Har bir kishi o‘qib yurishi tavsiya etiladigan duolar;
Anas (roziyalloxu anxuG‘dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va svllam)ning ko‘p o‘qib yuradigan duolari:
«Allohumma atina fid-dunya hasanatav vafil axirati hasanatav vaqina ’azaban-nar» edi.
(Ma’nosi: Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni ato qil, oxiratda ham yaxshilikni ato et va bizni do‘zax azobidan asra.)
Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.
Ibn Mas’ud (roziyallohu anxu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sallollohu alayhi va sallam0: «Allohumma inniy as’aluka huda vattuqo val ’afofa val g‘ina», - deb aytardilar.
(Ma’nosi: Ey Alloh, sendan hidoyat, taqvo, iffat, va boylik so‘rayman).
Imom Muslim rivoyati.
Abdulloh ibn Amr ibn Oss (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Allohumma ya musaorrifal qulub sorrif qulubana ’ala to’atika», deb aytardilar.
(Ma’nosi: Ey Alloh, qalblarni aylantiruvchi zot, qalbimizni toatin tomoniga aylantir).
Imom Muslim rivoyati.
Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sallollohu alayhi va sallam) mana bu kalimalar bilan duo qilardilar: «Allohumma inniy a’zubika min fitnatin nari va a’zobannari va min sharril g‘ina val faqri»
(Ma’nosi: Allohim do‘zax fitnasidan, do‘zax azobidan, boylik va kambag‘allikning yomonligidan Sendan panoh tilayman.)
Abu Dovud Termiziy, Nasaiy, va Ibn Mojjalar sahih isnod bilan rivoyat qilgan.
Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasullulloh (sallollohu alayhi va sallam): «Katta baliqning qornida Rabbilariga iltijo qilgan Zinnunning (Yunus alayhissalom) duolari: «Laa ilaha illa anta subhanaka inniy kuntu minaz zolimin», edi. Biror musulmon kishi mana shu kalimalar ila duo qilsa, ijobat etiladi», - dedilar.
(Ma’nosi: Sendan boshqa iloh yo‘q. Seni poklab yod eturman. Albatta men zolimlardan bo‘ldim).
Alloh barchalarimizni mushkullarimizga o‘zi najot bersin. Omin.
M. Karimov,
Andijon viloyati
“Obidjon Botirov” jome
masjidi imom-xatibi
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.