بسم الله الرحمن الرحيم
Qadrli namozxonlar! Alloh taborak taolo Qur’oni karimda O‘ziga ibodat qilish, Unga hech bir narsani sherik qilmaslik, ota-ona, qavm-qarindosh, yetim-miskinlar va qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik qilishga amr etib, bunday deydi:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا
ya’ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso, 36).
Muhtaram jamoat! Imom Buxoriy rahmatullohi alayh o‘z kitoblarida ota-ona, qavmu qarindosh va farzandlar bilan olib boriladigan muomala madaniyatiga oid boblardan keyin qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi muomala bo‘lish bobini keltirganlar. Inson bolasi o‘zining kundalik hayotida, istaydimi-yo‘qmi, doimiy ravishda aloqada bo‘lib turadiganlardan biri qo‘shnilardir. Kishining hayoti osoyishtaligi, baxti, quvonchi ko‘pincha qo‘shni bilan kechadigan aloqalarga ham bog‘liq bo‘ladi. Agar Alloh taolo bandaga yaxshi qo‘shni ato qilsa, ko‘pgina yaxshiliklarga sabab bo‘ladi. Aksincha, yomon qo‘shnidan har xil yomonlik kutishning o‘zi turmush halovatini ketkazadi.
Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishining saodati keng maskan, solih qo‘shni va yaxshi ulovdadir», deganlar».
عن الحسن أنه سئل عن الجار، فقال: أَرْبَعِينَ دَارًا أَمَامَهُ وَأَرْبَعِينَ خَلْفَهُ، وَأَرْبَعِينَ عَنْ يَمِينِهِ، وَأَرْبَعِينَ عَنْ يَسَارِهِ.
ya’ni: Hasandan rivoyat qilinadi: «Undan qo‘shnilar haqida so‘rashdi. Shunda u: «Oldidan qirq hovli, ortidan qirqta, o‘ngidan qirqta, chapidan qirqta», dedi».
Shariat nuqtayi nazaridan, o‘ng tomondan, chap tomondan, old tomondan va orqa tomondan qirqta xonadon qo‘shni hisoblanar ekan va ularda qo‘shnilik haqqi bo‘lar ekan.
Muhtaram jamoat! Islomda qo‘ni-qo‘shnilarning haqlari to‘rtta bo‘lib ular; qo‘shniga aziyat bermaslik, qo‘shnini yomonliklardan himoya qilish, ularga doimo yaxshilik qilish, qo‘shinidan yetadigan aziyatlarga sabrda bo‘lib, ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilish.
عَنْ أَبِي شُرَيْحٍ الْخُزَاعِيِّ عَنِ النَّبِيِّ قَالَ: مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلْيُحْسِنْ إِلَى جَارِهِ وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلْيُكْرِمْ ضَيْفَهُ وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الآخِرِ فَلْيَقُلْ خَيْرًا أَوْ لِيَصْمُتْ.
ya’ni: Abu Shurayh Xuzo’iydan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, mehmoniga ikrom ko‘rsatsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin», dedilar».
Qo‘shniga yaxshilik qilish Allohga va qiyomat kuniga imon keltirgan kishining sifati, belgisi, alomati ekan. Kim Allohga imon keltirgan bo‘lsa, qiyomat kunidan umidvor bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilishi lozim ekan. Qo‘shniga yaxshilik qilish uning hojati tushgan ishlarda yordam berish va undan yomonliklarni daf’ qilish bilan bo‘ladi. Unga ozor berilmaydi va ehson qilinadi. Qo‘shniga ochiq yuzli bo‘lish, shirin so‘z bo‘lish, taom berish kabi ishlar bilan ikrom ko‘rsatiladi. Yaxshi qo‘shnichilik alomatlaridan ba’zilari unga muhtoj bo‘lganda qarz berish, bemor bo‘lsa, borib ko‘rish, ta’ziyasida ishtirok etish, xursandchiligini tabriklash, uy qurganda devorini baland qilib yubormaslik kabi ishlarda ham qo‘shinichilik haqlaridan hisoblanadi.
عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّ لِي جَارَيْنِ فَإِلَى أَيِّهِمَا أُهْدِي
قَالَ: إِلَى أَقْرَبِهِمَا مِنْكَ بَابً
ya’ni: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning Rasuli, mening ikkita qo‘shnim bor, ulardan qaysi biriga hadya beray?» deb so‘radim. U zot: «Senga eshigi yaqinrog‘iga», dedilar».
Demak, qo‘ni-qo‘shniga yaxshilik qilishda, hadya berishda eshigi yaqinroq bo‘lgan qo‘shnidan boshlash kerak ekan. Agar bir qo‘shnini tashlab, undan keyingisiga hadya berilsa, o‘rtadagi qo‘shnining ko‘ngliga «Meni yomon ko‘rsa kerak, bo‘lmasa, yon qo‘shni bo‘lib turib, shunaqa qiladimi?» degan shubha tushadi.
ya’ni: Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Uning qo‘yi so‘yildi. U xizmatchi yigitiga: «Yahudiy qo‘shnimizga ham hadya qildingmi? Yahudiy qo‘shnimizga ham hadya qildingmi?» deb hadeb so‘rayverdi. So‘ng: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Jabroil menga qo‘shniga yaxshilik qilish haqida shu qadar tavsiya qildiki, hatto uni merosxo‘r bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qoldim» deganlarini eshitganman», dedi».
Bu hadisda sahobalardan birlarining ana shu hadisi sharifga qanday amal qilishlari ko‘rsatilmoqda. Qo‘shni yahudiy ekan, dushmanlik qilib yurgan g‘ayridin odamlardan ekan. Lekin hadisda «qo‘shni» deyilganmi, bo‘ldi. Yahudiymi, nasroniymi, majusiymi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, unga yaxshilik qilish kerak.
عن ابن عمر رضي الله عنهما قال: لقد أتى علينا زمان وما أحدٌ أحقُّ بديناره ودرهمه من أخيه المسلم، ثمّ الآن الدّينار والدّرهم أحبّ إلى أحدنا من أخيه المسلم، سمعت النّبيّ صلّى الله عليه وسلّم يقول: "كم من جار متعلق بجاره يوم القيامة، يقول: يا ربّ! هذا أغلق بابه دوني، فمنع معروفه"
Ya’ni: Ibn Umardan rivoyat qilinadi: «U kishi shunday dedi: «Boshimizda shunday zamon yoki paytlar bo‘ldiki, bir odamning bir dinori yoki dirhami bo‘lsa, o‘shanga uning musulmon birodaridan ko‘ra haqliroq odam yo‘q edi. Bugungi kunga kelib esa, dinor va dirham bizlarga musulmon birodarimizdan afzalroq bo‘lib qoldi. Holbuki Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: «Qiyomat kuni ko‘pchilik qo‘shnisining bo‘yniga osilib olib: «Rabbim! Bu qo‘shnim mening yuzimga eshik yopdi va yaxshiligini to‘sdi», deb da’vo qiladi» deganlarini eshitganman», dedi».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning Rasuli, falon ayol kechasi bilan namozda qoim bo‘ladi, kunduzi nafl ro‘zalarni tutadi. Yana boshqa falon-falon yaxshiliklarni qiladi, sadaqa beradi, lekin tili bilan qo‘shnilarga ozor yetkazadi», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U ayolda yaxshilik yo‘q, u do‘zax ahlidandir», dedilar. Boyagi kishilar: «Falonchi ayol bo‘lsa, farz namozlarini o‘qiydi, kiyimlaridan sadaqa qiladi, ammo biror kishiga ozor bermaydi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ana shu ayol ahli jannatlardandir», dedilar».
Mazkur hadisi sharifda qo‘ni-qo‘shnilarga ozor bermaslik, ularni behurmat qilmaslik naqadar zarur ish ekani ta’kidlanmoqda. Qo‘ni-qo‘shnilarga yomon munosabatda bo‘lish, ularga ozor berish o‘qilgan nafl namozlar, tutilgan nafl ro‘zalarni ham yuvib ketib, ularni foydasiz holga keltirib qo‘yadi. Aksincha, qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashagan, ularga ozor bermagan odam katta baxt-saodatga erishadi va ahli jannatdan bo‘ladi.
عن أبي هريرة: أن رسول الله r قال: "لا يَدْخُلُ الجَنَّةَ مَنْ لا يَأْمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ
ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning qo‘shnisi uning yomonliklaridan omonda bo‘lmasa, u jannatga kirmaydi», deganlar».
عن ثوبان قال: "مَا مِنْ رَجُلَيْنِ يَتَصَارَمَانِ فَوْقَ ثَلاثَةِ أَيَّامٍ، فَيَهْلِكُ أَحَدُهُمَا، فَمَاتَا وَهُمَا عَلَى ذَلِكَ مِنَ الْمُصَارَمَةِ، إِلا هَلَكَا جَمِيعًا، وَمَا مِنْ جَارٍ يَظْلِمُ جَارَهُ وَيَقْهَرُهُ، حَتَّى يَحْمِلَهُ ذَلِكَ عَلَى أَنْ يَخْرُجَ مِنْ مَنْزِلِهِ ، إِلا هَلَكَ ."
ya’ni: Savbondan rivoyat qilinadi: «U kishi: «Ikki kishi o‘zaro urishib qolib, uch kundan ortiq gaplashmay yursa, ulardan biri halokatga uchraydi. Agar ikkovi ham bir-biriga gapirmay, gina saqlab vafot etsa, ikkovi ham halokatga uchraydi. Bir odam qo‘shnisiga zulm qilsa, qahr ko‘rsatib qo‘shnisini ko‘chib ketishga majbur qilsa, u albatta halok bo‘ladi», degan ekan».
Alloh taolo barchalarimizni qo‘shnilarga yaxshilik qiladigan va ularning haqlariga rioya qiladigan bandalardan qilsin. Omin!
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati