Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

12.08.2016. Qarindoshlik aloqalarini uzmang!

09.08.2016   8932   12 min.
12.08.2016. Qarindoshlik aloqalarini uzmang!

 بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Avgust oyida ulug‘ muhaddis, dunyo imomi, muhaddislar amiri Imom Buxoriy hazratlarining hayotlari va mashhur asarlaridan “Adabul-mufrad” (Odoblar xazinasi)  haqida suhbatlashishni rejalagan edik.

     Mamlakat rahbari ul zotga haqqoniy ta’rif berib, «Imom Buxoriy hazratlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon olamining faxr-iftixoridir. Bu tabarruk zotning hayoti tom ma’nodagi ilmiy va insoniy jasorat, bukilmas iroda, so‘nmas e’tiqod timsolidir», degan edilar.

O‘z navbatida Yurtboshimiz Imom Buxoriy hazratlarining “Al-adab al- mufrad” (Odoblar xazinasi) asari haqida alohida ta’kidlab shunday tavsiya berdilar: “Birinchi navbatda farzandlarimizni yuksak bilim va ma’naviy fazilatlarga ega qilib tarbiyalashimiz lozimligi, ularga biz uchun muqaddas bo‘lgan Islomning mohiyatini, uning tinchlik, yaxshilik, mehr-shafqat, hamjihatlik dini ekanini to‘g‘ri tushuntirib berishimiz kerak..."

     Bugun ana shu odob kitobiga kiritilgan silai rahm, ya’ni qarindoshlik aloqalari haqida so‘z yuritamiz. Imom Buxoriy mashhur «Jome’us-sahih» kitoblarida «Kitobul adab» degan qism ochib, uning ichida odob-axloqqa oid hadisi shariflardan uch yuzdan ortig‘ini bir yuz yigirma sakkiz bobda keltirganlar. Lekin u kishi faqat bu bilan kifoyalanmay, «Jome’us-sahih»ga o‘zlariga yetib kelgan boshqa hadislarni ham qo‘shib, «Al-adab al-mufrad» nomli kitob tasnif qilganlar. U kishi bu mavzuni o‘ta muhim hisoblaganlaridan unga alohida kitob bag‘ishlashni lozim ko‘rgan bo‘lsalar kerak. Imom Buxoriyning «Al-adab al-mufrad» kitobi ham juda mo‘tabar hisoblanadi. Unda imom Buxoriy faqat adabga oid 1322 ta hadisi sharifni keltirganlar va o‘z odatlariga binoan, ularni 644 ta bobga bo‘lganlar. Quyida ana shu hadislardan silai rahmga oidlarini o‘rganib chiqamiz.

عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الأَنْصَارِيِّ أَنَّ أَعْرَابِيًّا عَرَضَ عَلَى النَّبِيِّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ في مَسِيرَةٍ فَقَالَ: أَخْبِرْنِي مَا يُقَرِّبُنِي مِنَ الْجَنَّةِ وَيُبَاعِدُنِي مِنَ النَّارِ قَالَ: تَعْبُدُ اللهَ وَلاَ تُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا وَتُقِيمُ الصَّلاَةَ وَتُؤْتِي الزَّكَاةَ وَتَصِلُ الرَّحِمَ

ya’ni: Abu Ayyub Ansoriydan rivoyat qilinadi: «Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yo‘llarini to‘sib chiqib: «Menga jannatga yaqinlashtiradigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering», dedi. «Allohga ibodat qilasan, Unga hech narsani shirk keltirmaysan. Namozni ado qilasan. Zakotni berasan. Silai rahm qilasan», dedilar».

