Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yib, Ul zotga jon-u mollarini fido etib, jonbozlik bilan ardoqlashda, bashar uchun, shak shubhasiz sahobalar buyuk namunadirlar. Ularning har bir sa’y harakatlari to qiyomatgacha kelgusi odamizot uchun ibrat bo‘lib qolaveradi. Sahobalardan keyin esa yana shunday zotlar Rasulullohga oshiqlik “sahnasiga” chiqdilar. Ular endi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan u zotga muhabbat qo‘yish, yana u zotga itoatlarini namoyon etishda o‘zlaridan keyingi insolar uchun dars o‘tib ketishdi go‘yo. Quyida, ana shunday buyuk zotlarning buyuk muhabbatlari haqida so‘z ketadi.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan so‘rashdi: “Siz qachondan boshlab Ayyub Acsuxtiyoniydan hadis eshitadigan bo‘lgansiz?” Imom Molik javob berdilar: “Men ilgari hech ham undan hadis tinglamasdim. Lekin qachonki uning huzurida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlari zikr qilinsa, u shunchalik yig‘lardiki, hatto unga rahmim kelardi. Men uni Rassulullohga shunchalik ehtiromini ko‘rib undan hadis tinglaydigan bo‘ldim!
Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bu darajada ehtiromari ulaning tabiatlari edi go‘yo. Zero ular Nabiy alayhissalomning qadri va darajalarini bilardilar. Va o‘zlaridan qay darjada afzal ekanliklarini his etardilar. Bu haqda Imom molik rahmatullohi alayh bir qancha ustozlaridan ko‘rgan holatlarga nazar solamiz. Mus’ab ibn Abdulloh rahmatullohi alayh aytadilar: Agar Molikning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar uning rangi o‘zgarib, qaddi bukilib qolardi. Bu hammajlislariga og‘ir botardi. Bir kuni u zotdan bu holatlari haqida so‘raldi. Shunda u kishi quydagicha javob berdilar: “Sizlar ham mening ko‘rganlarimnm ko‘rganingizda edi, mendagi holatni malol ko‘rmasdingiz. Men Muhammad ibn Almunkadirni shunday holatda ko‘rardim. U qorilar sayyidi edi. Biz undan qachonki biror hadis haqida so‘rasak, u shu darajada yig‘lardiki, hatto unga rahmimiz kelib ketardi. Ja’far ibn Muhammadni ham shu holatda ko‘rardim. U hazilkash, ser tabassum kishi edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar uning rangi oqarib ketardi. Uni biror marta tahoratsiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqida gapirganini ko‘rmaganman. Abdarrahmon ibn Qosim Rasulullohniing haybatlaridan agar Nabiy alayhissalomni zikr qilgan vaqtda uning yuziga qaralsa, huddi undan qon oqayotgandek bo‘lib qolar va tili qurib qolar edi. Yana Omir ibn Abdulloh ibn Zubayrning oldiga qatnardim. Qachonki uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, yig‘layverib ko‘zyoshlari qurib qolardi. Zuhriyni ham ko‘rganman. U aslida insonlar bilan chiqishimli, ularga yaqin odam edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, siz uni tanimayidigan va u sizni tanimaydigan holatga tushib qolardi. Safvon ibn Sulaymning oldiga ham qatnardim. U mujtahid tobe’inlardan edi. Agar uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar yig‘lardi. U yig‘idan to‘xtay olmas, hatto atrofidagi kishilar tarqalib ketishardi!”
Hasan Basriy rahmatullohi alayh qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ayrilganida yig‘lagan to‘nka haqidagi hadisni aytsalar, odamlarga qarata: “Ey Allohning bandalari! Bir yog‘och Rasululloh sollalohu alayhi vasallam uchun, u zotning Alloh taolo bergan martabasi uchun shavq va alam bilan yig‘layapti! Albatta sizlar undan ko‘ra g‘am-alam chekishga haqliroqsizlar!”, derdilar.
Salafi solihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vafotlaridan keyin sahobalar ul zotni hayotliklarida ulug‘lab, hurmat qilganlaridek hurmatlar edilar. Ul zotning masjidlarida ham ovozlarini baland ko‘tarmasdilar. Soib ibn Yazid rahmatullohi alayh rivoyat qiladilar: “Masjidda turgandim, shunda bir kishi menga tosh otdi, qarasam, Umar ibn Xattob ekan. U menga: “Bor, ana u ikkilasini oldimga olib kel!”, dedi. Men ularni olib keldim. Umar ularga: “Kimsizlar yoki qayerdansizlar?”, deb so‘radi. Ular: “Toif ahlidanmiz.”, deyishdi. Shunda Umar ibn Xattob: “Agar shu shahar ahlidan bo‘lganingizda albatta sizlarni jazolar edim! Rasulullohning masjidida ovozingizni ko‘tarasizlarmi?!!!”, dedi. Ba’zi tobe’inlar hadis majlislarida ovoz ko‘tarishni huddi Rasulullohning huzurlarida ovoz ko‘tarishdek hisoblardilar. Chunki hadis ul zot alayhissalomning so‘zlaridir. Hammod ibn Zayd rohimahulloh aytadilar: “Ayyub Assuhtiyoniynig oldida edik. U hadis aytayotgan edi. Shu payt shovqin eshitildi. Shunda u: “Bu qanday shovqin? Nima, ular Rasulullohning hadislari zikr qilinayotganida ovoz ko‘tarish huddi hayotliklarida u zotning oldilarida ovoz ko‘tarishdek ekanini bilmaydilarmi?!”, dedi.
Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hurmatlari o‘z tashqi ko‘rinishlariga e’tibor berishlarida ham aks etardi. Agar ular hadis aytmoqchi bo‘lsalar ko‘rinishlarini tuzatib, go‘zal suratda bo‘lishga intilishar va farzandlarini ham shunga ko‘ra tarbiya qilardilar. Abu Salama Xazo’iy aytadilar: “Molik ibn Anas agar hadis aytgani chiqishni iroda qilsa, huddi namozga tahorat olgandek tahorat qilardi, kiyimlarinig eng chiroylisini va bosh kiyimini kiyib, soqolini tarardi. Undan buning boisi so‘ralganida: “Men bu bilan hadisni hurmatlayman.”, deb javob berardi. Ahmad ibn Sinon Vaki’ ibn Jarohning hadis halqasidagi holat haqida gapirib shunday deydi: “Uning majlisida gaplashilmasdi. Kalam uchlanmas, tabassum ham qilinmasdi. Biror kishi tik turmasdi. Uning majlisidagi insonlar go‘yo namozda turgandek turardilar. Agar Vaki’ o‘zi uchun o‘tirganlarning birortasidan yoqimsiz biror bir narsani ilg‘asa, oyoq kiyimini kiyib, xujrasiga kirib ketardi”.
Imom Molik Abu Hozimning oldidan o‘tib ketayotgan edilar. U hadis aytayotgan edi. Imom molik esa to‘xtamay o‘tib ketdilar. U kishidan buning sababi so‘ralganida: “Men o‘tirishga joy topolmadim. Rasulullohning hadislarini tik turib qabul qilishni istamadim.”, deb javob berdilar.
Muhammad ibn Sirin rohimahulloh gaplashib, kulishib o‘tirardilar, agar suhbatlariga ko‘ra hadis kelib qolsa xushu’lik bo‘lib qolardilar.
Sa’id ibn Musayyab rohimahulloh betob bo‘lib, yonboshlab yotgan edilar. U kishidan bir hadis haqida so‘ralgandi darhol o‘tirib oldilar. Shunda: “O‘zingiz kasalsiz. Joningizni qiynamasangiz ham bo‘lardiku”, deyishdi. U zot esa: “Yonboshlagan holda Rasulullohdan hadis aytishni istamadim”, dedilar.
Ibn Muborak rahimahulloh yurib ketayotganlarida u kishidan bir hadis haqida so‘rashdi. U kishi esa: “Bu - ilmga nisbatan hurmatsizlik!”, dedilar.
Bu zotlarning Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lab, muhabbat bilan hurmat ko‘rsatishgani haqida ko‘plab, ajoyib xabarlar bor. Shunday voqealardan yana biri Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh bilan sodir bo‘ldi. Abbosiylar halifaligidan uchtalari – Mamun, Mu’tasim va Vosiq birin ketin almashdi. Ularning har uchalasining davrida ham Imom Ahmad Qur’onning maxluq yoki g‘oyrimaxluqligi xaqidagi fitnalar natijasida zindonbandlik va boshqa qistovlar bilan og‘ir imtihon qilindilar. Lekin bu qiynovlar u zotni avvalgi holatlaridan zarracha o‘zgartirmadi. U zot haqda sobit turdilar. U kishini Vosiqning majlisiga qo‘llari kishanlangan holda olib kirishdi. Imom Ahmad rohimahulloh shu holatlarida ular bilan bahslashib ularni yengdilar. Hujjatlarini yo‘qqa chiqarib, makrlarini barbod qildilar. Shu on Alloh taolo xalifa Vosiqning qalbini ochdi. U imomning sodiqligini, haq uzra turganligini bildi va qo‘lidagi kishanlarni yechishlikka buyruq berdi. U zotning qo‘lini yechishganda imom Ahmad arqonni o‘zlariga oldilar. Shunda zindon noziri arqonni u kishidan tortib oldi. Vosiq esa arqonni imomga qaytarib berishni buyurib u zotdan uni nega olganini so‘radi. Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Men u bilan Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida menga zulm qilganlar bilan husumatlashaman. Va: “Ey Robb! Mana bu bandangdan so‘ra; nima uchun meni ustimda vojib bo‘lmagan haq bilan meni kishanlashdi, oilamni va birodarlarimni qo‘rqitishdi?!!! ”, deyman”, deb yig‘ladilar. Bu gapni eshitib Vosiq ham o‘sha yerdagi odamlar ham yig‘lashdi. So‘ng Vosiq Ahmad ibn Hanbaldan bu da’vosidan kechib, uni ko‘nglini hotirjam qilishini so‘radi. Imom Ahmad rohimahulloh esa: “Ey Mo‘minlar amiri! Agar siz Rasululloh sollallohu alayhi vsallamning ahllaridan bo‘lsangiz, ul zotning hurmatlaridan men sizdagi barcha haqqimdan kechdim!”, deb javob berdilar.
Alloh taolo bizlarga ham shundayin chin muhabbat taftini tuyishni nasib etsin!
Rasulullohga salovat va salomlarimizni yetkazsin!
Internet ma’lumotlari asosida
“Mulla Abdug‘affor hoji” jome’ masjidi imom xatibi
Ikrom Karimov tayorladi
Xoja Buxoriy o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasi direktori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkir domla G‘UZAROV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, muhtaram ustoz. Avvalambor, Sizni pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganingiz bilan muborakbod etamiz. Ilmiy darajangiz bundan ham yuksalaversin. Suhbatimizni bugungi kunda Siz rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlardan boshlasak...
– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Qutlov va tilagingiz uchun tashakkur. Ta’lim muassasasiga 1992 yilda asos solingan. Madrasaga XIV asrda yashab ijod etgan mashhur tasavvuf allomasi Said Ahmad Vali Kulohdo‘z Xoja Buxoriy nomi berilgan. U zot Bahouddin Naqshbandning zamondoshi sifatida e’tirof etiladi. Naqshbandiya tariqatining ma’naviy-axloqiy g‘oyalarini Qashqadaryo vohasi, xususan Kitob shahri va uning atrofida keng targ‘ib qilgan ulug‘ mutafakkirlardan sanaladi.
Muassasada bugungi kunda jami 34 nafar oliy ma’lumotli, malakali pedagog-o‘qituvchi 105 nafar talabaga diniy va dunyoviy fanlardan puxta bilim berib kelmoqda. Ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, samarali o‘qitish usullari hamda amaliy mashg‘ulotlardan keng foydalanilib, talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va ularni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, pedagog-o‘qituvchilar tomonidan talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, mustaqil fikrlashi, ilmiy salohiyati va dunyoqarashini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha mashg‘ulotlar hamda ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu esa ta’lim muassasasida sifatli ta’lim berish bilan bir qatorda, har tomonlama yetuk, bilimli va zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash uchun munosib ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
– Ushbu ilm maskani qanday mutaxassislarni tayyorlab bermoqda?
– Ta’lim muassasasi dinimiz ravnaqi, mustaqil O‘zbekistonning taraqqiyoti va yuksalishi yo‘lida munosib xizmat qiladigan, yuksak ma’naviyat va axloqiy fazilatlarga ega, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur anglagan, sof islom dini ta’limotini mukammal o‘zlashtirgan, diniy-ma’rifiy bilimlarni hayotga to‘g‘ri tatbiq eta oladigan yuqori malakali o‘rta maxsus ma’lumotli islomshunos, imom-xatiblarni tayyorlaydi.
Bitiruvchilar masjidlarda imom-xatib, diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi, ma’naviy-ma’rifiy sohada faoliyat yurituvchi mutaxassis sifatida xizmat qilish uchun zarur nazariy bilim va kasbiy malakaga ega bo‘lib chiqadi.
– Diniy va dunyoviy fanlar uyg‘unligini ta’minlash uchun o‘quv jarayoni qanday tashkil etilgan?
– Ta’lim dasturlarida Qur’on, hadis, fiqh, aqida kabi diniy fanlar bilan bir qatorda tarix, ingliz tili, falsafa asoslari, psixologiya, jismoniy madaniyat va sport hamda boshqa dunyoviy fanlarga ham o‘rin ajratilgan. Darslar zamonaviy pedagogik usullar, axborot texnologiyalari va interfaol usullardan foydalangan holda olib borilmoqda.
– Talabalarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari hamda mutolaa madaniyatini yuksaltirishlari uchun qanday sharoit va imkoniyatlar yaratilgan?
– Xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida haftaning muayyan kunlarida til kunlari tashkil etilgan. Xususan, seshanba kuni ingliz tili kuni, chorshanba kuni esa arab tili kuni o‘tkazilib, talabalarning til o‘rganishga doir bilimlarini mustahkamlash, muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish va amaliy mashg‘ulotlar orqali bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va til o‘rganish samaradorligini oshirish maqsadida qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Darslarga sohasining yetuk va malakali mutaxassislari jalb etilgan. Bu esa talabalarning nafaqat tillarni mukammal o‘zlashtirishi, balki dunyoqarashining kengayishiga xizmat qilmoqda.
– Mudarrislarning kasbiy mahoratini oshirish, saboqlarning talabalarga yanada samarali yetib borishi uchun aynan qanday metodik usullar joriy etilgan?
– Muassasada zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda onlayn platformalardan Google Forms xizmatlari va interfaol ilovalar (Kahoot, QuizBot, topqir.uz) dars jarayoniga tatbiq etilgan. Dars jarayonida smart doska, markerli doska, magnitli doska imkoniyatlaridan foydalaniladi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarning “bahs-munozara”, “aqliy hujum”, “guruhli ish”, “taqdimot”, “keys-tahlil”, “savol-javob” kabi usullari qo‘llaniladi.
– Talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish borasidagi ishlarni ham aytib o‘tsangiz...
– Ta’lim muassasasida “yosh ilmiy tadqiqotchi” guruhi shakllantirilgan bo‘lib, ular ilmiy maqolalar yozish, internet saytlarida audio, video chiqishlar qilib, yosh kitobxon tanlovlarida faol qatnashadi.
Xatmul kutub an’anasi bo‘lib, hozirga qadar talabalar “Munabbihot”, “Ta’lim mutaallim”, “Fiqhul muyassar” (1- 2 kitobi), “Fiqhul akbar sharhi” va “Taysiru mustalahul hadis” asarlarini xatm qilishdi...
– Ta’lim muassasasi binolari, talabalar turar joyi va moddiy-texnik imkoniyatlar qay darajada?
– Bino va inshootlarimizning tashqi va ichki qismlari muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirib boriladi.
Muassasa zamonaviy texnik vositalar bilan bosqichma-bosqich jihozlanib kelinmoqda. Xususan, ish jarayoni va dars mashg‘ulotlari uchun 42 ta kompyuter jamlanmasi 20 ta interaktiv smart doska va boshqa zarur jihoz va qurilmalar bilan to‘liq ta’minlangan. Ta’lim muassasasi internet tarmog‘iga optik tola orqali bog‘langan.
Asosiy o‘quv binosida 25 ta o‘quv xonasi mavjud bo‘lib, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari alohida o‘quv binosi bilan ta’minlangan. Yaqinda talabalar uchun 240 o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
– Talabalaringizning respublika miqyosidagi turli ilmiy, diniy va sport musobaqalaridagi ishtiroki hamda erishayotgan natijalari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Ta’lim muassasamiz talabalari respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy, diniy-ma’rifiy va sport musobaqalarida muntazam ishtirok etib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2023 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” intellektual bellashuvida jamoamiz “Eng faol targ‘ibotchi jamoa” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Sport yo‘nalishida ham talabalarimiz shaxmat, kurash, stol tennisi va tosh ko‘tarish kabi sport turlari bo‘yicha “Barkamol avlod” Respublika bosqichlarida bir necha bor sovrindor bo‘lishdi. Xususan, 2022 yilda o‘tkazilgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari final musobaqasida jamoamiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2026-yil milliy kurash bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.
Ilmiy yo‘nalishda esa talabalarimiz Yagona olimpiada Respublika bosqichida muntazam ravishda muvaffaqiyatli ishtirok etib, turli yillarda bir nechta 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 2022-2023 o‘quv yilida “Esselar tanlovi” Respublika bosqichida 1-o‘rin hamda “Eng yosh kitobxon” tanlovida ham 1-o‘rin sohibi bo‘lishdi. Yagona olimpiada musobaqasida 2026 yil 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Bitiruvchilarning keyingi faoliyati qanday kechmoqda. Ya’ni, bitiruvchilar hozirgi kunda jamiyat hayotida, diniy-ma’rifiy sohalarda qanday o‘rin tutmoqda?
– Ta’lim muassasasi bitiruvchilari bugungi kunda mamlakatimizdagi diniy-ma’rifiy sohaning turli yo‘nalishlarida samarali faoliyat yuritib, jamiyat hayotida munosib o‘rin tutib kelmoqda. Ular O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, mahalliy hokimiyat tizimlarida xizmat qilmoqda.
Jumladan, masjidlarda imom-xatib va imom noibi lavozimlarida, diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi sifatida, ilmiy-tadqiqot markazlari va diniy-ma’rifiy muassasalarda ilmiy xodim sifatida, Fatvo markazida yetakchi mutaxassis sifatida xizmat qilib kelayotganlar, davlat va jamoat tashkilotlarida ham faoliyat yuritayotganlar bor.
Qisqa qilib aytganda, ta’lim muassasamizdan yetishib chiqqan kadrlar yurtimizning turli joylarida, turli jabhalarda dinimiz va davlatimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.
O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.