Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

05.08.2016 y. Imom Buxoriyning ibratli hayoti

02.08.2016   10657   12 min.
05.08.2016 y. Imom Buxoriyning ibratli hayoti

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining tashabbusi bilan joriy yilning avgust oyi masjidlarimizda buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hayotlarini va u zotning “Al-adab al-mufrad” (Odoblar xazinasi) asarlarini o‘rganish oyligi deb e’lon qilindi. Bu bejizga emas. Muhaddislar sultoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining «tabibi», nabaviy hadislarning sahihlarini ajratib, ulardan Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi ishonchli manba sanalmish «Sahihi Buxoriy» nomli hadislar to‘plamini tuzgan bu ulug‘ alloma, imomud-dunyo, olimlar peshvosining nomi butun dunyoda mashhur va ma’lum. Mamlakat rahbari haqqoniy ta’rif berganidek, «Imom Buxoriy hazratlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun musulmon olamining faxr-iftixoridir. Bu tabarruk zotning hayoti tom ma’nodagi ilmiy va insoniy jasorat, bukilmas iroda, so‘nmas e’tiqod timsolidir».     

Muhtaram Yurtboshimiz Imom Buxoriy hazratlarining “Al-adab al- mufrad” (Odoblar xazinasi) asari haqida alohida ta’kidlab shunday tavsiya berdilar: “Birinchi navbatda farzandlarimizni yuksak bilim va ma’naviy fazilatlarga ega qilib tarbiyalashimiz lozimligi, ularga biz uchun muqaddas bo‘lgan Islomning  mohiyatini, uning tinchlik, yaxshilik, mehr-shafqat, hamjihatlik dini ekanini to‘g‘ri tushuntirib berishimiz kerak. Imom  Buxoriy  bobomizning asarlari “Al-adab al mufrad” kitobida yoshlarga ibrat va namuna bo‘ladigan o‘gitlar borligi, bunday nodir asarlar, odob-axloq asoslariga bolta uradigan, “ommaviy madaniyat” kabi illatlarga qarshi kurashishda qo‘l keladi. Mana shunday noyob merosimizni el-yurtimizga, farzandlarimizga yetkazishda men ulamolarimiz, ko‘pni  ko‘rgan  oqsoqollarimiz, mahalla faollari, ziyolilar, keng  jamoatchiligimiz yanada faollik ko‘rsatishini istardim».

Imom Buxoriy hazratlarining "Al-Adab al-mufrad" (Odoblar xazinasi) asari ilm ahli o‘rtasida juda mashhur va mo‘tabarli kitob bo‘lib hisoblanadi. Imom Buxoriy bu kitobda 1322 ta odob-axloqqa doir hadisi sharifni 644 bobda rivoyat qilganlar. Aksariyat olimlarining qayd etishlariga "Al-Adab al-mufrad" kitobi odob va axloq haqidagi Rasululloh alayhissalomning odoblarini o‘zida jamlagan va  islomiy, insoniyat tartib qoidalarini targ‘ib etadi.

Imom Buxoriyning  bu muborak asarlari o‘z mavzusiga muvofiq ota-onani hurmat qilish va ularga  yaxshilikda bo‘lish, ularga aslo oqq bo‘lmaslik, ota-ona duosini olish, ularga silai rahm qilish, qarindosh urug‘lar bilan chiroyli munosabatda bo‘lish, farzandlar tarbiyasi, ularga rahm-shafqatli bo‘lish haqida, qo‘ni-qo‘shnilar haqi, odamlarga ochiq chehrada muomala qilish, miskin va bechoralarga yordam berish, ziyorat qilish odoblari haqida, odamlarga ozor bermaslik, bemor kishilarni ko‘rishga borish haqidagi hadisi shariflar zikr etilib, ularga chiroyli usullarda sharh bitilgan. Xulosa qilib aytganda ushbu kitobni o‘qish, o‘rganish orqali odob-axloq haqidagi tushuncha va tasavvurimiz kamolatga yetadi. Bu kitob oilalarda farzand tarbiyasi va ularni barkamol inson bo‘lib yetishishlarida muhim dasturul amal bo‘lib qoladi.

  Hadis ilmida “mo‘minlar amiri” unvonini olgan ulug‘ muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Ahnaf ibn Bardazbih al-Jo‘fiy al-Buxoriy Movarounnahrning eng ko‘hna va go‘zal shaharlaridan Buxoroi sharifda, hijriy 194 yil ramazon oyining o‘n uchinchisida, juma kuni tavallud topdilar.

Imom Buxoriy butun hayotlarini, intilish va harakatlarini hadis ilmiga baxshida etgan edilar. Juda oz uxlar, uyqudan tashqari paytlarda esa atrofdagilar u kishini yo ustozlardan hadis eshitayotgan yoxud yozib olayotgan, yo o‘zlari shogirdlarga hadis aytayotgan, yo yolg‘iz o‘tirib, qo‘lda qalam bilan jamlagan hadislarining nodir joylarini qayd etib o‘tirgan holda ko‘rar edi. U kishining har bir kuni ilm oluvchi, ta’lim beruvchi va kitob ta’lif qiluvchi maqomida o‘tardi. Bularning guvohi bo‘lgan shogirdlari Ibn Abu Hotim bunday deydi: “Buxoriy bilan safarda birga bo‘lib, bir uyda tunashga to‘g‘ri keldi. O‘shanda shuning guvohi bo‘ldimki, u kishi bir kechaning o‘zida o‘n besh martadan yigirma martagacha uyg‘onib, har gal chaqmoq toshni ishlatib chirog‘ini yoqar, to‘plagan hadislarining sahihlarini ajratib, belgilab qo‘yar edi. So‘ng chiroqni o‘chirib, boshini yostiqqa qo‘yar edi”.

Imom Buxoriyning hadis yodlash qobiliyatlari, zehnlarining o‘tkirligi tillarda doston bo‘lib ketgan edi. U kishi o‘zlarining shoh asarlari bo‘lmish “Jome’us-sahih” ta’lif qilish oldidan jami olti yuz ming,   shundan yuz ming sahih (ishonchli) va ikki yuz ming g‘ayri sahih hadisni yod olganlarini zikr etgan edilar.  U kishi “Sahih”ga biror hadis qo‘shish oldidan g‘usl qilib, so‘ng hadisni yozar edilar. Hadis ilmi ravnaqi yo‘lidagi buyuk xizmatlari uchun “Imomud-dunyo” (Dunyo imomi) maqomiga musharraf bo‘lgan edilar.

 Islom dunyosida Qur’oni karimdan keyingi eng katta e’tiborni imom Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih" kitoblari qozongan. Hadislarning diqqat bilan tanlangani, mukammal tartibga ega ekani e’tiborni qozonganiga sabab bo‘lgandir. Hofiz Shamsiddin Zahabiy "Tarixul Islom" kitobida quyidagilarni yozadi: "Buxoriyning "al-Jome’ as-sahih"i Alloh taoloning kitobidan keyingi Islomning eng ulug‘ va afzal kitobidir. Hozirgi kunda bu kitob odamlar uchun eng oliy sanaddir. Uni eshitish oliy maqom ekanidan o‘ttiz yildan buyon xursand bo‘lib yuradilar. Bugun qanday bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering. Agar bir odam bu kitobni eshitish uchun ming farchax yo‘l yursa, safari zoye bo‘lmaydi".

Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, Imom Buxoriy hazratlari jisman nozik, ozg‘in, o‘rta bo‘yli, nafsini bir maromda ushlagan, taomni juda kam iste’mol qiladigan fazilatli, tamkinli insonlardan edilar. U kishining zuhdi-qanoati va taqvosi hammaga ibrat edi.  

Imom Buxoriy nafs riyozati, to‘g‘rilik va halollik bilan  ziynatlangan va tanilgan edilar. Halollik yo‘lida har qanday mashaqqatni zimmaga olardilar. Hayotlarining eng og‘ir damlarida ham birovdan bir narsa so‘ramas, odamlar minnatidan yuzlarini sarg‘aytirmas edilar. Ochlikning qiynoqlariga chidab, ko‘kat yeyish yoki suv ichish bilan chora topardilar. Vaholanki, Abu Abdulloh hayotda boy odam edilar, otalaridan juda katta mol-davlat meros qolgan edi. Ammo u kishi oxiratdagi hisob-kitobda mas’ul bo‘lmaslik uchun dunyo ne’matlaridan voz kechgan edilar. Buxoriyning o‘zlari aytishlaricha, har oyda besh yuz dirham foyda olganlar va hammasini ilm yo‘lida sarflab yuborganlar. “Chunki bu sarfiyot Alloh yo‘lidan bo‘lgani uchun yaxshi va boqiy qoluvchi sarfiyotdir”, deganlar.  

Imom Buxoriy go‘zal xulqli, hamma yoqtiradigan odam bo‘lganlar. Muhammad ibn Abu Hotimning aytishicha, Imom Buxoriy bunday deganlar: “G‘iybatning haromligini bilganimdan buyon biror kishini g‘iybat qilmadim. Allohga ro‘baro‘ bo‘lganimda biror kishini g‘iybat qilmaganim haqida meni hisob-kitob qilmasligidan umid qilaman”. Bir gal Abu Ma’shar ismli bir ojiz kishining beixtiyor qilgan  qilig‘iga qarab tabassum qilib qo‘yganlari uchun borib undan kechirim so‘raganlar. Boshqa bir payt kamon otishni mashq qilayotganlarida otgan o‘qlari o‘sha joydagi ko‘prikning qozig‘iga tegib, uni sindirib qo‘ydi. Shunda u kishi shogirdlaridan birini pul bilan jo‘natib, ko‘prik egasidan uzr so‘rash va ko‘prikni tuzatish xarajatiga pulni olish taklifi bilan jo‘natdilar. Ko‘prik egasi Imomga bo‘lgan hurmatidan evaz olmay, uni o‘zi tuzatib qo‘yishga va’da berdi. Shunda Imom azbaroyi xursand bo‘lganlaridan shu kuni shogirdlarga besh yuz hadis o‘qib berdilar va uch yuz dirham sadaqa qildilar.

Imom Buxoriyning Alloh taologa bo‘lgan imon-ishonchlari botinu zohirlaridan yaqqol ko‘rinib turar edi. Ibodatda butun qalblari, har bir a’zolari bilan xushu’-xuzu’da, ixlos bilan Allohning O‘ziga yuzlanar edilar. Doimo Qur’oni karimni tilovat qilardilar. Alloh taologa duolari ijobat edi.

Imom Buxoriy hazratlari o‘zlaridan ulkan ilmiy meros qoldirdilar. Yosh bo‘laturib, dunyoga mashhur asarlarni yozdilar. Xatib Bag‘dodiy Imom Buxoriyning shunday deganlarini rivoyat qilgan: “O‘n sakkiz yoshga yetganimda sahoba va tobeinlarning masala va qavllarini tasnif qila boshladim... O‘sha paytda “Kitobut-tarix”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida oydin kechalarda tasnif etganman”. Imom Buxoriyning jami asarlari yigirmadan oshadi. Ular orasida “Kitobut-tarix”dan tashqari odobga oid bir ming uch yuzdan ortiq hadisni jamlagan   “Adabul-mufrad” (Odoblar xazinasi) alohida o‘rin tutadi. Bulardan tashqari, “Kitobus-sunan fil fiqh”, “Xalqu af’olul-ibod”, “Zuafous-sag‘ir”, “Al-Asmo’ va kuno”, “Birrul volidayn”, “Jome’ul-kabir”, “Musnadul-kabir”, “Tafsirul-kabir”, “Kitobul-ilal” kabi yirik asarlar bor. Bular ichida ko‘p jildli (masalan, qo‘lyozma holidagi “Sultoniya” nashri to‘qqiz jilddan iborat) “Jome’us-sahih” kitobi bu asarlarning gultoji, hadis kitoblarining eng a’losi va mukammali, Imomning shoh asarlaridir.

 Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning vafotlari hijriy 256 (milodiy 870) yil ramazon hayiti kechasida bo‘ldi, hayit kuni peshin namozidan so‘ng dafn etildi. Fano dunyosida o‘n uch kuni kam oltmish ikki yil umr kechirdilar. Alloh taolo u zotni rahmati va rizvoni bilan o‘rab olsin hamda nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarning yonidan joy bersin!

 Muhtaram jamoat! Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizga chinakam e’tibor va izzat-e’zoz boshlanib, yurtimizdan yetishib chiqqan o‘nlab ulug‘ olimlar qatorida hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining hayotlari va boy ilmiy meroslarini qizg‘in o‘rganishga kirishildi. 1998 yili Imom Buxoriy rahmatullohi alayh tavalludining 1225 yillik to‘yi mamlakatimizda keng nishonlandi. U kishining “Al-Jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad” kabi asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, katta nusxada nashr qilindi. Mamlakatning eng katta Islom o‘quv yurti bo‘lmish Islom ma’hadi, bir necha jome’ masjidlari Imom Buxoriy nomlari bilan ataladi. 2008 yili Prezidentimiz farmoni bilan Samarqandning Xartang qishlog‘ida Imom Buxoriy merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish maqsadida  Imom Buxoriy xalqaro Markazi tashkil etildi. Xalqimizning u zotga bo‘lgan eng ulkan ehtiromi va minnatdorligi Imom Buxoriy dafn etilgan go‘shada muhtasham majmuaning barpo etilishi bo‘ldi. Majmua tarkibida Imom Buxoriyning maqbaralari, katta jome’ masjidi, muzey va boshqa inshootlar barpo etildi. Majmuaning loyihasidan tortib uning qurib bitkazilishigacha bo‘lgan barcha ishlar Yurtboshimizning e’tiborlarida va diqqat markazlarida bo‘ldi. Mana shuning o‘ziyoq mamlakat rahbarining Imom Buxoriyga bo‘lgan chuqur ehtiromi va e’zoz-izzatini ko‘rsatib turibdi. Hozirgi paytda dunyoning hamma joyidan Imom Buxoriy ziyoratiga kelgan muxlislarning keti uzilmaydi. Bir vaqtlar birovga ko‘rsatishga ham xijolat bo‘lingan xaroba joylar bugun butun Islom olamining mashhur ziyoratgohiga aylandi. Bularning hammasi buyuk vatandoshlariga minnatdor avlodlarning ulug‘ ehtiromi va muhabbati samarasidir.

  Muhtaram jamoat! Kelgusi juma mav’izamizda buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning "Al-Adab al-mufrad" (Odoblar xazinasi) nomli hadis kitoblarida rivoyat qilgan Payg‘ambarimiz alayhissalomning odob-axloq haqidagi hadisi shariflarini o‘rganamiz. Inshaalloh.

Alloh taolo buyuk vatandoshimizni O‘zining rahmat va mag‘firati bilan chulg‘ab olsin va ilm yo‘lidagi ulug‘ xizmatlarini oxiratda o‘zlariga zaxira aylasin, omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ollohshukur Poshshozoda: O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilaman va uning har bir yutug‘idan chin dildan quvonaman

02.09.2026   59889   3 min.
Ollohshukur Poshshozoda: O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilaman va uning har bir yutug‘idan chin dildan quvonaman

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami munosabati bilan “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

– Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Qardosh O‘zbekiston xalqini istiqlol ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik, taraqqiyot va yangi yutuqlar uchun Alloh taolodan xayrli duolar so‘rayman.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ulug‘vor tarixiy yo‘lni bosib o‘tib, mard va olijanob o‘zbek xalqining mustahkam irodasi tufayli yuksak yutuqlarga erishdi. Bugun mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarda katta taraqqiyotga erishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilib, uni hamisha qalbimda asrab kelayotgan inson sifatida qardosh o‘zbek xalqining yutuqlaridan chin dildan quvonaman. O‘zbekiston rivoji va farovonligi yo‘lida bor kuch-quvvatini ayamay kelayotgan fidokor rahbar – Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining beqiyos mehnatlarini alohida e’tirof etaman.

O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakat so‘nggi o‘n yil davomida Uchinchi Renessans davrini boshdan kechirmoqda. O‘zbekiston bugun davlat rahbarining yuksak siyosiy tafakkuri va sa’y-harakatlari tufayli islom olamida yorqin nur sochayotgan madaniy-ma’naviy markazga aylandi.

Ushbu zahmatlarning yorqin namunasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazini butun dunyo musulmonlariga taqdim etilgan bebaho tuhfa desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek mutafakkirlarining qimmatli ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish O‘zbekiston zaminining asrlar davomida shakllanib kelgan ma’rifat va irfon markazi maqomini yana bir bor ifodalaydi.

O‘zbekiston yetakchisi bilan har bir uchrashuv va muloqot men uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun cheksiz minnatdorlik bildiraman. Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “El-yurt hurmati” ordenining topshirilishi menda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi va bundan benihoya faxrlanaman.

Mustaqil O‘zbekiston bilan barcha sohalarda aloqalarimizni yanada kengaytirish xalqlarimiz uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida qaror topgan mustahkam qardoshlik munosabatlari, o‘zaro tashkil etilayotgan uchrashuvlar alohida qadr-qimmatga ega bo‘lib, bizga ma’naviy kuch bag‘ishlaydi.

Davlat rahbarlarimizning sa’y-harakatlari va oqilona siyosati tufayli Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda kengayib, qardoshligimiz ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston qalbimda alohida o‘rin tutadi. Bu mamlakatning har bir yutug‘idan behad quvonaman va uning doimo yuksak cho‘qqilarni zabt etishi uchun duolar qilaman.

O‘zbekistonda oliy diniy ta’lim olib, Ozarbayjon va Kavkazda Shayxulislomlik maqomiga ko‘tarilgan inson sifatida Ozarbayjon va O‘zbekistonning milliy-ma’naviy qadriyatlari hamda tarixiy merosimizga berilayotgan e’tiborni yuksak qadrlayman.

Dunyoda kechayotgan murakkab davrda qardosh xalqlarimiz o‘zlarining tarixiy-ma’naviy meroslariga suyangan holda munosib kelajak qurish yo‘lida ishonch bilan odimlamoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida munosabatlarimizning yanada kengayishi Alloh taoloning bizga ko‘rsatayotgan lutfu karamidir.

Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va qayta tiklash ishlari, diniy-ma’naviy merosni qayta tiklash jarayoniga turkiy davlatlar orasida birinchi bo‘lib o‘z ezgu tuhfalarini taqdim etgan O‘zbekiston xalqi va davlat rahbariga chin qalbimizdan minnatdorlik bildiramiz.

Yana bir bor O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qardosh o‘zbek xalqini samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.

Alloh taolo O‘zining ulug‘ rahmati va karamidan barchamizni bahramand etsin. Ezgu orzu-niyatlar va xayrli maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishida Alloh madadkor bo‘lsin. Omin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari