Xalqimizda “Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin!” degan naql bor. Haqiqatda hamma ishni o‘z egasi, ustasi qilgani ma’qul. Yo‘qsa, turli kelishmovchilik va ixtiloflar kelib chiqishi tabiiy.
Shiddat bilan odimlayotgan davrimizda o‘zini “mujtahidman” deydiganlar chiqdi va chiqmoqda. Aslida, ular ilmga endi qadam qo‘ygan tolibi ilmlardir. Chunki ijtihod ilmda komil bo‘lgan, yetuk zotlarning ishidir. Hammada ham bu darajaga yetishga layoqatli bo‘lavermaydi.
Hozirgi zamonda mujtahid yo‘qmi? Bu savolga quyida javob olamiz.
Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bir kishiga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”, – dedilar (To‘rtovlari rivoyat qilgan).
Ba’zi ulamolar ushbu hadisni dalil qilib: “Qiyomatgacha mujtahid uzilmaydi”, desalar, jumhur ulamolar: “Yo‘q, mujtahidlikning o‘ziga yarasha shartlari bor, bugungi kunda yakka tartibdagi mujtahidning yo‘qligi ijtihodning shartlari o‘sha narsani da’vo qiluvchilarda to‘liq topilmasligidadir”, deydilar. Lekin, yakka tartibdagi mujtahid yo‘qligini e’tirof qiluvchi ulamolar jamoaviy ijtihodni inkor etmaydilar. Chunki mo‘tabar fiqh kitoblarimizda yozilmagan, yangi, zamonaviy masalalarga kimdir javob berish kerak – da!
Jamoaviy ijtihod alohida bir mavzu bo‘lgani uchun uning bayoniga e’tibor qaratmadik.
Oqil boshqadan ibrat oladigan odamdir. Shu joyda ulug‘lar hayotidan bir ibratli voqeani keltirib o‘tish o‘rinlidir.
Bu voqeani mashhur tariqat shayxi, shariat peshvosi, alloma Xolid Bag‘dodiy Naqshbandiy rahmatullohi alayh o‘zining “Ijtihod da’vosini yo‘qqa chiqarishga shiddatli kurash” risolasida keltirgan: “Munoviy rahmatullohi alayh “Al-Jome’ as-sag‘ir” kitobiga yozgan sharhining muqaddimasida aytadi: “Alloma Shihob Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytadi: “Suyutiy mutlaq mujtahidlikni emas, mazhab ichida mujtahidlikni da’vo qildi. O‘sha vaqt unga hamasr ulamolar bir kamondan o‘q otdilar (ya’ni barcha ulamolar bir bo‘lib raddiya qildilar). As'hoblar Suyutiyga ikki xil yechim ehtimoli bor masalalarni savol qilib maktub yozdilar. Qani, agar u mujtahidlikning eng quyi pag‘onasida bo‘lsa (bu yerdagi ijtihodning eng quyi pog‘onasi fatvo mujtahididir), mujtahidlar qoidasini ishlatib, o‘sha vajhlarning eng kuchlisi haqida gapirsin–chi!? Savollarga yozma javob qaytarsin–chi!?
Shunda imom Suyutiy ishlarining ko‘pligi o‘sha masalalarga qarashdan to‘sayotganini aytib, uzr yo‘llaydi.
Shihob aytadi: “Ijtihod martabasining eng quyi darajasi bo‘lgan fatvo ijtihodi martabasi qiyinligi haqida bir taammul qilib ko‘ring!?
Kim mutlaq mujtahidlik haqida fikr qilayotgan bo‘lsa (qarasin), bu zamon vakillaridan (Ibn Hajarning zamonasidagi olimlardan) birortasi o‘ziga o‘sha nisbatni berishga jur’at qilmagan!
Holbuki, biz bilan ular orasida to‘rt yuz yil bor. Avvalgilar bu martabani da’vo qilishdan uzr aytgan bo‘lsalar, zamonamiz kishisi (bunday soxta da’volardan) qanday hayo qilmaydi!?” (Iqtibos tugadi).
Mujtahidlikning eng quyi pog‘onasini da’vo qilgan imom Suyutiy o‘zi kim edi? Haqiqatdan ham mujtahidlik darajasini quruq, (hozirgi zamondagi ba’zilar kabi) shunchaki da’vo qilganmidi yoki imom Suyutiyda o‘sha da’voga yarasha layoqat, asos bormidi?
Keling, Jaloliddin Suyutiy rahmatullohi alayh hayot va ijodlari haqida qisqacha so‘z yuritsakda, xulosa chiqarishni o‘quvchini o‘ziga qoldirsak.
U zotning kimligi, qilgan ishlari, nimalarga qodirligini o‘zingiz insof tarozisida tortib ko‘rarsiz!
To‘liq ismi va kunyasi. Jaloliddin Abulfazl Abdurrahmon ibn Kamoliddin Abu Bakr ibn Muhammad ibn Sobiquddin Abu Bakr ibn Faxruddin Usmon ibn Nosuriddin Muhammad ibn Sayfuddin Xizr ibn Najmuddin Abussaloh Ayub ibn Nosiruddin Muhammad ibn shayx Humamuddin Humam Xaziriy, Asyutiy, Tuluniy, Misriy shofe’iydir.
Ibnul kutub nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Ibnul kutub – kitoblar farzandi nomini olishiga sabab quyidagi hodisa bo‘lgan: otasi onasiga javondan kitob olib kelishni buyuradi. Nogoh ana o‘sha joyda onani to‘lg‘oq tutib, kitoblar orasida imom Suyutiyni dunyoga keltiradi. Shu sabab bo‘lib, Ibnul kutub laqabini oldi.
Imom Suyutiy 849 yil Rajab oyining boshida, yakshanba kuni, shomdan keyin tavallud topdi.
Imom Suyutiy besh yosh–u yetti oyligida otadan yetim qoldi. Sakkiz yoshida Qur’oni karimni to‘la yod oldi.
Imomda ilmga bo‘lgan muhabbat yoshlikdan paydo bo‘lgan. Uch yoshida otasi Hofiz Ibn Hajarning majlisiga olib boradi.
Zamonaning katta ulamosi Kamoliddin Ibn Humomdan qattiq ta’sirlangani Suyutiyning ilm olishiga katta turtki bo‘ladi. 864 yil Rabi’ul avval oyining boshidan ilmga astoydil kirishadi.
Imom Suyutiy juda ko‘p ustozlarda ta’lim olgan. Suyutiyning shogirdi imom Sha’roniy o‘zining “Tabaqot”ida ustozi 600 ta shayxdan ilm olganini aytadi.
Imom faqat shayxlar bilan kifoyalanmay, zamonasining mashhur faqiha, muhaddisa ayollaridan ham tahsil olgan. Ummul Muhanni’, Oisha bintu Abdulhodiy va Zaynab bintu hofiz Iroqiylar shular jumlasidandir.
Imom yettita ilmda peshqadam va mohir bo‘lgan: tafsir, hadis, fiqh, nahv, ma’oniy, bayon va badi’.
Suyutiyning yozgan kitoblari ro‘yxati tuzilgan alohida risolalar ham bitilgan. Unda ro‘yxatga kiritilgan kitoblar soni 725 tani tashkil etgani aytilgan. Shundan 200 dan ortig‘i bosmadan chiqqan. Yozgan kitoblarining barchasi dolzarb mavzularda. Ular hozirgacha olim va toliblar qo‘lida asosiy qo‘llanma bo‘lib kelmoqda. Qolganlari esa qaysidir kutubxonalarda tadqiqotlarni kutib yotibdi yoki yo‘qolgan, zoye bo‘lgan.
Suyutiy hadis to‘plashga juda haris edi. O‘zining “Al-jome’ as-sag‘ir”, uning “Zavoid”i va “Al-jome’ al-kabir” asarlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning barcha hadislarini yig‘ishga harakat qilgan. Hadisga bag‘ishlangan bu mo‘tabar manbalarning o‘ziga xosligi abjad harflari tartibida, musnad kitoblar yo‘nalishida yozilganligidir. Bu to‘plamlarni o‘qigan kishi hadisning boshidanoq gap nima haqida ketayotganini bilib oladi. Imom mana shu olamshumul ishi bilan sunnati mutahharaga juda katta xizmat qildi.
Suyutiy o‘zi haqida 200 000 hadis yod olganini, agar undan ko‘proq topganida uni ham yodlashini aytib o‘tgan.
Imom Suyutiyning vafotidan keyin xonasidan o‘z qo‘li bilan yozgan xati topilgan. Unda quyidalar yozilgan:
“Alloh taologa hamd, Uning Rasuliga esa salavot va salomlar bo‘lsin!
Hijriy 904 yil (bu hodisa vafotidan yetti yil oldin bo‘lgan) Rabi’ul avval oyining sakkizinchi kuni, payshanba kechasi tush ko‘rdim. Qarasam, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzuridaman. Hadis borasida yozishga kirishgan (“Jam’ul javomi’” yoki “Al-jome’ al-kabir”) kitobim haqida ul zotga so‘zlab berdim.
Aytdimki:
– Sizga undan biroz o‘qib bersam?
Ul zot menga:
Mana shu narsa mening nazarimda butun dunyodan afzal bashorat edi”.
Fiqhni shayx Sirojiddin Bulqiniydan, u zotdan keyin o‘g‘lidan, lug‘at va hadisni shayx Taqiyyuddin Shumuniydan, tafsir, usul va ma’oniyni shayx Muhyiddin Muhammad ibn Sulaymon Rumiy hanafiy va boshqa qator yetuk ustoz va allomalardan saboq olgan.
“Hisnul muhozara” kitobida haj qilganida Zamzam suvini fiqhda Sirojiddin Bulqiniy, hadisda Ibn Hajar darajasiga yetishni niyat qilib ichganini aytadi.
Olimlarning ta’kidlashicha, Alloh taolo imom Suyutiyni maqsadiga yetkizgan.
Suyutiy qirq yoshida ibodatga ajrab chiqib, umrining oxirigacha ibodat, riyozat bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Barakali umr ko‘rgan imom 911 yil jumadul uloning 19 kuni, juma kechasi 62 yoshida olamdan o‘tdi.
Alloh taolo Imom Suyutiyni O‘z rahmatiga olib, borgan joyini jannat bog‘laridan aylasin!
Abu Ubaydulloh
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan