Arofatga chiqishdan oldin g‘usl qilish sunnatdir. Arofatda turish hajning asosiy rukni bo‘lib, bu ruknsiz haj bo‘lmaydi. Arafa kuni zavoldan boshlab, Arofatda turish vaqti kiradi. Makoni, Arofat deb nomlangan mashhur joy. Arofat chegarasidan boshqa joyda tursa, haji haj bo‘lmaydi. Arofatda Arafa kuni zavoldan hayit kuni tongigacha qay holda tursa ham, bir soat tursa soqit bo‘ladi. Bu yerda ham talbiya aytib turadi. Arofatda ham duoga zo‘r berish kerak, ayniqsa Jabali rahmat ustilariga chiqib duo qilish tavsiya qilingan. Arofatda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib, qasr qilib o‘qiladi, peshin vaqtida. Haj amiri xutba o‘qiydi. Arofatda quyosh botguncha turish vojib hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida ikki yuzdan ziyod vatandoshimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Muftiy hazratlari yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tarixiy yangilanishlar, xususan, so‘nggi yillarda 150 dan ortiq yangi masjidlar ochilgani, Qur’on kurslari soni oshib, faoliyati kengaygani, Haj kvotalari soni ortayotgani, Umra ziyoratiga cheklovlar olib tashlangani kabi raqamli misollarni keltirib o‘tdilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi kabi ulug‘vor loyihalar inson qadrini yuksaltirish yo‘lidagi islohotlarning amaliy ifodasi ekanini qayd etdilar.
Vatandoshlarga bugungi murakkab davrda ogoh bo‘lish, fitna va shubhali axborotlarga aldanmaslik, halol mehnat qilib, yashab turgan joyining qonun-qoidalariga rioya etish kabilar ham eslatib o‘tildi.
Diniy masalalardagi savol va tushunchalar borasida esa O‘zbekiston musulmonlari idorasining Koll-markazi (+998781503344), Telegram (@fatvo_call_1, @fatvo_call_2), WhatsApp (+998917806633) yoki fatvo.uz sayti orqali ishonchli javob olish mumkinligi aytildi.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ota-ona va oila oldidagi mas’uliyat borasida alohida to‘xtalib, ota-onaning duolarini olib turish, ahli oilasi va yaqinlaridan tez-tez xabardor bo‘lishga chaqirdilar.
Qizg‘in muloqotda hamyurtlarimiz bilan turli masalalarda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Ular tomonidan Davlatimiz tomonidan o‘zga yurtlarda yurgan vatandoshlarimizga katta e’tibor qaratilayotgani yuksak baholandi.
Vatanga qaytib kelgan migrantlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘rilayotgani, yurtimiz diniy soha vakillarining xorijiy safarlarga yuborilishi ana shunday g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekani e’tirof etildi.
Yakunda ilm va rizq talabida yurgan barcha hamyurtlarimizga Haq taolodan sihat-salomatlik, omonlik va muvaffaqiyatlar tilab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati