlarini o‘z vaqtida ado etishlariga muyassar aylasin, qarz va omonat borasidagi mas’uliyatni yaxshi biladigan omonatdor bandalardan bo‘lishimizga nasibu ro‘zi aylasin. Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi

11.12.2025   19106   2 min.
Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi

Bugun, 11 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida kasb-mahoratini oshirgan masjidlar muazzinlariga ijozat shahodatnomasi topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda taniqli ulamolar, tajribali imom-xatiblar, diniy ta’lim muassasalari ustoz-talabalari, malakali muazzinlar va mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tadbir Qur’oni karim qiroati va xayrli duolar bilan boshlandi.

Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlab, keyingi yillarda mamlakatimizning barcha jabhalarida bo‘lgani kabi diniy-ma’rifiy sohada ham ko‘lamli islohotlar bo‘layotgani, Davlat Rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida bugungi yuksalishlarga erishilayotgani haqida aytib o‘tdilar. Xususan, Diniy idora tomonidan yurtimiz masjidlarida yangrayotgan azon ohanglari yanada go‘zal bo‘lishi uchun sa’y-harakatlar olib borilayotganiga urg‘u berdilar. 

So‘zga chiqqan Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li Muftiy hazratlari tashabbusi bilan imom-xatiblar qiroatini yaxshilash va muazzinlarning azon aytishlarini chiroyli qilish bo‘yicha xayrli ishlar yo‘lga qo‘yilgani, bu borada mo‘tabar manbalar va zamonaviy usullar asosida o‘quv rejalari ishlab chiqilgani, qariyb besh yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida ikki mingdan ziyod muazzin uchun azon va iqoma bo‘yicha o‘quv seminarlar, onlayn va oflayn mashg‘ulotlar olib borilgani, mazkur amaliy mashg‘ulotlar davomida baholash mezonlariga ko‘ra saralab olingan 196 nafar muazzin maxsus o‘qitilgani, bugun ularning 70 nafardan ziyodiga ijozat shahodatnomalari berilayotgani haqida to‘xtaldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga muazzinlarning malaka oshirish darslari jarayonlaridan videolavha namoyish etildi. Shuningdek, malakali muazzinlarning azon sadolari tinglandi.  

Shundan so‘ng azon va iqoma aytish bo‘yicha ijozat shahodatnomalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Muftiy hazratlari va Shayx Alijon qori tomonidan malaka oshirgan bir guruh muazzinlarga ijozat shahodatnomalari va kitoblar to‘plami topshirildi.

Shuningdek, Muftiy hazratlari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazishda jonbozlik ko‘rsatgan Shayx Alijon qori boshchiligidagi ustozlarga tashakkurnomalar berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi Malaka oshirgan muazzinlarga ijozat shahodatnomasi topshirildi
O'zbekiston yangiliklari