Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh solollohu alayhi vasallam: “Albatta har bir ummatning amiyni bordir. Albatta, bizning amiynimiz, ey ummat, Abu Ubayda ibn Jarrohdir”, dedilar”.
“Amiyn” so‘zi “O‘ta ishonchli, omanatli odam” degan manoni anglatadi. Sahobalarning har-birlari amaiyndirlar. Ammo ularning o‘zlariga hos sifatlari bor bo‘lib boshqalardan ajrab turgan. Buni esa Rasululloh solollohu alayhi vasallam bilib o‘sha sifat bilan sifatlaganlar. Allohning eng oxirgi va eng mukammal dini bo‘lmish Islomga tobe ummatning amiyni bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lgan Abu Ubayda ibn Jarrohning sifatlari umr yo‘llari haqida malumot beramiz.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuning to‘liq ismlari Omir ibn Abdulloh ibn Hilol ibn Uxayb ibn Zobba ibn al- Haris ibn Fehr ibn Molikdir. U kishining nasablari Nabiy sollollohu alayhi vasallamning nasablari bilan Fihrda jamlanadi. U kishi islom olamida kunyalari va bobolari Jarrohning ismi bilan mashhur bo‘lganlar. Otalari musulmon bo‘lmagan, onalari esa Ummu G‘anam binti Jobir ibn Abdulloh ibn al-A’lo ibn Omir ibn Umayra ibn al-Vadiya ibn al-Haris ibn Fihr musulmon bo‘lgan.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu ilk musulmonlardan hisoblanadilar. U kishi Suhayb Rumiy, Ammor ibn Yosir, Usmon ibn Maz’un, Arqam ibn Abi al-Arqamlar musulmon bo‘lishlaridan avval musulmon bo‘lgan edilar. Habashistonga safar qilganlar orasida ham bo‘lganlar, ammo u yerda oz muddat turib Madinaga borganlar, Rasululloh sollollohu alayhi vasallam yonlarida turib, Alloh taoloning yo‘lida jon fidolik qilganlar.
U kishi Madinaga hijrat qilib borganlarida Kulsum ibn Hadmning uyiga tushganar. So‘ngra Rasululloh sollollohu alayhi vasallam u kishini Muhammad ibn Maslama Ansoriy roziyallohu anhuga birodar qilib qo‘ydilar.
Badrda u kishi mohir chavondoz ekanliklarini ko‘rsatganlar, Uhud kunini tarix hech qachon unutmaydi. U kun qancha yo‘qotishlar, qancha jon fidoliklar bo‘lgani islom olamiga ma’lumdir. Ayni shu kuni bizning qahramonimiz haqiqiy qahramonliklar ko‘rsatganlar. Bu haqida bizga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu so‘zlab beradilar:
“Uhud urishi kuni Rasululloh sollollohu alayhi vasallam odamlardan ajrab, yolg‘iz qoldilar. Men birinchilardan bo‘lib U zot tomon yurdim, qarasam, bir odam U zotning oldilarida himoya qilib, urishmoqda: “Talha bo‘lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin! Talha bo‘lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin”, deb borsam, orqamdan Abu Ubayda huddi qushdek uchib keldi. Birgalashib yetib borsak, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning oldilarda Talha yiqilib yotgan ekan.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Birodaringizga qarang, u haqlidir” derdilar.
Shu payt Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning yanoqlariga bir narsa kelib tegib, dubulg‘aning halqasini kiritib yubordi. Uni Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan chiqarib olish uchun borgan edim, Abu Ubayda:
“Alloh hayringni bersin, Abu Bakr menga qo‘yib ber”- dedi va o‘sha kirgan narsani og‘zi bilan chiqara boshladi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga ozor bermaslik uchun tishi bilan chiqarishga harakat qildi va chiqarib oldi. Abu Ubaydaning old tishi sinib tushdi. So‘ngra men keyingisini olishga uringan edim, Abu Ubayda yana:
“Alloh hayringni bersin, Abu Bakr menga qo‘yib ber”- dedi. Yana tishi bilan chiqarib oldi. Abu Ubaydaning yana bir old tishi tushdi.” Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuni tushgan ikki tishlari umr bo‘yi u kishining Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga sadoqatlari nishoni bo‘lib qo‘ldi.
Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuni ta’riflagan har bir kishi “U kishi uzun bo‘yli, ozg‘in, yuzi ochiq, soqoli siyrak va ikki old tishi tushgan odam edi”, deb aytgan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu u kishini quyidagicha ta’rifalaydilar: “Qurayshdan uch kishi odamlar ichida eng ochiq yuzli, eng go‘zal hulqli, eng sobit hayolidir. Ular sen bilan gaplashsalar, yolg‘on gapirmaydilar. Sen ularga gapirsang, seni yolg‘onchi qilmaydilar. Ular- Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn Jarroh” dedilar.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam bazi sariyalarga u kishini amr qilib yuborganlar, shu sariyalardan biri Zul Qissa nomli joyga yuborilganlaridir. Bu qo‘shinda 300 kishi bor edi. Ular u yerda uzoq qolib ketishdi. Natijada ularda yemish qolmadi. Shiddatli ochlik yetdi. Hattoki ular daraxt barglarini yeyishdi. Ammo Alloh sodiq qullarini shunday tashlab qo‘yarmidi? Yo‘q albatta! Alloh taolo ularga dengizdan Anbar deyilguvchi baliqni otib chiqarib berdi. Ular bu baliqni yeb hatto semirib ham qolishgani aytilgan. Ular Madinaga qaytib voqeani Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga aytib berishganda U zot hazil bilan “Bizga ham olib kelmabsizda” degan edilar.
Abu Ubayda roziyallohu anhu yetuk odob egasi, buyruqqa so‘zsiz bo‘ysunuvchi hodim edilar. Hijriy 8-yili Jumadul avval oyida Zotus Salolsil sariyasi bo‘lib o‘tdi. Bu sariyaga muhojirlardan Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumlar ham chiqqan edilar ularga bosh etib Abu Ubayda ibn Jarrohni tayin qilgandilar Rasululloh sollollohu alayhi vasallam. Umuman o‘sha sariyada mazkur ikki ulug‘ sahobiylardan tashqari, ko‘pgina katta muhojir sahobalar ham bor edilar. Ammo Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ularga bosh etib aynan Abu Ubayda roziyallohu anhuni tayin qilishlari u kishini ummatning amiyni, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning oldilarida fazli ulug‘ kishi ekanliklariga yana bir ishora edi. U kishi husni xulqli, yumshoq tabiatli, tortishuvni hush ko‘rmaydigan, ko‘pchilik g‘amini yeyuvchi yuksak fazl sohibi edilar.
Najrondan elchilar kelib Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga bizga talim beruvchi bir amiyn kishini yuboring deb iltimos qildilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Najron ahli Nabiy sollolohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, bizga bir amiyn kishini yuboring”, dedilar. Bas, U zot:
“Albatta, men sizlarga amiyn kishini, amiyn bo‘lganda ham, haqiyqiy amiynni yuborurman”, dedilar. Odamlar o‘sha sharafga intildilar. U zot Abu Ubayda ibn Jarrohni yubordilar”.
Bundan ko‘rinadiki Abu Ubayda roziyallohu anhuda ustozlikning yuksak namunasi bor edi. Boshqa bir holatda ham Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ustozlikka u kishini tavsiya etganlar. Va tariflab aytgandilarki “Men ta’limingni va odobingni yaxshi qiladigan yubordim” deganlar.
Bir rivoyatda keltirilishicha Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga ichimlik keltirilganda birinchi Abu Ubayda ibn Jarrohga uzatdilar “avval sen ich deb”. Bundan ko‘rinadiki u kishining fazllari yuksak darajada ekanki, u yerda katta sahobalar ham bo‘lsalarda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam aynan u kishiga avval berib “sen ich sendan keyin men ichaman” deb aytgandilar.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam vafot etganlarida odamlar kimni halifa qilishni bilmay turishganda, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu “ Yoki Umarga, yoki Abu Ubaydaga bay’at qilinglar” dedilar. Ammo Abu Ubayda roziyallohu anhuning o‘zlari ixtilofni oldini olib haqli halifaning nomzodini yoqlab chiqdilar.
Halifalar davrida ham u kishi o‘z fazllari va hizmatlari bilan islom ummatiga ko‘p foydalar berganlar. Abu Bakr Sidddiq roziyallohgu anhu davrlarida u kishiga ko‘p maslahatlar berganlar. U kishi taqvoda sobit turgan, dinga hizmat qilishni sharaf bilgan, har ishda Allohga yaqinlikni avvalga qo‘ygan, qalbi pok sahiy, qo‘li ochiq, oxiratni dunyodan ustun qo‘ygan, qo‘liga tushgan narsani ehson qilishni sevuvchi zohid edilar.
U kishi Umar roziyallohu anhu davrlarida Shomga voliy edilar. Shomga vabo tarqalgan bir paytda Umar roziyallohu anhu u kishiga maktub yuborib shunday degandilar; “ Mening senga hojatim bor. Senda boshqa hechkim uni hal qilolmaydi. Agar ushbu maktubni olsang kechasi bo‘lsa, kechasi, kunduzi bo‘lsa kunduzi yo‘lga chiq” deydilar. Ammo Abu Ubayda roziyallohu anhu mo‘minlar amirining niyati u kishini vabo tarqagan hududdan chaqirib olish ekanini bilib quyidagicha javob yozadilar.
“Ey mo‘minlarning amiri, menga tushgan hojatingni bildim. Men musulmonlar lashkari ichidaman. Ularga yetgan narsadan o‘zimni chetga olmoqchi emasman. Alloh mening va ularning haqida O‘z hukmini qilmaguncha ulardan ajramoqchi emasman. Qachon maktubim senga yetsa, meni talabingdan halol et. Meni qolishimga izn ber”, dedilar.
Maktubni olgan Umar roziyallohu anhu qattiq yig‘ladilar. Bildilarki vabo eng yaqinlari, ummatning amiyni, amirul-umaro, sodiq hodim, har lahza din uchun yashovchi bo‘lgan maslahatchilariga ham yetmay qolmas ekan. Ha Umar roziyallohu anhuni yig‘latgan maktubdan hech qancha o‘tmay vabo u kishiga yetdi. Holatlari og‘ilashib yotib qolganlarida u kishi musulmonlarni chaqirib quyidagicha maruza qildilar.
“Namoz o‘qinglar, zakotni beringlar, ramazon ro‘zasizni tutinglar, sadaqa qilinglar, haj va umra qilinglar. Bir-biringizga va amirlaringizga nasihat qilinglar, ularni aldamanglar. Dunyo sizlarni halok qilmasin. O‘lim haq, Alloh taolo bani odamga o‘limni yozgandir. Odamlarning eng farosatlisi O‘z Robbisiga itoatkorroq bo‘lgani, qaytar kun uchun ko‘proq amal qilganidir.” dedilar.
Shundan so‘ng hijriy 18-yili boshlarida Urdun shaxrida vafot etdilar, qabrlari ham o‘sha yerda. Bu habarni eshitgan Umar roziyallohu anhu qattiq yig‘ladilar va uzoq duo qildilar. Janozalarini Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu o‘qidilar. Janoza oldidan odamlarga hutba qilib:
“Ey musulmonlar, sizlar bir kishida fojeaga uchradingiz. Men undan ko‘ra qalbi yaxshiroq, yomonlikdan uzoqroq, ko‘pchilikka hayrni yaxshi ko‘radiganroq, odamlarga nasihatgo‘yroq odamni ko‘rmaganman”, deya olaman.” dedilar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotganlarida, odamlar o‘zlaridan keyingi halifa kim bo‘lishini so‘raganlarida:
“Agar Abu Ubayda ibn Jarroh tirik bo‘lganida, o‘shani halifa qilar edim. Agar Robbim mendan u haqida so‘rasa, “Allohning amiyni, va Uning Rasulining amiynini halifa qilib qo‘ydim”, der edim”, dedilar.
Qahramonimiz hardam bo‘lsin Allohning ummatini og‘ir vaziayatda qoldirishni yoqtirmasliklarini yana bir bor isbot qilganlar. Alloh taolo ikkovlaridan ham rozi bo‘lsin.
****
Siz ummat amiyni, Rasul ishonchi,
Sizni deb Umarlar yig‘lagan uzoq.
Siz jannat ahlisiz hayotligida,
Amiyn sifatini olgan yo‘lboshchi.
Fazilatda tengsizdir, hayrda oliy,
Abu Bakrlar ham tan olgan sizni.
Ummatga buyuk dars hayot yo‘lingiz,
Muozlar ham yig‘lab qoldi ortizdan.
Dengiz bo‘ylarida izlari qolgan,
Anbarlar baxslashgan sizga intilib.
Shomning ko‘chalari hamon sog‘inar,
Adolat, sahovat, sohibin izlab.
Rasulin sevgisin qozongan inson,
Ummatning amiyni bo‘lolgan o‘ziz,
Amir-ul umaro barcha amirga,
Siz yetuk ustozsiz shogirdlar uchun.
Nasabda Nabiyga tutashgan amiyn,
Fazlda Umarga tenglashgan amir.
Hatto Aloh sizni suygan bir ortiq,
Siz ummat amiyni, Alloh ishonchi.
Tishlarin yo‘qotib sharaflar ko‘rgan,
Rasuliga so‘zsiz itoat etgan.
Bu qanday maqomki sizda topilgan,
Rasulim sizga deb suvlar ilingan.
Oh, qanday fazlki sizda jamlangan,
Rasulim sizni bir boshqacha suygan.
Barcha sahobalar sharaf deb ko‘rgan,
Amirsiz, ajib bir xulqli amiynsiz.
Manbalar asosida
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Instituti
2-V kurs talabasi Yunusxo‘ja Orifaxon tayyorladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi