Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Shundoq sevmoq kerak Rasulullohni!

09.08.2016   9496   15 min.
Shundoq sevmoq kerak Rasulullohni!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yib, Ul zotga jon-u mollarini fido etib, jonbozlik bilan ardoqlashda, bashar uchun, shak shubhasiz sahobalar buyuk namunadirlar. Ularning har bir sa’y harakatlari to qiyomatgacha kelgusi odamizot uchun ibrat bo‘lib qolaveradi. Sahobalardan keyin esa yana shunday zotlar Rasulullohga oshiqlik sahnasiga chiqdilar. Ular endi Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmasdan u zotga muhabbat qo‘yish, yana u zotga itoatlarini namoyon etishda o‘zlaridan keyingi insolar uchun dars o‘tib ketishdi go‘yo. Quyida, ana shunday buyuk zotlarning buyuk muhabbatlari haqida so‘z ketadi.

Imom Molik rahmatullohi alayhdan so‘rashdi: “Siz qachondan boshlab Ayyub Acsuxtiyoniydan hadis eshitadigan bo‘lgansiz?” Imom Molik javob berdilar: “Men ilgari hech ham undan hadis tinglamasdim. Lekin qachonki uning huzurida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlari zikr qilinsa, u shunchalik yig‘lardiki, hatto unga rahmim kelardi. Men uni Rassulullohga shunchalik ehtiromini ko‘rib undan hadis tinglaydigan bo‘ldim!

Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bu darajada ehtiromari ulaning tabiatlari edi go‘yo. Zero ular Nabiy alayhissalomning qadri va darajalarini bilardilar. Va o‘zlaridan qay darjada afzal ekanliklarini his etardilar. Bu haqda Imom molik rahmatullohi alayh bir qancha ustozlaridan ko‘rgan holatlarga nazar solamiz. Mus’ab ibn Abdulloh rahmatullohi alayh aytadilar: Agar Molikning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar uning rangi o‘zgarib, qaddi bukilib qolardi. Bu hammajlislariga og‘ir botardi. Bir kuni u zotdan bu holatlari haqida so‘raldi. Shunda u kishi quydagicha javob berdilar: “Sizlar ham mening ko‘rganlarimnm ko‘rganingizda edi, mendagi holatni malol ko‘rmasdingiz. Men Muhammad ibn Almunkadirni shunday holatda ko‘rardim. U qorilar sayyidi edi. Biz undan qachonki biror hadis haqida so‘rasak, u shu darajada yig‘lardiki, hatto unga rahmimiz kelib ketardi. Ja’far ibn Muhammadni ham shu holatda ko‘rardim. U hazilkash, ser tabassum kishi edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar uning rangi oqarib ketardi. Uni biror marta tahoratsiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqida gapirganini ko‘rmaganman. Abdarrahmon ibn  Qosim Rasulullohniing haybatlaridan  agar Nabiy alayhissalomni zikr qilgan vaqtda uning yuziga qaralsa, huddi undan qon oqayotgandek bo‘lib qolar va tili qurib qolar edi. Yana Omir ibn Abdulloh ibn Zubayrning oldiga qatnardim. Qachonki uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, yig‘layverib ko‘zyoshlari qurib qolardi. Zuhriyni ham ko‘rganman. U aslida insonlar bilan chiqishimli, ularga yaqin odam edi. Lekin uning oldida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar, siz uni tanimayidigan va u sizni tanimaydigan holatga tushib qolardi. Safvon ibn Sulaymning oldiga ham qatnardim. U mujtahid tobe’inlardan edi. Agar uning huzurida Nabiy alayhissalom zikr qilinsalar yig‘lardi. U yig‘idan to‘xtay olmas, hatto atrofidagi kishilar tarqalib ketishardi!”

