Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Insonlar bilan muomala qilish odoblari

03.08.2016   21824   27 min.
Insonlar bilan muomala qilish odoblari

Inson ota-onasiga muomala qilishda bir qancha odoblarga rioya qilishi lozim. 1. Ota-onaga xizmat qilishni va ularni hurmat qilishni inson o‘ziga farz deb bilish kerak. 2. Molu dunyosini ulardan darig‘ tutmasligi kerak. 3. Ota-onaga qilgan xizmatini minnat qilmaslik kerak. 4. Ota-onaning yuziga tik boqmaslik kerak, ular bilan gaplashganda ham farzand boshini xam qilib gapirishi lozim. 5. Farzand ota-onasining chaqirig‘iga tez javob berishi lozim. Farzand namoz o‘qiyotgan vaqtda ota-onasi chaqirsa, javob berishi mumkinmi? Agar farzand nafl namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, namozni buzib, ota-onasining chaqirig‘iga javob beradi va namozni qaytadan o‘qib oladi. Ammo farz yoki vojib namoz o‘qiyotgan bo‘lsa, buzmaydi. 

6. Farzand ota-onasi bilan muoamala qilayotgan chog‘da yuzini burishtirmasin. 7. Gunoh bo‘ladigan ishlardan tashqari ularning barcha buyruqlariga itoat qilsin. 8. Farzand ular bilan so‘zlashganda, shuningdek, ular huzurida boshqalarga ham baland ovozda gapirmasligi lozim. 9. Ota-onasining ijozatisiz safarga bormasin. 10. Doim ularni xursand qilish payida bo‘lsin. 11. Ularga qilgan ehson va yaxshiligini ikkinchi ibodat deb bilsin. Zero jannat onalar oyog‘i ostidadir. 

Qarindosh urug‘lar bilan muoamala qilganda quyidagi yettita odob shartlariga rioya etish lozim bo‘ladi. 1. Qarindosh urug‘lar bilan do‘stlik, aloqa va tez-tez xabar olishni odat qilish kerak. Bu narsa inson umrini ziyoda qiladi. 2. Molu dunyosi bilan qarindosh urug‘larga yordam berib tursin. 3. Xursandchilik va g‘am-tashvishlarida ularga sherik bo‘lsin. 4. Yordam zarurati tug‘ilganda qo‘lidan kelganicha yordamini ayamasin. 5. Qarindosh urug‘lar qancha jafo qilsalar ham, javobini vafo bilan qaytarsin. 6. Ularning dushmanlari bilan murosa qilmasin. 7. Ularning moliga qasd va tama qilmasin, aks holda o‘zi benomus va qadrsiz bo‘lib qoladi. 

Qo‘shnilar bilan muoamala qilish odoblari o‘n to‘rttadir. 1. Qo‘shnilarga doim iltifotli va mehribon bo‘lish. 2. Qo‘shnilardan nasihat va yaxshilikni darig‘ tumasligi kerak. 3. Agar qo‘shnisidan yomonlik ko‘rsa ham sabr qilib, uni beobro‘ qilmasin. 4. Qo‘ldan kelganicha qo‘shnisiga yordam va himoya qilsin. 5. Inson og‘irligini qo‘shnisiga tashlamasligi kerak, balki uning yukini ko‘tarishga harakat qilsin. 6. Agar qo‘shnisining biror hojatini chiqarsa, unga minnat qilmasin. 7. Agar qo‘shnidan biror foyda yetsa, shukr qilsin. 8. Agar kishiga qo‘shnisidan biror nuqson yetsa, shikoyat qilmasin. 9. Qo‘shni agar kambag‘al bo‘lsa, imkonqadar yordam bersin. 10. Agar qo‘shni biror narsa so‘rasa, ochiq yuzlik bilan bersin. 11. Suv, tuz va o‘tin kabi narsalarni undan darig‘ tutmasin. 12. Qo‘shnining yosh bolalarini erkalatsin. 13. Ta’ziya kunlarida ta’ziya bildirsin va xursandchilik kunlarida qo‘shnisini muborakbod qilsin. 14. Agar qo‘shnining tomorqasiga uning uyi tomonidan suv o‘tadigan bo‘lsa, suv yo‘lini doim ochib qo‘ysin. 

Qo‘shnilar uch turga bo‘linadi – qarindosh qo‘shni, begona qo‘shni va g‘ayridin qo‘shni. Bilingki, qarindosh bo‘lgan qo‘shnining sizda uchta haqi bor – qarindoshlik haqi, mo‘minlik haqi va qo‘shnilik haqi. Qarindosh bo‘lmagan qo‘shnining ikkita haqi bor – mo‘minlik va qo‘shnichilik haqlari. G‘ayridin qo‘shnining bitta haqi bor – qo‘shnichilik haqi. Shuning uchun qo‘shni g‘ayridin bo‘lsa ham, u bilan yaxshi muoamalada bo‘lish zarur. G‘ayridin qo‘shnilarga mana shunday go‘zal muoamala qilinsa, ularning musulmon bo‘lishi ham ajab emas. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam g‘ayridinlar bilan go‘zal muoamala qilar edilarki, agar yomon maqsad bilan kelgan bo‘lsa ham, iymon keltirib qaytar edi. 

Qarindosh bo‘lmagan insonlar bilan quyidagi oltita muoamala odoblariga rioya etishlari lozim. 1. Hech kimga haqorat nazari bilan boqmasligi kerak. 2. Ularning suhbati va so‘zlariga orasiga kirmaslik kerak. 3. Boshqalarning nojo‘ya ishlari va so‘zlaridan o‘zingni g‘ofil tut, ya’ni sabr qilib, o‘zingni bilmaslikka sol. Agar biror kishidan senga, diningga va yo millatga nisbatan noo‘rin hatti-harakatni ko‘rsang, nasihat qil. Bu xususda hadisi sharifda “Kimki bir nomaqbul ishni ko‘rsa, bas uni qo‘li bilan to‘xtatsin va agar qo‘li bilan to‘xtata olmasa, tili bilan qaytarsin, agar qo‘li bilan ham qaytara olmasa, bas dili bilan o‘sha ishni yomon ko‘rsin. Lekin qo‘li va tili bilan qaytara olmay, dili bilan yomon ko‘rishi iymonning zaifligidan dalolatdir”, deyilgan. 5. Barcha xalqqa nisbatan doimo mehr-shafqatli bo‘lish kerak. 6. Ulardan biror kishini to o‘zingga beg‘arazligini bilmasang, suhbatingga yaqin tutma. 

         Soatmurod Primov

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

10.08.2026   22719   1 min.
Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.

Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari