Haj Islom arkonlaridan biridir. Qodir bo‘lgan kishilarga bu ibodatni umri davomida bir marta ado etish farzdir. Uning farzligiga dalil bu oyati karimadir:
وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا
“Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi 97-oyat).
“Haj” so‘zi, lug‘atda qasd qilish ma’nosini anglatadi. Ulamolar ta’rifida esa, maxsus vaqtda, maxsus makonda, niyat bilan maxsus ibodatlarni ado etishga “haj” deyiladi.
Maxsus vaqt deyilganida, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni Arafotda turish, Nahr (qurbonlik qilinadigan kun)ning tongidan boshlab Baytullohni tavof qilish tushuniladi. Maxsus makon deyilganida, Ka’ba va Arafot anglanadi. Maxsus ibodatlar deyilganida esa, haj va uning arkonlarini bajarish niyatida ehromga kirish anglanadi.
Bu ibodat, ko‘pchilik ulamolar fikricha, hijriy to‘qqizinchi yilning oxirida farz qilingan. Har yili zulhijja oyida butun yer yuzidagi qodir bo‘lgan musulmonlar bu joyga ham moliyaviy, ham jismoniy, ruhoniy amal hisoblanuvchi shu ibodatni ado etish uchun to‘planadilar.
Namoz, ro‘za va zakotning farzligini inkor qilgan kishi dindan chiqqanidek, bu hajning farzligini inkor qilish ham dindan chiqishga olib keladi.
Haj amali o‘zining ehtiyoji va qaramog‘idagilarning nafaqasidan tashqari oshiqcha – Baytullohga borib kelishga yetarli mablag‘i bor har bir aqli raso, bolig‘ (balog‘atga yetgan), ozod, sog‘lom musulmonga (ayollar iddada bo‘lmasligi va ularga mahram-yo‘ldosh ham bo‘lishi lozim) yo‘llar xatarsiz bo‘lsa, haj ibodatini keyingi yilga qoldirmay, ado etish farzdir. Bunday sharoitlarda kechiktirsa, gunohkor bo‘ladi. Haj ibodati umrda bir marta ado etiladigan farz amaldir. Undan ortig‘i nafl hisoblanadi.
Haj ibodati davomida gunoh qilmagan, fahsh so‘zlar aytmagan hoji, onadan yangi tug‘ilgandek gunohlaridan pok bo‘ladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar:
من حج البيت ولم يرفث ولم يفسق خرج من ذنوبه كيوم ولدته أمه
«Kim Baytullohni haj qilsa, (unda) axloqsiz so‘zlarni gapirmasa va fisq-fujur ishlarni qilmasa, xuddi onasi uni tuqqan kundagi kabi (barcha) gunohlardan poklanib qaytadi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Buning uchun hoji quyidagilarga amal qilishi zarur:
– eng avvalo, xolis niyat qilishi. Zero, hadisi sharifda aytilganidek, amallar natijasi niyatga bog‘liqdir. Har bir kishi niyatiga yarasha savob oladi.
– hajning arkon va amallarini to‘la-to‘kis bajarishi;
– musulmon uchun eng muhim ishlardan yana biri topgan va to‘plagan mablag‘ining halol, pok bo‘lishidir. Bu uning barcha yaxshi amallari, jumladan, haj ibodati ham maqbul bo‘lish shartlaridan sanaladi. Zotan, Alloh taolo pokdir. Faqat pokiza amalnigina qabul qiladi;
– agar zimmasida qarzi bo‘lsa, ularni uzishi. Zero, bandaning boshqa kishi zimmasidagi haqini o‘sha odam kechmagunicha Alloh taolo kechmaydi;
– olgan omonatini qaytarishi;
– o‘zidan ranjiganlar ko‘nglini olishi;
– qaytib kelgunicha qaramog‘idagilarga yetadigan nafaqani hozirlashi;
– haj yo‘liga tushgan mo‘min o‘tgan gunohlariga chin dildan tavba qilishi, o‘zini go‘yo dunyodan oxiratga safar qilayotgandek his etishi;
– solih amallarni ko‘paytirishi;
– Alloh taoloning roziligidan boshqa o‘y-xayollarni qalbidan chiqarishi;
– muborak haj safarida yo‘ldoshlari bilan go‘zal munosabatda bo‘lishi. Ular bilan tortishmasligi, e’tirozlariga sabab bo‘ladigan ishlarni qilmasligi, ularga ozor yetkazmasligi va ulardan yetgan aziyatlarga sabr qilishi;
– safar davomida gunohdan, behuda ishlardan va buzuq so‘zlardan yiroq bo‘lishi va qolgan hayotida ham bunga doimo qat’iy amal qilishi;
– ehromda bo‘lganida birinchi Aqobada tosh otgunicha har namozdan so‘ng, tepalik va pastlik yerga chiqib tushayotganida, hojilar guruhiga yo‘liqqanda talbiya (“Labbaykallohumma labbayk, labbayka la sharika laka labbayk, innal hamda van-ne’mata laka, valmulka la sharika lak” – labbay, Parvardigorim labbay. Labbay Sening sheriging yo‘q, labbay. Albatta, hamd va ne’mat Seniki, mulkingda sheriging yo‘qdir) aytishi;
– Haram hurmatiga rioya etishi;
– Haramdagi giyohlarni yulmasligi, daraxt shoxlarini sindirmasligi, hayvonlarni ovlamasligi va o‘ldirmasligi;
– zamzam suvidan to‘yib-to‘yib ichishi. Zotan, zamzam suvidan to‘yib ichish nifoqdan qutulishdir. Janob Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Zamzam suvi va do‘zax o‘ti kishining ichida jam bo‘lmaydi», deb marhamat qilganlar. Bu zamzam suvi haqidagi bashoratlardandir;
– boshi va tanasi ustidan zamzam suvini quyishi.
– Madinai munavvarani ham Makkai mukarrama kabi e’zozlashi;
– Rasululloh (sollalllohu alayhi va sallam)ning qabrlarini ziyorat etishni g‘animat bilishi. Zero, bu ishi Rasululloh (sollalllohu alayhi va sallam)ni tirik chog‘larida ziyorat qilish bilan barobardir. Zotan, u zoti bobarakotni ziyorat qilish shafoatlariga yetishuvga sabab bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizga bu ulug‘ ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni va uning fayzu barakotlariga erishishni nasib aylasin. Omin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rizo – Allohning buyurgan qazoi qadariga nisbatan, boshga tushgan balo har qancha og‘ir bo‘lishiga qaramay, bandada hech qanday norozilik mavjud bo‘lmasligidir. Ammo bu narsa Allohning irodasi bilan kechayotgan har bir jarayonga banda, albatta, rozi bo‘lishi lozim degani emas. Masalan, bunda bandaning gunoh ishlarga ham rozi bo‘lish tushunilmaydi. Rizolik ham o‘rinli bo‘lmog‘i darkor.
Rizolik – bu har qanday da’vo va e’tirozni ko‘ngildan chiqarib, xursandchilik va mamnuniyat tuyg‘usidan o‘zga narsani qoldirmaslikdir. Ya’ni Allohning bandasi uchun qabul qilgan qaroriga nisbatan ko‘ngil xotirjamligini tuyish va uni to‘laqonligicha qabul etishdir. Shu jumladan, qazoi qadar sodir bo‘lgunicha insonning o‘zicha tanlash ixtiyoridan kechishi, sodir bo‘lgach esa unga nisbatan norozi bo‘lmasligi ham rizolik alomati hisoblanadi.
Rizolikning yana bir belgisi – bu har qanday og‘ir vaziyatlarda ham Allohga bo‘lgan muhabbatining barqaror qolishidir.
Darhaqiqat, iymon halovatini faqat Allohdan o‘zining Robbisi – tarbiyat kunandasi sifatida rozi bo‘lgan kishigina topa oladi. Ko‘nglida bir zarra bo‘lsa ham dunyo muhabbati bo‘lgan odam esa bunday lazzatni hargiz topolmaydi.
Allohdan rozilikning ikki xili bor: Allohning o‘zidan va uning ahkomidan rozilik. O‘zidan rozilik – bu Uning hamma narsada go‘zal tadbir va intizom o‘rnatuvchi ekanligiga ishonishdir, ahkomidan rozilik esa Uning qazoyu qadaridan rozi bo‘lishdir. Allohdan rozi bo‘lgan Uning qazoi qadariga ham qarshi bormaydi, aksincha, rozi bo‘ladi. Kim Allohning bandasiga faqat yaxshilikni ravo ko‘rishiga ishonsa Alloh haqiqatan unga faqat yaxshilikni iroda etadi.
Tafviz va taslim – bu Alloh irodasiga butunlay tobe bo‘lib, o‘z xohishlaridan voz kechishdir. Taslim, Islom va istislom – bir negizli so‘zlar bo‘lib, Alloh oldida bandalik hollarini namoyon etish va Unga butunlay taslimu itoatda bo‘lishlikni ifodalaydi.
Tafviz – har qanday dunyoviy ishlarda o‘zining tanlash ixtiyoridandan voz kechib, butunlay Allohga topshirib qo‘yish hamda Uning irodasiga zid bo‘lgan barcha narsalarni tark etishdir.
Tafviz – Allohning hukmi amalga oshgunicha, taslim esa amalga oshgach bo‘ladi deydilar.
Tafviz va taslim – Allohni yaxshi tanigan ahli ma’rifatlarning sifatidir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.