   Hasan Basriy rahmatullohi alayh qachonki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ayrilganida yig‘lagan to‘nka haqidagi hadisni aytsalar, odamlarga qarata: “Ey Allohning bandalari! Bir yog‘och Rasululloh sollalohu alayhi vasallam uchun, u zotning Alloh taolo bergan martabasi uchun shavq va alam bilan yig‘layapti! Albatta sizlar undan ko‘ra g‘am-alam chekishga haqliroqsizlar!”, derdilar.

Salafi solihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vafotlaridan keyin sahobalar ul zotni hayotliklarida ulug‘lab, hurmat qilganlaridek hurmatlar edilar. Ul zotning masjidlarida ham ovozlarini baland ko‘tarmasdilar. Soib ibn Yazid rahmatullohi alayh rivoyat qiladilar: “Masjidda turgandim, shunda bir kishi menga tosh otdi, qarasam,  Umar ibn Xattob ekan. U menga: “Bor, ana u ikkilasini oldimga olib kel!”, dedi. Men ularni olib keldim. Umar ularga: “Kimsizlar yoki qayerdansizlar?”, deb so‘radi. Ular: “Toif ahlidanmiz.”, deyishdi. Shunda Umar ibn Xattob: “Agar shu shahar ahlidan bo‘lganingizda albatta sizlarni jazolar edim! Rasulullohning masjidida ovozingizni ko‘tarasizlarmi?!!!”, dedi.  Ba’zi tobe’inlar hadis majlislarida ovoz ko‘tarishni huddi Rasulullohning huzurlarida ovoz ko‘tarishdek hisoblardilar. Chunki hadis ul zot alayhissalomning so‘zlaridir. Hammod ibn Zayd rohimahulloh aytadilar: “Ayyub Assuhtiyoniynig oldida edik. U hadis aytayotgan edi. Shu payt shovqin eshitildi. Shunda u: “Bu qanday shovqin? Nima, ular Rasulullohning hadislari zikr qilinayotganida ovoz ko‘tarish huddi hayotliklarida u zotning oldilarida ovoz ko‘tarishdek ekanini bilmaydilarmi?!”, dedi.

Salafi solihlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hurmatlari o‘z tashqi ko‘rinishlariga e’tibor berishlarida ham aks etardi. Agar ular hadis aytmoqchi bo‘lsalar ko‘rinishlarini tuzatib, go‘zal suratda bo‘lishga intilishar va farzandlarini ham shunga ko‘ra tarbiya qilardilar. Abu Salama Xazo’iy aytadilar: “Molik ibn Anas agar hadis aytgani chiqishni iroda qilsa, huddi namozga tahorat olgandek tahorat qilardi, kiyimlarinig eng chiroylisini  va bosh kiyimini kiyib, soqolini tarardi. Undan buning boisi so‘ralganida: “Men bu bilan hadisni hurmatlayman.”, deb javob berardi. Ahmad ibn Sinon Vaki’ ibn Jarohning hadis halqasidagi holat haqida gapirib shunday deydi: “Uning majlisida gaplashilmasdi. Kalam uchlanmas, tabassum ham qilinmasdi. Biror kishi tik turmasdi. Uning majlisidagi insonlar go‘yo namozda turgandek turardilar. Agar Vaki’ o‘zi uchun o‘tirganlarning birortasidan yoqimsiz biror bir narsani ilg‘asa, oyoq kiyimini kiyib, xujrasiga kirib ketardi”.

Imom Molik Abu Hozimning oldidan o‘tib ketayotgan edilar. U hadis aytayotgan edi. Imom molik esa to‘xtamay o‘tib ketdilar. U kishidan buning sababi so‘ralganida: “Men o‘tirishga joy topolmadim. Rasulullohning hadislarini tik turib qabul qilishni istamadim.”, deb javob berdilar.

Muhammad ibn Sirin rohimahulloh gaplashib, kulishib o‘tirardilar, agar suhbatlariga ko‘ra hadis kelib qolsa xushu’lik bo‘lib qolardilar.

Sa’id ibn Musayyab rohimahulloh betob bo‘lib, yonboshlab yotgan edilar. U kishidan bir hadis haqida so‘ralgandi darhol o‘tirib oldilar. Shunda: “O‘zingiz kasalsiz. Joningizni qiynamasangiz ham bo‘lardiku”, deyishdi. U zot esa: “Yonboshlagan holda Rasulullohdan hadis aytishni istamadim”, dedilar.

Ibn Muborak rahimahulloh yurib ketayotganlarida u kishidan bir hadis haqida so‘rashdi. U kishi esa: “Bu - ilmga nisbatan hurmatsizlik!”, dedilar.

Bu zotlarning Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lab, muhabbat bilan hurmat ko‘rsatishgani haqida ko‘plab, ajoyib xabarlar bor. Shunday  voqealardan yana biri Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh bilan sodir bo‘ldi. Abbosiylar halifaligidan uchtalariMamun, Mu’tasim va Vosiq birin ketin almashdi. Ularning har uchalasining davrida ham Imom Ahmad  Qur’onning maxluq yoki g‘oyrimaxluqligi xaqidagi fitnalar natijasida zindonbandlik va boshqa qistovlar bilan  og‘ir imtihon qilindilar. Lekin bu qiynovlar u zotni avvalgi holatlaridan zarracha o‘zgartirmadi. U zot haqda sobit turdilar. U kishini Vosiqning majlisiga qo‘llari kishanlangan holda olib kirishdi. Imom Ahmad rohimahulloh shu holatlarida ular bilan bahslashib ularni yengdilar. Hujjatlarini yo‘qqa chiqarib, makrlarini barbod qildilar. Shu on Alloh taolo xalifa Vosiqning qalbini ochdi. U imomning sodiqligini, haq uzra turganligini bildi va qo‘lidagi kishanlarni yechishlikka buyruq berdi. U zotning qo‘lini yechishganda imom Ahmad arqonni o‘zlariga oldilar. Shunda zindon noziri arqonni u kishidan tortib oldi. Vosiq esa arqonni imomga qaytarib berishni buyurib u zotdan uni nega olganini so‘radi. Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh: “Men u bilan Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida menga zulm qilganlar bilan husumatlashaman. Va: “Ey Robb! Mana bu bandangdan so‘ra; nima uchun meni ustimda vojib bo‘lmagan haq bilan meni kishanlashdi, oilamni va birodarlarimni qo‘rqitishdi?!!! ”, deyman”, deb yig‘ladilar. Bu gapni eshitib Vosiq ham o‘sha yerdagi odamlar ham yig‘lashdi. So‘ng Vosiq Ahmad ibn Hanbaldan bu da’vosidan kechib, uni ko‘nglini hotirjam qilishini so‘radi. Imom Ahmad rohimahulloh esa: “Ey Mo‘minlar amiri! Agar siz Rasululloh sollallohu alayhi vsallamning ahllaridan bo‘lsangiz, ul zotning hurmatlaridan men sizdagi barcha haqqimdan kechdim!”, deb javob berdilar.

Alloh taolo bizlarga ham shundayin chin muhabbat taftini tuyishni nasib etsin!

Rasulullohga salovat va salomlarimizni yetkazsin!

 

Internet ma’lumotlari asosida 

Mulla Abdug‘affor hoji” jome’ masjidi imom xatibi

Ikrom Karimov tayorladi

 

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt”

28.08.2026   14950   10 min.
“Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt”

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.

Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi

So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.

Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.

Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.

Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.

Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, ­e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.

Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.

Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.

Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy ­nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.

Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.

Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.

Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.

Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash

Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.

Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.

Diniy soha xodimlariga bugungidek ­e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.

Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:

“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.

Buyuk saodatning ifodasi

Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.

Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.

Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.

Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.

Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:

“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).

Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.

Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi

Maqolalar