Bu hadisi sharifda silai rahm qilish – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash imon, namoz va zakot kabi Islom ruknlari bilan bir darajaga qo‘yilmoqda. Bu amal kishini jannatga kiritadigan va do‘zaxdan qutqaradigan amallar ro‘yxatiga kiritilmoqda. Shundan ham silai rahm qanchalar ahamiyatli amal ekanini tushunib olsak bo‘laveradi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: أَتَى رَجُلٌ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ  فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّ لِي قَرَابَةٌ أَصِلُهُمْ وَيَقْطَعُونِي وَأُحْسِنُ إِلَيْهِمْ وَيُسِيئُونَ إِلَيَّ وَأَحْلُمُ عَنْهُمْ وَيَجْهَلُونَ عَلَيَّ قَالَ: لَئِنْ كَانَ كَمَا تَقُولُ كَأَنَّمَا تُسِفُّهُمْ الْمَلَّ وَلاَ يَزَالُ مَعَكَ مِنَ اللهِ ظَهِيرٌ عَلَيْهِمْ مَا دُمْتَ عَلَى ذَلِكَ

ya’ni: Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir kishi kelib: «Ey Allohning Rasuli! Mening qarindoshlarim bor. Men ular bilan qarindoshchilik  qilaman, ular esa mendan aloqalarini uzayaptilar. Men ularga yaxshilik qilaman, ular menga yomonlik qiladilar. Men ularga mehribonlik qilaman. Ular menga mulohazasizlik qiladilar (yomon gaplarni gapiradilar)», dedi. «Agar holat sen aytgandek bo‘lsa, ularga qizigan kul bo‘ladi. Ularga yaxshilik qilaversang, ularning ziddiga Allohdan senga bir yordamchi doim birga bo‘ladi, dedilar.

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ   يَقُولُ: قال عَزَّ وَجَلَّ: قَالَ أَنَا الرَّحْمَنُ وَأَنَا خَلَقْتُ الرَّحْمَنَ وَاشْتَقَقْتُ لَهَا مِنِ اسْمِي فَمَنْ وَصَلَهَا وَصَلْتُهُ وَمَنْ قَطَعَهَا بَتَتُّهُ

ya’ni:  Abdurrahmon ibn Avfdan rivoyat qilinadi: «U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagilarni aytganlarini eshitgan ekan: «Alloh azza va jalla: «Men Rahmonman. Rahmni Men yaratganman va unga O‘z ismimdan ism qo‘yganman. Kim uni bog‘lasa, bog‘layman. Kim uni kessa, kesaman», degan».

Silai rahm ana shunday fazilatli narsa bo‘lgani uchun har bir mo‘min-musulmon ana shu fazldan umidvor bo‘lib, bu ishda bardavom bo‘lishi kerak.

Bu ham avvalgi hadislarni ta’kidlab kelgan lafzlari biroz boshqacha hadisdir. Bu rivoyatlar qarindoshlik aloqalari mo‘min-musulmon odam uchun qanchalar ahamiyatli ekanini ravshan ko‘rsatib turibdi.

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ  قَالَ: مَنْ أَحَبَّ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ فِي رِزْقِهِ وَأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ

ya’ni: Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim rizqining keng bo‘lishini va umrini uzoq bo‘lishini yaxshi ko‘rsa, silai rahm qilsin», dedilar».

 Chetdan qaraganda, silai rahm qilinsa, qarindoshiga yordam bersa, moli yoki puli kamayib qolgandek ko‘rinadi. Lekin Alloh taolo buning evaziga uning molini ko‘paytirib berar ekan hamda u bandaning yaxshilik bilan eslanib yurishini ta’minlar ekan.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ أَبِي أَوْفَى يَقُولُ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ  قَالَ: إِنَّ الرَّحْمَةَ لاَ تَنْزِلُ عَلَى قَوْمٍ فِيهِمْ قَاطِعُ رَحِمٍ

ya’ni: Abdulloh ibn Abu Avfodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, qarindoshlik aloqasini uzuvchi qavmga rahmat tushmaydi», dedilar».

 Bir odamning sababidan boshqalar ham Alloh taoloning rahmatidan mahrum bo‘lib qolishi mumkin ekan. Masalan, besh-oltita aka-uka, opa-singillardan faqat bittasi, nima bahona yoki sabab bo‘lishidan qat’i nazar, silai rahmni uzib yurgan bo‘lsa, qolgan barchalari ham Alloh taoloning rahmatidan mahrum bo‘lib qolishlari mumkin. Aslida, silai rahmni uzishga hech qanday sabab bahona bo‘la olmaydi. Kimdir meros talashib yoki boshqa sabab bilan akasining yoki ukasining yohud opasi va singlisining haqqiga xiyonat qilgan bo‘lsa, ko‘ngliga og‘ir botadigan gap aytgan bo‘lsa yoki hatto johillik qilib yaqinlari bilan mushtlashgan bo‘lsa ham oxiratda, Alloh taoloning huzurida javobini o‘zi beradi. Agar u bu dunyoda qilgan gunohlari uchun tavba qilib, ularni takrorlamasa, solih amallar qilib, istig‘for aytib yursa va asosiysi, silai rahm qilishda davom etsa, Alloh taoloning rahmatidan har qancha umid qilsa, haqli bo‘ladi. Chunki, Alloh taoloning O‘zi «Kim uni bog‘lasa, bog‘layman» deb silai rahm qiluvchi bandasini O‘ziga yaqin olishini aytgan va unga ko‘p yaxshiliklar va’da qilgan.

Ammo, yuqorida aytilgan sabablar bilan bo‘lsa ham, silai rahmni uzib yurgan kimsa oxiratda, Alloh taoloning huzurida juda og‘ir ahvolga tushib qoladi. Chunki uning bironta ham yaxshi amali qabul bo‘lmaydi. Barcha qilgan yaxshiliklari, hatto haj va umra qilgan bo‘lsa, ularning ham savobi bekor bo‘ladi. Eng og‘iri, eng fojialisi shuki, bunday banda Alloh taoloning rahmatidan butkul benasib bo‘ladi. Zero, Alloh taolo «Kim uni kessa, kesaman» deb aniq qilib aytib qo‘ygan.

Lekin eng yomon tarafi shundaki, bunday kimsaning kasri urib, uning barcha yaqinlari, qavmi, qarindoshlari va mahalladoshlari ham Alloh taoloning rahmatidan mahrum bo‘lib qolishlari mumkin. Shuning uchun, har birimiz doim bir-birlarimizdan xabardor bo‘lib, ichimizda shunaqalar paydo bo‘lib qolmasin, hammamiz uning sababidan baloga qolmaylik, deb o‘zaro silai rahmga chaqirishimiz kerak. Qarindoshlik aloqalarini uzmaslikka mahkam turib, targ‘ib qilib, unday qilma, bu ish yaxshi emas, sen sabab bo‘lib biz ham Alloh taoloning rahmatidan mahrum bo‘lib qolamiz, deb nasihat qilish bilan birga qattiq turib talab ham qilishlari lozim.

عَنْ جُبَيْرِ بْنِ مُطْعِمٍ أَنَّ جُبَيْرَ بْنَ مُطْعِمٍ أَخْبَرَهُ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ    يَقُولُ: لاَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ قَاطِعُ رَحِمٍ

ya’ni:  Jubayr ibn Mut’imdan rivoyat qilinadi: «U Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qarindoshlik aloqasini uzgan odam jannatga kirmaydi», deganlarini eshitgan edi».

 Silai rahmni uzish ana shunday katta gunohdir. Insonning jannatga kirmay qolishiga sabab bo‘ladigan gunoh ishlardandir. Alloh taolo bundan O‘z panohida asrasin!

عَنْ أَبِي بَكْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ : مَا مِنْ ذَنْبٍ أَحْرَى أَنْ يُعَجِّلَ اللهُ لِصَاحِبِهِ الْعُقُوبَةَ فِي الدُّنْيَا مَعَ مَا يُدَّخَرُ لَهُ فِي الآخِرَةِ مِنْ قَطِيعَةِ الرَّحِمِ وَالْبَغْيِ

ya’ni:  Abu Bakradan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo uqubatini bu dunyoda tezlatib va oxiratga ham olib qo‘yadigan gunohlarning eng loyig‘i – qarindoshlik aloqasini uzish, ikkinchisi bog‘iy», dedilar».

 «Bog‘iy»ni ulamolarimiz ikki xil tushuntiradilar: birinchisi – zulm, ikkinchisi – musulmon rahbarga qarshi bosh ko‘tarish. Ba’zi gunohlarning uqubati bu dunyoda ko‘rilsa, yuvilib ketib, u dunyoga qolmaydi. Lekin qarindoshlik aloqasini uzganning gunohlari uqubati bu dunyoda ham tezda yetar ekan va oxiratga ham albatta qolar ekan. Bu esa, ushbu gunohning juda kattaligi alomatidir.

عَنِ الأَعْمَشِ وَالْحَسَنِ بْنِ عَمْرٍو وَفِطْرٍ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ قَالَ: لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنِ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قُطِعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا

ya’ni: A’mash, Hasan ibn Amr va Fitrdan rivoyat qilingan: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qilganiga yarasha qaytargan silai rahm qiluvchi emas, balki silai rahm qiluvchi – qarindoshlari aloqani kesganda bog‘lovchi bo‘lganidir», dedilar».

 Ya’ni, boshqalar undan qarindoshlik aloqasini uzsa ham, u silai rahm qilaveradi. «Sizdan ugina, bizdan bugina» degan niyatda bo‘lsa, «U qilsa, men ham qilaman» desa, mukofot uchun qilgan bo‘lardi. Bunday odam silai rahm qilgan hisoblanmaydi. Qarindoshi yomonlik qilsa ham silai rahm qilavergan odam haqiyqiy silai rahm qiluvchi bo‘ladi. Bu yerda juda katta gap bor. Hozirgi kunda qarindoshlik aloqalarining buzilishiga ko‘pincha ana shu omil, ya’ni «U qilsa, men ham qilaman, u qilmasa, men ham qilmayman», degan tushuncha sabab bo‘lmoqda.

Lekin ushbu hadisi sharifga amal qilinsa, mayli, boshqalar qilmasa, qilmasin, lekin bu mening burchim, qilaveraman, deb silai rahm qilaversa, bir-ikki martalik harakatdan keyin narigi taraf ham «Bu qilyapti, men ham qilmasam, uyat bo‘ladi» deb, aloqalar ikki tomondan ham yo‘lga qo‘yiladi. Musulmonlik burchini anglab yetgan kimsa bu ishni avvalroq qilishga urinadi. Natijada qarindoshlik, do‘stlik, birodarlik aloqalari hech qachon uzilmaydi.

Boshqa masalalar qatori bu masalada ham dunyo va oxirat yonma-yon qo‘yilgan. Qarindoshlik aloqasini joyiga qo‘ygan banda bu dunyo va oxirat saodatiga musharraf bo‘ladi. Aksincha, qarindoshlik aloqalarida nuqsonga yo‘l qo‘ygan odam bu dunyo va oxirat baxtsizligiga yo‘liqadi. Islom madaniyatining durdonalaridan bo‘lgan qarindosh-urug‘lik aloqalarini mustahkamlaylik. Dinimiz bizga bergan imtiyozdan unumli foydalanaylik.

Alloh taolo barchalarimizni qarindoshlik aloqalariga rioya qiluvchi, o‘zaro silayi-rahmga ahamiyat beruvchi va barcha insonlar bilan yaxshi munosabatda bo‘luvchi solih insonlar jumlasidan qilsin. Bu savobli ishlarni amalga oshishda O‘zi yoru madadkor bo‘lsin. Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

35 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi

14.08.2026   2900   1 min.
35 bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.

«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli  sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.

Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari