Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Rasululloh yig‘lagan onlar!

03.08.2016   12217   49 min.
Rasululloh yig‘lagan onlar!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insoniyat ichida Alloh taolodan eng ko‘p qo‘rqqan va Unga nisbatan eng taqvodor zot edilar. Zero ul hazrat Alloh taoloning Azamati va Qudratini barchadan ko‘ra yaxshiroq tanigan zot bo‘ganlar. Shuning uchun ham oldingiyu keyingi gunohlari kechirilishiga qaramay, goh Robb taolodan qo‘rqib gohida esa ummatlari uchun rahmat va shavqatdan yig‘laganlar. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘zlaridan taqvo, mehr va tashnalik yoshlari oqishiga sabab bo‘lgan holatlarga siz ham guvoh bo‘ling. 

Ummat uchun kuyinib yig‘laganlari

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Menga Nabiy sollallohu alayhi vasallam  “Menga qiro’at qilib ber!”, dedilar. Men esa: “Sizga nozil bo‘la turib, men o‘qib beraymi?”, dedim. U zot “Ha, dedilar. Men Niso surasidan o‘qiy boshladim va Har bir ummatdan bir guvoh keltirib, seni ularning hammasiga guvoh etib keltirgan chog‘imizda hol qandoq bo‘lur?!”, oyatiga yetganimda, “Endi kifoya qiladi!”, dedilar. U zotga qarasam, yig‘layotgan ekanlar!”

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning Ibrohim alayhissalom haqidagi “Ey Robbim, albatta u(sanam)lar odamlardan ko‘pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir.oyatini va Iso alayhissalomAgar ularni azoblaydigan bo‘lsang, bas, albatta, ular Sening bandalaring. Agar ularni mag‘firat qiladigan bo‘lsang, bas, albatta, Sening O‘zing g‘olib va Hikmatli Zotdirsan., degan so‘zi haqidagi  oyatini tilovat qildilar va ikki qo‘llarini ko‘tardilab:  “Yo Alloh! Ummatim, ummatim!”, dedilar va yig‘ladilar!” Shunda Alloh azza va jalla aytdi: “Ey Jabroil! Muhammadga bor, holbuki Robbing  biluvchiroqdir, undan, seni nima yig‘latdi, deb so‘ra”, deb amr qildi. Bas, Jabroil alayhissalom u zotning oldigi kelib so‘radi va Alloh taologa u zotning aytgan gaplari xabarini berdi. Holbuki, U bilivchiroqdir. Alloh taolo esa: “Ey Jabroil! Muhammadga bor va unga, albatta seni ummating borasida rozi qilurmiz”- deb ayt, dedi”.

Abu Dovudning boshqa bir rivoyatida bu voqea kusuf namozida bo‘lgani va  u zot sajdalarining oxirida “uff, uff deb puflab, ketidan shunday duo qilganlari rivoyat qilinadi: “Ey Robbim! Men ular orasida ekanman, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?! Ey Robbim! Istig‘for aytib tursalar, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?!”. 

Ummatlarini sog‘inib yig‘laganlari 

Kunlarning birida  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda ul Mahbub alayhis salom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga iymon keltiradilar!”, dedilar. 

Farzandlari Ibrohim alayhissalom uchun yig‘laganlari 

Anas ibn Molik roziyallohu aytadilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Abu Sayfning oldiga bordik u Ibrohim alayhissalomning enagasi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibrohimni qo‘llariga oldilar va uni o‘pib, hidladilar. So‘ng  biz uning oldiga kirdik. Ibrohim jon berayotgan edi. Rasululloh yig‘lay boshladilar. Shunda Abdurrahmon ibn Avf: “Yo Rasululloh, yig‘layapsizmi?!”, deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu rahmatdir ey ibn Avf”, dedilar va yana: “Albatta ko‘zlar yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi lekin biz faqatgina Robbimiz rozi bo‘ladigan gaplarni aytamiz! Biz sening firoqingdan mahzunmiz, ey Ibrohim!”, dedilar. 

Ayollari Xadicha roziyallohu anho uchun yig‘laganlari 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Insonlar menga kufr keltirganda, Xadicha menga iymon keltirdi. Isonlar meni yolg‘onchiga chiqarganda, u meni tasdiqladi. Insonlar meni mahrum qilganida, u meni moliga sherik qildi. Alloh taolo undan menga farzandlar berdi, boshqalaridan esa, yo‘q!” Imom Ahmad rivoyati.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Jabroil alayhissalom Nabiy alayhissalotu vassalomning oldiga kelib: “Yo Rasululloh! Bu Xadicha. Oldingizga kelayapti. Uning qo‘lida idish bor. Uning ichida zirovar yoki taom yoki suv yoki ichimlik bor. Agar u  oldingizga kelsa, unga Robbisidan salom yo‘llang va yana tillodan bo‘lgan unda shovqin va mashaqqat bo‘lmagan Jannat bashoratini bering!”, dedilar.

Onamizning kasallari og‘irlashdi. Tun uzoq va ko‘zyosh bilan o‘tdi. Sahar vaqti yaqinlashganda u zotning ko‘zlari ochildi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamda qizlariga uzoq tikildilar. Bu tikilish bilan onamiz o‘z suyuklilaridan uzoq va ortga qaytmas rihlatlari uchun ozuqa oldilar. So‘ng, o‘zlari uchun va’da qilingan, abadiy ne’matlar bilan burkangan o‘rinlarini ko‘rib, rozilik bilan tabassum qilgan holda ko‘zlarini yumdilar. Shu tariqa, Alloh taoloning yo‘lida, Uning diyni rivoji uchun tinimsiz harakat qilgan bu tana taskin topdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh quyildi! Bu holatdan butun hovlini yig‘i ovozi tutdi! Tongda pok tobut uzra pokiza jasadni ko‘tarib borishardi. Ushbu pokiza jasadni qabr yoniga qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabr ichiga tushib muborak qo‘llari bilan uni tekisladilar so‘ng pokiza tanani olib, unga so‘nggi bor mahzunlik va o‘kinch yoshlari quyilib turgan ko‘zlari bilan boqdilar va sekin qabrga qo‘ydilar! 

Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuning vafotiga yig‘laganlari 

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Zayd qatl qilinganda Usoma ibn Zayd Nabiy alayhissalomdan uzilib qoldi. U keyinroq Nabiy alayhissalomning oldilariga keldi. Keldi-yu yig‘lab yubordi. Uni ko‘rib Nabiy alayhissalom ham yig‘ladilar va: “Ey Usoma! Bizdan uzilib qolib, keyin kelib bizni mahzun qilyapsan!”, dedilar. Ertasi kuni u Nabiy alayhissalomning oldiga yana keldi. Shunda U zot: “Men seni kechagidan ham boshqacharoq holda ko‘ryapman?!”, dedilar. Usoma u zotga yaqinroq kelib yana yig‘lab yubordi. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yig‘ladilar! 

Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuga yig‘laganlari 

Usmon ibn Maz’un Rasululloh sollallohu alayhi vasalmaga emikdosh ini edirlar. U kishi johiliyat davrida ham o‘zlari uchun xamrni harom qilgandilar. Islomga o‘n to‘rtinchi bo‘lib kirdilar. Habashistonga qilingan hijratda musulmonlarga amirlik qilganlar. Badrda ishtirok etganlar.

 Usmon Ibn Maz’un Badr jangidan keyin ko‘p yashamadilar. Sha’bon oyiga kelib u zotning dardlari og‘irlashdi.

 Ummul mu’minin Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Usmon ibn Maz’un jonsiz yotganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni o‘pdilar va yig‘ladilar. U zotning muborak ko‘zyoshlari Usmonning yanoqlariga oqardi!

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlaridan biri vafot etganda ul zot: “Yaxshi salafimiz Usmon ibn Maz’unga borib qo‘shilgin!”, dedilar”.

U Madinada vafot etgan birinchi muhojirlardan va eng avval Baqi’ga dafn qilingan zot edi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi haqida: “Alloh seni Rahmatiga olsin, ey Usmon! Sen dunyodan hech nima olmading, dunyo ham sendan hech nima ololmadi!”, dedilar. 

Sa’ad ibn Uboda roziyallohu anhu kasal bo‘lganda yig‘laganlari 

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Sa’ad ibn Ubodaning kasali og‘irlashib qoldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rgani keldilar. U zot bilan  Abdurrahmon ibn Avf, Sa’ad ibn Abu Vaqqos va Abdulloh ibn Mas’ud ham kelishdi. Rasululloh Sa’adning oldiga kirganlarida uni oila a’zolari qurshab olgan holda ko‘rdilar va hayajon bilan: “U vafot etdimi?!”, deb so‘radilar. Oilasi: “Yo‘q, yo Rasululloh!, deyishdi. Shunda Ul zot alayhissalotu vassalom yig‘ladilar! Nabiy alayhissalomning yig‘laganlarini ko‘rib, qavm ham yig‘ladi. So‘ng, Ul xazrat qavmga qarata: “Eshitmaganmisiz, Alloh taolo ko‘z yoshi uchun yoki qalb mahzunligi uchun azoblamaydi! Lekin mana buning uchun Azoblaydideb tillariga ishora qildilar – yoki mahrum qiladi. Albatta mayyit ahlinig unga aytib yig‘lashidan azoblanadi!”, dedilar. 

Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuni ko‘rib yig‘laganlari

 Barro aytadilar: “Bizning oldimizga birinchi kelganlar Mus’ab ibn Umayr va ibn Ummu Maktum edi. Ular  bizga Qur’on o‘qib berardilar”.

 Mazkur sahobani Nabiy alayhissalom birinchi Aqaba bay’ati ishtirokchilari bilan birga Qur’on o‘qib, uni o‘rgatish uchun Madinaga jo‘natgandilar. U zot Makkada yashagan vaqtlarida boy badavlat bo‘lib yashaganlar. Madinaga hijratlaridan so‘ng faqirlikda kun kechirdilar.

Muhammad ibn Ka’ab sahobalarning biridan quyidagicha rivoyat qiladilar: “Masjidda o‘tirganimizda Mus’ab ibn Umayr kirib keldi. Uning egnida bir muncha yamog‘ solingan ko‘ylagi bor edi. Uning ilgari qanday boyliklar ichida yashagani-yu hozir esa qay holatga tushib qolganini ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘lab yubordilar!”

 Hamza roziyallohu anhu uchun yig‘laganlari 

Uhud g‘azotidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jang maydoniga tushdilar. Jangda shahid bo‘lgan musulmonlarni dafn qilish harakati boshlangandi. Shu orada ro‘paralaridan amakilari Hamza ibn Abdulmuttolibning jonsiz jasadi chiqib qoldi. Uning burni va ikki qulog‘i kesib olingan, jigari sug‘urib olingan hatto bir cheti tishlangan va yana tanasiga nayza sanchilgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq yig‘ladilar. U zotning bu yig‘lashlaridan as'hoblar ham yig‘lashdi!

 Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza uchun yig‘laganlaridan ko‘ra qattiqrog‘ yig‘laganlarini hech ham ko‘rmaganmiz! Uni qibla tomonga qo‘ydilar so‘ng janoza o‘qidilar. Yig‘ilari kuchayib hatto hungragan ovozlari eshitildi. U kundagi shahidlarning ko‘rinishi juda dahshatli edi!

(Uhud jangidan keyin mushriklarning ayollari ko‘plab shahidlarning quloq, burun va boshqa a’zolarini kesib olishgandi.)

 Mo‘ta jangi kuni yig‘laganlari 

Mo‘ta jangi musulmonlar uchun juda og‘ir jang edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamnink ko‘rsatmalari bilan uch ming kishilik qo‘shin Rumlik nasarolarning ikki yuz ming kishilik qo‘shiniga qarshi kurashishi kerak edi. Aslida, Rumliklarning o‘zlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taraflaridan ular uchun elchi qilib yuborilgan sahobiy Xoris ibn Umayrni qatl qilishdi va musulmonlarga qarshi jang uchun o‘z qo‘shilarini yig‘ishda davom etishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon lashkarlarga Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni amir etib tayinladilar. Agar Zaydga biror gap bo‘lsa, musulmonlarga Ja’far ibn Abu Tolib, agar unga ham biror gap bo‘lsa, Abdulloh ibn Ravoha boshchilik qilishini aytdilar. Shu tariqa musulmonlar  yo‘lga chiqdi. Rum askarlariga peshvoz chiqib, shiddatli jang boshlashdi. Bu orada Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinada qolgan kishilarga ushbu jangning holatidan xabar berib turdilar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zayd, Ja’far va ibn Ravohaning xabari kelishidan avval odamlarga ularning o‘lganligini bildirdilar. U zot: “Bayroqni Zayd oldi. U musibatga uchradi. So‘ngra bayroqni Ja’far oldi. U ham musibatga uchradi. Endi bayroqni ibn ravoha oldi. Bas, u ham musibatga uchradi”, der va ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilar edi!

 “Nihoyat bayroqni Allohning qilichlaridan bir qilich oldi va ularga fathu nusrat keldi, dedilar.

Alloh taolo Ul muhtaramga salovat va salomlarimizni yetkazsin!

 

 

 

Internet ma’lumotlari asosida

“Mulla Abdug‘affor hoji” jome masjidi imom xatibi 

Ikrom Karimov tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

28.08.2026   20810   6 min.
Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.

28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.

Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.

– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.

– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.

Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.

So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.

Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.

– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.

Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.

Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.

So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.

Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari