Ikki qo‘shni bor edi. Ulardan biri mashinali bo‘ldi. U har kuni ishga ketayotib, qo‘shnisini ham ola ketar edi. Oylar, yillar shu zaylda o‘tdi. Kunlarning birida mashinali kishi tishi qattiq og‘rigani sabab, zudlik bilan doktorga ko‘rinish maqsadida, qo‘shnisini kutmay jo‘nashga majbur bo‘ldi. Qo‘shnisi esa, derazadan uning mashinani yelday uchirib ketayotganini ko‘rib: “Eh, nomard, meni ham ola ketsang biror joying kamayib qolarmidi? Ilohim, tishing og‘rib, bir umr senga azob bersin...” dedi.
Bayt:
Noshukr shunaqa – bilgani fasod, ig‘vo va qarg‘ish,
Duoibadida qo‘shilur, hatto qo‘shni og‘zidagi tish...
Akbarshoh Rasulov
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati