Tomirlari moziyning tiniq buloqlaridan suv ichgan yurtimizga mustaqillik bergan ne’matlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmasa kerak. Tarix uchun mo‘jaz, lekin bunyodkorlik ishlari samarasiga qarab, ulkan yutuqlarga erishilgan 25 yil davomida O‘zbekiston dunyo bilan bo‘ylasha oldi. Chunonchi, yosh avlod tarbiyasi, jamiyat rivoji, insonlarning farovonligi darajasi oshishi, milliy qadriyatlarimizning tiklanishi, qo‘yingki, barcha sohalarda kelajak uchun mustahkam poydevor barpo etildi.
Andijon viloyatida 1998 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti ham mustaqillik inom etgan ne’matlardan biridir. Mustaqillik yillarida hukumatimiz tomonidan qabul qilingan tegishli hujjatlarga asosan o‘rta-maxsus islom bilim yurti bitiruvchilarining diplomlari davlat ta’lim hujjati sifatida e’tirof etildi.
Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta-maxsus islom bilim yurtini faoliyat boshlagan yildan buyon 800 nafarga yaqin talaba bitirib, Dinshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha imom, boshlang‘ich arab tili va odobnoma murabbiysi mutaxassisligi bo‘yicha tegishli hujjatga ega bo‘ldilar. Madrasamiz bitiruvchilari hozirda mamlakatimizning taraqqiy etishiga hamda jamiyatimiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Talabalarimizning ta’lim olib, hozirda katta yutuqlarga erishayotgani biz mudarrislarga hamisha faxr-iftixor baxshida etadi. Erishilgan muvaffaqiyatlar esa, muassasada ta’lim-tarbiya ishlarining ijobiy tashkil etilayotganidan darak beradi.
Bilim yurti talabalari xorij davlatlarida o‘tkazilgan Qur’on musobaqalarida ham o‘z bilim va malakalarini muvaffaqiyatli namoyish etib keladi. Jumladan, Misr, Saudiya Arabistoni, Jazoir va Eron davlatlaridagi tanlovlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi islom o‘rta maxsus bilim yurti talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Yagona olimpiada”, “Qorilar musobaqasi” tanlovlarida madrasamiz talabalari munosib ravishda ishtirok etib, ulardan bir qanchasi grant asosida Toshkent islom institutiga kirish xuquqiga ega bo‘lganini alohida e’tirof etish joiz. Talabalar tomonidan nafaqat fan yo‘nalishlari, balki sport sohalarida ham erishilgan yutuqlar bisyor.
Bilim yurtida talabalarga Qur’oni karim tajvidi, tafsir, hadis, fiqh, nahv, islom tarixi, muhovara kabi mutaxassislik fanlari, shuningdek, ona tili, fizika, matematika, informatika, ingliz va rus tillari, kimyo, biologiya, ma’naviyat asoslari singari umumta’lim fanlaridan o‘z fanining yetuk mutaxassisi bo‘lgan 20 nafardan ziyod mudarris–o‘qituvchilar ta’lim bermoqda.
Bilim yurti mudarrislarining ommaviy axborot vositalari bilan olib borayotgan hamkorliklari samarasiga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Ijodkor muallimlarning viloyat televideniyesi orqali turli dolzarb mavzulardagi ishtiroklari, davra suhbatlari muntazam berib boriladi. Bilim yurti mudarris-o‘qituvchilari o‘zlari o‘tayotgan fanlaridan o‘quv qo‘llanmalar ham tayyorlab boradilar. Xususan, madrasamiz mudarrislari tomonidan tayyorlangan voizlik ilmi xususidagi “Xatoba” nomli risola hozirda yurtimizdagi barcha o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida o‘quv qo‘llanma sifatida o‘qitib kelinmoqda. M.Mo‘minovning “Mazhablar va yo‘nalishlar” fanidan “Hizbut-tahrir oqimiga raddiyalar” risolasi, R.Mahmudovning “Tafsir” fanidan o‘quv qo‘llanmasi va o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan “Mir’otus soliqiyn”, “Ramazon tuhfasi” kitoblari talabalarning fanlarni chuqur o‘zlashtirishlariga xizmat qilmoqda.
Bilim yurti o‘quv, moddiy-texnika bazasini yaxshilashda, mudarris va talabalarni ishlash va o‘qishlari uchun sharoitlarni tashkil etishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xamda bir qator homiy tashkilot va mexr-muruvvatli, saxovatli insonlar tomonidan ko‘mak berib kelinmoqda.
Bilim yurti talabalari dam olish vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun qulay sharoitlarga ega sport maydochasi, mashg‘ulot zali va bir qator fanlardan to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi.
Muxtasar qilib aytganda, istiqlol bergan ne’matlardan biri bo‘lgan mazkur o‘quv dargohi, mudarris va o‘qituvchilari yosh avlodni jamiyatimiz rivoji uchun munosib voris etib tarbiyalash yo‘lida xizmat qilmoqdalar.
Muhammadyusuf TO‘RAQULOV
Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta -maxsus
islom bilim yurti mudarrisi
Hanafiy mazhabida imomga iqtido qiluvchi imom orqasida xoh jahriy namozda, xohi maxfiy namozda qiroat qilmaydi.
Bunga dalil Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlaridir: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, imomning qiroati uning ham qiroatidir», deb aytganlar.
Mana shunga sahobai kiromlar ham ijmo’ qilishgan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Qachon qiroat qilinsa, bas, jim turing!» Imom Muslim rivoyati.
Abu Hanifa va Abu Yusuf roziyalohu anhumlar nazdida: Imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi makruh bo‘ladi, bundan murod makruhi tahrimiydir.
Chunonchi, Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: «Kimki imom orqasida qiroat qilsa, batahqiq, sunnatni xato bajaribdi!»
Shunday ekan imomga ergashuvchi har bir namozxon imomga iqtido qilib ergashdimi, imomni qiroatini eshitishi va sukut saqlab jim turishi kerak bo‘ladi. Shunda ado etiladigan ibodatlar mukammal, bexato bo‘ladi.
Hanafiy mazhabining masalasiga binoan, fiqhiy matn kitoblari ko‘rsatmasiga amal qilgan holda barcha namozlarda imom orqasida muqtadiy jim turishi talab etiladi. Aks holda, makruhi tahrimiy ishni qilib qo‘yish mumkin.
Abdug‘affor Nishonov,
Pop tumani "Soy" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar